Ushbu tadqiqotda Oʻrta Osiyo davlatlari suv tanqisligining iqtisodiy oʻsishga taʼsiri ekonometrik panel modellari orqali tahlil qilindi. Uzoq muddatli panel maʼlumotlarini tahlil qilish uchun biz Pooled regression model, fixed effect model va random effect modellari orqali 1990-2023 yillar va 5 ta davlat yillik maʼlumotlarini modellashtirdik. Model qurib boʻlgach ularni turli statistik testlar orqali diagnostik testlar bilan tekshirdik. Yuqoridagi modellarni solishtirish natijasida panel maʼlumotlarimizga eng mos keladigan model bu Pooled regression model ekanligini aniqladik. Ushbu model koʻrsatkichlari asosida Oʻrta Osiyo mamlakatlarida suv tanqisligining oshib borishi iqtisodiy oʻsishga salbiy taʼsir etayotganligi aniqlandi. Suv tanqisligining har bir birlikka oshishi yalpi ichki mahsulotni 0.0166 birlikka kamayishiga olib keladi. Natijalar yuqori suv tanqisligiga uchrayotgan davlatlar suv resurslarini boshqarishni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab, tanqislikni kamaytirish infratuzilmalarini yaratib, suvni tejash siyosatini amalga oshirishi kerakligini ko‘rsatdi.
Mazkur maqolada Markaziy Osiyo mintaqasidagi talabalar mobiliteti va turizm oqimlarining rivojlanishi Yevropa Ittifoqi tajribasi asosida kompleks tahlil qilindi. Tadqiqotda talabalar oqimining iqtisodiy ta’siri empirik tahlil asosida baholanib, “talaba-turist” sinergiyasining uzoq muddatli iqtisodiy samaradorligi aniqlab berildi. Mazkur natijalarga asoslanib, Markaziy Osiyo davlatlari uchun “Ipak yo‘li talabalar harakatchanligi dasturi (IYTHD)” nomli yangi integratsion model taklifi ilgari surildi. Model raqamli platforma, integratsion tarmoq va moliyaviy mexanizmlarni birlashtirib, talabalar mobiliteti uchun yagona hududiy ekotizimni shakllantirishga qaratilgan. Mazkur maqola Markaziy Osiyo davlatlarida talabalar turizmining iqtisodiy rivojlanishdagi rolini oshirish hamda mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi ilmiy-amaliy tavsiyalarni bayon qiladi.
Maqolada o‘tish iqtisodiyoti sharoitida davlat oliy ta’lim muassasalarini natijaga yo‘naltirilgan (performance-based) byudjetlashtirish tizimiga o‘tkazishning iqtisodiy modeli ishlab chiqilgan. Tadqiqotda muallif tomonidan moliyalashtirishning iqtisodiy-matematik modeli taklif etilib, unda ajratiladigan mablag‘ bazaviy normativ va integral natijadorlik indeksiga bog‘langan natijadorlik komponentidan iborat bo‘ladi. Tizimni joriy etishning to‘rt bosqichli modeli asoslangan bo‘lib, unda natijadorlik ulushi bosqichma-bosqich oshib boradi. Xalqaro tajriba qiyosiy tahlil qilinib, model o‘tish iqtisodiyotining o‘ziga xosligiga moslashtirilgan. Tadqiqot natijalari davlat asignatsiyalarini ta’lim sifati va natijadorligi bilan bog‘lash, moliyaviy risklarni minimallashtirish hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradigan tizimli yondashuvni taklif etadi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonning XXI-asrdagi iqtisodiy o‘sishi tahlil qilingan. Tadqiqot davomida yalpi ichki mahsulotning (YaIM) o‘sish sur’atlari, inflyatsiya darajasi, investitsiyalar hajmi va mehnat unumdorligi kabi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqilgan. Olingan natijalar iqtisodiy o‘sishnig ilmiy nazariyalari, xususan Solow iqtisodiy o‘sish modeli va boshqa zamonaviy iqtisodiy yondoshuvlar bilan taqqoslangan. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, mavjud muammolar va kelgusidagi rivojlanish yo‘llari yoritilishi bilan birga yaqin 3 – 4 yil uchun ayrim iqtisodiy ko‘rsatkichlar bashorat qilingan. Maqola natijalari mamlakat iqtisodiy siyosatini baholash va ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish uchun xizmat qiladi.
