Ushbu maqolada aholi orasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish muammolari va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar ta’lim yetishmovchiligi, moliyaviy resurslarning cheklanganligi, bozor talablarini noto‘g‘ri baholash, huquqiy to‘siqlar va innovatsion g‘oyalarning yetishmovchiligi kabi muammolar yoritiladi. Shu bilan birga, ushbu muammolarga yechim sifatida tadbirkorlik ta’limini rivojlantirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash, bozor tahlilini o‘rgatish, huquqiy tartibotni soddalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llash kabi takliflar beriladi. Ushbu yechimlar jamiyatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni keng qamrovli tahlil qilinadi. Raqamli transformatsiyaning institutsional asoslari, AKT infratuzilmasining rivojlanishi, davlat boshqaruvi va xususiy sektorning raqamlashtirilishi, innovatsion texnologiyalarning sanoat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligiga joriy etilishi yoritilgan. Raqamlashtirish jarayonidagi muammolar, xususan raqamli savodxonlik, kiberxavfsizlik va kadrlar salohiyati bilan bog‘liq masalalar alohida ko‘rib chiqiladi. Tahlil natijalariga asoslanib, raqamli iqtisodiyotning yanada rivojlanish istiqbollari hamda uning iqtisodiy o‘sish va mamlakat raqobatbardoshligini oshirishdagi ahamiyati belgilab beriladi
Mazkur maqola kambag‘allik muammosining global va mintaqaviy tahliliga hamda uni bartaraf etish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi va O‘zbekiston strategiyalariga bag‘ishlangan. Maqolada Oksford Kambag‘allikka qarshi kurashish va inson taraqqiyotini rivojlantirish tashabbusi (OPHI)ning "Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi 2024" hisoboti tahlil qilingan bo‘lib, unda dunyo bo‘ylab 1,1 mlrd. aholi keskin kambag‘allikda yashayotgani, ularning katta qismi qishloq joylariga va Sahroyi Kabir hamda Janubiy Osiyo mintaqalariga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, kambag‘allikni kamaytirishning samarali strategiyalari (Janubiy Koreya, Xitoy, Braziliya, Norvegiya) ko‘rib chiqilgan va bunda inson kapitaliga sarmoya kiritish hamda ijtimoiy dasturlarni iqtisodiy o‘sish bilan uyg‘unlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Maqolada O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, xususan Jahon savdo tashkilotida ishtirok etish siyosatining iqtisodiy asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqot savdo kelishuvlarining eksport, investitsiyalar va raqobatbardoshlikka ta’sirini ochib beradi. Xalqaro va mintaqaviy tajriba asosida savdo siyosatini shakllantirishda inklyuzivlik, institutsional muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar ishtirokining ahamiyati yoritiladi. Empirik tahlil 2000–2024-yillar uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ma’lumotlari asosida panel regressiya modeli orqali amalga oshiriladi. Natijalar JSTga a’zolik YAIM hajmini o‘rtacha 17 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Shuningdek, JST a’zoligi investitsiya muhitini yaxshilashi, eksport diversifikatsiyasini kuchaytirishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi aniqlangan. Prognoz tahliliga ko‘ra, 2030-yilga kelib O‘zbekiston YAIMi JSTga a’zo bo‘lish sharoitida 245 mlrd AQSh dollariga yetishi mumkin. Maqolada savdo liberallashuvining ehtimoliy ijtimoiy va tarmoqlararo xatarlariga ham e’tibor qaratilib, muvozanatli savdo siyosati bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.
