Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida korporativ boshqaruv tizimining evolyutsiyasi va uning institutsional mazmunidagi o‘zgarishlar ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda raqamli texnologiyalar korporativ boshqaruvning yordamchi vositasi emas, balki uning institutsional yadrosi sifatida shakllanayotgani asoslab berildi. Direktorlar kengashining raqamli strategiya, ma’lumotlar siyosati va raqamli risklarni boshqarishdagi rolining kuchayishi alohida yoritilgan. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarda raqamli korporativ boshqaruvni joriy etish jarayonida yuzaga kelayotgan institutsional, tashkiliy, texnologik va normativ-huquqiy muammolar tizimli ravishda tahlil qilingan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, raqamli muhitda korporativ boshqaruvni takomillashtirish boshqaruv qarorlarining shaffofligi, tezkorligi va investitsion jozibadorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada O‘zbekiston sharoitida davlat ishtirokidagi korxonalar uchun moslashtirilgan raqamli korporativ boshqaruvning mualliflik yondashuvi taklif etilgan.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Mazkur maqolada aholiga aloqa xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasi institutsional va iqtisodiy nuqtayi nazardan tadqiq etiladi. Tadqiqot davomida aloqa xizmatlari bozorining rivojlanishiga ta’sir etuvchi boshqaruv mexanizmlari, tartibga solish instrumentlari hamda xizmatlar samaradorligini belgilovchi omillar nazariy jihatdan asoslab berildi. Empirik tahlil doirasida rasmiy statistika ma’lumotlari asosida xizmatlar qamrovi, foydalanish intensivligi va hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘rganildi. Olingan natijalar aloqa xizmatlari tizimining barqaror rivojlanishi samarali institutsional muhit bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatdi. Maqolada sohani boshqarishda davlat tartibga solish siyosati, investitsiya muvozanati va raqobat sharoitlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan institutsional takomillashtirish modeli taklif etildi. Tadqiqot yakunlari aloqa xizmatlari tizimini rivojlantirish va boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy qarorlar ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Мазкур мақолада хорижий мамлакатлар мисолида корпоратив бошқарув тизимини такомиллаштиришга доир илғор тажрибалар таҳлил қилинган. Мақолада корпоратив бошқарувнинг асосий принципларига акциядорлар манфаатларини ҳимоя қилиш, бошқарув органларининг мустақиллиги ва масъулияти, ахборот шаффофлиги ва манфаатлар тўқнашувининг олдини олиш каби йўналишларга алоҳида эътибор қаратилган. Тадқиқотда халқаро стандартлар OECD тамойиллари, G20/FSB тавсиялари, шунингдек, “Corporate Governance Code” (Буюк Британия) каби ҳужжатлар асосида корпоратив бошқарув амалиёти баҳоланади. Муаллиф илғор хориж тажрибасида кузатув кенгашларининг роли, мустақил директорларнинг функцияси, аудит қўмиталарининг самарадорлиги ва ички назорат механизмларининг ўрни ҳақида аниқ мисоллар келтиради. Мақола якунида Ўзбекистон шароитида хориж тажрибасини амалиётга тадбиқ қилиш имкониятлари, уларнинг ҳуқуқий, институционал ва иқтисодий жиҳатдан мослашувчанлигини баҳолаш, ҳамда миллий корхоналарда корпоратив бошқарув сифатини ошириш бўйича таклифлар берилган.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Mazkur maqolada O‘zbekiston moliya bozorining hozirgi holati va uning rivojlanishida yuzaga kelayotgan asosiy institutsional muammolar tahlil qilindi. Xususan, investor ishonchining pastligi, kapital qiymatining nisbatan yuqoriligi, korporativ boshqaruv sifati va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarining yetishmasligi kabi omillar ilmiy jihatdan ko‘rib chiqildi. Ushbu muammolarni bartaraf etishda ESG (Environmental, Social, Governance) tamoyillarini moliya tizimiga integratsiya qilishning iqtisodiy asoslari va mexanizmlari yoritiladi. Xalqaro empirik tadqiqotlar natijalari asosida ESG omillarining risklarni kamaytirish, axborot shaffofligini oshirish hamda kapitalga kirish imkoniyatlarini yaxshilashga ta’siri umumlashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida ESG tamoyillarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari va institutsional mexanizmlari bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv samaradorligini baholash iSOEF institutsional diagnostikasi va WBES amaliy ko‘rsatkichlari asosida tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari korporatizatsiya jarayonining sustligi, shaffoflik pastligi, auditning muntazam emasligi va tartibga solish yuklamalarining og‘irligi boshqaruv samaradorligini cheklayotganini ko‘rsatdi. Integratsiyalashgan diagnostika bosqichlari orqali institutsional va amaliy muammolar o‘zaro bog‘liq holda talqin qilindi hamda boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada davlat ulushi mavjud xo‘jalik yurituvchi subyektlarda korrupsiya xatarlarini kamaytirishda korporativ boshqaruv tizimining institutsional jihatlari tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba, jumladan OECD tamoyillari, ESG indikatorlari va ilg‘or xorijiy davlatlar amaliyoti asosida kuzatuv kengashlarining mustaqilligi, ichki va tashqi audit tizimlarining samaradorligi, shaffoflik darajasi va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mexanizmlari ilmiy asosda o‘rganilgan. Tadqiqot doirasida tizimli tahlil, taqqoslovchi metod va empirik uslublar yordamida O‘zbekistonning yirik davlat ishtirokidagi kompaniyalaridagi boshqaruv amaliyotlari tahlil etilib, takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilgan.
