Maqolada O‘zbekiston Respublikasida alternativ moliya ekotizimi va uning asosiy instrumentlari tahlil qilingan. So‘nggi yillarda mamlakatda iqtisodiy diversifikatsiya va moliyaviy inklyuziyani oshirish maqsadida mikromoliya, crowdfunding, peer-to-peer (P2P) lending, ijtimoiy investitsiyalar hamda islom moliyasi kabi alternativ moliyalashtirish mexanizmlariga e’tibor kuchaymoqda. Tadqiqotda ushbu instrumentlarning rivojlanish holati, imkoniyatlari va mavjud muammolari yoritilgan. Shuningdek, bozor konyunkturasining turli sharoitlarida alternativ moliya tizimining rivojlanish senariylari ishlab chiqilgan hamda crowdfunding va islom moliyasi uyg‘unlashuvi istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Jahon mamlakatlari moliyalashtirilayotgan har bir loyihaning atrof-muhitga, biznes subyektlariga va aholining sog‘lig‘iga ko‘rsatadigan ta’sirini chuqur baholagan holda, moliya bozorida yashil moliyalashtirish amaliyotini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirmoqda. Mazkur jarayon yashil moliyaviy instrumentlar orqali kapital jalb qilish mexanizmlarini to‘liq va mukammal ishlab chiqish zarurati, ularni qonunchilik normalari bilan tartibga solishga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotgani, shuningdek investorlar hamda emitentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish va institutsional jihatdan samarali yo‘lga qo‘yish talablariga sabab bo‘lmoqda. Natijada, yashil moliya bozorining shakllanishi va rivojlanishini ta’minlaydigan metodologik yondashuvlarni ishlab chiqish zarurati keskin oshib, samarali bozor infratuzilmasini yaratish masalasi dolzarb tus olmoqda. Ushbu maqolada yashil moliya bozorini tashkil etish, uni takomillashtirish, samaradorligini oshirish hamda tartibga solish metodologiyasiga doir ilmiy-nazariy tahlillar keltiriladi
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etish zarurati, mavjud huquqiy asoslar va institutsional muhit keng qamrovda o‘rganiladi. Islom moliyasi shariat talablariga asoslangan holda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ko‘zda tutadi va aynan shu xususiyati uni ribo, maysir va g‘arar kabi taqiqlangan elementlardan holi qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yo‘nalish yangi bo‘lishiga qaramay, aholining diniy e’tiqodiga mos, adolatli va barqaror moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari, sukuk, mudoraba, mushoraka kabi moliyaviy vositalarning mohiyati va ularni yuritishda zarur bo‘lgan huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud qonunchilikda kuzatilayotgan bo‘shliqlar, regulyator organlar faoliyatining yetarli darajada shakllanmaganligi va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos keluvchi institutlar modeli muhokama qilinadi. Natijada, mamlakatda islom moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha konseptual takliflar ilgari suriladi.
Ushbu maqolada uy-joy moliyasining mazmuni va turli olimlar tomonidan ushbu moliya sohasiga berilgan ta’riflar keltirib o‘tilgan. Shuningdek, uy-joy moliyasi bilan bog‘liq tushunchalarga olimlarning yondashuvlari va uy-joy sotib olish imkoniyatiga ta’sir qiluvchi omillar ham tahlil qilingan. Maqolada uy-joy narxlarining arzonligi bo‘yicha asosiy nazariyalar ham yoritib berilgan.
Ушбу мақолада исломий молиялаштириш тизимининг Марказий Осиё давлатларидаги бугунги ҳолати, шунингдек, унинг афзалликлари таҳлили ва истиқболлари ҳақида cўз боради. Мақолада исломий молиялаштириш тизимини Ўзбекистон Республикасида жорий қилиш истиқболлари ҳам таҳлил қилинади.
Ushbu maqolada barqaror rivojlanish konsepsiyasi va bank sektorida yashil moliyaning roli tahlil qilinadi. Tadqiqotda tijorat banklarining ekologik va moliyaviy risklarni boshqarish amaliyoti, xorijiy mamlakatlar tajribasi, shuningdek, O‘zbekiston banklari misollari o‘rganildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, yashil moliya nafaqat ekologik mas’uliyatni, balki banklarning strategik rivojlanishini ham ta’minlaydi. Ushbu yondashuv moliyaviy barqarorlik, iqtisodiy modernizatsiya va ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
Mazkur maqolada dualistik moliya tizimiga ega Turkiya va BAA mamlakatlarining moliya bozori joriy holati tahlil qilinadi. Xususan, maqolada Turkiya va BAA (Birlashgan Arab Amirliklari)ning islomiy va an’anaviy moliya tizimining qiyosiy tahlili olib borilib, bunda islom moliyasining umumiy moliya bozoridagi ishtirokining holati, islomiy kapital bozori, islomiy sug‘urta bozori va islomiy investitsiya fondlarining moliya bozoridagi ishtirokining qiyosiy holati tadqiq etiladi.
