So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish natijasida elektron hukumat infratuzilmasi bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Tadqiqotning maqsadi davlat xizmatlarida raqamli transformatsiyaning samaradorlik omillarini aniqlash va uning iqtisodiy hamda tashkiliy ta’sirini baholashdan iborat. Metodologiyada tizimli, solishtirma va trend tahlil yondashuvlari qo‘llanilib, 2017-2024-yillar oralig‘idagi ochiq ma’lumotlar asosida O‘zbekistonning raqamli rivojlanish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, elektron xizmatlar hajmining oshishi boshqaruv shaffofligini va xizmatlar qulayligini kuchaytirgan bo‘lsa-da, hududlar kesimidagi raqamli tengsizlik va kadrlar yetishmovchiligi samaradorlikni cheklab qolmoqda. Tadqiqotda Koreya, Daniya va Finlyandiya tajribalari asosida O‘zbekiston uchun mos innovatsion boshqaruv yondashuvlari tavsiya etilgan.
so‘nggi yillarda “yashil iqtisodiyot” g‘oyasi ko‘plab mamlakatlar uchun barqaror kelajak qurishda muhim omil sifatida e’tirof etilmoqda. Dunyoda yuz berayotgan jiddiy ekologik va iqlim muammolari endilikda tobora keskin tus olayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Shu sababli ko‘plab davlatlar ushbu muammolarni hal qilishning yangi usullarini qo‘llamoqda, yashil iqtisodiyotni targ‘ib qilish va rivojlantirish esa eng ishonchli yechimlardan biri sifatida qaralmoqda. Bu nafaqat tabiiy ekotizimlarni asrash, balki kelajak avlodlar uchun ham yanada yaxshi istiqbolni ta’minlash imkonini beradi. Ushbu maqolada tezkor iqlim o‘zgarishining asosiy sabablariga e’tibor qaratilib, yashil iqtisodiyotga o‘tishning naqadar zarurligi ta’kidlanadi. Shuningdek, unda O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishda amalga oshirayotgan qadamlariga, mamlakatning maqsadlari, strategiyalari va tashabbuslari tahlil qilinadi. Rivojlanayotgan davlat sifatida O‘zbekiston ham issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ekologik sharoitlarni barqaror usullar orqali yaxshilash ustida faoliyat olib borayotgani yoritiladi.
Maqolada mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida hududlar eksportining dinamikasi va hozirgi holati, uning tarkibiy o‘zgarishlari tahlil qilingan. Shuningdek, eksportni diversifikatsiyalash va barqarorligini ta’minlash masalalari tahlil qilingan. 2014-2024 yillar bo‘yicha statistik ma’lumotlar asosida Surxondaryo viloyati eksport dinamikasi tahlil qilingan, ARIMA modeli yordamida 2025-2030 yillarga prognozlar ishlab chiqilib, eksport hajmining o‘sish tendensiyasi aniqlangan. Shuningdek, eksport tarkibini kengaytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish, raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali eksportni rivojlantirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Maqolada raqamli transformatsiya sharoitida O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda institutsional mexanizmlarning roli va strategik yo‘nalishlar tahlil qilingan. Mamlakatdagi mavjud investitsion muhit, davlat siyosati va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos takliflar ishlab chiqilgan. Xitoy, Estoniya va Singapur kabi mamlakatlar misolida zamonaviy raqamli infratuzilmaning investitsiyalar uchun jozibadorlikni oshirishdagi o‘rni ko‘rsatib berilgan.
Ushbu maqolada dunyo mamlakatlarida hozirda qo‘llaniladigan turli xil sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish modellarining qiyosiy tahlili keltirilgan. Ushbu modellar aholiga keng ko‘lamli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini berish va ijtimoiy farovonlikni yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, bu mehnat unumdorligi va iqtisodiy o‘sishga bevosita ta’sir qiladi. Maqolada har bir sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish modelining operatsion xususiyatlari, afzalliklari va kamchiliklari batafsil ko‘rib chiqiladi.