.Mazkur maqolada turizm xizmatlarini samarali boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqotda turizm xizmatlari bozorini boshqarishda qo‘llaniladigan institutsional, iqtisodiy, strategik, tashkiliy, raqamli, marketing, monitoring, inson resurslari hamda barqaror rivojlanish mexanizmlarining nazariy asoslari va amaliy ahamiyati tahlil qilingan. O‘zbekiston turizm xizmatlari bozorida mazkur mexanizmlarning qo‘llanilish darajasi o‘rganilib, ilmiy tadqiqotlarda asosan institutsional va iqtisodiy yondashuvlar ustuvor ekani aniqlangan. Shu bilan birga, raqamli boshqaruv, monitoring va barqaror rivojlanish mexanizmlarining yetarli darajada chuqur o‘rganilmaganligi ilmiy bo‘shliq sifatida asoslangan. Tadqiqot natijalari asosida turizm xizmatlarini boshqarishda integratsiyalashgan yondashuvni joriy etish bo‘yicha ilmiy xulosalar va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada distribyusiya korxonalarida marketing strategiyalarini amalga oshirish samaradorligini oshirishda raqamli transformatsiyaning o‘rni va uning asosiy mexanizmlari tahlil qilinadi. Erkin bozor sharoitida an’anaviy marketing usullarining samaradorligi tobora pasayib bormoqda. Shu sababli CRM tizimlari, marketingni avtomatlashtirish, katta ma’lumotlar (Big Data) tahlili, omnikanal kommunikatsiyalar va raqamli logistika kabi zamonaviy texnologiyalar bozorni yaxshiroq anglash, savdo aksiyalarini optimallashtirish hamda chakana savdo hamkorlari bilan shaxsiylashtirilgan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Raqamli ma’lumotlardan samarali foydalanayotgan distribyutorlar raqamli yechimlarni joriy etmagan raqobatchilarga nisbatan daromad o‘sishi, marketing kampaniyalarining rentabelligi va mijozlar qoniqish darajasi bo‘yicha yuqori natijalarni namoyon etmoqda. Raqamli vositalarga, kadrlar salohiyatini rivojlantirishga va hamkorlik platformalariga sarmoya kiritish distribyusiya amaliyotlarini zamonaviylashtirish, marketing faoliyati samaradorligini oshirish hamda O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan bozorlarda korxonalarning raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Raqamli texnologiyalarni joriy etish marketing strategiyalarini yanada tizimli va natijador qilish imkonini yaratadi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda savdo oqimlari kengayib, ta’minot-logistika zanjirlari murakkablashayotgan sharoitda bojxona xizmatlarining iqtisodiy ahamiyati hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdagi roli tahlil qilinadi. Dolzarblik rasmiylashtirish tezligi, shaffoflik va xavfsizlik talablari kuchayishi, risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda raqamli yechimlarni keng joriy etish ehtiyoji bilan izohlanadi. Ushbu yo’nalishdagi ilmiy adabiyotlar sharhi, normativ-huquqiy hujjatlar tahlili va rasmiy statistika asosidagi deskriptiv-dinamik qiyoslashdan iborat. Natijalar import-eksport tarkibida jamlanish va xatarlarning ortishini ko‘rsatib, riskka asoslangan nazorat, avtomatlashtirish va “inson omili” ni kamaytirish bo‘yicha yo‘nalishlarni asoslaydi. Muallif bojxona organini strategik savdo infratuzilmasi sifatida talqin etib, amaliy tavsiyalar beradi. Tadqiqotchining ilmiy hissasi sifatida bojxona xizmatining tashqi savdoni soddalashtirishdagi mexanizmlari tizimlashtirilib, ko‘rsatkichlari va amaliy islohot yo‘nalishlari takomillashtirish yo’nalishlarini taklif etgan.
Maqola bank sektori faol ravishda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish sharoitida uning transformatsiyasini tahlil etishga bag‘ishlangan. Unda bank faoliyatida SI qo‘llanilishining asosiy yo‘nalishlari operatsion jarayonlarni avtomatlashtirish, intellektual risk-menedjment, mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni shaxsiylashtirish va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish kabi jihatlar ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, SI an’anaviy bank biznes-modellari qanday o‘zgarayotganiga, banklarning raqobatbardoshligini oshirishiga va moliya bozorida yangi strategik ustunliklarni shakllantirishiga alohida e’tibor qaratilgan. Raqamli transformatsiya bilan bog‘liq chaqiriqlar va xatarlar kiberxavfsizlik, SI’dan foydalanishning etik jihatlari, shuningdek, tartibga soluvchi talablarga rioya etish masalalari tahlil qilingan. Xulosa o‘rnida aytilishicha, SI texnologiyalarining bank tizimiga integratsiyasi uning barqaror rivojlanishi va global raqobatbardoshligi uchun ajralmas shartga aylanmoqda.
Maqolada innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish va unda aholini ish bilan bandligining ta’minlanishi bo‘yicha xorij tajribasi o‘rganilgan. Innovatsiyalar va yangi ish o‘rinlarini yaratishda oliy ta’limning rolidan kelib chiqib bandlikni ta’minlash yo‘nalishlarini taqqoslashda ta’lim tizimi sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, samarali bandlikni ta’minlash, bandlikning yangi shakl va turlaridan foydalanish kabilar bo’yicha qiyosiy tahlil amalga oshirilgan. Innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishda ITTKIda yuqori malakali ishchilarning bandligi, innovatsiya infratuzilmasining mavjudligi, xususiy sektorning ushbu sohani moliyalashtirishda yuqori ulushga ega ekanligi, kichik va o‘rta biznesning innovatsion faolligi asosida RDIE modelidan foydalangan holda innovatsion faoliyatda ish bilan bandlikka ko‘maklashishga yo‘naltirilgan masalalarga ilmiy-amaliy yondashuvlar ishlab chiqilgan.
