Mazkur maqolada O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’lim xizmatlarini raqamlashtirishning institutsional asoslari, normativ-huquqiy muhiti, raqamli infratuzilma holati va uning rivojlanish tendensiyalari tahlil qilingan. Shuningdek, inklyuziv ta’lim xizmatlarini tashkil etishda Learning Analytics, Big Data va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari o‘rganilgan. PEST va SWOT tahlillari asosida sohaning kuchli va zaif tomonlari baholangan hamda 2030 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari davlat, oliy ta’lim muassasalari va IT infratuzilmasi integratsiyasi asosida yagona inklyuziv raqamli ta’lim ekotizimini shakllantirish zarurligini ko‘rsatadi
Мақолада олий таълим муассасаларида таълим сифатини бошқариш самарадорлигини битирувчиларнинг бирламчи ишга жойлашиши асосида баҳолаш масаласи тадқиқ этилган. 2015-2025 йилларда Ўзбекистон олий таълим тизимида муассасалар, талабалар ва битирувчилар сонининг кескин ўсиши таълим сифатини фақат ички жараёнлар билан эмас, балки меҳнат бозоридаги натижалар орқали баҳолаш заруратини кучайтирди. Тадқиқотда битирувчиларнинг кадрлар буюртмачилари томонидан бирламчи ишга қабул қилиниши таълим дастурлари амалийлиги, иш берувчилар эҳтиёжига мослик ва бошқарув қарорлари натижавийлигини ифодаловчи ташқи индикатор сифатида асосланади. Эконометрик ёндашув орқали мазкур кўрсаткичга таъсир этувчи институционал, ресурс ва меҳнат бозори омилларини баҳолаш имконияти кўрсатилган. Натижалар таълим сифати бошқарувини KPI, прогнозлаш, ресурсларни мақсадли тақсимлаш ва иш берувчилар билан ҳамкорликни такомиллаштириш орқали ривожлантириш зарурлигини асослайди. Мақола натижалари бандлик мониторингини кучайтириш ва стратегик қарорлар қабул қилиш учун амалий аҳамиятга эга
Maqolada oliy ta’lim muassasalariga berilgan moliyaviy va akademik mustaqillikning huquqiy asoslari tahlil qilingan, amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlar aniqlangan va ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda oliy ta’lim muassasasining “byudjet tashkiloti” maqomi bilan berilgan mustaqillik o‘rtasidagi huquqiy nomuvofiqlik asoslab berilgan. Muallif tomonidan oliy ta’lim muassasasi uchun “daxlsiz jamg‘arma (endowment fund)” institutini huquqiy tartibga solish modeli taklif etilib, uning asosiy elementlari korpusning daxlsizligi, sarflash tartibi, homiylar uchun soliq rag‘batlari va boshqaruv mexanizmi belgilangan. Mazkur institut moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash va muassasaning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlashning strategik vositasi sifatida asoslangan
Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Мазкур мақолада олий таълим ташкилотларида қурилиш-таъмирлаш харажатлари ҳисобининг назарий жиҳатлари тадқиқ этилган. Қурилиш-таъмирлаш харажатлари ҳисобига оид адабиётлар шарҳи амалга оширилиб, унинг ўзига хос йўналишлари очиб берилган. Қурилиш-таъмирлаш харажатларини тан олиш ва баҳолаш ҳамда ҳисобини юритишга оид масалалар олий таълим ташкилоти мисолида ўрганилган. Қурилиш-таъмирлаш харажатлари назоратини таъминлашда ҳужжатлаштириш ҳамда ҳисоб ишларини юритишнинг мухим жиҳатлари келтирилган. Олий таълим ташкилотларида қурилиш-таъмирлаш харажатлари ҳисобига оид муаммоли ва мунозарали ҳолатлар ўрганилиб, уларнинг салбий оқибатлари келтирилган. Олий таълим ташкилотларида қурилиш-таъмирлаш харажатлари ҳисобини такомиллаштириш юзасидан таклиф ва тавсиялар шакллантирилган.
