Mazkur maqolada tijorat banklari faoliyati barqarorligini mustahkamlashda reyting tizimi asosida baholashning nazariy va amaliy asoslari keng yoritilgan. Bank nazoratining xalqaro tajribalari, reyting baholash usullari hamda CAMELS tizimi asosida baholash yondashuvlari tahlil qilinadi. Reyting tizimlarida foydalanilayotgan baholash mezonlari, shkalalar va metodik yondashuvlar, xususan raqamli va alifbo asosidagi reyting ifodalari batafsil ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, kompleks va ekspert baholash uslublarining afzalliklari, cheklovlari, ulardan foydalanish shart-sharoitlari hamda baholash modelining mezon tanlashdagi muhim jihatlari asoslanadi. Maqolada reyting tizimining samaradorligini oshirish uchun sifatli axborotlarni to‘plash, matematik-statistik modellarni qo‘llash va baholash parametrlarini to‘g‘ri tanlash zarurligi ta’kidlanadi. Banklarning moliyaviy holatini obyektiv baholash orqali ularning ishonchliligi va barqarorligini oshirishda reyting tizimi muhim vosita sifatida e’tirof etiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda elektron pullardan foydalanish jarayoni, uning rivojlanish omillari va mavjud muammolar tahlil qilingan. So‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi bilan elektron to‘lov vositalaridan foydalanish tendensiyalari sezilarli darajada kuchaygan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha ayrim cheklovlar, infratuzilma yetishmovchiligi, aholining raqamli savodxonligi va bank tizimiga ishonch darajasi kabi omillar jarayonni sekinlashtirayotganligi aniqlangan. Tadqiqotda O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘iston tajribalarini solishtiruvchi tahlil o‘tkazilgan, shuningdek 2017–2024 yillar davomida banklardagi jami mablag‘lar, elektron pullar ulushi va muddatli depozitlar tarkibidagi o‘zgarishlar statistik ko‘rsatkichlar orqali yoritilgan. Natijalar aholining elektron pullardan foydalanishida sezilarli o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, ularning umumiy bank mablag‘laridagi ulushi kamayganini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarishlar raqamli infratuzilmaning rivojlanishi, xavfsizlik tizimlari, aholining raqamli savodxonligi va davlatning tartibga solish siyosati bilan bevosita bog‘liqligi ta’kidlangan. Muallif, elektron pul bozori rivojini rag‘batlantirish uchun infratuzilmani kengaytirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, raqamli savodxonlikni oshirish va qonunchilikni takomillashtirish zarurligini asoslab beradi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston tijorat banklarining xizmat ko‘rsatish tizimida mijozlarning ehtiyojlari, moliyaviy holati va xulq-atvori yetarli darajada tahlil qilinmagani sababli, ularga moslashtirilgan xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatining cheklanganligi tahlil etilgan. Banklar foydalanuvchilarga standart xizmatlar taklif qilmoqda, shaxsiy yondashuvga asoslangan xizmatlar esa kam tarqalganligi mijozlarni jalb. Mijozlar bilan ishlash uchun CRM tizimi to‘liq joriy qilinmagan, shuningdek, bank xodimlarining raqamli xizmatlar bo‘yicha malakasi yetarli emas, mijozlarni segmentlash jarayoni bu muammolarni hal qilishda samarali vosita bo‘lib, mijozlarga shaxsiylashtirilgan xizmatlar taklif qilishga yordam beradi. Banklar uchun segmentatsiya xizmatlarni yaxshilash, raqobatbardoshlikni oshirish va mijozlar bilan uzoq muddatli munosabatlar o‘rnatish imkoniyatini yaratadi.
Maqolada globallashuv va raqobat sharoitida O‘zbekiston tijorat banklarining transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishning ahamiyati va kelgusi istiqbollari tahlil qilinadi. Ushbu tadqiqotda, tijorat banklarining zamonaviy iqtisodiy sharoitda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun qanday o‘zgarishlar zarurligi, ularning raqobatbardoshligini oshirish va global moliya tizimiga integratsiya qilish yo‘llari ko‘rsatiladi. Maqola O‘zbekiston bank tizimining transformatsiyasi jarayonidagi muammolarni va bu jarayonlarni amalga oshirishdagi ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik omillarni o‘rganadi. Yangi texnologiyalarni joriy etish, raqamli bank xizmatlarini rivojlantirish, hamda banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ilgari suriladi. Shuningdek, O‘zbekiston tijorat banklarining global raqobatga moslashishidagi istiqbollarini tahlil qilish orqali mamlakat bank tizimining barqarorligini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar taqdim etiladi.
Ushbu maqolada bank tizimida raqamli madaniyatni shakllantirish va kadrlar salohiyatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni kuchaytirish masalalari tahlil qilindi. Tadqiqot davomida xorijiy tajribalar Singapur, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya bank tizimlari bilan O‘zbekiston amaliyoti solishtirildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, raqamli madaniyat va inson kapitali uyg‘unligi bank xizmatlari samaradorligini oshirish hamda raqobatbardoshlikni ta’minlashning muhim omilidir.
