Tadqiqotda raqamli marketing usullari tijorat banklarining iqtisodiy ko'rsatkichlariga, ayniqsa bank sektorining o'zgaruvchan muhitida qanday ta'sir ko'rsatishi batafsil ko'rib chiqilgan. Tadqiqotda Oʻzbekistondagi ATIB Ipoteka bankining 18 yillik moliyaviy maʼlumotlaridan foydalangan holda raqamli marketing xarajatlarining koʻpayishi, xodimlarni rivojlantirishga investitsiyalarning ortishi va uning banklar daromadiga taʼsiri oʻrtasidagi bogʻliqligi o’rganildi. Tadqiqotda bank sohasida marketing strategiyalar ta'sirini bashorat qilish va baholash uchun VAR (Vector Autoregressive) va ARDL (Autoregressive Distributed Lag) modellari ishlab chiqildi. Natijalar raqamli marketing harajatlarining ortishi, bank ishchi xodimlariga qilingan investitsiyalarning o‘sishi va tijorat banklarining moliyaviy muvaffaqiyatlari o'rtasidagi kuchli bog'liqligi ochib berildi. Ushbu tadqiqot raqamli marketing samaradorligi bo'yicha kengroq munozaraga hissa qo'shadi va moliyaviy institutlar uchun marketing strategiyasi va inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy samaradorligini optimallashtirishga qaratilgan qimmatli tushunchalarni taqdim etadi.
Maqolada restoran xizmatlarining iste’mol qimmatdorligini belgilovchi moddiy, funksional va hissiy omillarning naflilik darajasini ekspert usulda baholash taklif qilingan. Naflilik darajasining kutilayotgan va amaldagi qiymati o‘rtasidagi tafovutga ko‘ra qimmatdorlik darajasiga baho berilgan. Restoran turiga bog‘liq holda iste’mol qimmatdorligi omillarining o‘zgarib borishi asoslab berilgan.
Maqolada so‘nggi yillarda qiziqish tobora ortib borayotgan islom kapital bozoriga oid tadqiqot natijalari aks ettirilgan. Unda islom kapital bozori instrumetnlarining tashqi shok omillarga bardoshlilik darajasi an’anaviysiga nisbatan taqqoslab o‘rganilgan. Hills baholash va OLS log-log regressiya metodlaridan foydalanib amalga oshirilgan tahlillar natijasi asosida muallif tomonidan muhim xulosalar olingan.
Ushbu maqola O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sanoati korxonalariga misol tariqasida barqaror rivojlanish samaradorligini baholashning integratsiyalashgan metodologiyasining tashkiliy mexanizmini o‘rganishga bag‘ishlangan. Ishda iqtisodiy, ma’muriy va ijtimoiy-psixologik usullardan iborat boshqaruvning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Mualliflar korxonalarning barqarorligini ko‘p sonli ko‘rsatkichlarga asoslangan holda va korxona faoliyatining turli jihatlari hisobga olingan holda tahlil qilishga kompleks yondashuvni taklif etilgan.