Valyuta kursini aniq prognoz qilish rivojlanayotgan va chegaraviy bozorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega. Chunki bunday bozorlarda valyuta kurslari tez oʻzgaruvchan boʻlib, devalvatsiya bosimlari, tashqi iqtisodiy shoklar, inflyatsiya tafovutlari va moliya bozoridagi noaniqliklar taʼsirida keskin tebranishi mumkin. Ushbu maqolada AQSh dollarining Oʻzbekiston soʻmiga nisbatan kursini prognozlash uchun ARIMA–eGARCH–Monte-Karlo modellari qoʻllanildi. Tadqiqot 2018-yil yanvardan 2026-yil aprelgacha boʻlgan kunlik USD/UZS kursi maʼlumotlariga asoslandi. Dastlab valyuta kursining logarifmik daromadlari hisoblanib, ularning statsionarligi ADF, Phillips–Perron va KPSS testlari yordamida tekshirildi. Shundan soʻng kurs daromadlarining oʻrtacha dinamikasini baholash uchun ARIMA modeli, oʻzgaruvchanlikning klasterlanishi va asimmetrik shoklarni baholash uchun esa GARCH oilasiga mansub eGARCH, eGARCH va GARCH modellari natijalari taqqoslandi. Model natijalariga koʻra, eGARCH (1,1) modeli eng maqbul model sifatida tanlandi. Keyingi bosqichda ushbu model asosida 252 savdo kuni uchun Monte-Karlo simulyatsiyasi usulidan foydalanib 50 000 ta ssenariy asosida prognoz qiymatlari ishlab chiqildi. Natijalar USD/UZS kursining kelgusi bir yillik ehtimollik ssenariylarini shakllantirish imkonini berdi. Bazaviy median prognoz bir AQSh dollari uchun 12 518 soʻmni tashkil etdi, 90 foizlik ehtimollik oraligʻi esa 11 621 soʻmdan 13 218 soʻmgacha boʻlgan diapazonni qamrab oldi. Tadqiqot natijalari USD/UZS kursida devalvatsiya shoklari oʻxgarishiga sezilarli taʼsir koʻrsatishini va valyuta kursini baholashda oddiy nuqtali prognozdan koʻra ehtimollik asosidagi stsenariylar samaraliroq ekanligini koʻrsatadi. Ushbu yondashuv markaziy bank, tijorat banklari, eksport-import korxonalari va risk-menejerlar uchun valyuta risklarini baholash va stress-testlashda amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu ilmiy tadqiqot O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlarining mehmonxona sanoatini rivojlantirishda soliq imtiyozlari va subsidiya siyosatining iqtisodiy samaradorligini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda ikki mamlakat tajribasi asosida mehmonxona sektorini moliyaviy rag‘batlantirish usullari, ularning investitsiyaviy jozibadorlikka va hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’siri kompleks tarzda o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq yengilliklari va davlat subsidiyalari orqali turizm infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, mehmonxona tarmog‘i rivojiga ko‘mak beruvchi iqtisodiy instrumentlarning samaradorligini aniqlashdir. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining amaliy natijalari ham empirik dalillar asosida baholanadi.Tadqiqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada qo‘llanilgan moliyaviy yondashuvlar samaradorligining nisbiy ustunliklari aniqlanadi, Soliq va subsidiya siyosatining hududlararo nomutanosiblikni kamaytirish va turizm salohiyatini oshirishdagi ta’siri baholanadi, O‘zbekiston uchun moslashtirilgan, xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqiladi. Mazkur tadqiqot iqtisodchi olimlar, tahlilchilar, turizm sohasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, investitsiya siyosatini shakllantiruvchi mutasaddilar, shuningdek magistratura darajasidagi tadqiqotchilar uchun amaliy va nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot nafaqat mavjud iqtisodiy va institutsional muammolarni yoritadi, balki ularni hal qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ham ilgari suradi. Shuning uchun bu ish barqaror turizm siyosatini yaratish yo‘lida ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi,O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehmonxona sanoatida soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qo‘llash amaliyoti birinchi marta tizimli qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur ishda soliq yengilliklarining investitsiya faolligi, hududiy rivojlanish va xizmat sifati kabi mezonlarga ta’siri aniqlangan. Shuningdek, milliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy samaradorlikka yo‘naltirilgan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqilib, davlat-xususiy sheriklik asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqola Farg‘ona viloyatining statistik ma’lumotlari asosida Almon lag modeli tahlilini taqdim etadi. Model vaqtli qatorlar bilan o‘zgaruvchilar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni o‘rganishga imkon beradi, bu esa taqsimlangan lag ta’sirlarini hisobga oladi. Mavjud ma’lumotlardan foydalangan holda, tadqiqot Farg‘ona viloyatidagi asosiy omillarning dinamikasini tahlil qiladi va optimal lag strukturasini aniqlaydi. Tadqiqot natijalari viloyatning iqtisodiy dinamikasini yaxshiroq tushunishga yordam beradi va investorlar hamda tadqiqotchilar uchun qimmatli fikr-mulohazalar bilan o‘rtoqlashadi.
Maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida viloyat tumanlarini klasterlashning biznes asoslari ko‘rib chiqilgan. Raqamlashning iqtisodiy klasterlashga ta’siri tufayli qo‘shma biznes samaradorligini oshirishning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari nazariy jihatdan yoritilgan. Klasterlash doirasida amalga oshiriladigan qo‘shma biznes samaradorligini oshirish uchun barcha mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarning dastlabki to‘plamini yaratish algoritmi bosqichlarga bo‘lib o‘rganilgan. Samarali qo‘shma biznesni qurish uchun qo‘shimcha talablar keltirib o‘tilgan
Ushbu maqolada Skandinaviya mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanish modellari solishtirilib tahlil qilinadi. Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Daniya va Islandiya yuqori soliqlar va innovatsion iqtisodiyotlarni o'z ichiga olgan davlatlar misolida keltiriladi. Ushbu davlatlar dunyoning eng nufuzli reytinglarida yuqori o'rinlarni egallab kelishmoqda, bu esa ularning iqtisodiy siyosatlarining muvaffaqiyatini ko'rsatadi. Maqolada Skandinaviya mamlakatlarining iqtisodiy inqirozga bardoshli va ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslangan iqtisodiy modellari haqida ma'lumot beriladi. Shuningdek, har bir mamlakatning o'ziga xos iqtisodiy va ijtimoiy siyosatlari tahlil qilinadi va ularning samaradorligi baholanadi.
Optimal pul-kredit siyosati haqidagi bilimlar va ko'pincha moslashuvchan inflyatsiyani targetlashda optimallashtirish qoidalari markaziy banklarga barcha tsiklik siyosat turlarini ishlab chiqish vazifalarini yuklaydi. Optimal inflyatsiya siyosatining maqsadi makroiqtisodiy barqarorlikka erishish va barqaror iqtisodiy o'sishni rag'batlantirishdan iborat. Pul-kredit siyosatini monitar siyosat yuritish qoidasiga bog'liq holda miqdorini aniqlash va nazarda tutilgan optimal inflyatsiya maqsadini aniqlash uchun ekonometrik DSGE modelidan foydalanamiz. r*(qayta moliyalashtirish stavkasi) va optimal inflyatsiya maqsadi o'rtasidagi bog'liqlik pastga qarab egilgan. Optimal inflyatsiya darajasining o'sishi r* ning pasayishidan umuman kichikroq bo'lsa-da, hozirda empirik ahamiyatga ega bo'lgan joylarda bog’liqlik qiyaligi -1 ga yaqin ekanligi aniqlandi. Ushbu burchak parametri noaniqligini ta'minlash uchun yetarlidir. Narxlar darajasini belgilash kabi ularning rangbarangligi strategiyalarida optimal inflyatsiya maqsadi sezilarli darajada past va r * ga nisbatan kam tasirchanligi aniqlandi.
