Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Mazkur tadqiqot ishida investitsiya loyihalarini boshqarish jarayonida vaqt va samaradorlik omillari qanday baholanayotgani yoritib beriladi. Asosiy e'tibor loyihaning hayotiy sikli davomida samaradorlikni oshirish va loyihaning amalga oshirilish muddatlarini qisqartirish orqali iqtisodiy foyda olish imkoniyatlariga qaratilgan. Bu mavzu hozirgi kunda juda dolzarb bo‘lib, loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va ularning iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun asosiy mezonlardan biri sifatida qaralmoqda. Investitsiya loyihalari bo‘yicha qaror qabul qilish jarayoni ko‘pincha resurslarning cheklanganligi va vaqt omili bilan bog‘liq bo‘lib, samarali rejalashtirish va boshqaruv talab etiladi. Tadqiqotda loyihalarni boshqarishning nazariy va amaliy jihatlari o‘rganilgan. Jumladan, loyihalarning vaqtni tejash imkoniyatlari va rentabelligini oshirish uchun samaradorlik mezonlari tahlil qilingan. Vaqtni boshqarishning loyiha iqtisodiyotiga ta'siri chuqur o‘rganilib, turli loyihalarni amalga oshirishda vaqtni qisqartirish orqali iqtisodiy foyda olish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda loyiha boshqaruvi samaradorligini oshirish uchun zarur bo‘lgan omillar, shu jumladan, moliyaviy resurslarning optimal taqsimoti, ish kuchi va texnologik infratuzilma kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilinadi. Loyiha boshqaruvida vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish va samarali foydalanishning investitsiya jarayoniga ta'siri amaliy misollar yordamida ko‘rsatilgan. Ishda nazariy asoslar bilan bir qatorda, O‘zbekiston va xalqaro tajribaga asoslangan misollar keltirilgan.
Mazkur maqolada temir yo‘l transport tizimining iqtisodiy samaradorligi tushunchasi va uning nazariy asoslari batafsil yoritilgan. Transport xizmatlarining iqtisodiy samaradorligi transport resurslaridan oqilona foydalanish va milliy iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatish qobiliyatini ifodalaydi. Ushbu maqolada xalqaro va mahalliy tajribalarning muhim jihatlari ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, iqtisodiy samaradorlikni baholash uchun qo‘llaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar va mezonlar aniqlangan. Tadqiqot natijalari temir yo‘l transport tizimini rivojlantirishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Maqolada iqtisodiy samaradorlik tushunchasi va uni baholashning zamonaviy yondashuvlari tahlil qilingan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonning qo‘shilgan qiymat solig‘ining fiskal samaradorligi “QQS daromadlar nisbati (VRR)” ko‘rsatkichi asosida OECD metodologiyasi bo‘yicha baholanadi. Tadqiqotda 2019–2024-yillar davomida amalga oshirilgan soliq islohotlari, jumladan QQS stavkasining pasaytirilishi, elektron hisob-faktura tizimining joriy etilishi va soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish choralari tahlil qilinadi. Natijalar mazkur davrda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va QQS tushumlari o‘sishiga qaramay, VRR darajasi deyarli o‘zgarmagani, norasmiy iqtisodiyot ulushi, naqd pul asosidagi operatsiyalar va soliq imtiyozlari QQS yig‘imdorligiga ta’sir qiluvchi muhim omillar ekanini tasdiqlaydi
Mazkur ilmiy maqolada turizm turlarini diversifikatsiyalashda boshqaruv mexanizmlarining samaradorligi nazariy va empirik jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda turizm tarkibiy tuzilmasining o‘zgarish dinamikasi 2020-2024 yillar ma’lumotlari asosida o‘rganilib, diversifikatsiya darajasini baholash uchun Gerfindal–Xirshman indeksi (TDI) va Shennon entropiya indeksi (EDI) qo‘llanildi. Shuningdek, turizm daromadlari bilan infratuzilma investitsiyalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalari va raqamli marketing xarajatlari o‘rtasidagi bog‘liqlik korrelyatsiya va regressiya tahlili asosida baholandi. Empirik natijalar turizm diversifikatsiyasi darajasi bilan iqtisodiy o‘sish o‘rtasida kuchli ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi. Diversifikatsiya indeksi oshishi daromadlar o‘sishini tezlashtirishi aniqlandi. Boshqaruv intensivligi va samaradorlik koeffitsientlari resurslardan foydalanish samarasi yillar davomida oshganini tasdiqladi. Tadqiqot natijalari turizm sohasida kompleks boshqaruv yondashuvi va institutsional muvofiqlashuv barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashini ilmiy asoslab berildi.