Moliyaviy hisobot xalqaro standartlari bugungi kunda global iqtisodiyotning ajralmas qismiga aylangan. Ularning asosiy maqsadi moliyaviy hisobotlarni ishlab chiqishda yagona yondashuvni taʼminlash, xalqaro miqyosda taqqoslashni osonlashtirish va investorlar uchun shaffoflikni oshirishdir. Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari koʻplab mamlakatlar tomonidan qabul qilingan boʻlib, bu biznes jarayonlarini muvofiqlashtirish, kompaniyalar faoliyatining samaradorligini baholash, va moliyaviy axborotni standartlashtirish uchun katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga, hisob tizimining xalqaro standartlarga moslashishi, kompaniyalar uchun nafaqat qonuniy talablarni bajarish, balki biznes jarayonlarida raqobatbardoshlikni oshirish uchun ham muhimdir. Ushbu maqolada, moliyaviy hisobot xalqaro standartlarining hisob tizimidagi integratsiyasi, uning mohiyati va foydalari, shuningdek, joriy qilish jarayoni va xalqaro mamlakatlar tajribasi haqida soʻz yuritiladi.
Мазкур ишда ижодий иқтисодиёт (creative economy)нинг замонавий иқтисодий-ижтимоий жараёнлардаги ўрни ва аҳамияти таҳлил этилади. Унда ижодий соҳаларнинг – санъат, дизайн, реклама, ахборот технологиялари каби фаолият турларининг мамлакат иқтисодиётини диверсификация қилиш, янги иш ўринлари яратишдаги аҳамияти асосланади. Муаллиф томонидан Ўзбекистон шароитига мос келувчи инновацион стратегик ёндашувлар илгари сурилган. Жумладан, ижодий кластерлар ва хаблар ташкил этиш, давлат-хусусий шерикликни кенгайтириш, рақамли платформалар ва стартап экотизимларини қўллаб-қувватлаш, креатив соҳалар учун махсус таълим дастурларини жорий қилиш каби чора-тадбирлар тавсия этилган.
Ushbu maqolada jahon islomiy moliyalari rivojlanishi, ularning global moliya tizimidagi o‘rni, shuningdek, yaqin yillarda rivojlanishning asosiy tendensiyalari va istiqbollari ko‘rib chiqilgan. Maxsus e’tibor islomiy moliyaviy aktivlar strukturasining turli mamlakatlarda, jumladan, Fors ko‘rfazi, Janubi-Sharqiy Osiyo, Turkiya va Buyuk Britaniyada tahlil qilinishiga qaratilgan. 2021-2024 yillar uchun islomiy moliyaviy aktivlar hajmi haqida ma’lumotlar taqdim etilgan va 2025 yil uchun prognozlar keltirilgan. Tadqiqot shuningdek, aktivlar strukturasining turli toifalar bo‘yicha, masalan, bank mahsulotlari, sukuklar, ko‘chmas mulk va loyihalarga sarmoyalar tahlilini o‘z ichiga oladi. Xulosa sifatida, islomiy moliyaviy instrumentlarning o‘sishi va rivojlanishi, shuningdek, ularning jahon moliya tizimining barqarorligiga ta’siri haqida xulosalar chiqarilgan.
Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.
Мақолада турли молия-иқтисодий тизимларнинг ўзаро интеграциясига оид назарий ва амалий асослар таҳлил қилинган. Асосий эътибор тизимли ёндашув ва “Safety Cube Theory” асосида иқтисодий тизимлар, инсон ва муҳит ўртасидаги ўзаро боғлиқликка қаратилган. Тадқиқотда капиталистик, исломий, марказлашган, рақамли ва инклюзив иқтисодий моделлар таҳлил қилиниб, уларни биргаликда барқарор ривожлантиришнинг асосий тамойиллари илгари сурилган
Мақолада Ўзбекистонда барқарор ривожланишни молиялаштириш учун «яшил сукук» воситасининг имкониятлари таҳлил қилинган. Мамлакатнинг иқтисодий ва молиявий ҳолати, исломий молиялаштириш ва сукук бозорининг жорий ҳолати, «яшил» сукукнинг назарий асослари ўрганилган, шунингдек, ушбу воситани жорий этишдаги муаммолар ва унинг истиқболлари аниқланган. Тадқиқотда «яшил» сукукни татбиқ этиш, жумладан меъёрий-ҳуқуқий асосни шакллантириш бўйича илмий хулосалар ва амалий тавсиялар берилган.