Мақолада институционал ёндашувнинг назарий асослари ва унинг минтақавий иқтисодий ривожланишга таъсири таҳлил қилинади. Миллий ва ҳудудий институтлар ўртасидаги уйғунлик, расмий ва норасмий институтлар ҳамкорлиги, ижтимоий ишонч ва маданий омиллар асосида институционал тузилмавий модул концепцияси таклиф этилади.
Maqolada fiskal boshqaruvdagi yaxshilanishlar ijtimoiy tenglik natijalariga qanday ta’sir qilishini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, u (Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik) PEFA asosidagi (Davlat moliyaviy boshqaruvi) PFM samaradorligi doirasidagi ko‘rsatkichlarini (Adolatga sodiqlik) CEQ asosidagi daromad tengsizligi va qashshoqlik metodologiyasi o‘lchovlari bilan birlashtiradigan empirik doirani integratsiya qiladi. Ushbu maqolada faqat milliy statistik va fiskal manbalardan olingan ommaga ochiq ma’lumotlarga tayanib, kompozit PFM indeksi tuzilgan va uning 2010-2024 yillardagi ijtimoiy tenglik natijalari bilan bog‘liqligi baholangan. Regressiya natijalari shuni ko‘rsatadiki, davlat moliyaviy boshqaruvidagi yaxshilanishlar daromad tengsizligi va qashshoqlikning pasayishi bilan sezilarli darajada bog‘liq. Xususan, budjet ishonchliligi va fiskal xavflarni boshqarish qayta taqsimlash samaradorligini oshiruvchi eng ta’sirli institutsional o‘lchovlar sifatida namoyon bo‘ladi. Tadqiqot o‘tish iqtisodiyotidan yangi empirik dalillarni taqdim etadi va fiskal boshqaruv islohotlariga institutsional va taqsimot nuqtai nazarlarini integratsiyalashning muhimligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada mahalla institutlarining bandlikni ta’minlashdagi amaliy roli, mavjud tashkiliy va institutsional mexanizmlarning samaradorligi hamda ularni takomillashtirish zarurati ilmiy asosda tahlil qilinadi. Mahalla kesimida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mahalla faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari orasida bandlik masalasining yetarli darajada markazlashmaganini va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning tizimlashtirilmaganligini ko‘rsatdi. Tadqiqot doirasida mahalla institutlarining diagnostika, kasbga tayyorlash, o‘z-o‘zini band qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslarni safarbar qilish va monitoring kabi funksiyalarni integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish bo‘yicha institutsional-tashkiliy mexanizm ishlab chiqildi. Taklif etilgan mexanizm mahalla boshqaruvining bandlikni ta’minlashdagi salohiyatini kuchaytirishga, uy xo‘jaligi bizneslarini rivojlantirishga hamda hududiy mehnat bozorini jonlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tadqiqot davlat korxonalarini (SOEs) boshlang‘ich ommaviy takliflar (IPO) va ikkilamchi ommaviy takliflar (SPO) orqali xususiylashtirish masalasini, ayniqsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan kapital bozori doirasida o‘rganadi. Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarning tajribasiga tayanilgan holda, ushbu maqola davlat korxonalarining fond bozoriga chiqarilishi orqali korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oshkoralikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, investorlar bazasining zaifligi, listing infratuzilmasining yetarli emasligi, hamda oshkoralik va korporativ boshqaruvdagi muammolar tahlil qilinadi. Hukumat tomonidan yirik SOE’larning IPO orqali xususiylashtirilishi bo‘yicha jiddiy tashabbuslar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, institut sarmoyadorlarning kamligi, underwriterlar faoliyatining zaifligi va aholining fond bozori haqida yetarli bilimga ega emasligi kabi tizimli to‘siqlar mavjud. Tadqiqot bosqichma-bosqich IPO joriy etish, investitsion banklar salohiyatini oshirish, oshkoralik tizimini kuchaytirish va aholining aksiyalarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi. Ushbu xulosalar O‘zbekistonning davlatga asoslangan iqtisodiyotdan bozor mexanizmlariga asoslangan tizimga o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Xalqarolashtirish