Xalqaro universitet reytinglari oliy ta’lim boshqaruvida kuchli vosita sifatida namoyon bo‘lib, ular strategik siyosatlar va islohotlarga global darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan tizimlar uchun reytinglar nafaqat muammo, balki xalqaro miqyosda e’tirof etilish imkoniyatidir. Ushbu maqolada davlat, xususiy va xalqaro filial universitetlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan suhbatlar hamda milliy siyosiy hujjatlar tahliliga asoslangan holda O‘zbekiston universitetlarining reyting bosimlariga bergan javoblari yoritiladi. Natijalar xususiy va xalqaro universitetlar reytinglarga tizimli yondashib, xalqaro brend yaratish, qaror qabul qilishdagi avtonomiya va ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish orqali raqobatbardoshlikka erishayotganini ko‘rsatadi. Davlat universitetlari esa byurokratik cheklovlar, avtonomiya yetishmasligi va resurslarning samarasiz taqsimlanishi bilan ajralib turadi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, raqobatbardoshlikning muhim omili sifatida ambitsiya emas, balki boshqaruv salohiyati birinchi o‘rinda turadi. Maqolada xulosa qilinishicha, reytinglarda barqaror natijalarga erishish uchun boshqaruv islohotlari zarur bo‘lib, ular avtonomiyani kengaytirishi, hisobdorlikni oshirishi, institutsional salohiyatni kuchaytirishi va reytinglarni ta’lim, ilm-fan hamda taraqqiyotning kengroq maqsadlariga integratsiya qilishi kerak.
Ushbu tadqiqot Markaziy Osiyo tijorat banklari orasida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Boshqaruv) hisobot berish sifati bilan xalqaro raqobatbardoshlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni Yevropa Ittifoqi (YI) institutlarining moslashtirilgan namunasi bilan solishtirib o‘rganadi. Barqarorlik hisobotlarini tahlil qilish (2018–2024), yangi ESG hisobot berish sifati indeksi (EDQI) hamda 495 ta bank-yil kuzatuvlariga asoslangan panel regressiya analizi kabi aralash usullardan foydalangan holda, Markaziy Osiyo banklarining ekologik, ijtimoiy va boshqaruv sohalaridagi ESG shaffofligi YI mamlakatlari banklariga qaraganda ancha past ekanligi aniqlandi. Ahamiyatlisi, yuqori sifatli ESG hisobot berish chet el investitsiyalarining oqishini, yevrobond chiqarish ehtimolini, chet el mulkdorligini va kredit reytingini sezilarli darajada oshirish bilan mustahkam bog‘langan – bankning asosiy ko‘rsatkichlari va institutsional sifat nazorat qilinganidan keyin ham. Ayniqsa, ESG shaffofligining chegaraviy foydasi Markaziy Osiyoda YIga qaraganda ancha kuchliroq, bu shuni ko‘rsatadiki, bunday axborot kam uchraydigan rivojlanayotgan bozorlarda ishonchli hisobot berish muhim signal beruvchi mexanizm vazifasini bajaradi. Ushbu natijalar Markaziy Osiyo mamlakatlari nazorat organlari va banklari tomonidan moliyaviy integratsiyani va investorlarning ishonchini oshirish maqsadida global ESG hisobot berish standartlarini (masalan, ISSB, TCFD) qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Maqolada turizm sohasida raqamli marketing vositalaridan foydalanishning dolzarbligi va istiqbollari tahlil qilingan. Raqamli marketingning nazariy asoslari hamda amaliy qo‘llanish mexanizmlari yoritilib, pandemiyadan oldingi va keyingi davrdagi marketing vositalari taqqoslangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, an’anaviy reklama vositalari asta-sekin zamonaviy raqamli yondashuvlar bilan almashinib, turizm marketingida raqamli texnologiyalar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu orqali sohada samaradorlik, xalqaro ko‘rinish va raqobatbardoshlik sezilarli darajada oshmoqda.