Maqolada soliq yukini baholash bo’yicha olimlarning turli fikr va qarashlari nazariy jihatdan o’rganilib, muallif tomonidan soliq yuki ko’rsatkichi, jismoniy shaxslarni soliqqa tortish amaliyoti va tartibi, uning amaldagi holati tahlil qilingan hamda soliq to’lovchilarning soliq yuki darajasini baholash va taqsimlash bo’yicha ilmiy xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston fond bozori va fond bozorida faoliyat yuritayotgan investorlar uchun investitsiya portifelini tanlashda qimmatli qogʻozlarni CAPM modeli va boshqa koʻrsatgichlar asosida tahlil qilingan. Bunday tashqari, Oʻzbekiston fond bozorini rivojlanish istiqbollari, muammolari va ularning yechimlari atroflicha tadqiq etilgan. Investitsion portfel tahlili kapital bozorida investitsiya portfellarining samaradorligini baholash uchun qo'llaniladigan muhim vositadir. Ushbu tahlil portfeldagi aktsiyalar va boshqa moliyaviy vositalar kabi turli aktivlarni baholashni o'z ichiga oladi. Shuniningdek, maqolada investitsiyalarining riskini va daromadliligini baholash va daromadlarini maksimal darajada oshirish uchun investorlarga zarur tahlillar tadqiq etilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot o‘rtasidagi institutsional bog‘liqlik, ularning bozor raqobati, investitsiya muhiti, davlat boshqaruvi sifati va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi korrupsion amaliyotlarning yashirin iqtisodiyot kengayishiga ta’sir mexanizmlarini aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi institutsional siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, iqtisodiy-statistik tahlil, huquqiy-institutsional tahlil va mantiqiy umumlashtirish usullaridan foydalanildi. Empirik baza sifatida 2017–2025-yillardagi xalqaro reytinglar, 2023–2024-yillardagi korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi, normativ-huquqiy hujjatlar va ilmiy adabiyotlar o‘rganildi. Natijalar korrupsiya nafaqat huquqbuzarlik, balki resurslar taqsimoti, budjet xarajatlari samaradorligi, soliq intizomi va yashirin iqtisodiyot hajmiga ta’sir qiluvchi tizimli institutsional omil ekanini ko‘rsatadi. Maqolada compliance control, raqamli monitoring, davlat xaridlarida shaffoflikni kuchaytirish, aktivlarni qaytarish va korrupsion risklarni oldindan baholash mexanizmlarini institutsional jihatdan takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Raqamli texnologiyalar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish tizimining muhim qismiga aylanib bormoqda. So‘nggi yillarda birlamchi tibbiyot muassasalarida bemorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish, tibbiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash hamda qog‘ozbozlikni kamaytirish maqsadida raqamli tibbiy tizimlar joriy etila boshlandi. Biroq, ushbu tizimlarni amaliyotga tatbiq etish jarayoni operatsion darajada har doim ham muammosiz kechmayapti. Tibbiyot xodimlari kundalik faoliyatda raqamli tizimlardan foydalanish jarayonida texnik, tashkiliy va ma’muriy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mazkur maqola O‘zbekistondagi birlamchi tibbiyot muassasalarida raqamli transformatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy muammolarni sifat tadqiqoti asosida tahlil qiladi. Tadqiqot davomida birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan yarim tuzilgan intervyular o‘tkazildi. Natijalar internet aloqasining beqarorligi, tizimdagi nosozliklar, ortiqcha ish yuklamasi, tizim funksiyalarining to‘liq ishlamasligi hamda tashkiliy qo‘llab-quvvatlashning sustligi raqamli sog‘liqni saqlash xizmatlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ishtirokchilar tizimning ayrim ijobiy jihatlarini ham qayd etdilar, jumladan, tibbiy ma’lumotnomalar va laboratoriya natijalarini onlayn olish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etishni faqat texnologik jarayon sifatida baholash yetarli emas. Tashkiliy sharoitlar, xodimlar ish yuklamasi, boshqaruv amaliyoti va bemorlarning tayyorgarlik darajasi ham ushbu jarayon natijalariga ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda raqamli sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish uchun amaliy tavsiyalar beradi.
Ushbu maqolada nomoddiy aktivlarning ta’rifi, ularni dastlabki tan olish va baholash, keyingi baholashlar, amortizatsiya hisoblash usullarini qo‘llash, hisobdan chiqarish, nomoddiy aktivlar hisobini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq aks ettirish hamda moliyaviy hisobotning tegishli moddalarida ochib berish jihatlariga e’tibor qaratilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekistonning XXI-asrdagi iqtisodiy o‘sishi tahlil qilingan. Tadqiqot davomida yalpi ichki mahsulotning (YaIM) o‘sish sur’atlari, inflyatsiya darajasi, investitsiyalar hajmi va mehnat unumdorligi kabi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqilgan. Olingan natijalar iqtisodiy o‘sishnig ilmiy nazariyalari, xususan Solow iqtisodiy o‘sish modeli va boshqa zamonaviy iqtisodiy yondoshuvlar bilan taqqoslangan. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, mavjud muammolar va kelgusidagi rivojlanish yo‘llari yoritilishi bilan birga yaqin 3 – 4 yil uchun ayrim iqtisodiy ko‘rsatkichlar bashorat qilingan. Maqola natijalari mamlakat iqtisodiy siyosatini baholash va ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish uchun xizmat qiladi.