Maqolada ESG (Atrof-muhit, Ijtimoiy va Boshqaruv) tamoyillarining raqamli iqtisodiyot siyosatiga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida ESG tamoyillarining korporativ boshqaruv, barqarorlik strategiyalari va raqamli transformatsiyaga integratsiyasi o‘rganilgan. Shuningdek, ESG prinsiplari asosida davlat siyosati va biznesning raqamli iqtisodiyotdagi rolini oshirish, investitsiya jozibadorligini kuchaytirish va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash yo‘llari ko‘rib chiqilgan va mavzu boʻyicha asoslantirilgan xulosa va takliflar ishlab chiqilgan hamda mamlakatimizda qoʻllash boʻyicha tavsiyalar berilgan.
Мақолада таълим тизимида молиявий ресурслар, молиялаштириш масалалари, муаммолари ҳамда унинг аҳамияти кўрсатиб ўтилган. Шу билан бир қаторда таълим муассасаларида молиявий ресурслар самарадорлиги, молиялаштиришнинг янги моделларини амалиётга жорий этиш асосларига таҳлилий ёндашувлар келтирилган.
Маҳсулот таннархини аниқлаш ишлаб чиқариш ва хизмат кўрсатиш соҳасида самарали бошқарув учун муҳим омилдир. Замонавий калькуляция усуллари ахборот технологиялари ва мураккаб моделлардан фойдаланишга асосланиб, таннархни аниқлаш ва таҳлил қилишни осонлаштиради. Бу усуллар ишлаб чиқариш жараёнини оптимизация қилиш, харажатларни самарали бошқариш ва қарорлар қабул қилишда катта аҳамиятга эга. Услубларнинг ҳар бири ўзининг махсус афзалликлари билан, тўғри ҳисоб-китоб ва иқтисодий самарадорликка эришишга ёрдам беради. Замонавий технологиялар ва тажриба асосида, мазкур усулларни амалиётга жорий этиш ташкилотларга рақобатбардошликни ошириш ва ресурсларни тежаш имконини яратади.
Ўзбекистонда махсус иқтисодий зоналар бозор иқтисодиёти институти сифатида ҳудудларни ривожлантиришга муҳим ҳисса қўшиши билан алоҳида ўрин тутади. Ҳозирги кунда махсус иқтисодий зона (МИЗ)лар хорижий ва ички инвестицияларни жалб этишнинг устувор йўналиши сифатида қаралмоқда. Шуни ҳисобга олиб мақолада махсус зоналарни ҳудудлар ва иқтисодиёт тармоқлари кесимида самарадорлигини баҳолаш ва уларда меҳнат муносабатларини такомиллаштириш муҳим тадқиқот йўналиши ҳисобланади.
Мазкур мақолада иқтисодий ўзгаришлар шароитида янги авлод банк хизматларини такомиллаштириш масалалари ёритилган. Банклар томонидан рақамли трaнсформация шароитида янги авлод банк хизматларини замонавий молиявий технологиялар орқали кўрсатишнинг амалиёти таҳлил қилинган. Мавзу юзасидан олиб борилган тадқиқотлар натижасида мавжуд муаммолар аниқланган ва уларни бартараф этиш юзасидан амалий таклиф ва илмий тавсиялар ишлаб чиқилган.
Ushbu maqolada davlat byudjetini barqarorlashtirishda mahalliy byudjetni moliyalashtirishda eng muhim daromad manbalaridan biri bo‘lgan mol-mulk solig‘ining ahamiyati, mol-mulk solig‘ini hisoblash mexanizmini yanada takomillashtirishda xorijiy tajriba imkoniyatlari tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada qurilish materiallari sanoati korxonalarida ekologik investitsiyalarni hisobga olish tizimini takomillashtirish masalasi o‘rganilgan. Amaldagi buxgalteriya schyotlar tizimida ekologik xarajatlar umumiy ishlab chiqarish xarajatlari tarkibida aks ettirilishi ularni nazorat qilish va tahlil qilish imkoniyatlarini cheklashi aniqlangan. Shu munosabat bilan, 8540–“Ekologik investitsiya xarajatlarini moliyalashtirish” schyoti va unga bog‘liq 8541, 8542, 8543 subhisoblarni joriy etish taklif etildi. Tadqiqot davomida xalqaro moliyaviy hisobot standartlari bilan milliy hisob siyosati qiyoslab chiqildi hamda amaliy misollar asosida yangi buxgalteriya modelining samaradorligi asoslab berildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv samaradorligini baholash iSOEF institutsional diagnostikasi va WBES amaliy ko‘rsatkichlari asosida tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari korporatizatsiya jarayonining sustligi, shaffoflik pastligi, auditning muntazam emasligi va tartibga solish yuklamalarining og‘irligi boshqaruv samaradorligini cheklayotganini ko‘rsatdi. Integratsiyalashgan diagnostika bosqichlari orqali institutsional va amaliy muammolar o‘zaro bog‘liq holda talqin qilindi hamda boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston soliq tizimining raqamli texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinishi jarayoni har tomonlama tahlil qilinadi. Raqamlashtirishning mohiyati, soliq ma’muriyati samaradorligini oshirishdagi o‘rni hamda davlat boshqaruvi tizimida tutgan o‘ziga xos strategik ahamiyati