Ushbu tadqiqotda milliy iqtisodiyotda Logistika industriyasi taʼminot zanjirlarida ortib borayotgan murakkabligi va korporativ boshqaruvninig kapital talabchanligi moliyaviy optimallashtirishning samarali vositalarini ishlab chiqish taʼkidlangan. Bugungu kun logistika sohasida faoliyat yurituvchi korporativ tuzilmalarda moliyalashtirish jarayonlarini optimallashtirish uchun moʻljallangan algoritmik yondashuvni baholash taklif etilgan. Ushbu algoritm moliyaviy oqimlarning oqilona taqsimlanishini taʼminlash uchun moliyaviy samaradorlik koʻrsatkichlari, risklarni baholash modellari va resurslarni taqsimlash mexanizmlarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot boʻyicha natijalar shuni koʻrsatadiki, taklif etilgan algoritm iqtisodiy samaradorlik, likvidlikni baholash va investitsion moslashuvchanlikni oʻlchashda dinamik logistika muhiti bilan bogʻliq moliyaviy risklarni kamaytiradi.
Mazkur maqolada zamonaviy uy-joy fondini boshqarish tizimini raqamlashtirishning dolzarb jihatlari, imkoniyatlari va afzalliklari ko‘rib chiqilgan. Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali uy-joy fondini boshqarish samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish, aholi bilan interaktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda shaffoflikni ta’minlash imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud muammolar va ularning yechimlari, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida tavsiyalar berilgan
Mazkur maqola mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishda innovatsion siyosatning rolini ilmiy asoslangan holda oʻrganadi. Globalizatsiya va raqamli transformatsiya sharoitida, mintaqaviy innovatsiya tizimlari (RIS) va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs) bilan moslashgan uchinchi avlod siyosati iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda asosiy omil ekanligi taʼkidlanadi. Tadqiqot sistematik adabiyot tahlili (SLR) metodologiyasiga asoslanib, Scopus, Web of Science va ResearchGate bazalaridagi soʻnggi yillarda chop etilgan bir qancha tadqiqot ishlarini tahlil qiladi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, innovatsion siyosat Yevropa Ittifoqi (S3 strategiyalari) va Xitoy (MLP dasturlari) misollarida GRDP ni 5-15% ga oshirib, bandlik va raqobatbardoshlikni yaxshilaydi, ammo kam rivojlangan mintaqalarda institutsional cheklovlar va polarizatsiya xavfi mavjud. Xulosada, siyosatning samaradorligi R&D investitsiyalari va universitet-sanoat hamkorligiga bogʻliq ekanligi isbotlanadi. Takliflar orasida subsidiyalarni oshirish va moslashuvchan shartlarni joriy etish mavjud boʻlib, kelgusidagi tadqiqotlar rivojlanayotgan mamlakatlarga eʼtibor qaratishi kerak.
Global iqtisodiy muhitning transformatsiyasi, globallashuv jarayonlarining tezlashishi va jahon moliyaviy-iqtisodiy tizimlarining integratsiyasi sharoitida biznes qiymatining noloyihaviy determinantlari strategik menejment arxitekturasida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tashkiliy jihatdan korporativ madaniyat qiymatga yo‘naltirilgan boshqaruvning tizim yaratuvchi omili sifatida namoyon bo‘lib, kompaniyaning uzoq muddatli raqobat ustunliklarini shakllantiradi, bozor identifikatsiyasini mustahkamlaydi va investitsiyaviy kapitallashuvini oshiradi. Bu esa korporativ madaniyatning institutsional ko‘rinishlarini kompleks tahlil qilish, uni biznes qiymatini boshqarish tizimiga integratsiya qilish uchun innovatsion instrumentlarni ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy iqtisodiy transformatsiyalar sharoitida uning samaradorligini ko‘p darajali baholash zaruratini dolzarb qiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda banklarni transformatsiyalash jarayonlarining nazariy-uslubiy asoslarini takomillashtirish, shuningdek, bank tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish, biznes-jarayonlarni optimallashtirish va korporativ boshqaruvni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari tahlil qilingan. Shuningdek, xalqaro tajriba asosida bank transformatsiyasining samaradorligini oshirishga qaratilgan uslubiy mexanizmlar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari banklarning moliyaviy barqarorligi, raqobatbardoshligi va xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi
Мақолада Ўзбекистонда электр ва маиший техника саноатида иқтисодий самарадорликни ошириш йўллари таҳлил қилинган. Назарий ёндашувлар, халқаро тажрибалар ва миллий шароит таҳлили асосида кластерлашув, модернизация, инсон капитали ва экспорт рағбатлари бўйича амалий тавсиялар ишлаб чиқилган.