Mazkur maqolada kichik biznes subyektlarining tashqi bozorlarga chiqishini kengaytirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari kompleks tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida globallashuv sharoitida kichik biznesning eksport salohiyatini oshirish, xalqaro bozor talablariga moslashuv darajasini kuchaytirish hamda raqobatbardoshligini ta’minlashning institutsional, tashkiliy-iqtisodiy va moliyaviy mexanizmlari yoritilgan. Shuningdek, eksport infratuzilmasini rivojlantirish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash vositalarining samaradorligini oshirish, eksportchi kichik korxonalar uchun axborot-ta’minot va konsalting xizmatlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqot natijasida kichik biznes subyektlarining tashqi bozorlarga chiqishidagi mavjud muammolar aniqlangan hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Ushbu takliflar kichik biznesning eksport faoliyatini faollashtirish, yangi tashqi bozorlarga kirib borish imkoniyatlarini kengaytirish va milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi asoslab berilgan
Mazkur tadqiqotda davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalari keng qamrovda tahlil etilgan. Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash hamda investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirishda muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi. Shu sababli ularning boshqaruv mexanizmlarini xalqaro talab va standartlarga moslashtirish, faoliyatning ochiqligi va hisobdorlik darajasini oshirish, shuningdek, barcha manfaatdor tomonlar huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Tadqiqot davomida mavjud tizimli muammolar chuqur tahlil qilinib, rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Umuman olganda, korporativ boshqaruvni samarali rivojlantirish korxonalar faoliyatining natijadorligini oshirish bilan birga, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
Ushbu ilmiy maqolada mehnat bozorida kompetent mutaxassis kadrlar bandligini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda zamonaviy iqtisodiy sharoitda mehnat bozori talablari, oliy ta’lim tizimining natijadorligi, kasbiy va amaliy kompetensiyalar darajasi, raqamli ko‘nikmalar, ish beruvchilarning kadrlarga qo‘yadigan talablari hamda davlatning bandlik siyosati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari yoritilgan. Tadqiqot doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlari, xalqaro tashkilotlar (ILO, OECD, World Bank) hisobotlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan 300 nafarlik so‘rovnoma natijalari tahlil qilingan. Maqolada kompetent mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirishda nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy tayyorgarlik, moslashuvchanlik, tashabbuskorlik va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash qobiliyati muhim omil ekanligi asoslab berilgan. Korrelyatsion va regressiya tahlili yordamida bandlikka ta’sir etuvchi omillarning nisbiy og‘irligi miqdoriy jihatdan baholangan. Maqola yakunida mehnat bozorida malakali kadrlar ulushini oshirish, bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ta’lim tizimi bilan amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy xulosalar va takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu maqola O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalarida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimini kompleks o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va uni takomillashtirish bo‘yicha munosib takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundan iboratki, O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari kontekstida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimining holati kompleks tahlil qilingan, tajribalar o’tkazilgan, xalqaro va mahalliy tajribalarni uyg‘unlashtirgan holda amaliy takliflar tizimi ishlab chiqilgan. Maqolada taklif etilgan yondashuvlarni tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, HR menejerlari, soha yuzasidan oliy ta’lim beruvchi o‘qituvchilar o‘qitish dasturlarini optimallashtirish, investitsion qarorlar qabul qilish va korxonalarning raqobatbardoshlik darajasini oshirishda material sifatida qo‘llashlari mumkin
Ushbu ilmiy maqolada raqobat va eksport tushunchasi, ularning bir-biriga o‘zaro bog‘liqligi muhokama qilinadi. Iqtisodiy raqobatbardoshlikni ta’minlashda unga ta’sir etuvchi omillar hamda uning mamlakat milliy iqtisodiyotida tutgan o‘rni, eksport samaradorligining raqobatga ta’siri hamda raqobatning amaliy va nazariy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Maqolada iqtisodiyotda raqobat va eksport tizimining bir-biriga bog‘liq jihatlari nazariy yondashuvlar asosida o‘rganilgan
Ushbu maqolada bank tizimida raqamli madaniyatni shakllantirish va kadrlar salohiyatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni kuchaytirish masalalari tahlil qilindi. Tadqiqot davomida xorijiy tajribalar Singapur, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya bank tizimlari bilan O‘zbekiston amaliyoti solishtirildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, raqamli madaniyat va inson kapitali uyg‘unligi bank xizmatlari samaradorligini oshirish hamda raqobatbardoshlikni ta’minlashning muhim omilidir.