Ushbu maqolada jismoniy shaxslarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari samaradorligini kompleks baholashning nazariy-uslubiy asoslari ishlab chiqilgan. Tadqiqotda bank xizmatlari samaradorligini aniqlashda an’anaviy moliyaviy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda mijozlar qoniqishi, raqamli xizmatlar sifati, operatsion tezkorlik, risklarni boshqarish darajasi hamda xizmatlarning institutsional barqarorligi kabi ko‘p omilli indikatorlar tizimi taklif etilgan. Shuningdek, raqamli transformatsiya sharoitida chakana bank xizmatlarining samaradorligini baholash uchun integratsiyalashgan ko‘rsatkichlar modeli ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari banklarda mijozga yo‘naltirilgan strategiyani takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda raqobatbardoshlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada jamoa faoliyatining tashkilot muvaffaqiyatiga erishish va raqobatbardosh ustunlikni saqlab qolishdagi muhim roli o‘rganiladi. Ko‘p tarmoqli adabiyotlarga tayanib, tadqiqot jamoa faoliyatini vazifalarni bajarish, jamoaviy ish va hamkorlik, moslashuvchanlik va kontekstual ishlashni qamrab oluvchi ko‘p o‘lchovli konstruksiya sifatida tushuniladi. Maqolada yuqori samarali jamoalar unumdorlik, innovatsiya, sifat, samaradorlik, xodimlarni jalb qilish va mijozlar ehtiyojini qondirishga qanday hissa qo‘shishi ta’kidlangan. Unda jamoa samaradorligining asosiy omillari va moderatorlari, jumladan, yetakchilik uslublari, boshqaruv mexanizmlari, jamoa tarkibi, xilma-xillik, psixologik xavfsizlik va hamkorlik jarayonlari o‘rganiladi. Tadqiqot vazifa natijalarini, jarayonlar samaradorligini, jamoa salomatligini va tashkilot ta’sirini aniqlash uchun ko‘p darajali ishlash ko‘rsatkichlaridan foydalangan holda tizimli o‘lchash va baholashning muhimligi ta’kidlangan. Tadqiqot samarali jamoaviy ish tashkilot natijalarini qanday boshqarishi haqida integratsiyalashgan nuqtai nazarni taklif qilish orqali nazariya va amaliyotga hissa qo‘shadi va jamoaga asoslangan tuzilmalarni optimallashtirishga intilayotgan menejerlar uchun ko‘rsatmalar beradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda “yashil ipoteka” dasturlarining joriy etish istiqbollari va iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba misolida yashil ipotekaning afzalliklari, imtiyozli foiz stavkalari, energiya samaradorlik sertifikatlari va banklar uchun qayta moliyalashtirish mexanizmlarining ahamiyati o‘rganilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yashil ipoteka dasturlari energiya iste’molini sezilarli darajada kamaytirib, uy-joy fondining modernizatsiyasiga, aholi xarajatlarining qisqarishiga va ekologik barqarorlikning oshishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston sharoitida ushbu dasturlarni joriy etish uchun institutsional baza, moliyaviy rag‘batlar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi aniqlangan.