O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim muassasalari moliyaviy menejmentning nazariy asoslarini chuqur o‘rganish-mamlakat ta’lim manzarasida xususiy ta’lim tashkilotlarining ro‘li oshib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak muhim hisoblanadi. Ushbu tadqiqotda moliyaviy menejmentning asosiy elementlari taqdim etilgan, hamda oliy ta’lim bilan bog‘liq nodavlat tashkilotlarda moliyaviy boshqaruvning amaliy, huquqiy va strukturaviy jihatlari haqida tushunchalar va ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarini moliyalashtirishning asosiy mexanizmlari sanab o‘tilgan, hamda davlat va nodavlat institutlari oʻrtasidagi moliyaviy strategiyalarning qiyosiy tahlili natijasi taqdim etilgan. Yakuniy natijalar nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari (NOTT) moliyaviy barqarorlikka qanday erishishi va shu tariqa kengroq milliy rivojlanish maqsadlariga hissa qo‘shishi mumkinligini chuqurroq tushunish imkonini beradi.
Ushbu maqolada oliy ta’lim tizimidagi ta’lim xizmatlarining samaradorligi va sifatini oshirishda raqamli texnologiyalarning ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi oliy o‘quv yurtlarining ta’lim va boshqaruv faoliyatida raqamli vositalardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari va mexanizmlarini aniqlashdan iborat. Metodologik asos sifatida tizimli va jarayonli yondashuvlar, shuningdek, me’yoriy va empirik ma’lumotlarni qiyosiy va mazmuniy tahlil qilish usullari qo‘llanilgan. Raqamli yechimlarni (onlayn platformalar, masofaviy ta’lim tizimlari, ma’lumotlarni tahlil qilish vositalari) joriy etish ta’lim jarayonlarini takomillashtirishga, ta’limni individuallashtirish va talabalarning qoniqish darajasini oshirishga xizmat qilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Raqamli transformatsiya asosida ta’lim xizmatlarining samaradorligini oshirish yo‘nalishlari taklif etilgan
Mazkur maqolada oliy ta’lim tizimi va mehnat bozori integratsiyasi asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning boshqaruv yo‘nalishlari tahlil qilingan. Tadqiqotda ta’lim mazmunini mehnat bozoridagi zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirish, oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, raqobatbardosh kadrlar uchun zarur bo‘lgan asosiy kompetensiyalar – kasbiy malaka, innovatsion tafakkur, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish va xorijiy tillarni bilish darajasi aniqlangan. Tadqiqot metodologiyasi doirasida adabiyotlar tahlili, so‘rovnomalar va mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olgan holda tahliliy usullar qo‘llanildi. Natijalar asosida oliy ta’lim tizimini mehnat bozoriga moslashtirish, amaliy tajribani kuchaytirish va mintaqaviy ehtiyojlarni inobatga olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi
Ushbu maqolada xorijiy davlatlarda oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning nazariy–huquqiy asoslari tizimli tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi davlat budjeti, shartnomaviy o‘qitish, grantlar va xayriya endowmentlari kabi manbalar uyg‘unligining huquqiy dizaynini aniqlash hamda samarali moliyalashtirishni belgilovchi institutlarni qiyosiy baholashdan iborat. Metodologiya sifatida institutsional tahlil, normativ-huquqiy hujjatlarni kontent tahlil qilish, hamda OECD va Yevropa oliy ta’lim makoni indikatorlari asosida qiyosiy yondashuv qo‘llanildi. Ilmiy yangilik moliyalashtirish modellarini uch qatlamli yondashuv orqali talqin qilishda namoyon bo‘ladi, huquqiy manbalar arxitekturasi, mablag‘ taqsimoti mexanizmlari va javobgarlik-oshkoralik instrumentlari. Natijalar turli mamlakatlarda natijaga yo‘naltirilgan budjetlash, talaba markazli vaucherlash va aralash grant-kontrakt tizimlari huquqiy normalar bilan qanday bog‘lanishini ko‘rsatadi
Maqolada globallashuv va raqamlashtirishsharoitida fan va ta’lim integratsiyasiga moslashuv asosida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonining sifatini oshirishga qaratilgan zamonaviy strategik yondashuvlar ko‘rib chiqilgan. Ta’lim tashkilotlarining rivojlanishiga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda, uzoq muddatli, moslashuvchan va kompleks strategiyalarni ishlab chiqish zarurligi asoslab berilgan.
