Ushbu maqolada tijorat banklarida chakana bank mahsulotlari va ularning bank faoliyati samaradorligiga ta’siri o‘rganilgan. Tegishli adabiyotlar va empirik ma’lumotlarni har tomonlama tahlil qilish orqali muallif tomonidan chakana bank mahsulotlarining turli o‘lchovlari va ularning bank samaradorligiga ta’siri o‘rganildi. Undan tashqari maqolada banklarni transformatsiya qilish va raqamlashtirish yo‘nalishlari, chakana bank mahsulotlarining bank daromadini oshirishda, mijozlar bilan munosabatlarni yaxshilashda va bank xarajatlarini tejash borasidagi tadqiqotlar va tahlillar ham olib borilgan. Umuman olganda, maqolada chakana bank mahsulotlari bank faoliyati samaradorligiga qanday hissa qo‘shishi va ChEKI “Hamkorbank” ATB misolida keng qamrovli tahlillar olib borilgan.
Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu maqolada O‘zbekiston tijorat banklarining foyda samaradorligi Stoxastik Chegara Tahlili (SFA) usuli asosida baholanadi. Tahlil 1999-2023 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda faoliyat yuritgan tijorat banklari ma’lumotlariga asoslangan. Tadqiqot natijalari tijorat banklarining foyda samaradorligi yillar davomida ortib borganini, lekin global moliyaviy inqiroz va pandemiya davrida pasayganini ko‘rsatdi. Mulkchilik shakliga qarab, davlat banklari o‘rtacha eng yuqori foyda samaradorligiga ega bo‘lgan, xorijiy banklar esa yuqori tebranuvchanlikka ega bo‘lishiga qaramay, ba’zi yillarda eng yuqori natijalarga erishgan. Xususiy banklar va aksiyadorlik tijorat banklarining foyda samaradorligi o‘zgaruvchan bo‘lib, bozor sharoitlariga bog‘liq holda keskin tebrangan.
Ushbu maqolada raqamli transformatsiya va raqamli texnologiyalarning bank faoliyati samaradorligiga ta’siri o‘rganilgan. Tegishli adabiyotlar va empirik ma’lumotlarni har tomonlama tahlil qilish orqali mualliflar raqamli texnologiyalarlarning turli o‘lchovlarini va ularning bank samaradorligiga ta’sirini o‘rganadilar. Maqolada bank tizimidagi raqamli transformatsiya operatsiyalarni modernizatsiya qilish, mijozlar tajribasini yaxshilash va umumiy samaradorlikni oshirish uchun raqamli texnologiyalar integratsiyasini o‘z ichiga oladi. So‘nggi yillarda banklar tez rivojlanayotgan moliyaviy muhitda raqobatbardosh bo‘lib qolishga intilayotgani sababli, bu jarayon sezilarli kuchga ega bo‘ldi. Bank tizimida raqamli transformatsiyalar tahlili samaradorlikni oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan bir qancha asosiy texnologiyalar borasida keng qamrovli tahlillar olib borilgan.
Ушбу мақолада сўнгги қўшилган маҳсулот, иқтисодий ресурслар сарфи ҳисобига олинган ўртача натижа, ресурсларни тармоққа киритишнинг жозибадорлик даражаси, кичик бизнес субъектларининг иқтисодиёт тармоқлари бўйича ихтисослашуви жараёнлари самарадорлигини ифодаловчи кўрсаткичларни ҳисоблаш усуллари ишлаб чиқилиб, Ўзбекистонда кичик тадбиркорлик фаолиятида ихтисослашув жараёнлари самарадорлиги баҳоланган ва уни ошириш чора-тадбирлари ишлаб чиқилган.
Мақолада саноат корхоналарида ишлаб чиқариш фаолияти иқтисодий самарадорлиги категорияси моҳиятини очиб беришда муаллифлар томонидан амалга оширилган ёндашувлар қиёсий таҳлили амалга оширилган ва муаллифлик таърифи келтирилган.
