Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.
Ushbu maqolada raqamli transformatsiyaning tezkor texnologik taraqqiyot sifatida banklarning fintech kompaniyalar bilan raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun chakana bank xizmatlarini raqamlashtirish strategik zarurat ekanligi nazariy jihatdan asoslangan. Undan tashqari chakana bank xizmatlarida raqamli transformatsiya qilishning nazariy asoslari tanqidiy o‘rganildi, innovatsiyalarning diffuziya nazariyasi, resurslarga asoslangan qarash (RBV), institutsional nazariya, xizmatga asoslangan mantiq (SDL), texnologiyalarni qabul qilish modellari va dinamik imkoniyatlarning asosiy tamoyillari keng ko‘lamli tahlil qilindi. Raqamli transformatsiya shunchaki raqamli vositalarni joriy qilish emas, balki qiymat yaratish, xizmatlarni yetkazib berish, mijozlar bilan ishlash, samaradorlikni oshirish va banklararo raqobatbardoshlikni oshirish ekanligi asoslandi. Ko‘p sonli ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish orqali tadqiqot mavjud nazariy asoslardagi bo‘shliqlarni aniqlab, banklarning raqamli iqtisodiyotga qanday moslashishi, innovatsiyaga investitsiya kiritish hajmini oshirishi va raqamli jihatdan yetuk bo‘lishga harakat qilmoqda. Bu kabi tahlillar chakana bank xizmatlarida raqamli transformatsiyaning tizimli va ko‘p o‘lchovli dinamikasini tushunish uchun keng qamrovli taraqqiyot modellarini taklif qilish orqali sohaga ilmiy va amaliy jihatdan ma’lum darajada hissa qo‘shadi.
Ushbu maqolada raqamli platformalarning raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillar tahlil qilinadi. Raqamli platformalar bugungi kunda iqtisodiyotda muhim rol o'ynaydi, ular foydalanuvchilarga turli xizmatlar va mahsulotlarni taqdim etib, bozorni shakllantiradi. Maqolada texnologik innovatsiyalar, foydalanuvchi tajribasi, xizmatlar va mahsulotlarning sifati, ijtimoiy tasdiqlash, biznes modeli va monetizatsiya strategiyasi kabi omillar raqamli platformalarning raqobatbardoshligini oshirishga ta'sir qilishi ko'rib chiqiladi. Shu bilan birga, maqolada raqamli platformalarning bozordagi muvaffaqiyatiga ta'sir etuvchi faktorlar va ularning bozor sharoitiga moslashish usullari hamda raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan tavsiyalar keltirilgan. Tadqiqot natijalari, raqamli platformalarni muvaffaqiyatli boshqarish va raqobat muhitida samarali ishlash uchun zarur bo'lgan asosiy omillarni aniqlaydi.
Ushbu tadqiqotda mintaqalar barqaror rivojlanishida iqtisodiy, moddiy hamda tabiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik bosimni kamaytiradigan innovatsion echimlarni joriy etishga bogʻliq takliflar tadqiq qilingan. Iqtisodiy resurs samaradorligini oshirish chiqindilarni kamaytirishga, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishga va xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi hamda shu bilan birga atrof-muhit va ekologik degradatsiyani kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada ilgʻor texnologik va tashkiliy innovatsiyalar qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish, aylanma iqtisodiy jarayonlar va ekologik toza ishlab chiqarish usullari uchun imkoniyatlar boʻyicha yondashuvlar taklif etilgan. Ushbu yondashuvlar mintaqada iqtisodiy oʻsishni va tabiiy ekotizimlarni saqlashni qoʻllab-quvvatlovchi muvozanatli strategiyaning asosini tashkil etishda ustuvorlikni taqdim etadi. Ushbu oʻzaro bogʻliqlikni oʻrganish innovatsiyalar va resurslar samaradorligini oshirish, uzoq muddatli ekologik va iqtisodiy barqarorlikka erishishning asosiy omillari sifatida talqin etilgan