Мақола Ўзбекистондаги акциядорлик жамиятларида мулкий капитал рентабеллиги (ROE) ни белгилайдиган омилларни DuPont моделидан фойдаланган ҳолда таҳлил қилиб, компаниянинг молиявий муваффақиятига даромаддорлик, самарадорлик ва қарз юкининг таъсирини ўрганади. Панель маълумотлари бўйича 25 та номолиявий компаниянинг 10 йиллик (2014–2023 йиллар) собит ва тасодифий эффектлар моделлари қўлланилди. DuPont модели тахминларига мос ҳолда, даромаддорлик ва самарадорлик мулкий капитал рентабеллигига муҳим ижобий таъсир кўрсатган, бироқ қарз юки салбий таъсирга эга бўлган. Ортиқча эффектли модель (лаг эффекти) натижаларига кўра эса, уччала омил ҳам мулкий капитал рентабеллигига аҳамиятли ижобий таъсир кўрсатган. Ўзбекистондаги номолиявий компанияларни таҳлил қилувчи илк мақолалардан бири сифатида, ушбу тадқиқот компания самарадорлигига таъсир қилувчи омиллар ҳақида тадқиқотчилар ва менежерлар учун фойдали маълумотлар тақдим этади.
Ushbu maqolada xorijiy davlatlar agrar sektorida eksport faoliyatini rivojlantirishda kichik biznes subyektlarining roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan ilg‘or amaliyotlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqishda kichik ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan eksportga yo‘naltirilgan siyosat hamda innovatsion boshqaruv yondashuvlarining samaradorligi, shuningdek, turli mamlakatlar tajribasi asosida kichik agrar biznesning eksport jarayonida uchraydigan muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari va raqobatbardoshlikni oshirish omillari qiyosiy tahlil qilinadi va agrar sohada eksport salohiyatini kengaytirish, kichik biznes ishtirokini faollashtirish hamda barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan xulosalar taqdim qilinadi
Ushbu tadqiqot 1997–2023-yillar davrida O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI), iqtisodiy o‘sish va savdo ochiqligi o‘rtasidagi sabab-oqibat munosabatlarini o‘rganadi. Kengaytirilgan Dikkey-Fuller (ADF) testiga ko‘ra barcha ko‘rsatkichlar birinchi tartibli integrallashgan, ya’ni I(1) ekanligi aniqlangan. Yohansen kointegratsiya testi esa ko‘rib chiqilayotgan o‘zgaruvchilar o‘rtasida kamida ikkita uzoq muddatli kointegratsiya vektorining mavjudligini tasdiqlaydi. Qisqa va uzoq muddatdagi sababiy aloqalarni tekshirish uchun Vektor xatolikni tuzatish modeli (VECM) qo‘llanilgan. Natijalar TXI, iqtisodiy o‘sish va savdo ochiqligi o‘rtasida har ikkala vaqt momentida ham ikki tomonlama (bi-yo‘nalishli) munosabat mavjudligini ko‘rsatadi. Ushbu natijalar savdo liberallashuvi va investitsiya muhiti bo‘yicha siyosatlarning iqtisodiy o‘sish, TXI oqimlari va savdo hajmining bir vaqtning o‘zida o‘sishini rag‘batlantirishi mumkinligini anglatadi. Tadqiqot O‘zbekistonning makroiqtisodiy barqarorligi va uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlash uchun savdo va investitsiya siyosatini uyg‘unlashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ilgari suradi.