Ушбу мақолада корпоратив бошқарув тизимида ESG (Environmental, Social, Governance) тамойилларини интеграция қилишнинг инновацион механизмлари ва уларнинг ташкилот самарадорлигига кўрсатаётган таъсири таҳлил қилинди. Тадқиқотда ESG стандартларини жорий этиш орқали компанияларнинг барқарор ривожланиши, ижтимоий масъулияти ва экологик барқарорлиги кучайиши ҳамда корпоратив қийматнинг ошишига хизмат қиладиган омиллар аниқланди. Илмий ишда инновацион усуллар – рақамли технологиялар, “яшил” инвестициялар ва масъулиятли корпоратив бошқарув моделларини жорий этиш тажрибалари ўрганилди. Шунингдек, ESG тамойилларининг иқтисодий самарадорликка, инвестицион жозибадорликка ва корпоратив нуфузга таъсирини баҳоловчи илмий асосланган таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилди. Тадқиқот натижалари корпоратив бошқарувнинг замонавий тенденцияларини чуқур англашга ва компаниялар учун барқарор ривожланиш стратегияларини шакллантиришга хизмат қилади.
Korxonalarda barqaror rivojlanish strategiyalarini amalga oshirish bugungi global iqtisodiyotda uzoq muddatli hayotiylik va raqobatbardoshlikning hal qiluvchi omili sifatida tobora eʼtirof etilmoqda. Ushbu tadqiqot ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy oʻlchovlarning korporativ strategiyalarga integratsiyalashuvini oʻrganadi va korxonalar ijtimoiy tenglik va iqtisodiy samaradorlikni maksimal darajada oshirish bilan birga ekologik ta’sirlarni minimallashtiradigan amaliyotlarni qabul qilish zarurligini taʼkidlaydi. Turli sohalardagi amaliy tadqiqotlarni tahlil qilish orqali tadqiqot barqarorlikka oʻtishni osonlashtiradigan ilgʻor tajribalar va innovatsion yondashuvlarni aniqlaydi. Asosiy tarkibiy qismlarga manfaatdor tomonlarning ishtiroki, resurslar samaradorligi va aylanma iqtisodiyot tamoyillarini qabul qilish kiradi. Topilmalar shuni koʻrsatadiki, barqaror strategiyalarni faol ravishda amalga oshiradigan korxonalar nafaqat oʻzlarining brend obroʻsini oshiradi, balki operatsion samaradorlik va bozor oʻzgarishlariga chidamlilikka erishadilar. Oxir oqibat, ushbu tadqiqot korxonalar uchun yanada barqaror kelajakni taʼminlash uchun oʻz maqsadlarini barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs) bilan muvofiqlashtirish zarurligini taʼkidlaydi.
Ушбу мақолада Қорақалпоғистон Республикасининг шўрланиш даражаси юқори бўлган ҳудудларида кунжут етиштиришнинг агротехник ва иқтисодий самарадорлиги таҳлил қилинган. Шунингдек, тадқиқот ишида кунжутнинг «Ташкент-122» навини 15 май ва 15 июнда экиш кўрсаткичлари ҳамда ҳосилдорлиги қиёсий таҳлил қилинган бўлиб, 15 майда экиш энг самарали муддат эканлиги аниқланган. Иқтисодий таҳлил натижаларига кўра, 15 майда экиш 15 июнга нисбатан 41,8% юқори даромад келтирган. Бу натижа экиш муддати ва уруғ меъёрини тўғри танлашнинг аҳамиятини кўрсатган ҳамда шу асосда Қорақалпоғистон шароитида кунжут етиштиришни оптималлаштириш ва иқтисодий самарадорликни ошириш бўйича таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилган.