Kasbiy qiziqishlar nazariyasi uzoq vaqt davomida Hollandning RIASEC modeli hukmronligi ostida rivojlanib keldi. Uning soddaligi, izohlash qulayligi va amaliy foydasi hanuz muhim bo‘lsa-da, mazkur modelning keng toifalari zamonaviy kasbiy tuzilmalardagi va g‘arb bo‘lmagan madaniy muhitlardagi mayda farqlarni tobora kamroq qamrab olmoqda. Ushbu maqolada Xitoy madaniy muhiti va kasbiy ekologiyasini aks ettirish uchun olti birlamchi o‘lchov va o‘n ikki ikkilamchi omildan iborat WBCI olti o‘lchovli ierarxik modeli taklif etiladi. Model an’anaviy tasniflarda ko‘pincha siqib yuboriladigan funksional jihatdan muhim farqlarni, jumladan ta’sir ko‘rsatuvchi va qo‘llab-quvvatlovchi o‘zaro ta’sirni, texnik qurilish va me’yoriy ijroni, shuningdek biznesni kengaytirish va tranzaksion taqsimotni ajratib ko‘rsatadi. Mazkur maqola sof kontseptual xarakterga ega bo‘lib, WBCI javob beradigan nazariy bo‘shliqlarni, konstruktsiya chegaralarini, mavjud modellar bilan qiyosiy munosabatini va kelgusidagi verifikatsiya yo‘llarini tizimli ravishda bayon qiladi. WBCI kasbiy baholash, karyera maslahatlari, mutaxassislik tanlash va kasbiy moslashtirish uchun madaniy jihatdan chuqurroq singdirilgan, tuzilmasi aniqroq va amaliy jihatdan qulayroq nazariy asosni taqdim etadi.
Maqolada ustama xarajatlarni taqsimlashning nazariy va metodologik asoslari tahlil qilinadi. Birlamchi va ikkilamchi taqsimot bosqichlari, ularning mahsulot tannarxini aniqlash va boshqaruv qarorlarini asoslashdagi ahamiyati ko‘rib chiqilgan. Sabab–oqibat tamoyili, adolatlilik, izchillik va samaradorlik kabi prinsiplarga tayangan holda xarajatlarni maqbul taqsimlash mezonlari aniqlangan. Shuningdek, zamonaviy ishlab chiqarish sharoitida ko‘p mezonli va adaptiv taqsimot modellari joriy etish zarurligi ta’kidlangan. Tadqiqot natijalari mahsulot tannarxining aniqligini oshirish, resurslardan samarali foydalanishni baholash va boshqaruv qarorlarini asoslash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Mazkur maqolada milliy buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish yoʻnalishlari kompleks tarzda tadqiq etilgan. Xususan, IFRS, CAS va AAOIFI standartlarining nazariy asoslari, qoʻllanilish xususiyatlari va ularning milliy hisob tizimiga taʼsiri qiyosiy tahlil qilingan. Tadqiqotda xalqaro standartlarni joriy etishga oid ilmiy qarashlar iqtisodiy, institutsional va geoiqtisodiy yondashuvlar nuqtayi nazaridan tizimlashtirilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston buxgalteriya tizimining hozirgi holati xalqaro modellar bilan solishtirilib, uning gibrid xususiyatga egaligi asoslab berilgan. Maqolada xalqaro standartlarga oʻtish jarayonini bir yoʻnalishli islohot sifatida emas, balki iqtisodiy, strategik va ijtimoiy omillarni qamrab olgan kompleks transformatsiya sifatida baholash zarurligi ilmiy jihatdan asoslangan. Shu asosda milliy hisob tizimini takomillashtirish boʻyicha konseptual yondashuvlar, jumladan, asosiy savdo hamkorlariga moslashish, mintaqaviy integratsiya va islom moliyasi tamoyillarini hisobga olishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasi tovar bozorida tovar-moddiy resurslar harakatining 2015–2024 yillar davomidagi holati, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va tashqi savdo tarkibi qiyosiy hamda statistik tahlil usullari orqali yoritildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi tovar bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni baholash, logistika va import qaramligi bilan bog'liq mavjud muammolarni aniqlash hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘rganilayotgan davrda mamlakat YaIM hajmi 72.6% ga, tashqi savdo aylanmasi esa 177% ga oshgan. Shuningdek, raqamli savdo hajmi yillik o‘rtacha 40.2% ga o‘sib, tovar bozorining eng istiqbolli segmentiga aylandi. Shu bilan birga, eksport tarkibida xom ashyo ulushining yuqoriligi, logistika xarajatlarining kattaligi va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy disparitet (Toshkent shahri va Qoraqalpog'iston o‘rtasida 6.3 baravarlik farq) kabi tizimli muammolar saqlanib qoldi. Tadqiqot xulosasida import o‘rnini bosish siyosatini takomillashtirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish va mintaqaviy tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Korxona foydasining shakllanishi va uni buxgalteriya hisobida aks ettirish moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini ta’minlash hamda boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim ahamiyatga ega.Mazkur maqolada foydaning shakllanishi, daromad va xarajatlarni tan olish, baholash hamda ularni hisobot davrlariga to‘g‘ri taalluqli qilish jаrаyonlаrini tаkоmillаshtirish mаsаlаlаri yoritilgаn.Shuningdek, foydani manipulyatsiya qilish bilan bog‘liq risklar va ularni kamaytirishda ichki nazorat tizimining ahamiyati asoslab berilgan.