Ushbu maqola davlatning strategik yo‘nalishlari orqali yashil iqtisodiyotni rag‘batlantirish imkoniyatlarini o‘rganadi, bunda xalqaro tajribalar hamda O‘zbekistonning o‘ziga xos sharoitlariga alohida e’tibor qaratiladi. Jahon miqyosida SDX barqaror innovatsiyalarni rivojlantirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishda samarali vosita sifatida o‘zini oqlagan. Maqolada Yevropa Ittifoqi, OECD va BMT doirasidagi ilg‘or tajribalar tahlil qilinadi va ular O‘zbekistonning amaldagi xarid tizimi bilan solishtiriladi. Yashil siyosat yo‘nalishida qadamlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, SDXdan foydalangan holda barqaror rivojlanishga erishish hali ham cheklanganligicha qolmoqda. Maqola mavjud tizimdagi asosiy bo‘shliqlarni aniqlab, davlat xaridlarini yashil rivojlanish maqsadlariga moslashtirish uchun aniq va amalga oshiriladigan islohotlarni taklif etadi. SDXni samarali joriy etish orqali O‘zbekiston ekologik innovatsiyalarni jadallashtirishi, yashil yo‘nalishdagi kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashi, hamda Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) doirasidagi majburiyatlarini mustahkamlashi mumkin. Maqola ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy islohotlar, salohiyatni oshirish choralarini va moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish zarurligini ta’kidlaydi.
Sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining aylanma iqtisodiyotga integratsiyasi global miqyosdagi chiqindilarni boshqarish muammosiga inqilobiy yechimlar taklif etadi. Ushbu maqolada chiqindilarni kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish va barqarorlikni ta’minlashda SI asosidagi innovatsiyalarning o‘rni tahlil qilinadi. AQShdagi AMP Robotics va Finlyandiyadagi ZenRobotics kabi amaliy misollar orqali SI texnologiyalari chiqindilarni saralash, qayta ishlash samaradorligini oshirish va mahsulotning hayotiy siklini boshqarishdagi ahamiyati ko‘rsatilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellekt atrof-muhit barqarorligiga hissa qo‘shish bilan birga iqtisodiy imkoniyatlarni ham yaratadi, resurs aylanishini optimallashtiradi va chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytiradi.
Мақолада таълим соҳасидаги инновациялар, уларнинг ўқув жараёнига таъсири, шунингдек, АКТ ва фаол ўқитиш усулларининг ўрни кўриб чиқилади. Болада ишончни ривожлантириш ва авторитар педагогикадан ҳамкорлик моделига ўтиш зарурлиги таъкидланади. Ахборотни идрок этишга таъсир қилувчи медиа эффектлари назариялари кўриб чиқилади.
Ushbu maqolada muhandislik oliy ta’lim muassasalarini innovatsion boshqarishda tyutorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan nazariyalar o‘z aksini topgan. Ma’lumki oliy ta’lim muassalarida tyutorlik faoliyati talabalar bilan tyutor o‘rtasidagi ta’lim va tarbiya jarayonlarini muvoffiqlashtirish bilan chegaralanib qolmoqda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sharoitida har bir talabani tadbirkorlik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Maqolada ilgari surilgan g‘oyalar va ishlab chiqilgan modellar asosan muhandislik OTMlarida talabalarni ilmiy tadqiqot ishlariga jalb qilish, ilmiy ishlar natijalarini tijoratlashtirishda ishtirokini ta’minlashga doir tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan.
Maqolada Triple Helix innovatsion modelining rivojlanishi, uni oʻzgartirish sabablari va shartlari tahlil qilinadi. Asl model davlat, biznes tuzilmalari va ilmiy (shu jumladan universitet) hamjamiyatining oʻzaro taʼsirini koʻrib chiqdi. Maqolada elementlarning oʻzaro taʼsiri "jamoat" deb nomlangan toʻrtinchi element (ommaviy axborot vositalari, madaniyat, ijodiy sanoat va boshqalar) paydo boʻlishi bilan qanday murakkablashishini koʻrsatadi. Ushbu elementning innovatsion Quadruple Helix modelidagi roli oʻrganiladi. Ishning ahamiyati innovatsion oʻzaro taʼsirni murakkablashtirish xususiyatlari va shartlarini aniqlashtirishdadir. Fivefold Helix innovatsion modeli innovatsion jarayon ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlarda yuzaga keladigan sifat oʻzgarishlarini tasvirlaydi. U rivojlanishning ekologik va ijtimoiy jihatlarini jamlaydi.