Мазкур мақолада ғаллачиликк қуйи тармоғининг самадорлиги масалаларини тадқиқ қилиш асосида унга таъсир кўрсатувчи омиллар туркумланган, уларнинг ғаллачилик кластерларини ташкил этишга таъсири баҳоланган, кластер тизимида ишлаб чиқариш, қайта ишлаш ва сотиш жараёнлари босқичларининг алгоритми шакллантирилган. Шунингдек, ғаллачилик кластерлари фаолиятининг самарадорлигини ошириш бўйича таклифлар берилган
Mazkur maqolada dukkakli don ekinlarining mamlakatimiz qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati va ulardan olinadigan maxsulotlarni samarali yetishtirish va foydalanish, iqtisodiy hajmini hududlar kesimida yuqori darajaga ko‘tarish, qishloq xo‘jaligida yer – suv resurslari tanqis bo‘lgan joylarni iqtisodiy holatini tahlil qilish va bunda hududlarda dukkakli o‘simliklarni xosildorligi oshirish mavjud muammolar hamda kamchiliklar, bu borada amalga oshirilayotgan mamlakatimizning iqtisodiy siyosati yo‘nalishlari hamda dastaklari tahlil qilingan.
Мазкур мақолада солиқ имтиёзларининг иқтисодий самарадорлигини назарий ва амалий жиҳатдан қайта кўриб чиқилган, халқаро тажриба асосида уларнинг ижобий ва салбий таъсир механизмларини таҳлил қилинган ҳамда Ўзбекистон иқтисодиёти учун илмий асосланган хулосалар ва тавсиялар ишлаб чиқилган.
Ushbu maqolada Fintech texnologiyalari, avtomatlashtirish jarayonlari va inson omilining bank xizmatlari samaradorligiga ta’siri o‘rganilgan. Tadqiqotda O‘zbekiston tijorat banklari misolida raqamli transformatsiya jarayonlari tahlil qilinib, xorijiy mamlakatlar tajribasi bilan solishtirma tahlil o‘tkazildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, Fintech avtomatlashtirish inson kapitali bilan uyg‘unlashgan holda qo‘llanilganda bank xizmatlari tezligi, aniqligi va mijozlar qoniqishi sezilarli darajada oshadi. Shuningdek, tadqiqotda “inson-texnologiya muvozanat modeli” konsepsiyasi ishlab chiqilib, bank tizimida samaradorlikni ta’minlovchi yangi yondashuv sifatida taklif etildi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda “yashil ipoteka” dasturlarining joriy etish istiqbollari va iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba misolida yashil ipotekaning afzalliklari, imtiyozli foiz stavkalari, energiya samaradorlik sertifikatlari va banklar uchun qayta moliyalashtirish mexanizmlarining ahamiyati o‘rganilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yashil ipoteka dasturlari energiya iste’molini sezilarli darajada kamaytirib, uy-joy fondining modernizatsiyasiga, aholi xarajatlarining qisqarishiga va ekologik barqarorlikning oshishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston sharoitida ushbu dasturlarni joriy etish uchun institutsional baza, moliyaviy rag‘batlar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi aniqlangan.
Mazkur maqolada davlat tibbiyot tashkilotlarida nomoddiy aktivlar hisobining nazariy jihatlari, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati hamda raqamli infratuzilma sharoitida foydalanish mexanizmlari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlar, elektron tibbiy reestrlar, tibbiy axborot tizimlari, litsenziyalar, klinik protokollar, tibbiy maʼlumotlar bazalari va intellektual resurslar, tibbiyot muassasalarining xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirishda asosiy omilga aylanganini koʻrsatdi. Maqolada nomoddiy aktivlarni baholashning integral indikatorli modeli (IAI) ishlab chiqilib, besh indikator: axborot tizimlari qiymati, klinik litsenziyalar, maʼlumotlar bazasi qiymati, elektron xizmatlar samaradorligi va intellektual salohiyatga asoslangan baholash metodologiyasi taklif etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlarni hisobga olishda faqat moddiy moliyaviy koʻrsatkichlar bilan cheklanish amaliy jihatdan yetarli emasligini, ijtimoiy foyda va xizmat samaradorligini hisobga oluvchi kompleks yondashuv talab etilishini asosladi. Maqola natijalari davlat tibbiyot tashkilotlarida moliyalashtirish samaradorligini oshirish, hisob siyosatini takomillashtirish va raqamli iqtisodiyot sharoitida intellektual resurslarni strategik boshqarish uchun amaliy ahamiyatga ega.