Ushbu ilmiy tadqiqot O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlarining mehmonxona sanoatini rivojlantirishda soliq imtiyozlari va subsidiya siyosatining iqtisodiy samaradorligini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda ikki mamlakat tajribasi asosida mehmonxona sektorini moliyaviy rag‘batlantirish usullari, ularning investitsiyaviy jozibadorlikka va hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’siri kompleks tarzda o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq yengilliklari va davlat subsidiyalari orqali turizm infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, mehmonxona tarmog‘i rivojiga ko‘mak beruvchi iqtisodiy instrumentlarning samaradorligini aniqlashdir. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining amaliy natijalari ham empirik dalillar asosida baholanadi.Tadqiqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada qo‘llanilgan moliyaviy yondashuvlar samaradorligining nisbiy ustunliklari aniqlanadi, Soliq va subsidiya siyosatining hududlararo nomutanosiblikni kamaytirish va turizm salohiyatini oshirishdagi ta’siri baholanadi, O‘zbekiston uchun moslashtirilgan, xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqiladi. Mazkur tadqiqot iqtisodchi olimlar, tahlilchilar, turizm sohasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, investitsiya siyosatini shakllantiruvchi mutasaddilar, shuningdek magistratura darajasidagi tadqiqotchilar uchun amaliy va nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot nafaqat mavjud iqtisodiy va institutsional muammolarni yoritadi, balki ularni hal qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ham ilgari suradi. Shuning uchun bu ish barqaror turizm siyosatini yaratish yo‘lida ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi,O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehmonxona sanoatida soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qo‘llash amaliyoti birinchi marta tizimli qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur ishda soliq yengilliklarining investitsiya faolligi, hududiy rivojlanish va xizmat sifati kabi mezonlarga ta’siri aniqlangan. Shuningdek, milliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy samaradorlikka yo‘naltirilgan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqilib, davlat-xususiy sheriklik asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqola Oʻzbekiston tijorat banklari samaradorligini aniqlashda aktivlar rentabelligi (ROA) koʻrsatkichini tahlil qilishga bagʻishlangan. Banklar samaradorligi moliyaviy tizim barqarorligi va iqtisodiy oʻsish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotda 1999-2023 yillarda mamlakat tijorat banklari faoliyati statistik maʼlumotlar asosida tahlil qilinib, banklarning mulkchilik shakliga qarab samaradorlik darajalari farqlari oʻrganildi. Davlat banklarining ROA koʻrsatkichi xususiy va xorijiy banklarga nisbatan past boʻlishi aniqlangan boʻlsa-da, xususiy banklar eng yuqori darajadagi samaradorlikni namoyish etgan. Bundan tashqari, bank faoliyatidagi beqarorlik va pandemiya taʼsiri samaradorlikka salbiy taʼsir koʻrsatgani qayd etilgan. Tadqiqot natijalari tijorat banklari faoliyatini yaxshilash va resurslardan samarali foydalanish boʻyicha amaliy tavsiyalarni ilgari suradi.
Ushbu tadqiqot ishida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan 2018-2023-yillarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi va dinamikasi yoritilgan. Shuningdek “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatgichlar taqqoslangan. Emperik tadqiqotlar asosida to‘qimachilik korxonalarining eksport geografiyasi yillar va mamlakatlar kesimida tahlil qilingan. Iqtisodiy samaradorlik tushinchasining nazariy masalalari yoritilgan.
Ushbu maqolada aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirish yo'nalishlari tahlil qilinadi. Iqtisodiy samaradorlik ko'rsatkichlari bank aktivlari, aholi depozitlari va kredit investitsiyalarining o'sishi bilan bog'liqligi ko’rsatib berilgan.
Boshqaruv samaradorligini oshirish ko‘p jihatdan boshqaruv xodimlarining mehnatini munosib baholash masalalariga bog‘liq. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada boshqaruv samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini joriy qilish masalalari muhokama qilingan.
Ushbu maqola zamonaviy sharoitlarda davlat moliyaviy nazorati mexanizmlarining samaradorligini baholash muammosini o'rganilgan. Nazorat mexanizmlari samaradorligini o'lchashning turli yondashuvlari tahlil qilingan, shuningdek, moliyaviy nazorat sohasida optimal natijalarga erishishga ta'sir qiluvchi omillar aniqlangan. Xulosa qismida, davlat moliyaviy nazorati samaradorligini doimiy monitoring qilish va tahlil qilish muhimligi asoslangan.
