Ushbu maqolada oliy ta’lim tizimidagi ta’lim xizmatlarining samaradorligi va sifatini oshirishda raqamli texnologiyalarning ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi oliy o‘quv yurtlarining ta’lim va boshqaruv faoliyatida raqamli vositalardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari va mexanizmlarini aniqlashdan iborat. Metodologik asos sifatida tizimli va jarayonli yondashuvlar, shuningdek, me’yoriy va empirik ma’lumotlarni qiyosiy va mazmuniy tahlil qilish usullari qo‘llanilgan. Raqamli yechimlarni (onlayn platformalar, masofaviy ta’lim tizimlari, ma’lumotlarni tahlil qilish vositalari) joriy etish ta’lim jarayonlarini takomillashtirishga, ta’limni individuallashtirish va talabalarning qoniqish darajasini oshirishga xizmat qilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Raqamli transformatsiya asosida ta’lim xizmatlarining samaradorligini oshirish yo‘nalishlari taklif etilgan
Mazkur maqolada davlat moliyasi hamda xalqaro kredit resurslarining ta’lim tizimiga ta’siri kompleks yondashuv asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda moliyaviy resurslarning ta’lim sifati, infratuzilma rivoji va inson kapitalini shakllantirishdagi o‘rni empirik va nazariy jihatdan asoslab berilgan. Xususan, xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan ajratilayotgan kreditlarning samaradorligi, ularning ta’lim tizimiga integratsiyalashuvi hamda natijadorlik ko‘rsatkichlariga ta’siri baholanadi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiyasi ta’lim tizimining barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq resurslardan foydalanish samaradorligi boshqaruv mexanizmlarining takomillashganlik darajasiga bevosita bog‘liq. Maqolada samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada oliy ta’lim tizimi va mehnat bozori integratsiyasi asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning boshqaruv yo‘nalishlari tahlil qilingan. Tadqiqotda ta’lim mazmunini mehnat bozoridagi zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirish, oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, raqobatbardosh kadrlar uchun zarur bo‘lgan asosiy kompetensiyalar – kasbiy malaka, innovatsion tafakkur, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish va xorijiy tillarni bilish darajasi aniqlangan. Tadqiqot metodologiyasi doirasida adabiyotlar tahlili, so‘rovnomalar va mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olgan holda tahliliy usullar qo‘llanildi. Natijalar asosida oliy ta’lim tizimini mehnat bozoriga moslashtirish, amaliy tajribani kuchaytirish va mintaqaviy ehtiyojlarni inobatga olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi
Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Ushbu maqolada AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya va Finlyandiya oliy ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan moliyaviy menejment modellari rasmiy hisobotlar va xalqaro tashkilotlar ma'lumotlari asosida qiyosiy tahlil etildi. Tadqiqot daromad diversifikatsiyasi, samaradorlikka asoslangan moliyalashtirish, raqobatli grantlar tizimi va raqamli byudjet boshqaruvi bo‘yicha xorijiy amaliyotning asosiy tamoyillarini ochib berdi. Natijalar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun ilmiy asoslangan amaliy tavsiyalar shaklida umumlashtirildi
Ushbu ilmiy maqolada mehnat bozorida kompetent mutaxassis kadrlar bandligini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda zamonaviy iqtisodiy sharoitda mehnat bozori talablari, oliy ta’lim tizimining natijadorligi, kasbiy va amaliy kompetensiyalar darajasi, raqamli ko‘nikmalar, ish beruvchilarning kadrlarga qo‘yadigan talablari hamda davlatning bandlik siyosati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari yoritilgan. Tadqiqot doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlari, xalqaro tashkilotlar (ILO, OECD, World Bank) hisobotlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan 300 nafarlik so‘rovnoma natijalari tahlil qilingan. Maqolada kompetent mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirishda nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy tayyorgarlik, moslashuvchanlik, tashabbuskorlik va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash qobiliyati muhim omil ekanligi asoslab berilgan. Korrelyatsion va regressiya tahlili yordamida bandlikka ta’sir etuvchi omillarning nisbiy og‘irligi miqdoriy jihatdan baholangan. Maqola yakunida mehnat bozorida malakali kadrlar ulushini oshirish, bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ta’lim tizimi bilan amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy xulosalar va takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishi talabalarida “Tannarx muhandisligi” fani doirasida ma’lumotlarga asoslangan (data-driven) tahliliy-boshqaruv kompetensiyalarini shakllantirishning nazariy-metodologik asoslari tadqiq etilgan. Mazkur maqolada mavjud malaka talablari va o‘quv fan dasturlari kontent-tahlil qilinib, bo‘lajak muhandislarning iqtisodiy-tahliliy ko‘nikmalarini rivojlantirishdagi nazariy va amaliy bo‘shliqlar aniqlangan. Maqolada pedagogik hamda tarkibiy-mantiqiy modellashtirish prinsiplari asosida bo‘lajak muhandislarning boshqaruvchanlik salohiyatini oshirish metodologiyasi ochib berilgan. Aniqlangan qonuniyatlar asosida oliy ta’lim tizimi uchun konseptual pedagogik tavsiyalar majmuasi ishlab chiqilgan
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi soha vakillari, xususan, fermerlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash zaruratini kuchaytirmoqda. Shu sababli, fermer xo‘jaliklarida raqamlashtirishni kengaytirish, fermerlarni raqamli platformalar bo‘yicha bilim va malakasini oshirish qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Mazkur maqolada xo‘jaligida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, fermerlarni o‘qitishda qo‘llanilayotgan zamonaviy raqamli platformalar, innovatsion yondashuvlar va ularning amaliy samaradorligi tahlil qilingan. Tadqiqot davomida qishloq xo‘jaligida onlayn ta’lim platformalar, mobil ilovalar, video darslar, webinarlar, aqlli agroplatformalar hamda IoT texnologiyalarining fermerlar faoliyatidagi ahamiyati o‘rganildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, raqamli platformalar fermerlarga tomchilatib sug‘orish, o‘g‘itlash tizimi, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, intensiv bog‘dorchilik va suv tejovchi texnologiyalar haqida tezkor va qulay ma’lumot olish imkonini yaratadi. Maqolada raqamli platformalar yordamida fermerlarning agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, hosildorlikni oshirish va resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlari ham yoritilgan. IoT sensorlari va aqlli monitoring tizimlari yordamida tuproq namligi, havo harorati va o‘simlik holatini masofadan nazorat qilish mumkinligi, bu esa hosil yo‘qotilishini kamaytirishga xizmat qilishi qayd etilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi agroplatformalar fermerlarga tezkor va aniq qaror qabul qilishda yordam berishi ta’kidlangan
Mazkur maqolada milliy malaka tizimida kasbiy standartlar va malakani baholash markazlarining institutsional ahamiyati, ularning mehnat bozori va ta’lim tizimidagi o‘rni tahlil qilingan. Tadqiqot davomida tarmoq kengashlari faoliyati, kasbiy standartlarni ishlab chiqish va malakani mustaqil baholash mexanizmlarining amaldagi holati o‘rganilgan. Shuningdek, malakani baholash markazlari va tarmoq kengashlari faoliyatining miqdoriy ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, tizimning kuchli va zaif tomonlari SWOT tahlili asosida baholangan. Tadqiqot natijasida milliy malaka tizimida kasbiy standartlarni muntazam yangilash, baholash markazlari faoliyatini takomillashtirish, ish beruvchilar va ta’lim muassasalari hamkorligini kuchaytirish zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni joriy etish hamda raqamli baholash tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan
Ushbu maqola O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalarida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimini kompleks o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va uni takomillashtirish bo‘yicha munosib takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundan iboratki, O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari kontekstida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimining holati kompleks tahlil qilingan, tajribalar o’tkazilgan, xalqaro va mahalliy tajribalarni uyg‘unlashtirgan holda amaliy takliflar tizimi ishlab chiqilgan. Maqolada taklif etilgan yondashuvlarni tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, HR menejerlari, soha yuzasidan oliy ta’lim beruvchi o‘qituvchilar o‘qitish dasturlarini optimallashtirish, investitsion qarorlar qabul qilish va korxonalarning raqobatbardoshlik darajasini oshirishda material sifatida qo‘llashlari mumkin