Ushbu maqolada o‘zini o‘zi tashkil etuvchi savdo tizimida muvozanat holatini boshqarishda investitsiya oqimining ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda investitsiya oqimining iqtisodiy tizimlarga ta’siri, uning turli shakllari hamda savdo tizimining dinamikasiga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, tizimga ta’sir etuvchi uzluksiz va diskret omillar sinflashtirilib, stoxastik differensial tenglama orqali model ishlab chiqilgan. Hamilton–Jakobi–Bellman tenglamasi asosida investitsiya oqimining optimal qiymatini aniqlash metodologiyasi taklif etilgan. Olingan natijalar iqtisodiy tizimlarni prognozlash, resurslarni optimal taqsimlash va bozor strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqola Дж. М. Кейнсning iqtisodiy nazariyasida xo'jalik sub'ektlarining investitsiya jarayonida qanday xatti-harakat qilishi haqida tahlil qiladi. Maqolada investitsiya qarorlarini qabul qilishda asosiy omillar sifatida predel samaradorligi, foiz stavkalari va noaniqlikning roli ko'rib chiqiladi. Shuningdek, Keynsianning ko'paytiruvchi modeli orqali dastlabki investitsiyalar natijasida iqtisodiy faollikning qanday ko'payishi mumkinligi tushuntiriladi. Zamonaviy iqtisodiy tadqiqotlar va kritikalar yordamida Keynsianning nazariyasi yanada kengroq ko'rib chiqilib, yangi sharoitlarga moslashuvi tahlil qilinadi. Kalit so'zlar: agregatsiya, makroiqtisodiy sub'ekt, investitsiyalar, sub'ektlarning iqtisodiy xatti-harakatlari, jamg'armalarning investitsiyalarga aylanishi, bozor foiz stavkasi.
Ushbu maqolada respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tarzda ekonometrik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2000–2024 yillar oralig‘idagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida investitsiyalar hajmi, bandlik darajasi hamda eksport hajmining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) ta’siri chuqur tahlil qilindi. Tahlil metodologiyasi sifatida korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash, ko‘p omilli regressiya modeli tuzish, parametrlarning statistik ahamiyatliligini baholash (t-statistika), modelning umumiy mosligini aniqlash (F-statistika), shuningdek, qoldiqlarni tekshirish uchun Durbin–Watson mezonidan foydalanildi. Ekonometrik hisob-kitoblar va modelni qurish ishlari zamonaviy statistik dasturiy muhit R Studio dasturi yordamida amalga oshirildi. Olingan natijalar investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ya’ni investitsiya hajmining ortishi YAIMning o‘sishiga olib kelishini tasdiqladi. Shuningdek, model natijalari asosida investitsiyalarning samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari kesimida optimal taqsimlash va investitsion siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston neft-gaz sanoatida biznes qiymatini baholash uchun chiziqli regressiya modelini ishlab chiqish muhokama qilinadi. Model jahon neft va gaz narxlari, siyosiy barqarorlik, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, savdo hajmlari va boshqalar, shu jumladan, EBITDA va qarzdorlik darajasini o‘z ichiga olgan asosiy iqtisodiy va operatsion o‘zgaruvchilarni birlashtiradi. Tadqiqot o‘zgaruvchilarning statistik ahamiyatiga va ularning bozor qiymatiga ta’siriga e’tibor qaratadi, shu bilan sanoatda strategik boshqarish va rejalashtirish uchun asos yaratadi.
Maqolada «investitsiya jarayonlari» tushunchasi haqida fikr yuritiladi. «Investitsiya jarayonlari» tushunchasiga shu sohadagi yetakchi olimlarning ta’riflari va fikr mulohazalari keltirilgan. Bu yerda investitsiya jarayonlari bilan investitsiya faoliyati o‘rtasidagi farq ochib berilgan. Investitsiya jarayonlarining asosiy tarkibiy qismlari va ularning mazmuni ifoda etilgan. Shuningdek, maqolada jahon amaliyotiga ko‘ra, davlatlarning iqtisodiy rivojlanish tajribasiga asosan investitsiya jarayonlarining bir nechta modellari tahlil qilingan. Yuqoridagi tahlillar asosida tegishli xulosa va takliflar shakllantirilgan
