Maqolada globallashuv va raqamlashtirishsharoitida fan va ta’lim integratsiyasiga moslashuv asosida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonining sifatini oshirishga qaratilgan zamonaviy strategik yondashuvlar ko‘rib chiqilgan. Ta’lim tashkilotlarining rivojlanishiga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda, uzoq muddatli, moslashuvchan va kompleks strategiyalarni ishlab chiqish zarurligi asoslab berilgan.
Ushbu maqolada oliy ta’lim tizimidagi ta’lim xizmatlarining samaradorligi va sifatini oshirishda raqamli texnologiyalarning ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi oliy o‘quv yurtlarining ta’lim va boshqaruv faoliyatida raqamli vositalardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari va mexanizmlarini aniqlashdan iborat. Metodologik asos sifatida tizimli va jarayonli yondashuvlar, shuningdek, me’yoriy va empirik ma’lumotlarni qiyosiy va mazmuniy tahlil qilish usullari qo‘llanilgan. Raqamli yechimlarni (onlayn platformalar, masofaviy ta’lim tizimlari, ma’lumotlarni tahlil qilish vositalari) joriy etish ta’lim jarayonlarini takomillashtirishga, ta’limni individuallashtirish va talabalarning qoniqish darajasini oshirishga xizmat qilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Raqamli transformatsiya asosida ta’lim xizmatlarining samaradorligini oshirish yo‘nalishlari taklif etilgan
Ushbu tadqiqot PISA 2022 ma’lumotlaridan (N = 56,477 o‘quvchi; 2,495 maktab) foydalangan holda, yetti post-sovet mamlakatida o‘quvchilarning o‘qitish sifati haqidagi tasavvurlari va ularning raqamli o‘qish bo‘yicha natijalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Klieme va boshqalarning o‘qitish sifati bo‘yicha konseptual yondashuviga tayangan holda — u o‘qitish usullari, sinf boshqaruvi va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni qamrab olgan holda — uch darajali ierarxik chiziqli modellar (HLM) yordamida baholandi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, o’quvchilar tomonidan qayd etilgan o‘qitishning moslashuvi (β = 0.109), o‘qituvchi tomonidan yo‘naltirilgan o‘qitish (β = 0.076), raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatish amaliyotlari (β = 0.230) va o‘qishga jalb etishni rag‘batlantirish (β = 0.123) raqamli o‘qish natijalari bilan ijobiy va sezilarli bog‘liqdir. Shuningdek, ijobiy intizomiy muhit (β = 0.031), o‘qituvchi qiziqishi (β = 0.073) va o‘qituvchi qo‘llab-quvvatlashi (β = 0.054) ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksincha, o‘qish ko‘nikmalarini mashq qilish (β = −0.051) va dars davomiyligini uzaytirish (β = −0.054) kichik salbiy bog‘liqlikni namoyon etadi. Maktab darajasidagi dispersiya natijalar o‘zgaruvchanligining katta qismini tushuntiradi (f² = 44.77%), bu esa raqamli savodxonlikni shakllantirishda institutsional omillarning muhim rolini ko‘rsatadi. Natijalar o‘qitish sifati bo‘yicha tadqiqotlarni o‘tish davridagi ta’lim tizimlariga keng tadbiq qiladi hamda post-sovet kontekstida pedagogika va ta’lim siyosati uchun amaliy tavsiyalar beradi
Mazkur maqolada davlat moliyasi hamda xalqaro kredit resurslarining ta’lim tizimiga ta’siri kompleks yondashuv asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda moliyaviy resurslarning ta’lim sifati, infratuzilma rivoji va inson kapitalini shakllantirishdagi o‘rni empirik va nazariy jihatdan asoslab berilgan. Xususan, xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan ajratilayotgan kreditlarning samaradorligi, ularning ta’lim tizimiga integratsiyalashuvi hamda natijadorlik ko‘rsatkichlariga ta’siri baholanadi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiyasi ta’lim tizimining barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq resurslardan foydalanish samaradorligi boshqaruv mexanizmlarining takomillashganlik darajasiga bevosita bog‘liq. Maqolada samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada zamonaviy ta’lim tizimida pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirishning dolzarbligi, uning ta’lim sifatini oshirishdagi ahamiyati hamda raqamli transformatsiya sharoitida o‘qituvchi faoliyatiga qo‘yilayotgan yangi talablar ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Shuningdek, raqamli kompetensiya tushunchasining mohiyati, tarkibiy qismlari, xalqaro tajriba hamda O‘zbekiston ta’lim tizimida ushbu kompetensiyalarni shakllantirish yo‘llari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish ta’lim samaradorligini ta’minlashda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi.
Maqolada ta’lim xizmatlari tizimining rivojlanishi va bandlik tuzilmasini o‘zgartirish o‘rtasidagi bog'liqlik ko‘rib chiqiladi. Unda kadrlar raqobatbardoshligini oshirish va zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashishning asosiy vositasi sifatida ta’lim sifati va qulayligini oshirish muhimligi ta’kidlangan. Unda ta’lim xizmatlarini rivojlantirish tendensiyalari tahlil qilinib, ayniqsa, yoshlar va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda bandlikni rag‘batlantirish uchun ularni takomillashtirish yo‘nalishlari taklif etiladi.
Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Mazkur tadqiqotda oliy ta’lim muassasalarining mehnat bozori uchun malakali mutaxassislar tayyorlashini tashkiliy-huquqiy jihatdan tartibga soluvchi institutsional mexanizmlar keng qamrovda o‘rganilgan. Tahlil asosida bitiruvchilarning ish bilan bandlik darajasiga ta’sir etuvchi omillar aniqlangan va ularni oshirish borasida amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu ilmiy maqolada mehnat bozorida kompetent mutaxassis kadrlar bandligini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda zamonaviy iqtisodiy sharoitda mehnat bozori talablari, oliy ta’lim tizimining natijadorligi, kasbiy va amaliy kompetensiyalar darajasi, raqamli ko‘nikmalar, ish beruvchilarning kadrlarga qo‘yadigan talablari hamda davlatning bandlik siyosati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari yoritilgan. Tadqiqot doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlari, xalqaro tashkilotlar (ILO, OECD, World Bank) hisobotlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan 300 nafarlik so‘rovnoma natijalari tahlil qilingan. Maqolada kompetent mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirishda nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy tayyorgarlik, moslashuvchanlik, tashabbuskorlik va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash qobiliyati muhim omil ekanligi asoslab berilgan. Korrelyatsion va regressiya tahlili yordamida bandlikka ta’sir etuvchi omillarning nisbiy og‘irligi miqdoriy jihatdan baholangan. Maqola yakunida mehnat bozorida malakali kadrlar ulushini oshirish, bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ta’lim tizimi bilan amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy xulosalar va takliflar ishlab chiqilgan
Mazkur tadqiqot oliy ta’lim tizimida faol o‘qitish modellarini joriy etish jarayonida muvaffaqiyatni belgilovchi asosiy omillarni aniqlashga bag‘ishlangan. Tadqiqotda faol o‘qitish modellarining (problem-based learning, project-based learning, collaborative learning, flipped classroom) pedagogik mohiyati, ularni amaliyotga joriy etish shart-sharoitlari va samaradorligini ta’minlovchi institutsional, metodik hamda texnologik omillar tahlil qilinadi. Xorijiy va mahalliy ilmiy adabiyotlar asosida muvaffaqiyat omillarining tizimli modeli shakllantiriladi. Tadqiqot natijalari oliy ta’limda ta’lim sifatini oshirish va kompetensiyaga asoslangan yondashuvni samarali joriy etishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega
Hududlarda inson salohiyatini takomillashtirish iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Maqolaning asosiy muammosi, hududlar o‘rtasida salohiyatni teng rivojlantirishning zarurligi va inson resurslaridan samarali foydalanish, aholining turli sohalardagi imkoniyatlarini oshirish, shu bilan birga, jamiyatning umumiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan. Maqolada tasviriy statistika, Pearson korrelatsiya testi va regressiya tahlillari qo‘llanilib, natijada, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish o‘rinlari yaratish va sanoat sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish orqali inson salohiyatini oshirishni ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqqan holda, ilmiy va amaliy nuqtai nazardan, hududlarda iqtisodiy rivojlanish va sanoat sohasidagi resurslarni samarali boshqarish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada globallashuv jarayonining jadallashuvi fonida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar va ularning demografik jarayonlarga ko‘rsatayotgan ta’siri kompleks tahlil qilinadi. XXI asrda iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashuvi, sanoatlashuvning tezlashuvi, resurslardan cheksiz foydalanish amaliyoti hamda transmilliy ishlab chiqarish zanjirlarining kengayishi ekologik bosimning keskin kuchayishiga olib kelmoqda. Atmosfera ifloslanishi, global isish, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi, biologik xilma-xillikning kamayishi kabi omillar nafaqat tabiiy ekotizimlarni, balki inson hayoti bilan bog‘liq demografik ko‘rsatkichlarni ham jiddiy o‘zgartirmoqda. Tadqiqotda ekologik muammolarning tug‘ilish ko‘rsatkichi, o‘lim darajasi, migratsiya oqimlari, aholi salomatligi, mehnat resurslarining sifati va hududiy demografik nomutanosiblik kabi jarayonlarga ko‘rsatadigan bevosita va bilvosita ta’siri yoritilgan. Xususan, ekologik xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda tug‘ilishning qisqarishi, kasallanishning oshishi, muddatidan oldin vafot etish holatlarining ko‘payishi, ekologik migratsiyaning kuchayishi, aholi salohiyatining pasayishi kabi demografik o‘zgarishlar qayd etilgan. Shuningdek, global iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan suv tanqisligi yoki qurg‘oqchilik kabi omillar aholining migratsiya strategiyasini shakllantiruvchi asosiy determinantlardan biriga aylangani ilmiy manbalar asosida ko‘rsatib beriladi