Ushbu ilmiy maqola milliy iqtisodiyotning turli sohalarida blokcheyn texnologiyasining qo‘llanilishini tahlil qiladi. Maqolada blokcheynning iqtisodiyotdagi afzalliklari, markazlashmagan boshqaruv tizimi, xavfsizlik va shaffoflik imkoniyatlari yoritilgan. Shuningdek, texnologiyaning moliya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda qo‘llanilishi hamda O‘zbekiston tajribasi ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotning dolzarbligi shundaki, blokcheyn texnologiyasi milliy iqtisodiyotning samaradorligini oshirish va raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish imkonini beradi
Ushbu tadqiqot ishida turizm infratuzilmasi mazmuni tahlili o‘rganilib, mamlakatning transport tarmoqlari, raqamli (smart) xizmatlar, ekologik monitoring va favqulodda holatlarga moslashuvchanlik komponentlarini o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv asosida infratuzilma holatini baholashni ko‘zlaydi. Tadqiqotda transport infratuzilmasi, smart tourism ilovalari, yashil infratuzilma va pandemiyagacha hamda undan keyingi moslashuv (resilience) omillari tahlil qilinadi. Shu bilan birga, mintaqaviy nomutanosiblik va raqamli inklyuzivlik muammolari ham yoritiladi, yaxshilash bo‘yicha amaliy choralar tahlil qilinadi. Tadqiqotdan asosiy maqsad turizm infratuzilmasini integratsiyalashgan baholash modeliga asoslanib o‘rganish, mavjud kuchli va zaif tomonlarni aniqlash va favqulodda vaziyatlarda moslashuvchanlikni oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. Shuningdek, ushbu tadqiqotsiyosatchilar va davlat boshqaruvi organlari, turizm sohasi operatorlari va raqamli platformalar egalari, akademik tadqiqotchilar va oliy ta’lim muassasasi talabalari, mahalliy jamoalar va mintaqaviy rivojlanish mutaxassislari hamdaekologiya va atrof-muhitni boshqarish tashkilotlari va urbanizatsiyani rivojlantiruvchi soha mutaxasislariga ahamiyatli hisoblanadi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi turizm infratuzilmasini transport, smart xizmatlar, ekologik monitoring va moslashuv komponentlarini birlashtirgan baholash modeli va empirik indikatorlar to‘plamini ishlab chiqish orqali mavzuga yangi nazariy va amaliy hissa qo‘shadi
Ushbu tadqiqot ishida Janubiy Koreyada turizm infratuzilmasi tahlili o‘rganilib, mamlakatning transport tarmoqlari, raqamli (smart) xizmatlar, ekologik monitoring va favqulodda holatlarga moslashuvchanlik komponentlarini o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv asosida infratuzilma holatini baholashni ko‘zlaydi. Tadqiqotda transport infratuzilmasi, internet va 5G qamrovi, smart tourism ilovalari, kiberxavfsizlik, yashil infratuzilma va pandemiayagacha hamda undan keyingi moslashuv (resilience) omillari tahlil qilinadi. Shu bilan birga, mintaqaviy nomutanosiblik va raqamli inklyuzivlik muammolari ham yoritiladi. yaxshilash bo‘yicha amaliy choralar tahlil qilinadi. Tadqiqotdan asosiy maqsad Janubiy Koreya turizm infratuzilmasini integratsiyalashgan baholash modeliga asoslanib o‘rganish, mavjud kuchli va zaif tomonlarni aniqlash va favqulodda vaziyatlarda moslashuvchanlikni oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. Shuningdek, ushbu tadqiqot siyosatchilar va davlat boshqaruvi organlari,turizm sohasi operatorlari va raqamli platformalar egalari,akademik tadqiqotchilar va oliy ta’lim muassasasi talabalari, mahalliy jamoalar va mintaqaviy rivojlanish mutaxassislarihamda ekologiya va atrof-muhitni boshqarish tashkilotlari va urbanizatsiyani rivojlantiruvchi soha mutaxasislari uchun muhim hisoblanadi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi turizm infratuzilmasini transport, smart xizmatlar, ekologik monitoring va resilience komponentlarini birlashtirgan baholash modeli va empirik indikatorlar to‘plamini ishlab chiqish orqali mavzuga yangi nazariy va amaliy hissa qo‘shadi.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida mehnat bozorini isloh qilish sharoitida kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilishda strategik instrument sifatida professional standartlarning ahamiyati koʻrib chiqiladi. Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Rossiya va Albaniya tajribasi asosida professional malakalarni shakllantirish va joriy etishga doir yondashuvlarning taqqoslama tahlili keltirilgan. Oʻzbekistonda turizm sohasidagi me’yoriy baza va amaliy faoliyat tahlil qilingan holda asosiy muammo va to‘siqlar aniqlangan. Empirik tadqiqot natijalariga koʻra, professional standartlarga nisbatan ish beruvchilar va ta’lim muassasalarining munosabati baholandi hamda milliy malakalar tizimini rivojlantirish boʻyicha yoʻnalishlar belgilandi. Xalqaro tajribalarni milliy shart-sharoitlarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. SWOT-tahlil natijalari asosida standartlarni joriy etish va yangilash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.