Замонавий рақамли муҳитда ижтимоий тармоқлар таълим жараёнининг ажралмас қисмига айланмоқда. Ушбу мақолада ижтимоий тармоқлардан таълим ташаббусларини илгари суриш ва бошқаришда фойдаланиш бўйича бир нечта муваффақиятли амалий ҳолатлар таҳлил қилинади. Тадқиқот мактаб ва олий таълим муассасаларининг Телеграм, Инстаграм, ТикТок ва ЛинкедИн платформаларидаги фаолияти мисолида олиб борилди. Асосий эътибор стратегик коммуникация, рақамли етакчилик ва фойдаланувчиларни жалб қилиш усулларига қаратилган. Мақола натижалари таълим муассасаларида ижтимоий тармоқларни самарали бошқариш учун тавсиялар ишлаб чиқишга хизмат қилади.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston Respublikasida import, eksport va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi sabab-oqibat bog‘liqligini vaqt qatori ma’lumotlari va zamonaviy ekonometrik uslublar asosida o‘rganadi. Empirik tahlil Augmented Dickey-Fuller (ADF) testi orqali o‘zgaruvchilarning birlik ildizga ega ekanligi yoki yo‘qligini aniqlashdan boshlandi, so‘ngra o‘zgaruvchilar o‘rtasidagi uzoq muddatli muvozanat aloqalarini aniqlash uchun Johansen kointegratsiya testi qo‘llanildi. Qisqa va uzoq muddatli sababiy bog‘liqliklarni aniqlash uchun Vektor Xatolik Tuzatish Modeli (VECM) ishlatildi. Natijalar importdan eksportga qarab bir yo‘nalishli sababiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi, ya’ni import faoliyatidagi o‘zgarishlar eksport natijalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot shuningdek, import va iqtisodiy o‘sish hamda eksport va iqtisodiy o‘sish o‘rtasida ikki yo‘nalishli (o‘zaro) bog‘liqlik mavjudligini aniqlaydi. Ushbu natijalarning ahamiyati shundaki, savdoning har ikkala tarkibiy qismi-import va eksport-O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Natijalar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga erishish uchun import o‘sishini ham, eksportni rag‘batlantirishni ham qamrab oluvchi muvozanatli savdo siyosatining muhimligini ta’kidlaydi.
Maqolada O‘zbekiston sharoitida valyuta kursi farqlarini hisobga olishdagi mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni raqamlashtirish asosida hal etish bo‘yicha amaliy va metodologik takliflar ilgari surilgan. Xususan, kurslarni avtomatik yangilash, “Buxgalteriya hisobi xalqaro standarti (BHXS) 21" standartiga mos metodika ishlab chiqish va sun’iy intellekt orqali monitoring tizimi yaratish zaruriyati asoslab berilgan.
O‘zbekistonning innovatsion siyosati iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, resurslardan samarali foydalanish, yangi bozorlarni egallash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, bu borada qabul qilinayotgan strategiya va dasturlar mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga xizmat qiladi. Maqolada innovatsion siyosatning asosiy yo‘nalishlari, uning iqtisodiyot tarmoqlariga ta’siri hamda mavjud imkoniyatlar va muammolar ilmiy-analitik yondashuv asosida ko‘rib chiqiladi.
Ушбу мақолада макроиқтисодий барқарорликни таъминлашда монетар сиёсатнинг пул-кредит воситалари ва усуллари, тактик ва стратегик вазифалари, молиявий секторлар мутаносиблигини таъминлаш ва унда давлат монетар сиёсатининг ролини янада кучайтириш иқтисодий ислоҳотларни амалга оширишнинг ҳозирги босқичида долзарб вазифалар бўйича таклифлар берилган.