Maqolada telekommunikatsiya korxonalarida xizmat ko‘rsatish jarayonlariga innovatsion faoliyatni joriy etishning ilmiy-uslubiy asoslari ochib berilgan. Globallashuv, raqamli transformatsiya va “Sanoat 4.0” sharoitida mobil qurilmalar, sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari, internet-provayder infratuzilmalari hamda 5G texnologiyalariga xizmat ko‘rsatishda innovatsion yondashuvlarning raqobatni kuchaytirishi, xizmat sifati, moslashuvchanlik va energiya tejamkorligini oshirishi tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli infratuzilmaning kengayishi, 5G qamrov hududlarining ortishi va milliy operatorlar faoliyatida innovatsion platformalardan foydalanish tendensiyalari yoritilgan. Nazariy jihatdan Shumpeterning “ijodiy buzilish”, Rogersning “innovatsiyalar diffuziyasi”, Service-Dominant Logic hamda institutsional yondashuvlar asosida innovatsiyaning iqtisodiy va ijtimoiy samarasi izohlangan.
Ushbu maqolada temir yo‘l transport tizimining iqtisodiy samaradorligi, uning hozirgi holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi. Transport tizimining milliy iqtisodiyotdagi o‘rni, uning innovatsion rivojlanish zarurati, infratuzilmadagi islohotlar va raqamlashtirish jarayonlari yoritilgan. Shuningdek, dunyo tajribasi asosida temir yo‘l transportining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Ushbu maqolada qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining ishlab chiqarish samaradorligini baholashda fuzzy regressiya modelining nazariy va metodologik asoslari hamda qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud resurslardan foydalanishni optimallashtirishda fuzzy yondashuvning afzalliklari tahlil qilingan. Shuningdek, fuzzy regressiya modeli yordamida noaniqlik sharoitida samaradorlikka ta’sir etuvchi o‘zgaruvchi omillar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashning ilmiy ahamiyati nazariy jihatdan yoritilgan.
Ушбу мақолада болалар ўйинчоқлари ишлаб чиқариш соҳасида экспорт ва импорт жараёнларининг ташкилий-иқтисодий механизм самарадорлигига таъсири атрофлича таҳлил қилинган. Тадқиқот жараёнида PESTLE таҳлил усули қўлланилиб, ташқи муҳит омилларининг таъсир даражаси баҳоланган. Шунингдек, ташкилий-иқтисодий механизм самарадорлигини аниқлаш учун интеграл индекс модели таклиф этилган. Олинган натижаларга кўра, иқтисодий ва технологик омиллар энг катта таъсирга эга экани, ижтимоий ва экологик йўналишлар эса стратегик ривожланиш учун муҳим аҳамият касб этиши аниқланган. Мақола якунида соҳада самарадорликни ошириш ва миллий ишлаб чиқарувчиларнинг халқаро бозордаги рақобатбардошлигини таъминлашга қаратилган амалий таклифлар берилган.