Ushbu maqolada tijorat banklarida muammoli kredit qarzlarini boshqarish tizimini takomillashtirishning nazariy va amaliy jihatlari xalqaro tajriba va O‘zbekiston bank tizimi xususiyatlari asosida o‘rganilgan. NPL darajasining o‘sishiga ta’sir qiluvchi makroiqtisodiy va institutsional omillar tahlil qilingan, shuningdek, raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning samaradorlikka ta’siri baholangan. Tahlil natijalariga asoslanib, muammoli kreditlar hajmini kamaytirish va bank tizimi barqarorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada toʻlov tizimini rivojlantirishning asosiy masalalari zamonaviy xorijiy tajriba asosida oʻrganilgan hamda uning Oʻzbekistonda qoʻllanish imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov tizimining holati, muammolari va rivojlanish istiqbollariga kompleks tahlil asosida aniqlik kiritilgan. Oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov tizimini takomillashtirish boʻyicha amaliy takliflar va ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozorida dualistik moliyaviy tizimning joriy etilishi orqali instrumentlararo, institutlararo, sektorlararo va tizimlararo raqobatning shakllanish jarayonini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda sifat yondashuvi asosida dualistik modelning institutsional, huquqiy va iqtisodiy muhitga ta’siri hamda ushbu tizimning raqobatni kuchaytirishdagi imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, moliya bozorida diversifikatsiya yetarli darajada shakllanmagani, moliyalashtirish manbalari deyarli to‘liq bank tizimiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, dualistik moliya tizimi raqobatning yangi shaklini tizimlararo raqobatni vujudga keltirishi, moliyaviy xizmatlar segmentida samaradorlikni oshirishi va moliya bozorining diversifikatsiyasiga xizmat qilishi aniqlangan. Ushbu tizimning tatbiqi uchun zarur institutsional shart-sharoitlar, infratuzilma talablari va bozorni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar asoslab berilgan
Ushbu maqolada moliyaviy boshqaruv va unda zamonaviy axborot texnologiyalarining tadbiq etilishi orqali olinayotgan natijalar haqida fikrlar bildirilgan. Shuningdek, axborot texnologiyalarining moliya tizimida boshqaruv jarayonlariga tadbiq qilinishi zamonaviy moliyaviy muassasalarning samaradorligini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va mijozlar ishonchini qozonishda muhimligi va moliya tizimida qo‘llanilishining asosiy turlari tavsiflangan.
Mazkur maqolada dualistik moliya tizimiga ega Turkiya va BAA mamlakatlarining moliya bozori joriy holati tahlil qilinadi. Xususan, maqolada Turkiya va BAA (Birlashgan Arab Amirliklari)ning islomiy va an’anaviy moliya tizimining qiyosiy tahlili olib borilib, bunda islom moliyasining umumiy moliya bozoridagi ishtirokining holati, islomiy kapital bozori, islomiy sug‘urta bozori va islomiy investitsiya fondlarining moliya bozoridagi ishtirokining qiyosiy holati tadqiq etiladi.
Xitoy dunyodagi eng yetakchi eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib, eksportni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning eng rivojlangan tizimiga ega mamlakat sifatida ajralib turadi. Ushbu tizimning markazida Xitoy Eksport-import banki, Xitoy Taraqqiyot banki, davlat eksport-kredit sug‘urta agentligi Sinosure, shuningdek, byudjet va soliq rag‘batlantirish mexanizmlari mavjud. Maqolada Xitoyning eksportni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha institutsional tuzilmasi va mexanizmlari tahlil qilinadi hamda ushbu modelning yuqori samaradorligini belgilovchi omillar aniqlanadi.
Tadqiqotda Xitoyning davlat eksport siyosatining asosiy elementlari normativ-huquqiy tartibga solish, kreditlash, sug‘urtalash, subsidiyalash instrumentlari hamda tashqi savdo jarayonlarining raqamlashtirilishi kompleks tarzda yoritilgan.
Mazkur maqolada JPMorgan Chase va Wells Fargo kabi yirik xorijiy tijorat banklari misolida resurs bazasi tarkibi hamda kapital yetarliligini ta’minlash mexanizmlari o‘rganilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, banklarning asosiy resurs manbai sifatida depozitlar salmog‘i yuqori bo‘lib, uzoq muddatli qarz majburiyatlari va aksiyadorlik kapitali moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Bazel qo‘mitasining kapital yetarliligi bo‘yicha belgilangan me’yorlari tijorat banklari uchun muhim standart bo‘lib, ularning risklarni qoplash qobiliyatini oshiradi. Olingan xulosalar O‘zbekiston bank tizimi uchun resurs bazasini diversifikatsiya qilish, kapitalni optimallashtirish va likvidlikni boshqarish bo‘yicha amaliy ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining Logistik Performance Indeksi (LPI) bo‘yicha reytingdagi o‘rni, uni belgilovchi asosiy mezonlar va bu ko‘rsatkichlarning transport tizimiga ko‘rsatadigan ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida LPI ko‘rsatkichlari bilan mamlakatdagi transport-logistika infratuzilmasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, mavjud muammolar va imkoniyatlar aniqlanadi. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimidagi tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarishda LPI indeksining ahamiyati yoritiladi. Maqola yakunida mamlakatning LPI reytingini yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes subyektlarini kreditlash tizimining amaldagi holati tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba va empirik izlanishlar asosida kichik biznesni moliyalashtirishda uchraydigan asosiy cheklovlar aniqlanib, kredit axborot infratuzilmasini rivojlantirish, garovsiz kreditlash mexanizmlari, raqamli moliyalashtirish vositalari va davlat kafolatlarini kuchaytirishga doir strategik takliflar ilgari suriladi.