Ushbu tadqiqotda O‘zbekistondagi tijorat banklarining kredit portfeli barqarorligiga ekologik risklarni boshqarish (ERM) ning ta’siri o‘rganiladi, bunda barqarorlik haqidagi hisobotlar, tartibga soluvchi nashrlar va xalqaro moliya institutlarining ikkilamchi ma’lumotlari qo‘llaniladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, ekologik skrining, yashil kreditlash va barqarorlikni boshqarishni o‘z ichiga olgan rivojlangan ERM tizimlariga ega banklarda muammoli kreditlar (NPL) koeffitsiyentlari pastroq va aktivlar sifati yaxshiroq. Boshqa tomondan, ERM dan unchalik ko‘p foydalanmaydigan banklar hali ham ekologik va kredit risklariga ko‘proq moyil. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston bank tizimiga ekologik risklarni integratsiya qilish uni moliyaviy jihatdan barqarorroq qilish va barqaror moliyalashtirishning global standartlariga moslashtirish uchun zarurdir
Maqolada xorijiy investor ishtirokidagi qo‘shma korxonalarda buxgalteriya hisobini tashkil etish, uning tashkiliy jihatlari bo‘yicha tarkibiy tuzilishi, ustavini tashkil qilish, faoliyat yuritish sohalarini belgilash, aksiyadorlik jamiyati sifatida tashkil qilinishi, xalqaro standartlar asosida buxgalteriya hisobini yuritish hamda moliyaviy hisobotlarini o‘z veb saytlarida joylashtirilishi asoslab berilgan
O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan institutsional va huquqiy islohotlar tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat moliyasining ochiqligini ta’minlash, byudjet jarayonida fuqarolik ishtirokini kuchaytirish, soliq va xarajatlar tizimini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotda ushbu islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ularning samaradorligi, xalqaro standartlarga (masalan, IMF’ning fiskal shaffoflik mezonlari, PEFA indikatorlari) muvofiqligi baholanadi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatining samaradorligi tahlil qilinib, uning iqtisodiy o‘sish va daromadlar tengsizligiga ta’siri empirik asosda baholangan. 2017–2023-yillar uchun rasmiy statistik ma’lumotlar asosida regressiya tahlili va Kuznets gipotezasi modeli qo‘llanilgan. Tadqiqot natijalari TQJ faoliyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mintaqaviy tenglikni ta’minlash va bandlikni oshirishdagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Xalqaro tajriba asosida jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Мазкур мақола иқтисодиётнинг рақамли трансформациясини таъминловчи стратегик механизмлардан бири сифатида “Оpen banking” бизнес моделини Ўзбекистон молиявий секторига жорий этишни ўрганишга қаратилган. Ушбу модел инновацияларни ривожлантириш, банк хизматлари бозорида рақобатни ошириш ҳамда аҳолига тақдим этилаётган молиявий хизматлар сифатини яхшилаш имконини беради. “Open Banking” концепцияси жаҳон амалиёти ва Буюк Британия тажрибасига урғу берган ҳолда ўрганилди, бунда очиқ тизимда ишлайдиган банкларнинг фаолияти таҳлил қилинди. Шунингдек, унинг ишончли норматив асосни яратиш, хавфсизлик ва махфийлик чораларини кучайтириш, банклар, финтех компаниялари ва регуляторлар ўртасида ҳамкорликни ривожлантириш қаби масалалар ўрганилди. Мақолани мақсади “Open banking” бизнес-моделини босқичма-босқич жорий қилиш жараёнида уни иқтисодий имкониятларини кўрсатиш билан бир қаторда кутилаётган хавфларга ҳам эътиборни каратиш ҳисобланади.