Ushbu maqolada respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tarzda ekonometrik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2000–2024 yillar oralig‘idagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida investitsiyalar hajmi, bandlik darajasi hamda eksport hajmining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) ta’siri chuqur tahlil qilindi. Tahlil metodologiyasi sifatida korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash, ko‘p omilli regressiya modeli tuzish, parametrlarning statistik ahamiyatliligini baholash (t-statistika), modelning umumiy mosligini aniqlash (F-statistika), shuningdek, qoldiqlarni tekshirish uchun Durbin–Watson mezonidan foydalanildi. Ekonometrik hisob-kitoblar va modelni qurish ishlari zamonaviy statistik dasturiy muhit R Studio dasturi yordamida amalga oshirildi. Olingan natijalar investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ya’ni investitsiya hajmining ortishi YAIMning o‘sishiga olib kelishini tasdiqladi. Shuningdek, model natijalari asosida investitsiyalarning samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari kesimida optimal taqsimlash va investitsion siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorida agro-sanoat integratsiyasining iqtisodiy samaradorlikka ta’siri 13 ta hudud bo‘yicha shakllangan panel ma’lumotlar asosida ekonometrik usullar yordamida o‘rganilgan. Agro-sanoat integratsiyasini ifodalovchi asosiy indeks sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmida fermer xo‘jaliklari, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning ulushi qo‘llanilgan. Panel ma’lumotlar regressiyasi natijasida integratsiya ko‘rsatkichlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘sish sur’atiga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’siri aniqlangan. Tadqiqot natijalari agro-sanoat integratsiyasini institutsional jihatdan mustahkamlash orqali qishloq xo‘jaligi sektorining samaradorligini oshirish, fermerlar daromadini kengaytirish va qishloq aholisini bandlikka jalb etish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Mazkur ilmiy maqolada energetika tarmog‘ida “yashil energetika”dan foydalanish imkoniyatlari SWOT tahlil usuli asosida kompleks baholangan. Tadqiqotda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining iqtisodiy, ekologik va institutsional jihatlari tahlil qilinib, sohaning kuchli va zaif tomonlari, tashqi imkoniyatlar hamda ehtimoliy tahdidlari aniqlangan. Tadqiqot natijalari yashil energetikaning energetika tarmog‘ini diversifikatsiya qilish, energiya xavfsizligini mustahkamlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya saqlash texnologiyalarini rivojlantirish va huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda moliya-kredit vositalarining, xususan, tijorat banklari investitsion kreditlari va fiskal preferensiyalarning ta’sirchanligini baholash hamda ushbu mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqishdan iborat. Ishda hududiy iqtisodiy o‘sishni moliyalashtirishdagi tizimli muammolar aniqlanib, markazlashgan resurslar taqsimotini hududlar ixtisoslashuviga moslashtirish zarurati asoslangan.
