Innovatsion rivojlanish mamlakatlar va mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida eng katta rol o'ynaydi. Dunyo mamlakatlarini baholash va ularni innovatsion rivojlanish darajasi bo‘yicha taqqoslash uchun Global innovatsiyalar indeksi va boshqa bir qator indekslar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularda innovatsiyalarni rivojlantirishga sarflangan inson va moliyaviy resurslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilgan. Ushbu maqolada O‘zbekistonning Global Innovatsiyalar indeksi va boshqa reytinglarda egallagan o‘rinlari ko‘rib chiqiladi.
Mazkur maqolada Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan tijorat banklarining bank xizmatlari koʻlamini kengaytirish masalalari tadqiq qilingan. Izlanishlar doirasida banklarning amaliy maʼlumotlari asosida tahlil qilingan. olingan natijalar asosida mavjud muammolar aniqlangan hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.
Ilmiy maqolada byudjet tаshkilоtlаridа о‘tkаzilаdigаn dаvlаt mоliyаviy nаzоrаtning sаmаrаdоrligining nazariy asoslari yoritib berilgan. Budjetdan olinayotgan mablag‘larni hududlar kesimida taqsimoti, budjet tekshiruvi, budjed nazarati va ekspertiza o‘tkazish bo‘yicha malumotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qolaversa bir necha moliyaviy nazoratlar amalga oshirilib tahlil qilinib chiqilgan.
Ushbu maqolada tadqiqot obyekti qilib Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan 5 ta real sektor korxonasi, yaʼni “Kvarts” Aj (KVTS), “Qizilqumsement” AJ (QZSM), “Qoʻqon mexanika zavodi” AJ (KUMZ), “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ (UZMK), “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (AGMK) olingan. Tahlil amalga oshirishda aksiyadorlik jamiyatlari va fond indeksining 2017-yildan to 2024 yillardagi fond bozoridagi faoliyati olingan. Pandemiya davridagi keskin oʻzgarishlar tadqiqot aniqlik darajasini pasaytirmasligi uchun uchun tadqiqot davrini pandemiyadan oldingi, pandemiya davri va pandemiyadan keyingi davrlarga ajratilgan holda oʻrganildi. Investitsiya portfeli moliyaviy risklarini baholashda Sortino koeffitsiyentidan foydalanildi, ushbu koeffitsiyentni qoʻllashning afzalliklari va kamchiliklari tahlil qilindi.
Ушбу мақолада молиявий натижалар ҳисобини халқаро стандартларга ўтказиш борасидаги долзарб масалалар қайд қилинган. Хорижлик ва мамлакатимиз олимлари томонидан молиявий натижаларга берилган таърифлар танқидий ўрганилган. Тадқиқот ишида молиявий натижаларга такомиллашган муаллифлик таърифи ишлаб чиқилган. Келтирилган таърифда халқаро стандартларга мувофиқ молиявий натижалар шаклланиши, даромад ва харажатларни мувофиқлик принципига асосан бир-бирига таққосланиши натижасида фойда ёки зарар юзага келиши, фойда хусусий капитални кўпайтирувчи, зарар эса хусусий капитални камайтирувчи омил эканлигини инобатга олинган. Ҳисоблаш, реализация, мувофиқлик, ва иқтисодий наф олиш принципларининг амал қилиш кетма-кетлиги тавсия этилган
Ushbu maqolada kambag‘allik darajasini baholashning mavjud metodologiyalari ilmiy jihatdan tahlil qilinib, ularning afzalliklari va cheklovlari o‘rganilgan. Tahlillar natijasida ma’lum bo‘ldiki, amaldagi yondashuvlar mahalla darajasida ma’lumot yig‘ishning murakkabligi, norasmiy daromadlarni aniqlashdagi qiyinchiliklar hamda rasmiy statistik raqamlarga haddan tashqari tayanish kabi kamchiliklarga egaligi bois, muallif tomonidan iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarni uyg‘unlashtirgan, empirik dalillarga asoslangan mukammallashtirilgan yangi metodologiya taklif etilgan.