Mazkur tadqiqotda O‘zbekiston aholisining 2050-yilgacha demografik rivojlanishini prognozlashda geografik axborot tizimlari (GAT) texnologiyalaridan foydalanish metodologiyasi ishlab chiqildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi aholi soni, yosh-jins tarkibi, hududiy joylashuvi, urbanizatsiya jarayonlari hamda ichki va tashqi migratsiya oqimlarini hududlar kesimida kompleks tahlil qilish va prognozlash mexanizmini takomillashtirishdan iborat. Tadqiqot natijalari davlat rejalashtiruvi, hududiy rivojlanish strategiyalari, mehnat bozori prognozlari va ijtimoiy infratuzilmani optimallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. GAT texnologiyalaridan foydalanish demografik prognozlarning aniqligi va vizual tahlil imkoniyatlarini oshirib, qaror qabul qilish jarayonini ilmiy asoslashga xizmat qiladi
Ushbu maqola Fransiya misolida soliqdan boʻyin tovlashga qarshi kurash mexanizmlarini tashkil etishda ilgʻor xorijiy tajribani tahlil qilishga bagʻishlangan. Unda Fransiya soliq nazorat tizimining asosiy jihatlari, jumladan raqamlashtirish, xalqaro hamkorlik, riskka asoslangan yondashuv va javobgarlik choralari koʻrib chiqiladi. Fiskal siyosat samaradorligini oshirish maqsadida ushbu tajribani milliy soliq tizimlariga tatbiq etish istiqbollari oʻrganiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti xarajatlarining tuzilmasi, xususan, iqtisodiy xarajatlar va ularning milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tahlilda so‘nggi yillardagi statistik ma’lumotlar asosida iqtisodiy xarajatlarning hajmi, yo‘nalishlari va ustuvorlik darajasi ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, maqolada davlat byudjeti daromadlarini taqsimlash va qayta taqsimlash mexanizmlari o‘rganilib, ularning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishdagi imkoniyatlari yoritilgan. Yashil iqtisodiyotga o‘tish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan davlat strategiyalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqot natijalari iqtisodiy xarajatlarni strategik sohalarga yo‘naltirish va ularni amalga oshirish samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidlaydi.
Mazkur maqolada jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqlarning turli mamlakatlardagi tizimi va undirish mexanizmlarining solishtirma tahlili keltirilgan. Soliq stavkalari, imtiyozlar, deklaratsiya tartiblari hamda to‘lov usullari bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning amaliy tajribalari tahlil qilinib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri yoritilgan. Shuningdek, progressiv va proporsional soliqlarning adolatli taqsimotga ta’siri hamda investitsion daromadlarga nisbatan soliqlarning o‘rni muhokama qilingan. O‘zbekiston soliq tizimini takomillashtirishda xorijiy tajribalardan foydalanishning istiqbollari asoslangan. Maqolada daromad solig‘ini yig‘ish mexanizmlarining samaradorligi va adolatlilik darajasi iqtisodiy barqarorlik va byudjetga tushumlar nuqtai nazaridan tahlil etilgan.
Mazkur maqolada 2018–2024 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida davlat qimmatli qog‘ozlari bozorining holati va tuzilishi, jumladan talab va joylashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha har tomonlama tahlil qilingan. Davlat obligatsiyalari moliyaviy tizimning muhim elementi hisoblanib, ichki va tashqi investitsion resurslarni safarbar etishga xizmat qiladi. Tadqiqotda ushbu bozor segmentining to‘liq rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan institutsional va tuzilma bilan bog‘liq cheklovlar aniqlangan. Ular qatoriga mavjud qarz instrumentlarining cheklanganligi, ikkilamchi bozorda likvidlikning pastligi, qisqa muddatli obligatsiyalarning ustuvorligi hamda foiz stavkalari o‘zgaruvchan obligatsiyalar kabi moslasha oladigan vositalarning mavjud emasligi kiradi. Muallif tomonidan davlat obligatsiyalari muomalasining to‘liq ko‘p bosqichli infratuzilmasini yaratish uchun indekslashgan, “yashil” va ijtimoiy obligatsiyalar kabi innovatsion vositalarni joriy etish zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, davlat qarzi siyosatida shaffoflikni ta’minlash va byudjet moliyalashtirilishining barqarorligini kuchaytirishda davlat obligatsiyalari bozorini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.