Ushbu maqola infratuzilmaning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini tahlil qiladi va standartlashtirish orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini o‘rganadi. Infratuzilma, davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, barqaror o‘sish va raqobatbardoshlikni oshirishga muhim ta’sir ko‘rsatadi. Maqolada, infratuzilmaning turli sohalariga – transport, energetika, kommunikatsiya va sanoat infratuzilmasiga oid davlat siyosatlari va joriy etilgan standartlarning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Standartlashtirish jarayoni, resurslarni samarali boshqarish, texnologik yangiliklarni joriy etish, hamda sifatni oshirish orqali iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda infratuzilmaning modernizatsiyasi va shu orqali iqtisodiy barqarorlikka erishishning amaliy yondashuvlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, maqolada davlatning infratuzilma loyihalariga bo‘lgan investitsiyaviy yondashuvlarining iqtisodiy foydalari, shu jumladan, ish o‘rinlari yaratish va turli sohalarda raqobatni kuchaytirishdagi roli tahlil qilinadi. Maqola infratuzilma va standartlashtirishning iqtisodiyotga ijobiy ta’sirini ko‘rsatish bilan birga, bunday siyosatlarning kelajakdagi istiqbollarini ham baholaydi.
Mazkur maqolada xizmatlar bozorida innovatsion boshqaruvning iqtisodiy samaradorligini oshirish omillari tahlil qilinadi. Unda zamonaviy boshqaruv texnologiyalari, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va CRM tizimlarining xizmatlar sohasiga ta’siri yoritiladi. Innovatsion yondashuvlar orqali xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mijoz ehtiyojlariga tezkor javob berish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish masalalari asosiy e’tiborda bo‘ladi. Shuningdek, xorijiy tajriba va O‘zbekiston sharoitidagi amaliy muammolar tahlil qilinib, innovatsion boshqaruv samaradorligini ta’minlovchi asosiy ichki va tashqi omillar ko‘rsatib o‘tiladi. Maqola yakunida xizmatlar sohasida innovatsion boshqaruvni yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Ушбу мақолада тижорат банкларининг ликвидлилик кўрсаткичларини мустаҳкамлаш механизмини такомиллаштиришнинг хориж тажрибаси асосида хизмат кўрсатиш самарадорлигини ошириш йўллари, банк ликвидлигининг моҳияти, ривожланиш тарихи ҳамда банк ликвидлигини ривожлантириш истиқболларини такомиллаштириш ҳақида cўз боради. Хусусан, мақолада тижорат банклари ликвидлилик кўрсаткичларини мустаҳкамлаш механизмларининг хориж тажрибасини жорий этиш асосида банклар фаолияти самарадорлигини оширишдаги мавжуд муаммолар ҳамда уларни бартараф этиш бўйича муаллиф тавсиявий ёндашувлари ва таклифлари келтирилган.