Mazkur tadqiqot oliy ta’lim tizimida faol o‘qitish modellarini joriy etish jarayonida muvaffaqiyatni belgilovchi asosiy omillarni aniqlashga bag‘ishlangan. Tadqiqotda faol o‘qitish modellarining (problem-based learning, project-based learning, collaborative learning, flipped classroom) pedagogik mohiyati, ularni amaliyotga joriy etish shart-sharoitlari va samaradorligini ta’minlovchi institutsional, metodik hamda texnologik omillar tahlil qilinadi. Xorijiy va mahalliy ilmiy adabiyotlar asosida muvaffaqiyat omillarining tizimli modeli shakllantiriladi. Tadqiqot natijalari oliy ta’limda ta’lim sifatini oshirish va kompetensiyaga asoslangan yondashuvni samarali joriy etishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega
Ushbu maqolada AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya va Finlyandiya oliy ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan moliyaviy menejment modellari rasmiy hisobotlar va xalqaro tashkilotlar ma'lumotlari asosida qiyosiy tahlil etildi. Tadqiqot daromad diversifikatsiyasi, samaradorlikka asoslangan moliyalashtirish, raqobatli grantlar tizimi va raqamli byudjet boshqaruvi bo‘yicha xorijiy amaliyotning asosiy tamoyillarini ochib berdi. Natijalar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun ilmiy asoslangan amaliy tavsiyalar shaklida umumlashtirildi
Ushbu maqolada oliy taʼlim muassasalarida umumiy sifat menejmenti (TQM) tamoyillarining qoʻllanilishi oʻrganiladi. TQM – bu sifatni uzluksiz takomillashtirish, mijozlar ehtiyojlarini qondirish va xodimlarni faol jalb qilishni taʼminlovchi boshqaruv falsafasidir. Tadqiqotda TQMʼning oliy taʼlim tizimida joriy etilishi, uning afzalliklari va duch kelinadigan muammolar tahlil qilinadi. Case-study yondashuvi asosida olib borilgan tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, TQM tamoyillari samarali amalga oshirilsa, taʼlim jarayoni va boshqaruv sifatini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin. Shu bilan birga, bu jarayon kuchli rahbariyat, madaniy oʻzgarish va manfaatdor tomonlarning ishtirokini talab qiladi.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida oliy taʼlim tizimining rivojlanish bosqichi va kelgusida amalga oshiriladigan ishlari va rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalangan holda xizmatlarning innovatsion yoʻnalishlaridan boʻlgan taʼlim xizmatlari, dasturlash xizmatlari, intellektual mulk, injenering va boshqa istiqbolli xizmatlar turlarini jadal surʼatlarda rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, xizmatlar eksportini oʻstirish asosida mamlakatimiz innovatsion rivojlanishi uchun har tomonlama foydali taraqqiyot yoʻliga oʻtishni taʼminlaydigan ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Ushbu maqolada muhandislik oliy ta’lim muassasalarini innovatsion boshqarishda tyutorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan nazariyalar o‘z aksini topgan. Ma’lumki oliy ta’lim muassalarida tyutorlik faoliyati talabalar bilan tyutor o‘rtasidagi ta’lim va tarbiya jarayonlarini muvoffiqlashtirish bilan chegaralanib qolmoqda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sharoitida har bir talabani tadbirkorlik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Maqolada ilgari surilgan g‘oyalar va ishlab chiqilgan modellar asosan muhandislik OTMlarida talabalarni ilmiy tadqiqot ishlariga jalb qilish, ilmiy ishlar natijalarini tijoratlashtirishda ishtirokini ta’minlashga doir tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan.