Masofaviy ta’limning raqamli platformalari so‘nggi o‘n yillikda jahon ta’lim xizmatlari bozorining muhim qismiga aylandi: 2024-yilda uning hajmi 369,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va 2034-yilga borib 731,8 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Maqolada masofaviy platformalarning iqtisodiy samaradorligini baholashning analitik modeli taklif qilingan bo‘lib, u uchta ko‘rsatkichlar guruhini hisobga oladi: xarajatlar (litsenziya, infratuzilma, kontent va qo‘llab-quvvatlash), talabalar jalb qilinganligi (foydalanuvchilar faolligi, platformada o‘tkazilgan vaqt, kurslarni tugatish ulushi) va ta’lim xizmatlari sifati (qoniqish, o‘zlashtirish, karyera samarasi). Coursera, edX, Udemy, LinkedIn Learning va Khan Academy ma’lumotlari asosida 2023–2024-yillar uchun qiyosiy iqtisodiy tahlil o‘tkazildi. Raqamli platformalarni joriy etish ta’lim muassasalarining operatsion xarajatlarini 20–35% ga qisqartirishga va ayni paytda ta’lim mavjudligini oshirishga imkon berishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasida ta’lim dasturlarining sifati va moliyaviy barqarorligini boshqarish uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Ushbu maqolada islom moliya tashkilotlari faoliyati samaradorligining iqtisodiy mohiyati, uning zamonaviy moliya tizimidagi o‘rni hamda real sektorni moliyalashtirishdagi ahamiyati ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari — ribo, g‘arar va maysirning taqiqlanishi, real aktivlarga tayanish, foyda va zararlarni adolatli taqsimlash hamda moliyaviy operatsiyalarning shariat talablariga muvofiqligi yoritilgan. Shuningdek, islomiy moliyalashtirish vositalari hisoblangan mushoraka, mudoraba, murobaha, ijara, salam, istisno, sukuk, qarzi hasana va takoful kabi instrumentlarning iqtisodiy mazmuni, ishlash mexanizmi, risk va daromadlilik xususiyatlari ochib berilgan. Tadqiqotda islom moliya tashkilotlarining moliyaviy inklyuzivlikni kengaytirish, kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, investitsion loyihalarni moliyalashtirish hamda tizimli moliyaviy xatarlarni kamaytirishdagi roli asoslangan. Xalqaro AAOIFI va IFSB standartlari islom moliya institutlari faoliyatining huquqiy, buxgalteriya va prudensial asoslarini shakllantirishda muhim metodologik manba sifatida baholangan. Maqolada islom moliyaviy vositalarining samaradorligi ularning risklarni taqsimlash, aktiv bilan ta’minlanganlik, ijtimoiy mas’uliyat va barqaror iqtisodiy rivojlanishga xizmat qilish xususiyatlari orqali namoyon bo‘lishi ilmiy asoslangan.
Mazkur maqolada Sirdaryo viloyatida go‘sht chorvachiligini rivojlantirishning optimal o‘lchamlarini aniqlash masalalari kompleks o‘rganilgan. Tadqiqot jarayonida chorvachilik xo‘jaliklarining ishlab chiqarish hajmi, resurslardan foydalanish samaradorligi, yem-xashak bazasi holati va hududiy bozor infratuzilmasi tahlil qilingan. Shuningdek, fermer xo‘jaliklarining maqbul hajmini belgilashga ta’sir etuvchi iqtisodiy va tashkiliy omillar aniqlanib, hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda tarmoq samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu tadqiqot Huazhu Group mehmonxonalar tarmog‘ining 2014–2024-yillardagi uzoq muddatli (longityudinal) amaliy misoli asosida Xitoy turizm korxonalarining tashqi investitsiya strategiyasi "og‘ir aktivli" modeldan "yengil aktivli" modelga o‘tishining evolyutsion mexanizmlari va samaradorligini o‘rganadi. Makroiqtisodiy bosim sharoitida yengil aktivli model "mahalliylashtirish ijtimoiy legitimlik" zanjiri orqali investitsiya samaradorligini oshirishi aniqlandi. Raqamli salohiyat aksiyadorlik nazoratiga asoslanmagan boshqaruv mantiqini shakllantirib, jarayonda asosiy moderator bo‘lib xizmat qiladi. ESG tamoyillari va mahalliy kadrlar salohiyatining oshirilishi mezbon mamlakatlarda inklyuziv o‘sishni ta’minlaydi. Tadqiqot OLI paradigmasini ijtimoiy-dinamik yondashuv bilan boyitib, O‘zbekiston kabi "Bir makon, bir yo‘l" davlatlari uchun texnologik investitsiyalarni jalb qilish va "yashil" bandlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi.