Maqsad: Ushbu tadqiqot eksport hajmi (Y) va temir yo'llarda yuk aylanmasi (X) o'rtasidagi murakkab bog'liqlikni juft chiziqli regressiya modeli orqali o'rganishga qaratilgan. Maqsad temir yo'l yuk aylanmasining mamlakat eksport hajmiga miqdoriy ta'sirini aniqlash va siyosatchilar va transport va savdo sohalaridagi manfaatdor tomonlar uchun tushunchalarni taqdim etishdir. Dizayn/metodologiya/yondashuv: 2000 yildan 2022 yilgacha bo'lgan tarixiy ma'lumotlardan foydalangan holda miqdoriy tadqiqot loyihasi qo'llaniladi. Tanlangan metodologiya eng kichik kvadratlar usuli yordamida juft chiziqli regressiya modelini baholashni o'z ichiga oladi. Statistik ahamiyatlilik determinatsiya koeffitsienti, Fisherning F testi va heteroskedastiklikni tekshirish orqali tekshiriladi. Elastiklik tahlili, darajali korrelyatsiya va qoldiqlarni grafik baholash munosabatlarni har tomonlama tushunish imkonini beradi. Natijalar: Tadqiqot eksport hajmi va temir yo'l yuk aylanmasi o'rtasida kuchli va statistik jihatdan muhim ijobiy korrelyatsiyani (r = 0,92) aniqladi. Bir nechta testlar orqali tasdiqlangan regressiya modeli eksport hajmidagi o'zgaruvchanlikning 84,72% ni tushuntiradi. Iqtisodiy talqin shuni ko'rsatadiki, temir yo'l yuk aylanmasining bir birlik o'sishi eksport hajmining o'rtacha 1627720,728 donaga sezilarli o'sishiga olib keladi. Heteroskedastikaning yo'qligi modelning mustahkamligini kuchaytiradi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati misolida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati va rivojlanishining moliyaviy-iqtisodiy jihatlari ko‘rib chiqiladi. 2022-yil oxiridan 2025-yil oxirigacha bo‘lgan davrdagi dinamik choraklik ma’lumotlar asosida o‘quvchilar soni va o‘z mablag‘lari hajmining ta’lim tashkilotlarining yalpi daromadiga ta’sirining kompleks statistik va ekonometrik tahlili o‘tkazildi. Chiziqli regressiya modeli qurildi, institutsional tarkibiy o‘zgarishlar belgilandi, xususiy oliy ta’lim sektorining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun davlat tomonidan kompleks mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini shakllantirish zarurati asoslandi.
Ushbu maqolada kichik biznesning moliyaviy ehtiyojlarini qondirishning iqtisodiy mexanizmini fazoviy va mintaqaviy iqtisodiyot nuqtai nazaridan optimallashtirishning nazariy, metodologik va amaliy jihatlari ko‘rib chiqiladi. Qashqadaryo viloyati va O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha 2022–2024 yillardagi rasmiy statistik ma'lumotlardan foydalangan holda, kichik biznesning bandlik dinamikasi va uning umumiy mintaqaviy bandlik tuzilmasidagi ulushi chuqur qiyosiy tahlil qilindi. Ekonometrik juft chiziqli regressiya modeli aniqlandi va tasdiqlandi, bu sektorning inson resurslari salohiyatining kengayishi va uning mahalliy mehnat bozoridagi tarkibiy ustunligi o‘rtasidagi muhim bog‘liqlikni ko‘rsatadi (R^2 = 0.934). Mintaqaviy bandlikda kichik biznesning juda yuqori ulushi (78,7% gacha) keng kreditlash usullaridan progressiv moliyaviy muhandislikka o‘tishni talab qilishi asoslanadi. Kichik biznes uchun mezo darajasida moliyaviy va kredit yordamini rivojlantirish uchun kontseptual asos taklif qilingan, jumladan, kafolat fondlari, sindikatlashtirilgan mikromoliyalashtirish va davlat-xususiy investitsiya hamkorligi mexanizmlari.
Ushbu maqolada iqtisodiy masalalarni chiziqli dasturlash usullari yordamida yechish texnologiyasi 2026-yil holatiga asoslangan holda ko‘rib chiqiladi. Grafik va simpleks usullari ikki muhim amaliy misol asosida batafsil tahlil qilinadi: O‘zbekiston milliy ipak sanoati (atlas va shoyi ishlab chiqarish). Har bir masala uchun matematik model tuziladi, 2026-yil narx va resurs ko‘rsatkichlari asosida optimal yechimlar topiladi. Atlas va shoyi ishlab chiqarish misoli milliy iqtisodiyot va eksport yo‘nalishini matematik optimal yechimi haqida. Maqola iqtisodiy qarorlar qabul qilishda chiziqli dasturlashning amaliy qo‘llanishi va uning cheklovlarini ochib beradi.