Ushbu maqola Markaziy Osiyoda innovatsiya va yuqori o‘sishli tadbirkorlikni rivojlantirishga intilayotgan O‘zbekistonda venchur kapital ekotizimining paydo bo‘lishi va rivojlanishini o‘rganadi. Innovatsion moliyalashtirish va tadbirkorlik ekotizimlari bilan bog‘liq nazariy asoslarga tayanib, tadqiqot O‘zbekistonda venchur kapital faoliyatining hozirgi holatini tahlil qiladi, chiqish imkoniyatlarining cheklanganligi, moliyaviy savodxonlikning pastligi, tijoratlashtirish to‘siqlari va huquqiy-me’yoriy bo‘shliqlar kabi asosiy tarkibiy muammolarni aniqlaydi hamda so‘nggi siyosiy-iqtisodiy tashabbuslarning samaradorligini baholaydi. Tahlil KPMGning 2024-yilgi Markaziy Osiyo bo‘yicha hisobotidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi va uni xalqaro amaliy tadqiqotlarning qiyosiy xulosalari, jumladan Isroilning "Yozma" dasturi, Singapurning hamkorlikdagi investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va Janubiy Koreyaning jamg‘armalar jamg‘armasi (fond-of-fonds) modeli bilan to‘ldiradi. Maqolada venchur kapital ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar, jumladan, huquqiy islohotlar, investorlar uchun soliq imtiyozlari, birgalikda sarmoya kiritish mexanizmlari va salohiyatni oshirish tashabbuslari taklif etilgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda venchur kapitali sektori endigina shakllanayotgan bo‘lsa-da, maqsadli davlat aralashuvi uning innovatsion iqtisodiy o‘sishning kuchli, global integratsiyalashgan harakatlantiruvchi kuchiga aylanishini tezlashtirishi mumkin.
Globallashuv sharoitida turizm industriyasining jadal rivojlanishi O‘zbekistonda turistik infratuzilma boshqaruvida chuqur strukturaviy o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Ushbu maqolada turistik infratuzilmaning asosiy tarkibiy unsurlari, ularning rivojlanish tendensiyalari va iqtisodiy omillar bilan o‘zaro ta’siri tizimli ravishda tahlil qilindi. Tadqiqotda 2016-2024 yillar davomida mehmonxona xo‘jaligi quvvatining oshishi, transport-logistika imkoniyatlarining kengayishi, investitsion oqimlarning faollashuvi, hududiy turizm klasterlarining shakllanishi va xizmatlar sifati bo‘yicha statistik ma’lumotlar qiyosiy o‘rganildi. Shuningdek, infratuzilma rivojlanishining turizm talabiga ta’siri, davlat siyosati va islohotlarning sektorga qo‘shimcha impulsi, pandemiya davri va undan keyingi tiklanish jarayonlari ekonometriк modellar orqali baholandi. Tadqiqot natijalari turistik infratuzilmani modernizatsiya qilish, xalqaro turistlar oqimini ko‘paytirish, hududlar bo‘yicha infratuzilma samaradorligini oshirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Иқисодиётни рақамлаштириш шароитида кичик корхоналар мижозларга хизмат кўрсатиш самарадорлигини ошириш ва бизнес жараёнларини такомиллаштириш мақсадида сунъий интеллект технологияларидан тобора кенгрок фойдаланмоқда. Энг истиқболли йўналишларидан бири мижозларнинг мурожаатларини автоматик тарзда қайта ишлай оладиган, маслаҳатлар бера оладиган ва харид қилиш ҳақида қарор қабул қилиш жараёнида фойдаланувчига кўмаклаша оладиган интелектуал чат-ботларни жорий этишдир. Ушбу ишда кичик бизнес мижозлари билан мулоқот қилиш учун мўлжалланган табиий тилни қайта ишлаш элементлари бўлган чат-ботни лойиҳалаш ва амалга ошириш жараёни кўриб чиқилади. Предмет соҳасини таҳлил қилиш, фойдаланувчи ценарийларини расмийлаштириш, тизим архитектурасини қуриш, технологияларни танлаш, прототипни амалга ошириш ва фойдаланувчи синовини ўтказишни ўз ичига олган ишлаб чиқиш босқичлари тавсифланган.