Mazkur maqolada oliy taʼlim muassasalarida menejerlarni tayyorlash jarayonida kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish yo‘nalishlari tahlil qilingan. Menejer kadrlarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun kasbiy, kommunikativ va konseptual kompetensiyalar zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, АQSh, Yevropa va Sharq mamlakatlari tajribasida taʼlim jarayonida innovatsion o‘qitish texnologiyalari, amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlar va interfaol usullar keng qo‘llanilishi taʼkidlangan. Ushbu tajribalarni milliy taʼlim tizimiga tatbiq etish menejerlarni raqobatbardosh va strategik fikrlay oladigan mutaxassis sifatida shakllantirishga xizmat qiladi
Мазкур мақолада олий таълим муассасаларида тайёрланаётган менежерларнинг касбий компетенцияларини ривожлантиришда сунъий интеллект (AI), маълумотлар таҳлили (Data Science) ва лойиҳа бошқаруви (Project Management) интеграциясининг аҳамияти таҳлил қилинган. Замонавий рақобат шароитида менежерлардан стратегик фикрлаш, инновацион ечимларни ишлаб чиқиш ва тезкор қарор қабул қилиш кўникмалари талаб этилмоқда. Шу боис AI ва Data Science технологияларидан самарали фойдаланиш орқали маълумотларга асосланган бошқарув қарорлари қабул қилиш имкониятлари очилади, Project Management усуллари эса лойиҳаларни самарали ташкил этиш ва жамоавий ишни мувофиқлаштиришга хизмат қилади. Ушбу йўналишларнинг ўзаро уйғунлиги менежер кадрларнинг рақамли иқтисодиёт шароитида касбий компетенцияларини ривожлантиришда стратегик аҳамиятга эгалиги асослаб берилган
Mazkur tadqiqotda oliy ta’lim muassasalarining mehnat bozori uchun malakali mutaxassislar tayyorlashini tashkiliy-huquqiy jihatdan tartibga soluvchi institutsional mexanizmlar keng qamrovda o‘rganilgan. Tahlil asosida bitiruvchilarning ish bilan bandlik darajasiga ta’sir etuvchi omillar aniqlangan va ularni oshirish borasida amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada 38 OECD mamlakatining rasmiy ma’lumotlari asosida daromad diversifikatsiyasi koeffitsiyenti (RDC) va moliyaviy mustaqillik o‘rtasidagi bog‘liqlik empirik tahlil etildi. RDC ko‘rsatkichlari mamlakatlar bo‘yicha sezilarli farqlanishi, yuqori diversifikatsiyalashgan tizimlar 2008–2012 yillar moliyaviy inqirozini uch baravar kam zarar bilan yengib o‘tganligi isbotlangan. Xalqaro taqqoslama tahlil asosida O‘zbekiston OTMlari uchun RDC monitoringini joriy etish va daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan
Maqolada xorijiy universitetlarning marketing strategiyalarini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari sharoitiga moslashtirishning amaliy modelini ishlab chiqish yondashuvlari tadqiq etiladi. Bunda institutsional islohotlar, raqamli muhitning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ma’lumotlarga ishlov berish bilan bog‘liq huquqiy cheklovlar inobatga olinadi. Tadqiqotning metodologik asoslari sifatida xalqaro va o‘zbek adabiyotlari hamda rasmiy manbalar sharhi, keyslarni qiyosiy tahlil qilish, SWOT-tahlil, shuningdek, so‘rov va intervyu natijalarini modellashtirish ko‘rib chiqiladi
Ushbu maqolada universitetlarning jamiyatdagi roli kengayib borishi bilan texnologik innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanish manbai boʻlgan muassasa qiyofasi prognoz qilinmoqda, natijada universitetni oʻzgartirish trayektoriyasi yuzaga keladi. Tadbirkorlik universitetiga oʻtishda strategik yoʻnalishni belgilash, undan soʻng oʻsha universitet doirasida ishlab chiqilgan bilimlarga sodiqlik, undan asosan hududiy asosda foydalanish zarurati tugʻiladi. Tadbirkorlik universiteti tadqiqot universitetini takomillashtirish boʻlib, u jamiyat bilan aloqani birlashtiradi, tadbirkorlik universitetlari taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga moslashgan boʻlib, bitiruvchi talabalarning ishsizlik bilan bogʻliq yechimlarni izlashda sanoat va jamiyat muammosidan foydalanadi. Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga borib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish vazifasi qoʻyilgan boʻlib, bunda tadbirkor universitetlarning ahamiyati muhim ekanligi yoritilgan.