Masofaviy ta’limning raqamli platformalari so‘nggi o‘n yillikda jahon ta’lim xizmatlari bozorining muhim qismiga aylandi: 2024-yilda uning hajmi 369,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va 2034-yilga borib 731,8 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Maqolada masofaviy platformalarning iqtisodiy samaradorligini baholashning analitik modeli taklif qilingan bo‘lib, u uchta ko‘rsatkichlar guruhini hisobga oladi: xarajatlar (litsenziya, infratuzilma, kontent va qo‘llab-quvvatlash), talabalar jalb qilinganligi (foydalanuvchilar faolligi, platformada o‘tkazilgan vaqt, kurslarni tugatish ulushi) va ta’lim xizmatlari sifati (qoniqish, o‘zlashtirish, karyera samarasi). Coursera, edX, Udemy, LinkedIn Learning va Khan Academy ma’lumotlari asosida 2023–2024-yillar uchun qiyosiy iqtisodiy tahlil o‘tkazildi. Raqamli platformalarni joriy etish ta’lim muassasalarining operatsion xarajatlarini 20–35% ga qisqartirishga va ayni paytda ta’lim mavjudligini oshirishga imkon berishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasida ta’lim dasturlarining sifati va moliyaviy barqarorligini boshqarish uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Bu yerda biz Italiyaning iqtisodiy rivojlanishini o'lchaymiz va unga ta'sir qiluvchi omillarni o'rganamiz. Iqtisodiy o'sishga katta ta'sir ko'rsatishini o'rganish uchun biz bir nechta omillarni tanlaymiz. Biz aholi jon boshiga YaIMni mamlakatning iqtisodiy rivojlanishining o'lchovi sifatida olamiz. Ushbu tadqiqot o'zgaruvchilar va aholi jon boshiga to'g'ri keladigan YaIM o'rtasidagi dinamik va uzoq muddatli munosabatlarni o'rganishga qaratilgan.
Mazkur maqolada aholiga aloqa xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasi institutsional va iqtisodiy nuqtayi nazardan tadqiq etiladi. Tadqiqot davomida aloqa xizmatlari bozorining rivojlanishiga ta’sir etuvchi boshqaruv mexanizmlari, tartibga solish instrumentlari hamda xizmatlar samaradorligini belgilovchi omillar nazariy jihatdan asoslab berildi. Empirik tahlil doirasida rasmiy statistika ma’lumotlari asosida xizmatlar qamrovi, foydalanish intensivligi va hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘rganildi. Olingan natijalar aloqa xizmatlari tizimining barqaror rivojlanishi samarali institutsional muhit bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatdi. Maqolada sohani boshqarishda davlat tartibga solish siyosati, investitsiya muvozanati va raqobat sharoitlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan institutsional takomillashtirish modeli taklif etildi. Tadqiqot yakunlari aloqa xizmatlari tizimini rivojlantirish va boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy qarorlar ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur maqolada savdo xizmatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari tahlil qilingan. Zamonaviy iqtisodiy sharoitda savdo xizmatlari nafaqat iqtisodiy o‘sishning muhim omili, balki innovatsion biznes modellarini shakllantirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotda savdo xizmatlarining asosiy yo‘nalishlari, ularning iqtisodiy samaradorligi va kelajakdagi rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda savdo xizmatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur tadqiqot XXI asrda global iqtisodiyotda muhim o‘rin tutgan innovatsion rivojlanish modellarining taqqoslama tahlilini taqdim etadi. Maqolada AQSh, Yevropa Ittifoqi, Skandinaviya mamlakatlari, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya va Germaniyaning innovatsion tizimlariga chuqur nazar tashlanadi. Beshta asosiy model ochiq innovatsiyalar, Triple Helix, klaster innovatsiyalar, davlat boshqaruvi va korporativ strategiyalar 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, har bir model o‘ziga xos afzalliklarga ega bo‘lib, mamlakatlarning institutsional muhiti va iqtisodiy xususiyatlariga mos ravishda moslashtiriladi. Gibrid modellar va barqaror rivojlanish maqsadlarining integratsiyasi zamonaviy innovatsion strategiyalarning asosiy tendensiyalariga aylandi. O‘zbekiston uchun taqdim etilgan tavsiyalar milliy innovatsion ekotizimni rivojlantirish yo‘llarini belgilaydi.
Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.