Ushbu maqola sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganish, turli metodologiyalar, me’yoriy-huquqiy bazalar va global miqyosda qo‘llaniladigan ilg‘or tajribalarni tahlil qilgan holda sanoat korxonalari rivojlanishining atrof-muhitga ta’sirini baholashning innovatsion usullarini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Shuningdek Jahon bo‘yicha sanoat va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha muhim ko‘rsatkichlar hamda O‘zbekistonda sanoat korxonalaridan atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalarning yillar kesimida statistik ma’lumotlari tahlil qilingan. O‘zbekistondagi sanoat korxonalarining ekologik ta’sirini kamaytirish jarayonida bir qator tizimli muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan.
Ushbu maqolada distribyusiya korxonalarida marketing strategiyalarini amalga oshirish samaradorligini oshirishda raqamli transformatsiyaning o‘rni va uning asosiy mexanizmlari tahlil qilinadi. Erkin bozor sharoitida an’anaviy marketing usullarining samaradorligi tobora pasayib bormoqda. Shu sababli CRM tizimlari, marketingni avtomatlashtirish, katta ma’lumotlar (Big Data) tahlili, omnikanal kommunikatsiyalar va raqamli logistika kabi zamonaviy texnologiyalar bozorni yaxshiroq anglash, savdo aksiyalarini optimallashtirish hamda chakana savdo hamkorlari bilan shaxsiylashtirilgan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Raqamli ma’lumotlardan samarali foydalanayotgan distribyutorlar raqamli yechimlarni joriy etmagan raqobatchilarga nisbatan daromad o‘sishi, marketing kampaniyalarining rentabelligi va mijozlar qoniqish darajasi bo‘yicha yuqori natijalarni namoyon etmoqda. Raqamli vositalarga, kadrlar salohiyatini rivojlantirishga va hamkorlik platformalariga sarmoya kiritish distribyusiya amaliyotlarini zamonaviylashtirish, marketing faoliyati samaradorligini oshirish hamda O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan bozorlarda korxonalarning raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Raqamli texnologiyalarni joriy etish marketing strategiyalarini yanada tizimli va natijador qilish imkonini yaratadi.
Ushbu maqolada sifatli iqtisodiy oʻsish konsepsiyasi va uning Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanishining markaziy koʻrsatkichi sifatidagi roli koʻrib chiqiladi. Faqat YaIM oʻsishiga qaratilgan anʼanaviy choralardan farqli oʻlaroq, sifatli iqtisodiy oʻsish barqaror rivojlanish, tarkibiy diversifikatsiya, unumdorlikni oshirish, daromadlar tengligi va ijtimoiy farovonlikka urgʻu beradi. Tadqiqotda Oʻzbekistonning soʻnggi oʻn yillikdagi iqtisodiy yoʻnalishi tahlil qilinadi, sanoat ishlab chiqarishining yaxshilanishi, inson kapitaliga investitsiyalar, texnologiyalarni joriy etish va institutsional islohotlarga urgʻu beriladi. Maqolada sifat va miqdoriy maʼlumotlardan foydalangan holda makroiqtisodiy barqarorlik, tarkibiy islohotlar va mintaqaviy rivojlanish tashabbuslari nafaqat uning koʻlamiga, balki oʻsish sifatiga qanday hissa qoʻshishi baholanadi. Maqola iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yuqori qiymatli sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va boshqaruv samaradorligini oshirishni oʻz ichiga olgan oʻsish sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalari bilan yakunlanadi.
Baliqchilik sohasi global oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, barqarorlik bilan bog‘liq muammolar ortib bormoqda. Ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchilar va tarqatuvchilarni birlashtiruvchi rivojlangan B2B (business-to-business) bozori taʼminot zanjiri bo‘ylab qo‘shimcha qiymat yaratishi va innovatsiyalarni rag‘batlantirishi mumkin. Ushbu maqolada baliqchilik sohasida B2B bozori shakllanishining nazariy asoslari va metodologik yondashuvlari hamda bunday bozorning barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish roli dunyo va O‘zbekiston tajribasi nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Tendensiyalarni, cheklovlarni va eng yaxshi amaliyotlarni tahlil qilish uchun BMT/FAO maʼlumotlari va soha tadqiqotlari integratsiyalangan. Asosiy xulosalar shuni ko‘rsatadiki, B2B kanallarida ilg‘or qayta ishlash texnologiyalari, sertifikatlash tizimlari va raqamli yechimlarni joriy etish samaradorlikni oshiradi va isrofgarchilikni kamaytiradi. B2B platformalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, maqsadli texnik tayyorgarlik va barqaror amaliyotlarni joriy etish uchun rag‘batlar tavsiya etiladi.