Ushbu maqolada alternativ moliya bozorining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan “Islom darchalari” faoliyatining mamlakatlar moliyaviy sektoriga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotda “Islom darchalari” konsepsiyasi, ularning an’anaviy banklar tarkibida tashkil etilishining iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishdagi roli va Shariat tamoyillariga mos xizmatlarni taqdim etish orqali bozor talabiga javob berish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, ushbu mexanizmning rivojlanayotgan mamlakatlardagi bank sektori barqarorligiga va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ta’siri tahlil qilinadi. Maqola tajriba asosidagi empirik natijalar va nazariy yondashuvlarni birlashtirgan holda “Islom darchalari”ning global moliyaviy bozordagi istiqbollarini ham yoritadi.
Ushbu maqolada iqtisodiy tarmoqlarda alohida hisob siyosatini yuritishning nazariy va amaliy jihatlari, uning xalqaro va milliy standartlarga moslashuvi hamda sohaga xos yondashuvlarning ahamiyati yoritilgan. O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini isloh qilish, xususan IFRS standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish jarayonlari tahlil qilingan. Tadqiqotda qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va bank-moliya sektorlarida hisob siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari, muammolar va imkoniyatlar ko‘rib chiqilgan. Xalqaro va milliy tajribalar qiyoslanib, sohaga mos metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ушбу мақолада Ўзбекистон тижорат банкларида бухгалтерия ҳисобини ва молиявий ҳисоботларини молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартлари асосида юритиш, уни ташкилий тузилмасини назорат қилиш тизими таҳлил қилиниб, уни такомиллаштириш бўйича илмий асосланган таклифлар ишлаб чиқилган. Бунда бухгалтерия ҳисобини юритиш ва молиявий ҳисоботларни тузиш МҲХС асосида ташкил этиш ва уни халқаро талабларга мослаб ташкил этиш, ички банк операциялари харажатларини замонавий таҳлил усуллари асосида МҲХС амалиётга жорий этиш ва фаолият турлари бўйича таҳлили амалга оширилган.
Ushbu maqola Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlarida dasturiy-maqsadli va natijaviy byudjetlashtirish amaliyotini o‘rganishga bag‘ishlangan. Turli davlatlar tomonidan byudjet jarayonining samaradorligi va shaffofligini oshirish uchun qo‘llanilayotgan yondashuvlar ko‘rib chiqiladi. Davlat dasturlarini shakllantirish, natijalarni baholash tizimi va boshqaruv qarorlarini qabul qilish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur mexanizmlarni amalga oshirishning ijobiy tajribalari va mavjud cheklovlar tahlil qilinadi. O‘tish davridagi iqtisodiyotga ega mamlakatlarda byudjet tizimini modernizatsiya qilish doirasida xorijiy tajribani moslashtirish muhimligi ta’kidlanadi
Hozirda jahon miqiyosida moliyaviy menejmentning asosiy funksional elementi hisoblangan moliyaviy rejalashtirish tizimini takomillashtirish masalalari keng tadqiq etilmoqda. Xususan, global pandemiya sharoitida tashqi bozorlardagi o‘zgaruvchan muhitga tez moslanuvchan moliyaviy rejalashtirish tizimi va uning strategik rejalar bilan uyg‘unlashtirilgan mukammal modelini shakllantirish yuzasidan maqsadli izlanishlar olib borilmoqda. Shuningdek, moliyaviy menejmentning asosiy funksional elementlaridan biri kompaniyalar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini kompleks baholashning keng ko‘rsatkichlar arsenalini mujassamlashtiruvchi moliyaviy diagnostikaning tashkiliy arxitekturasini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu maqolada islom moliya instrumentlarining raqamli transformatsiyasi, ularni O‘zbekistonda joriy etishning metodologik asoslari hamda xalqaro tajribalar bilan uyg‘unlashtirish masalalari tahlil qilindi. Raqamli texnologiyalar, blokcheyn, smart-shartnomalar, tokenizatsiya, e-KYC va API-integratsiya, islomiy moliyalashtirish jarayonlarida shaffoflikni, operatsion samaradorlikni va shariatga muvofiqlikni kuchaytirishi ilmiy asoslab berildi. Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni tajribasi O‘zbekiston amaliyoti bilan taqqoslanib, milliy raqamli islom moliyasi modelini yaratish uchun zarur bo‘lgan metodik, texnik va huquqiy yo‘nalishlar belgilab olindi. Natijalar sektorning barqaror rivojlanishi uchun raqamli shariat auditi, smart-shartnomalarning huquqiy maqomi, tokenizatsiya qoidalari va shariatga mos fintech ekotizimining shakllantirilishi muhimligini ko‘rsatdi