Ushbu ilmiy tadqiqot O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlarining mehmonxona sanoatini rivojlantirishda soliq imtiyozlari va subsidiya siyosatining iqtisodiy samaradorligini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda ikki mamlakat tajribasi asosida mehmonxona sektorini moliyaviy rag‘batlantirish usullari, ularning investitsiyaviy jozibadorlikka va hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’siri kompleks tarzda o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq yengilliklari va davlat subsidiyalari orqali turizm infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, mehmonxona tarmog‘i rivojiga ko‘mak beruvchi iqtisodiy instrumentlarning samaradorligini aniqlashdir. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining amaliy natijalari ham empirik dalillar asosida baholanadi.Tadqiqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada qo‘llanilgan moliyaviy yondashuvlar samaradorligining nisbiy ustunliklari aniqlanadi, Soliq va subsidiya siyosatining hududlararo nomutanosiblikni kamaytirish va turizm salohiyatini oshirishdagi ta’siri baholanadi, O‘zbekiston uchun moslashtirilgan, xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqiladi. Mazkur tadqiqot iqtisodchi olimlar, tahlilchilar, turizm sohasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, investitsiya siyosatini shakllantiruvchi mutasaddilar, shuningdek magistratura darajasidagi tadqiqotchilar uchun amaliy va nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot nafaqat mavjud iqtisodiy va institutsional muammolarni yoritadi, balki ularni hal qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ham ilgari suradi. Shuning uchun bu ish barqaror turizm siyosatini yaratish yo‘lida ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi,O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehmonxona sanoatida soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qo‘llash amaliyoti birinchi marta tizimli qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur ishda soliq yengilliklarining investitsiya faolligi, hududiy rivojlanish va xizmat sifati kabi mezonlarga ta’siri aniqlangan. Shuningdek, milliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy samaradorlikka yo‘naltirilgan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqilib, davlat-xususiy sheriklik asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda rangli metallurgiya sanoatida loyiha boshqaruvi mexanizmlarining ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda loyihalarni samarali boshqarishning asosiy instrumentlari, ularning sanoat rivojiga ta’siri, hamda amaliy misollar orqali ularning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Maqolada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati misolida loyiha boshqaruvining amaldagi jihatlari va natijalari ham tahlil etilgan. Taqdim etilgan taklif va tavsiyalar rangli metallurgiya sohasidagi loyiha faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada korxonalarda soliq to‘lovlari bo‘yicha berilayotgan imtiyozlar va preferensiyalarning hisobini yuritish tizimini takomillashtirish masalalari o‘rganiladi. Soliq imtiyozlarining turli shakllari, ularning iqtisodiy samaradorligi hamda korxona faoliyatiga ta’siri tahlil qilinadi. Shuningdek, imtiyozlar hisobini yuritishda yuzaga kelayotgan muammolar, mavjud me’yoriy-huquqiy asoslar va axborot tizimlari bilan integratsiyalash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. Maqolada ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan taklif va tavsiyalar orqali soliq preferensiyalarining shaffof va samarali hisobini yuritish bo‘yicha takomillashgan yondashuvlar ishlab chiqilgan.
Мақолада Россия Федерацияси ва Ўзбекистон Республикаси ўртасидаги икки томонлама ҳамкорликнинг сезгир соҳаларида интеграция механизмларидан фойдаланишнинг ўзига хос жиҳатлари ва самарадорлиги кўриб чиқилган. Асосий эътибор томонларнинг манфаатларини мувофиқлаштириш ва тартибга солишда махсус ёндашувни талаб қиладиган йўналишларни таҳлил қилишга қаратилган. Буларга савдо-иқтисодий, энергетика ва миграция соҳалари киради. Амалдаги интеграция воситалари баҳоланиб, уларнинг самарадорлигини чекловчи институционал ва ташкилий тўсиқлар аниқланган. Хусусан, Евроосиё интеграция жараёнлари шароитида ҳамкорликни янада чуқурлаштириш салоҳиятига ва ўзаро иқтисодий фойдани оширишга кўмаклашадиган ўзаро таъсирнинг оптимал моделларини излашга алоҳида эътибор қаратилган. Олинган хулосалар ва тавсиялар Россия–Ўзбекистон муносабатларини ривожлантириш стратегияларини шакллантиришда ва минтақада интеграция сиёсатини такомиллаштиришда қўлланилиши мумкин.
Maqolada menejment tizimining mohiyati, asosiy funksiyalari va uning ishlab chiqarish samaradorligiga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda klassik menejment maktablari va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqaruv funksiyalarining shakllanishi va ularning korxona faoliyatiga ta’siri yoritilgan. Shuningdek, ushbu funksiyalarning ishlab chiqarish unumdorligi, resurslardan foydalanish samaradorligi, mahsulot sifati va raqobatbardoshlik ko‘rsatkichlariga ta’siri amaliy misollar va ilg‘or modellar asosida asoslab berilgan.