Ushbu maqolada zamonaviy bozor sharoitida narx siyosati va marketing tadqiqotlari integratsiyasi orqali optimal sotish strategiyasini ishlab chiqish masalalari tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida narx belgilashning turli usullari, iste’molchilar xatti-harakatlari va raqobat muhiti tahlil qilingan. O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan korxonalar misolida empirik ma’lumotlar to‘plangan va statistik tahlil qilingan. Natijada narx elastikligi, bozor segmentatsiyasi va raqobatbardoshlikni oshiruvchi integratsiyalashgan strategiya ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada iste’molchilar xulq-atvoriga ta’sir etuvchi omillar ekonometrik yondashuv asosida formalizatsiya qilinadi va ularning xarid qarorlari hamda iste’mol hajmiga ta’siri miqdoriy baholanadi. Tadqiqot doirasida daromad, narxlar va inflyatsion kutilmalar, uy xo‘jaligi demografik xususiyatlari, axborotga kirish darajasi, raqamli kanal/marketing ta’siri hamda psixologik omillar (xavfga munosabat, ishonch) kabi determinantlar tizimli ravishda modellarga kiritiladi. Metodologik qismda xarid qilish ehtimolini baholash uchun logit/probit modellari, iste’mol talabi uchun regressiya va panel ma’lumotlar (fixed/random effects) yondashuvlari, endogenlik muammosini yumshatish uchun instrumental o‘zgaruvchilar hamda mustahkamlik tekshiruvlari qo‘llanadi. Natijalar iste’molchi siyosati, raqobat muhiti va bozor monitoringi uchun amaliy xulosalar ishlab chiqish imkonini beradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistondagi mehmonxona sektorining rivojlanish ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilib, sohaning hozirgi tendensiyalari va istiqbollari tahlil etiladi. Tadqiqot doirasida so‘nggi yillardagi rasmiy statistik ma’lumotlar, joylashtirish vositalari mehmonlarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus tizimi ma’lumotlari to‘plandi va o‘rganildi. Shuningdek, mehmonxona xizmatlari bozorining rivojlanish dinamikasiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash maqsadida mehmonxona sohasi vakillari orasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Olingan natijalar turizm sanoatining milliy strategiyasi doirasida sohani yanada takomillashtirish va rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini prognozlashni maqsad qiladi. Tadqiqot uchun ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasidan olingan. Tadqiqot 2010-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan 15 yillik davrni qamrab oladi. Mazkur ishda ayrim tanlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha Box–Jenkins metodologiyasi, ya’ni Avtoregressiv integrallashgan sirpanma o‘rtacha (ARIMA) modeli qo‘llanildi. Metodologiya talabiga ko‘ra yetarli hajmdagi kuzatuvlar zarurligi inobatga olinib, 10 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tanlab olindi. Modelning barcha muhim bosqichlari tizimli ravishda qo‘llanilib, 2025-yildan boshlab keyingi 5 davr uchun dinamik prognoz amalga oshirildi. Turli model tanlash mezonlari, jumladan tuzatilgan determinatsiya koeffitsienti (Adj R²), eng kichik AIC qiymati hamda eng past MAPE ko‘rsatkichlari asosida modelning aniqligi tasdiqlandi. Natijalarga ko‘ra, mahsulotlar orasida eng past Akaike axborot mezoni (AIC) qiymati arpa mahsulotiga to‘g‘ri keldi, eng past o‘rtacha mutlaq foiz xatolik (MAPE) ko‘rsatkichi esa karam mahsulotida kuzatildi.