Hududlarda inson salohiyatini takomillashtirish iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Maqolaning asosiy muammosi, hududlar o‘rtasida salohiyatni teng rivojlantirishning zarurligi va inson resurslaridan samarali foydalanish, aholining turli sohalardagi imkoniyatlarini oshirish, shu bilan birga, jamiyatning umumiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan. Maqolada tasviriy statistika, Pearson korrelatsiya testi va regressiya tahlillari qo‘llanilib, natijada, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish o‘rinlari yaratish va sanoat sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish orqali inson salohiyatini oshirishni ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqqan holda, ilmiy va amaliy nuqtai nazardan, hududlarda iqtisodiy rivojlanish va sanoat sohasidagi resurslarni samarali boshqarish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tadbirkorlikning roli, uning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston misolida ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanish tendensiyalari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar asosidagi amaliy tajribalar o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar – huquqiy bo‘shliqlar, moliyaviy savodxonlikning pastligi va innovatsion texnologiyalarning sust joriy etilishi chuqur tahlil etildi. Maqolada mavjud imkoniyatlar asosida bir qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaga institutsional asos yaratish, qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Mazkur maqolada innovatsion rivojlanishning savdo korxonalaridagi o‘rni va ahamiyati tahlil qilinadi. Yangi texnologiyalar va innovatsiyalar savdo sohasida raqobatbardoshlikni oshirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini yaratadi. Shuningdek, innovatsiyalar yordamida savdo korxonalari o‘z faoliyatini optimallashtirish, yangi bozorlarni zabt etish va barqaror rivojlanish uchun muhim strategiyalarni ishlab chiqishadi. Ushbu maqolada, innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar savdo sohasidagi o‘sish va modernizatsiya jarayonlarida qanday rol o‘ynashi ko‘rib chiqiladi.
Mazkur maqolada tijorat banklarining kambag‘allikni qisqartirish jarayonidagi ishtirokini oshirish masalalari tahlil qilinadi. Banklarning kredit siyosati, moliyaviy inklyuziya, mikroqarzlar va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish orqali kambag‘allikni kamaytirishdagi o‘rni muhokama qilinadi. Shuningdek, xalqaro tajribalar asosida tijorat banklarining ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirish va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish yo‘llari taklif etiladi.
O‘zbekiston o‘zining boy madaniy merosi va Ipak yo‘lidagi strategik joylashuvi bilan turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Biroq, moliyaviy cheklovlar sektorning to‘liq o‘sishiga to‘sqinlik qildi. Ushbu maqola innovatsion moliyaviy mexanizmlar, jumladan, davlat-xususiy sheriklik (PPP), yashil obligatsiyalar, turizm investitsiya fondlari va kraudfanding platformalarining O‘zbekiston turizm sohasi rivojlanishiga ta’sirini o‘rganadi. Tadqiqot ushbu vositalarning infratuzilmani rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini oshirish va barqarorlikni oshirishdagi rolini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada universitetlarning jamiyatdagi roli kengayib borishi bilan texnologik innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanish manbai boʻlgan muassasa qiyofasi prognoz qilinmoqda, natijada universitetni oʻzgartirish trayektoriyasi yuzaga keladi. Tadbirkorlik universitetiga oʻtishda strategik yoʻnalishni belgilash, undan soʻng oʻsha universitet doirasida ishlab chiqilgan bilimlarga sodiqlik, undan asosan hududiy asosda foydalanish zarurati tugʻiladi. Tadbirkorlik universiteti tadqiqot universitetini takomillashtirish boʻlib, u jamiyat bilan aloqani birlashtiradi, tadbirkorlik universitetlari taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga moslashgan boʻlib, bitiruvchi talabalarning ishsizlik bilan bogʻliq yechimlarni izlashda sanoat va jamiyat muammosidan foydalanadi. Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga borib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish vazifasi qoʻyilgan boʻlib, bunda tadbirkor universitetlarning ahamiyati muhim ekanligi yoritilgan.
Agroklaster tizimini optimallashtirish bo‘yicha xorijiy strategik yondashuvlarni o‘rganish qishloq xo‘jaligi va sanoatni integratsiyalash orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada turli davlatlarning agroklaster modelini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalari tahlil qilinadi. Xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning davlat siyosati, investitsiya jalb etish usullari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va agroklasterlarning global bozor bilan integratsiyasi kabi strategik yondashuvlari o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari agroklaster tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qilishga va mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan modelni taklif etishga qaratilgan.