oliy ta’lim sohasida raqobatbardoshlikning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda, u oliygohlarning global maydondagi mavqei, imiji va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini belgilab beradi. Rivojlanayotgan davlatlar uchun esa bu jarayon xalqaro ilmiy hamjamiyatga kirish va jahon reytinglarida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini beradi. Ushbu maqolaning maqsadi – O‘zbekiston universitetlarining raqobatbardoshligini oshirishda xalqarolashtirishning qanday rol o‘ynashini turli oliygohlar va mutasaddi tashkilot vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida tahlil qilishdir. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston universitetlari xalqarolashtirishni faol qo‘llayotgan bo‘lsalar-da, boshqaruv, resurslarni taqsimlash va til salohiyatida muammolar mavjud. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) va Toshkent shahridagi Vebster universiteti kabi xalqaro hamkorlikka ega oliygohlar xalqaro tarmoqlardan samaraliroq foydalanmoqda, milliy universitetlar asta-sekinlik bilan talabalar almashinuvi dasturlari va xorijda o‘qituvchilar malakasini oshirish orqali harakat qilmoqda. Maqolada ta’kidlanadiki, agar xalqarolashtirish ta’lim, ilmiy tadqiqot va boshqaruv jarayonlariga to‘liq integratsiya qilinmasa, u O‘zbekiston oliy ta’limida barqaror raqobatbardoshlik omili sifatida qaralishi mumkin emas.
Мазкур мақолада рақамлаштириш, институционал трансформация ва глобал таҳдидлар, жумладан ESG талаблари ҳамда корпоратив бошқарув шаффофлиги шароитида кончилик компанияларида стратегик бошқарув инструменти сифатида коммуникацион стратегиянинг ўрни ва аҳамияти тадқиқ этилган. Тадқиқотнинг долзарблиги Ўзбекистон Республикасида амалга оширилаётган иқтисодий ва институционал ислоҳотлар билан изоҳланади. Ушбу ислоҳотлар иқтисодиёт очиқлигини таъминлаш, инвестицияларни жалб этиш ҳамда корхоналарни жаҳон иқтисодий ҳамжамиятига интеграция қилишга қаратилган. Назарий ёндашувлар, халқаро тажриба ва «Навоий кон-металлургия комбинати» акциядорлик жамияти мисолидаги эмпирик маълумотлар таҳлили асосида коммуникацион стратегия нафақат ахборот таъминотини амалга ошириши, балки репутацион рискларни бошқариш ва бошқарув қарорларини қўллаб-қувватлашга хизмат қилиши асослаб берилган.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya vositalarini qo‘llash jarayonining metodologik asoslari, ularni takomillashtirish yo‘nalishlari va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish masalalari tahlil qilindi. AAOIFI va IFSB standartlari, shuningdek Malayziya, BAA va Turkiya kabi rivojlangan islom moliya bozorlarining tajribasi O‘zbekiston amaliyoti bilan solishtirildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, islom moliya vositalarining joriy etilishi huquqiy, institutsional, metodik va audit jarayonlarini takomillashtirishni talab etadi. Xususan, mahsulot dizayni, shariatga muvofiqlik, risk-menejment, soliq mexanizmlari va islomiy audit bo‘yicha mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish sektorning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Mazkur tadqiqot XXI asrda global iqtisodiyotda muhim o‘rin tutgan innovatsion rivojlanish modellarining taqqoslama tahlilini taqdim etadi. Maqolada AQSh, Yevropa Ittifoqi, Skandinaviya mamlakatlari, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya va Germaniyaning innovatsion tizimlariga chuqur nazar tashlanadi. Beshta asosiy model ochiq innovatsiyalar, Triple Helix, klaster innovatsiyalar, davlat boshqaruvi va korporativ strategiyalar 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, har bir model o‘ziga xos afzalliklarga ega bo‘lib, mamlakatlarning institutsional muhiti va iqtisodiy xususiyatlariga mos ravishda moslashtiriladi. Gibrid modellar va barqaror rivojlanish maqsadlarining integratsiyasi zamonaviy innovatsion strategiyalarning asosiy tendensiyalariga aylandi. O‘zbekiston uchun taqdim etilgan tavsiyalar milliy innovatsion ekotizimni rivojlantirish yo‘llarini belgilaydi.