Mazkur maqola ekologik innovatsiyalarni moliyalashtirishda soliq instrumentlarining rag‘batlantiruvchi va resurs safarbar qiluvchi salohiyatini tahlil qiladi. Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi sharoitida “yashil” texnologiyalarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish katta miqdordagi barqaror moliyaviy manbalarni talab etadi. Tadqiqotning maqsadi ekologik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishda soliq mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro yondashuvlar mazmunini umumlashtirish, hamda O‘zbekiston sharoitida ustuvor yo‘nalishlar uchun amaliy takliflarni asoslashdan iborat. Ishda adabiyotlar sharhi bilan bir qatorda 2021-2024 yillar kesimidagi ko‘rsatkichlar asosida deskriptiv tahlil o‘tkazilib, atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi hududlar kesimida solishtirildi, shuningdek quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi dinamikasi baholandi. Natijalar emissiyalar darajasi yillar bo‘yicha o‘zgaruvchanligini va ayrim hududlarda yuqori konsentratsiyani ko‘rsatadi; qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishida esa 2024 yilda keskin o‘sish qayd etiladi. Ushbu kuzatuvlar ekologik innovatsiyalarni rag‘batlantirishda soliq siyosati dizaynini hududiy va tarmoq xususiyatlarini inobatga olgan holda takomillashtirish zarurligini asoslashga xizmat qiladi.
Maqolada tijorat banklarining raqamli strategiyalarini rivojlantirish jarayonlari, ularning iqtisodiy samaradorlik va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli tahlil qilinadi. Raqamli texnologiyalar, mobil va onlayn platformalar, shuningdek sun’iy intellekt va big data tizimlarining bank xizmatlarini transformatsiya qilishdagi ahamiyati o‘rganilgan. Tadqiqot natijalari banklar strategiyasini modernizatsiya qilish, xizmatlarni ommaviylashtirish, mijozlar ehtiyojlariga moslashtirish va raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot o‘rtasidagi institutsional bog‘liqlik, ularning bozor raqobati, investitsiya muhiti, davlat boshqaruvi sifati va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi korrupsion amaliyotlarning yashirin iqtisodiyot kengayishiga ta’sir mexanizmlarini aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi institutsional siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, iqtisodiy-statistik tahlil, huquqiy-institutsional tahlil va mantiqiy umumlashtirish usullaridan foydalanildi. Empirik baza sifatida 2017–2025-yillardagi xalqaro reytinglar, 2023–2024-yillardagi korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi, normativ-huquqiy hujjatlar va ilmiy adabiyotlar o‘rganildi. Natijalar korrupsiya nafaqat huquqbuzarlik, balki resurslar taqsimoti, budjet xarajatlari samaradorligi, soliq intizomi va yashirin iqtisodiyot hajmiga ta’sir qiluvchi tizimli institutsional omil ekanini ko‘rsatadi. Maqolada compliance control, raqamli monitoring, davlat xaridlarida shaffoflikni kuchaytirish, aktivlarni qaytarish va korrupsion risklarni oldindan baholash mexanizmlarini institutsional jihatdan takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 3 ta hududi bo‘yicha 2010–2024 yillardagi panel ma’lumotlarga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarish dinamikasi ekonometrik modellashtirilgan. Tadqiqotda Two-Way Fixed Effects (FE) va Log Trend Interaction modellari yordamida hududiy bo‘yicha vaqtga xos strukturaviy o‘zgarishlar tahlil qilingan. Empirik tahillar natijalariga ko‘ra, baliqchilik ishlab chiqarishdagi variatsiyalarning 78,8 tezligini oshirish mumkin. 2025–2027 yillar uchun oshirilgan ekonometrik prognozlar uchun tarmoq ishlab chiqarish ishlab chiqarish o‘sishda davom etishini va hududiy o‘sish dinamikasini rivojlanishini ko‘rsatmoqda.
Mazkur maqolada soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish sharoitida soliq xavflarini oldindan aniqlash va baholash tizimi ustuvor vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, «yashirin iqtisodiyot»ga qarshi kurashishda soliq to‘lovchilarni xavf darajasiga ko‘ra segmentatsiya qilish va soliq uzilishi (tax gap) koeffitsientini minimallashtirish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati mavzuning dolzarbligini belgilaydi. Maqola doirasida soliq risklarini aniqlash mezonlari va ularni miqdoriy baholash modellari ko‘rib chiqilgan hamda O‘zbekiston soliq tizimida risklarni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.