Bilimlar iqtisodiyoti ish, taʼlim va shaxsiy rivojlanish haqida fikrimizni oʻzgartirmoqda. Anʼanaviy iqtisodiyot jismoniy mehnat va xomashyoga asoslangan boʻlsa, bilimlar iqtisodiyoti intellektual kapital, innovatsiya va yangi maʼlumotlarni samarali qoʻllash qobiliyatiga tayangan holda rivojlanadi. Talabalar uchun bu nafaqat imkoniyatlar, balki jiddiy harakatlarni ham talab etadi. Moslashuvchan, tanqidiy fikrlovchi va raqamli hamda analitik koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarga talab juda katta boʻlsa-da, koʻplab taʼlim muassasalari hali ham talabalarning bu oʻzgarishga tayyorlanishlari uchun toʻliq jihozlamaydigan eskirgan modellarda ishlamoqda. Ushbu maqola bilimlar iqtisodiyotining talabalar faoliyatiga taʼsirini oʻrganadi va muhim savollarga javob beradi: Qaysi koʻnikmalar eng kerakli? Taʼlim qanday rivojlanishi kerak? Talabalar tez oʻzgarayotgan muhitga tayyorgarlik koʻrishda qanday toʻsiqlarga duch kelmoqdalar? Hayotiy misollarni, akademik tadqiqotlarni va sanoat yetakchilarining fikrlarini oʻrganish orqali ushbu tadqiqot anʼanaviy taʼlim va bilimga asoslangan dinamik ehtiyojlar oʻrtasidagi boʻshliqni bartaraf etish uchun amalga oshirilishi mumkin boʻlgan amaliy qadamlarni ochib beradi.
Мазкур мақола иқтисодиётнинг рақамли трансформациясини таъминловчи стратегик механизмлардан бири сифатида “Оpen banking” бизнес моделини Ўзбекистон молиявий секторига жорий этишни ўрганишга қаратилган. Ушбу модел инновацияларни ривожлантириш, банк хизматлари бозорида рақобатни ошириш ҳамда аҳолига тақдим этилаётган молиявий хизматлар сифатини яхшилаш имконини беради. “Open Banking” концепцияси жаҳон амалиёти ва Буюк Британия тажрибасига урғу берган ҳолда ўрганилди, бунда очиқ тизимда ишлайдиган банкларнинг фаолияти таҳлил қилинди. Шунингдек, унинг ишончли норматив асосни яратиш, хавфсизлик ва махфийлик чораларини кучайтириш, банклар, финтех компаниялари ва регуляторлар ўртасида ҳамкорликни ривожлантириш қаби масалалар ўрганилди. Мақолани мақсади “Open banking” бизнес-моделини босқичма-босқич жорий қилиш жараёнида уни иқтисодий имкониятларини кўрсатиш билан бир қаторда кутилаётган хавфларга ҳам эътиборни каратиш ҳисобланади.
Ushbu maqolada yashil iqtisodiyotning asosiy xususiyatlari, rivojlanish omillari va istiqbollari tahlil qilingan. Yashil iqtisodiyotga oʻtishning global tendensiyalari, uning atrof-muhit va iqtisodiy barqarorlikka taʼsiri koʻrib chiqilgan. Oʻzbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va istiqbolli yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Tahlil natijalari asosida yashil iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ушбу мақолада ҳудудларда соғломлаштириш туризми соҳасини жадал ривожлантириш учун ҳудуд салоҳиятидан самарали фойдаланиш учун туристик мажмуалар фаолиятини шакллантиришнинг инновацион омиллари атрофлича ўрганиб чиқилган.
Мақолада венчур капиталининг моҳияти ва мазмуни, унинг назарий асослари хамда Ғарб, Россия ва Ўзбекистон олимларининг венчур капитали назариясини ривожланишига қўшган хиссаси очиб берилган.
Ushbu tadqiqot tijorat banklarining investitsion faoliyatini takomillashtirish yoʻllarini oʻrganishga qaratilgan. Tadqiqot doirasida investitsion portfelni diversifikatsiyalash, innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy etish, xalqaro moliya bozorlariga chiqish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish va risklarni boshqarish tizimlarini rivojlantirish muhim yoʻnalishlar sifatida aniqlangan.