Ushbu maqolada biznes qiymatini samarali boshqarishning tarkibiy qismlari tahlil qilingan. Boshqaruvning beshta tarkibiy qismi belgilanib, xorijiy kompaniyalar tajribasi tahlil qilindi. Tadqiqotlar asosida kompaniya qiymatini boshqarishni takomillashtirish yo‘llari ishlab chiqilgan.
Maqolada investitsion muhit tushunchasining mazmun-mohiyati, tarkibiy elementlari hamda unga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillar, investitsion muhit jozibadorligini ta’minlashning obyektiv zarurligi ilmiy asosda yoritib beriladi. Investitsion jozibadorlikni oshirishda makroiqtisodiy muvozanat va institutsional islohotlarni amalga oshirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun qulay biznes muhiti yaratishning iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlarini ta’minlashdagi o‘rni alohida ta’kidlanadi. Investitsion muhitni baholash mezonlari hamda xalqaro reyting va indekslarning mamlakat imijiga ta’siri tahlil etiladi. Shu bilan birga, investitsion muhit jozibadorligini oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashdagi roli ilmiy xulosalar asosida tahlil qilinadi.
Maqolada O‘zbekistonda takoful sug‘urta fondlarini tashkil etish, joriy etish, rivojlantirish va islom moliya bozorining mohiyati, uning zamonaviy islomiy moliyaviy instrumentlariga oid ilmiy yondashuvlarni tadqiq etish, hamda takoful sug‘urta bozorining ishlash mexanizmi va tipologiyasining ilmiy asoslarini ochib berish, jahon sug‘urta bozorida takoful sug‘urta fondlarining iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmuni va uning roliga oid ilmiy-nazariy qarashlarni yoritib berish, sug‘urta bozorida takoful sug‘urta fondlarining rivojlanishi va zamonaviy holatini baholash masalalari yoritilgan.
Ushbu maqolada iste’molchilar xulq-atvoriga ta’sir etuvchi omillar ekonometrik yondashuv asosida formalizatsiya qilinadi va ularning xarid qarorlari hamda iste’mol hajmiga ta’siri miqdoriy baholanadi. Tadqiqot doirasida daromad, narxlar va inflyatsion kutilmalar, uy xo‘jaligi demografik xususiyatlari, axborotga kirish darajasi, raqamli kanal/marketing ta’siri hamda psixologik omillar (xavfga munosabat, ishonch) kabi determinantlar tizimli ravishda modellarga kiritiladi. Metodologik qismda xarid qilish ehtimolini baholash uchun logit/probit modellari, iste’mol talabi uchun regressiya va panel ma’lumotlar (fixed/random effects) yondashuvlari, endogenlik muammosini yumshatish uchun instrumental o‘zgaruvchilar hamda mustahkamlik tekshiruvlari qo‘llanadi. Natijalar iste’molchi siyosati, raqobat muhiti va bozor monitoringi uchun amaliy xulosalar ishlab chiqish imkonini beradi.
Ushbu maqolada turizm sohasida raqamli marketing vositalarining iste’molchilarning qaror qabul qilish jarayoniga ta’siri tizimli ravishda tahlil qilinadi. Tadqiqotda raqamli marketingning asosiy elementlari - ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv tizimlari marketingi, onlayn reklama, mobil ilovalar va foydalanuvchi tomonidan yaratilgan kontentning turistlarning axborot izlash, baholash va yakuniy tanlov bosqichlariga ta’siri o‘rganiladi. Shuningdek, iste’molchilarning raqamli muhitdagi xulq-atvori, ishonch omillari va shaxsiylashtirilgan marketing strategiyalarining samaradorligi ilmiy asosda yoritiladi. Tadqiqot natijalari turizm subyektlari uchun raqamli marketing vositalaridan samarali foydalanish orqali iste’molchi qarorlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada aholi orasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish muammolari va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar ta’lim yetishmovchiligi, moliyaviy resurslarning cheklanganligi, bozor talablarini noto‘g‘ri baholash, huquqiy to‘siqlar va innovatsion g‘oyalarning yetishmovchiligi kabi muammolar yoritiladi. Shu bilan birga, ushbu muammolarga yechim sifatida tadbirkorlik ta’limini rivojlantirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash, bozor tahlilini o‘rgatish, huquqiy tartibotni soddalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llash kabi takliflar beriladi. Ushbu yechimlar jamiyatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.