Mazkur maqolada soliqni optimallashtirish va soliqdan qochish tushunchalarining nazariy-huquqiy mohiyati tadqiq etilgan, ularning o‘zaro farqlari ilmiy manbalar va amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Tadqiqot davomida ushbu ikki tushunchani bir-biridan ajratishga xizmat qiluvchi asosiy mezonlar va farqli jihatlar umumlashtirilib, ularning amaliyotdagi namoyon bo‘lish xususiyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, mazkur mezonlarning amaliy qo‘llanilishi misollar orqali yoritilib, soliq nizolarining oldini olish hamda soliq ma’murchiligi samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Soʻnggi yillarda masofaviy taʼlim Oʻzbekiston taʼlim tizimining ajralmas qismiga aylandi, biroq uning sifatini xalqaro meʼyorlar asosida baholashning yagona metodik tizimi hali shakllanmagan. Maqolada xalqaro raqamli taʼlim standartlari (ISO/IEC 40180, ISO 21001, IMS Global/1EdTech, SCORM va xAPI, Quality Matters, OpenupEd hamda Yevropa sifat kafolati standartlari — ESG) asosida masofaviy taʼlim sifatini baholashning analitik modeli taklif etiladi. Model oltita oʻlchovni — kontent va oʻquv dasturi sifati, pedagogik dizayn, texnologik infratuzilma va oʻzaro moslik, talabalarni qoʻllab-quvvatlash va jalb qilish, baholash va oʻquv natijalari hamda sifat menejmenti — birlashtiruvchi integral sifat indeksi (SI) koʻrinishida ifodalanadi. Tadqiqot adabiyotlarning tizimli tahlili, xalqaro standartlarning qiyosiy tahlili va ikkilamchi maʼlumotlarga tayanadi. Tahlil shuni koʻrsatadiki, milliy masofaviy taʼlim platformalari (EDUUZ, IT-Park University raqamli resurslari) kontent va texnologiya boʻyicha tez rivojlanmoqda, biroq pedagogik dizayn, oʻquv analitikasi va uzluksiz sifat boshqaruvi boʻyicha xalqaro meʼyorlardan ortda qolmoqda. Maqolada sifatni baholashni metodik boshqaruv bilan bogʻlovchi uzluksiz takomillashtirish mexanizmi taklif etiladi. Natijalar taʼlim muassasalari, akkreditatsiya organlari va sohani tartibga soluvchilar uchun amaliy ahamiyatga ega.
Меҳнат унумдорлиги корхона рақобатбардошлигининг энг ишончли кўрсаткичларидан бири бўлиб қолмоқда, бироқ кичик бизнес корхоналари ўз меҳнат салоҳиятининг фақат бир қисмидан фойдаланади. Мазкур мақолада кичик корхоналар меҳнат унумдорлигининг яширин захираларини аниқлаш ва уларни амалий, ўлчаниши мумкин бўлган натижага айлантириш механизмлари тадқиқ этилади. Тадқиқот адабиётларнинг тизимли таҳлили, бошқарув амалиётининг қиёсий таҳлили ва иккиламчи статистик маълумотларга таянади. Ишда захираларни аниқлашга хизмат қилувчи ташхис механизмлари — иш вақтини таҳлил қилиш, омилли декомпозиция, бенчмаркинг ва асосий кўрсаткичлар тизими — ҳамда уларни сафарбар этувчи механизмлар — рағбатлантириш тизимини лойиҳалаш, лин ва узлуксиз такомиллаштириш усуллари, малака ва кўп функциялиликка сармоя, танлаб рақамлаштириш ҳамда меҳнатни қайта ташкил этиш — ажратиб кўрсатилади. Таҳлил шуни кўрсатадики, йирик корхоналардан фарқли ўлароқ, кичик корхоналар захиралари капитал талаб қилувчи технологик ўзгаришларда эмас, балки меҳнатни ташкил этиш, мотивация ва бошқарув эътиборининг сифатида жамланган. Мақолада захираларни аниқлаш ва сафарбар этишни ягона, узлуксиз бошқарув жараёни сифатида кўрувчи интеграллашган стратегик цикл таклиф этилади. Натижалар кичик бизнес соҳасида меҳнат унумдорлигини оширишга интилаётган тадбиркорлар, маслаҳат институтлари ва сиёсат ишлаб чиқувчилар учун, айниқса бу сектор бандликнинг ортиб бораётган улушини ўз зиммасига олаётган ривожланаётган иқтисодиётларда, фойдали бўлиши мумкин.