Mazkur maqolada innovatsiyani strategik boshqarishning nazariy asoslari, konseptual yondashuvlari hamda uning zamonaviy iqtisodiy tizimdagi o‘rni tahlil etilgan. Innovatsiya tushunchasining mohiyati, mazmuni va unga doir ilmiy yondashuvlar tizimlashtirilib, “innovatsiya”ni jarayon, natija, tizim, vosita va o‘zgarish sifatida talqin etuvchi ilmiy qarashlar solishtirilgan. Shuningdek, innovatsiyalarni tadbirkorlik subyektlarida strategik boshqarishning o‘ziga xos jihatlari, innovatsion salohiyatni shakllantirishda muhim omillar va me’yoriy-huquqiy asoslar o‘rganilgan. Maqolada xorijiy va mahalliy olimlarning (Komarov, Komkov, Asimova, Glazyev, OECD/Eurostat va boshqalar) qarashlari tahlil qilinib, innovatsiyalarni boshqarishda tizimli va evolyutsion yondashuvlarning ahamiyati asoslab berilgan
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida qurilish materiallari sanoati rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari tahlil qilinib, ishlab chiqarish jarayonlarini sifat menejmenti tamoyillari asosida tashkil etishning nazariy va amaliy jihatlari yoritilgan. Sifat menejmenti tizimlarini joriy etishda xalqaro ISO 9001:2015 standartining ahamiyati, uning iqtisodiy samaradorlik va raqobatbardoshlikka ta’siri ilmiy asoslangan. 2018-2024 yillar davomida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmlari, eksport ko‘rsatkichlari va ISO standartlariga ega korxonalar ulushi bo‘yicha tahliliy jadvallar shakllantirilib, ularning o‘zgarish dinamikasi ochib berilgan. Shuningdek, sifat menejmenti tizimini joriy etish natijasida korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligi, energiya tejamkorligi va mahsulot sifati ko‘rsatkichlarining o‘sishi aniqlangan.
Maktabga asoslangan boshqaruv (SBM) markaziy hukumat vakolatlarini maktab darajasiga markazsizlashtirish shakli bo‘lib, ta’lim tizimining samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. SBM nazariy jihatdan uchta asosiy institutsional rag‘batlantirishga asoslanadi: tanlov va raqobat, maktab avtonomiyasi va hisobdorlik. Amaliy shakllari vakolatlar doirasi (zaif/kuchli) va qaror qabul qiluvchi subyektlarga (ma’muriy, professional, jamiyat, muvozanatli) ko‘ra farqlanadi. O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim maktablari (UO‘TM) boshqaruviga marketing xizmatlari va strategik menejmentni tatbiq etish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar rahbar kadrlarning boshqaruv faoliyati samaradorligini 15% dan 22% gacha oshirish mumkinligini ko‘rsatadi. SBM islohotlarining o‘quvchilar yutuqlariga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi uchun uzoq muddat (5 yildan 8 yilgacha) talab etilishi hamda rahbarlarning boshqaruv kompetensiyasini oshirish zarurligi ta’kidlanadi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston eksportini rivojlantirish strategiyalarini baholash va ustuvorligini aniqlash uchun Analitik ierarxiya jarayonini (AHP) qo‘llaydi. Metodologiyada Prezident tomonidan belgilab berilgan milliy strategik ustuvorliklar, davlat dasturlari, shuningdek, iqtisodchi ekspertlar va yuqori mansabdor shaxslarning fikrlari inobatga olingan. Shu asosda mezonlar va vaznlar shakllantiriladi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish yetakchi strategiya bo‘lib, bu davlat siyosati uchun muhim ahamiyatga ega.
Mazkur maqolada tijorat banklarining kambag‘allikni qisqartirish jarayonidagi ishtirokini oshirish masalalari tahlil qilinadi. Banklarning kredit siyosati, moliyaviy inklyuziya, mikroqarzlar va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish orqali kambag‘allikni kamaytirishdagi o‘rni muhokama qilinadi. Shuningdek, xalqaro tajribalar asosida tijorat banklarining ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirish va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish yo‘llari taklif etiladi.