Ushbu ilmiy maqolada mehnat bozorida kompetent mutaxassis kadrlar bandligini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda zamonaviy iqtisodiy sharoitda mehnat bozori talablari, oliy ta’lim tizimining natijadorligi, kasbiy va amaliy kompetensiyalar darajasi, raqamli ko‘nikmalar, ish beruvchilarning kadrlarga qo‘yadigan talablari hamda davlatning bandlik siyosati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari yoritilgan. Tadqiqot doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlari, xalqaro tashkilotlar (ILO, OECD, World Bank) hisobotlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan 300 nafarlik so‘rovnoma natijalari tahlil qilingan. Maqolada kompetent mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirishda nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy tayyorgarlik, moslashuvchanlik, tashabbuskorlik va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash qobiliyati muhim omil ekanligi asoslab berilgan. Korrelyatsion va regressiya tahlili yordamida bandlikka ta’sir etuvchi omillarning nisbiy og‘irligi miqdoriy jihatdan baholangan. Maqola yakunida mehnat bozorida malakali kadrlar ulushini oshirish, bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ta’lim tizimi bilan amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy xulosalar va takliflar ishlab chiqilgan
Ушбу илмий мақолада давлат, бизнес, нотижорат ташкилотлар ва таълим муассасаларининг ўзаро манфаатли ҳамкорлигини таъминловчи давлат-хусусий шериклиги механизмларини қўллаш асосида Ўзбекистон олий таълим соҳасини жаҳонда юз бераётган модернизация жараёнларига мос равишда трансформациялаш қилиш учун амалга ошириш зарур бўлган долзарб масалалар баён этилган.
Ushbu maqolada nodavlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy yordam ko‘rsatishning iqtisodiy mexanizmini shakllantirish va modernizatsiya qilishning nazariy va metodologik asoslari tizimli yondashuv nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ta’lim xizmatlari bozorida chuqur institutsional o‘zgarishlar sharoitida xususiy ta’lim korporatsiyalarining moliyaviy barqarorligi uchun maqbul modellarni izlash tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qashqadaryo viloyatidagi oltita asosiy oliy ta’lim bozori ishtirokchilari uchun 2025-yil uchun tasdiqlangan empirik ma’lumotlar asosida yalpi daromadlar, operatsion xarajatlar va konsolidatsiyalangan sof foyda tuzilmasining chuqur moliyaviy-iqtisodiy tahlili o‘tkazildi. Amaliy ekonometrik modellashtirish usullaridan foydalangan holda, muallif xususiy akademik sektorning qisqa muddatli xarajatlar funktsiyasini klassik oddiy eng kichik kvadratlar (OLS) usuli yordamida aniqladi va baholadi. Umumiy operatsion xarajatlar va ta’lim muassasalarining yalpi daromadlari ko‘lami o‘rtasida juda muhim korrelyatsiya R^2 = $0.95, p<0.001 aniqlandi, bu qat’iy institutsional cheklovlar va bozor institutsionalizatsiyasining hozirgi bosqichida aniq miqyos iqtisodiyoti yo‘qligini ko‘rsatadi. Makro va mezo darajalarda iqtisodiy mexanizmni isloh qilish uchun konseptual asoslar taklif etiladi, jumladan, davlat-xususiy sheriklik, soliq subsidiyalari va moliyaviy oqimlarni diversifikatsiya qilish
Ushbu maqolada O‘zbekistonda ta’lim turizmi infratuzilmasining hozirgi holati tahlil qilinadi va mazkur sohadagi rivojlanish imkoniyatlari hamda mavjud qiyinchiliklar yoritiladi. Xorijiy talabalar statistikasi, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglari va infratuzilma quvvatlari tahlil qilinib, O‘zbekistonni ta’lim turizmi markazi sifatida jozibadorligini oshirish uchun zarur bo‘lgan rivojlanish yo‘nalishlari aniqlanadi. Maqolada xalqaro ta’lim standartlariga moslashish, sifatni oshirish, infratuzilmani kengaytirish, jumladan, yotoqxonalar va raqamli ta’lim platformalari kabi sohalar bo‘yicha takliflar beriladi. Shuningdek, maqolada strategik sarmoyalar, hududiy infratuzilma qo‘llab-quvvatlovi va marketing faoliyati orqali O‘zbekistonni global ta’lim turizmi bozorida raqobatbardosh qilish bo‘yicha tavsiyalar ham keltirilgan.