Maqolada ustama xarajatlarni taqsimlashning nazariy va metodologik asoslari tahlil qilinadi. Birlamchi va ikkilamchi taqsimot bosqichlari, ularning mahsulot tannarxini aniqlash va boshqaruv qarorlarini asoslashdagi ahamiyati ko‘rib chiqilgan. Sabab–oqibat tamoyili, adolatlilik, izchillik va samaradorlik kabi prinsiplarga tayangan holda xarajatlarni maqbul taqsimlash mezonlari aniqlangan. Shuningdek, zamonaviy ishlab chiqarish sharoitida ko‘p mezonli va adaptiv taqsimot modellari joriy etish zarurligi ta’kidlangan. Tadqiqot natijalari mahsulot tannarxining aniqligini oshirish, resurslardan samarali foydalanishni baholash va boshqaruv qarorlarini asoslash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Mazkur maqolada elektron tijorat logistikasida muhim infratuzilmalar hisoblangan fulfillment markazlari va last mile delivery tizimlarining o‘rni va ahamiyati tahlil qilinadi. Har ikki tizimning funksional xususiyatlari, samaradorlik ko‘rsatkichlari hamda logistika jarayonlariga ta’siri solishtirma asosda o‘rganiladi. Tadqiqot natijasida ushbu tizimlarning afzalliklari va kamchiliklari aniqlanib, ularni integratsiyalashgan holda qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Ushbu maqolada qishloq xo‘jaligi hosildorligini prognozlashda klassik ekonometrik modellashtirish va fuzzy differensial tenglamalar yondashuvi asosidagi modellashtirish amaliy va nazariy jihatdan solishtirilgan. Maqolada har ikki modelning matematik tuzilishi, o‘zgaruvchilar o‘rtasidagi bog‘liqlik, noaniqlikni hisobga olgan holda modellashtirish bayon qilingan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorida agro-sanoat integratsiyasining iqtisodiy samaradorlikka ta’siri 13 ta hudud bo‘yicha shakllangan panel ma’lumotlar asosida ekonometrik usullar yordamida o‘rganilgan. Agro-sanoat integratsiyasini ifodalovchi asosiy indeks sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmida fermer xo‘jaliklari, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning ulushi qo‘llanilgan. Panel ma’lumotlar regressiyasi natijasida integratsiya ko‘rsatkichlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘sish sur’atiga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’siri aniqlangan. Tadqiqot natijalari agro-sanoat integratsiyasini institutsional jihatdan mustahkamlash orqali qishloq xo‘jaligi sektorining samaradorligini oshirish, fermerlar daromadini kengaytirish va qishloq aholisini bandlikka jalb etish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Maqolada tijorat banklarining raqamli strategiyalarini rivojlantirish jarayonlari, ularning iqtisodiy samaradorlik va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli tahlil qilinadi. Raqamli texnologiyalar, mobil va onlayn platformalar, shuningdek sun’iy intellekt va big data tizimlarining bank xizmatlarini transformatsiya qilishdagi ahamiyati o‘rganilgan. Tadqiqot natijalari banklar strategiyasini modernizatsiya qilish, xizmatlarni ommaviylashtirish, mijozlar ehtiyojlariga moslashtirish va raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligida resurs tejamkor va ekologik barqaror texnologiyalardan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, iqlim o‘zgarishining ta’sirini kamaytirish, agroekotizim samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, sohada mavjud muammolar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
O‘zbekistonda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasbga yo‘naltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xotin-qizlarning kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini yaxshilash gender tengsizligiga barham berishda muhim o‘rin tutadi. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada xotin-qizlar bandligini ta’minlashda kasbiy tayyorgarlik tizimi masalalariga e’tibor qaratilgan.