Миллий молия бозорининг барқарор ривожланиши корпоратив капитал шаклланишининг замонавий механизмлари ва қимматли қоғозлар бозорининг самарадорлиги билан узвий боғлиқдир. Ушбу тадқиқотда корпоратив молиянинг молиявий инструментлари билан капитал бозори инфратузилмаси ўртасидаги интеграция жараёнлари атрофлича таҳлил қилиниб, қимматли қоғозлар бозорининг инвестиция жараёнларига таъсири илмий асосда ёритилди. Тадқиқот жараёнида тизимли таҳлил, қиёсий иқтисодий таҳлил, иқтисодий-статистик усуллар ва норматив-ҳуқуқий база таҳлилидан фойдаланилди. Натижалар корпоратив молия билан қимматли қоғозлар бозори ўртасидаги ўзаро ҳамкорлик капитал қийматини оптималлаштириши, корхоналарнинг инвестициявий имкониятларини кенгайтириши ҳамда миллий иқтисодиёт барқарор ўсишига хизмат қилиши мумкинлигини кўрсатди. Бундай чоралар молиявий тизимнинг шаффофлиги ва рақобатбардошлигини таъминлаб, уни жаҳон стандартларига мос ҳолда такомиллаштиришга хизмат қилади.
Mazkur maqolada turizmning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy va empirik tadqiqotlar asosida kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotda turizmni iqtisodiy o‘sishning muhim drayveri sifatida baholab, uning yalpi ichki mahsulot o‘sishi, bandlikni kengaytirish, xorijiy valyuta tushumlari, infratuzilma rivoji hamda hududiy iqtisodiy faollikka ta’siri ilmiy manbalar asosida yoritiladi. Metodologik jihatdan maqolada adabiyotlar sharhi, qiyosiy tahlil va empirik natijalarni umumlashtirish usullaridan foydalanilgan. Tadqiqot natijalari turizmning iqtisodiy samaradorligi mamlakatlarning institutsional muhiti, infratuzilma rivojlanganlik darajasi va boshqaruv sifatiga bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, turizmning multiplikativ ta’siri orqali iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham qo‘shimcha o‘sish va bandlik yaratilishi asoslab beriladi. Olingan xulosalar turizm siyosatini ilmiy asosda shakllantirish hamda sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada sifatli iqtisodiy oʻsish konsepsiyasi va uning Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanishining markaziy koʻrsatkichi sifatidagi roli koʻrib chiqiladi. Faqat YaIM oʻsishiga qaratilgan anʼanaviy choralardan farqli oʻlaroq, sifatli iqtisodiy oʻsish barqaror rivojlanish, tarkibiy diversifikatsiya, unumdorlikni oshirish, daromadlar tengligi va ijtimoiy farovonlikka urgʻu beradi. Tadqiqotda Oʻzbekistonning soʻnggi oʻn yillikdagi iqtisodiy yoʻnalishi tahlil qilinadi, sanoat ishlab chiqarishining yaxshilanishi, inson kapitaliga investitsiyalar, texnologiyalarni joriy etish va institutsional islohotlarga urgʻu beriladi. Maqolada sifat va miqdoriy maʼlumotlardan foydalangan holda makroiqtisodiy barqarorlik, tarkibiy islohotlar va mintaqaviy rivojlanish tashabbuslari nafaqat uning koʻlamiga, balki oʻsish sifatiga qanday hissa qoʻshishi baholanadi. Maqola iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yuqori qiymatli sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va boshqaruv samaradorligini oshirishni oʻz ichiga olgan oʻsish sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalari bilan yakunlanadi.