ochib beriladi. Shuningdek, raqamli islohotlarning amaliy natijalari sifatida elektron hujjat almashinuvi tizimi, onlayn soliq deklaratsiyalarini topshirish platformalari, soliq to‘lovchilar kabineti, axborot xavfsizligi infratuzilmasi, soliq organlari o‘rtasidagi integratsiyalashgan ma’lumotlar bazalari va avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari kiritilishi batafsil o‘rganiladi. Bundan tashqari, raqamlashtirish jarayonida uchrayotgan asosiy muammolar hududlar o‘rtasidagi infratuzilma tafovutlari, internet tezligi va texnik ta’minot yetishmovchiligi, aholining va tadbirkorlarning raqamli savodxonlik darajasining pastligi, qonunchilikdagi bo‘shliqlar hamda kiberxavfsizlik xavflari batafsil tahlil etiladi. Raqamli tizimlarni joriy etish jarayonida uchraydigan tashkiliy, iqtisodiy va texnik to‘siqlar bilan birga ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi. Maqola natijalarida soliq tizimini modernizatsiya qilish orqali shaffoflikni oshirish, soliq ma’muriyati xarajatlarini qisqartirish, inson omiliga bog‘liq xatoliklarni kamaytirish va soliq to‘lovchilarga qulay sharoitlar yaratishning samarali mexanizmlari yoritiladi. Tadqiqot natijalari soliq organlari, iqtisodchi-mutaxassislar, tadbirkorlik subyektlari va raqamlashtirish siyosatini amalga oshirayotgan davlat institutlari uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur maqolada davlat tibbiyot tashkilotlarida nomoddiy aktivlar hisobining nazariy jihatlari, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati hamda raqamli infratuzilma sharoitida foydalanish mexanizmlari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlar, elektron tibbiy reestrlar, tibbiy axborot tizimlari, litsenziyalar, klinik protokollar, tibbiy maʼlumotlar bazalari va intellektual resurslar, tibbiyot muassasalarining xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirishda asosiy omilga aylanganini koʻrsatdi. Maqolada nomoddiy aktivlarni baholashning integral indikatorli modeli (IAI) ishlab chiqilib, besh indikator: axborot tizimlari qiymati, klinik litsenziyalar, maʼlumotlar bazasi qiymati, elektron xizmatlar samaradorligi va intellektual salohiyatga asoslangan baholash metodologiyasi taklif etilgan. Tadqiqot natijalari nomoddiy aktivlarni hisobga olishda faqat moddiy moliyaviy koʻrsatkichlar bilan cheklanish amaliy jihatdan yetarli emasligini, ijtimoiy foyda va xizmat samaradorligini hisobga oluvchi kompleks yondashuv talab etilishini asosladi. Maqola natijalari davlat tibbiyot tashkilotlarida moliyalashtirish samaradorligini oshirish, hisob siyosatini takomillashtirish va raqamli iqtisodiyot sharoitida intellektual resurslarni strategik boshqarish uchun amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada buxgalteriya balansi tuzishning metodologik asoslari, uni takomillashtirish yo‘nalishlari va tahliliy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yoritiladi. Buxgalteriya balansi korxonaning moliyaviy ahvolini baholashda asosiy axborot manbai sifatida qaralib, uning to‘g‘ri shakllantirilishi moliyaviy qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada aktiv va passiv moddalar tarkibini belgilash, balans strukturasini hamda likvidlik darajasini tahlil qilishning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan hisob tizimlari orqali balans ma’lumotlarining axborot qiymatini oshirish imkoniyatlari bayon etilgan. Tadqiqot natijalari buxgalteriya balansi ma’lumotlaridan samarali foydalanish, korxonaning moliyaviy barqarorligini baholash va boshqaruv qarorlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada mahalla institutlarining bandlikni ta’minlashdagi amaliy roli, mavjud tashkiliy va institutsional mexanizmlarning samaradorligi hamda ularni takomillashtirish zarurati ilmiy asosda tahlil qilinadi. Mahalla kesimida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mahalla faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari orasida bandlik masalasining yetarli darajada markazlashmaganini va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning tizimlashtirilmaganligini ko‘rsatdi. Tadqiqot doirasida mahalla institutlarining diagnostika, kasbga tayyorlash, o‘z-o‘zini band qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslarni safarbar qilish va monitoring kabi funksiyalarni integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish bo‘yicha institutsional-tashkiliy mexanizm ishlab chiqildi. Taklif etilgan mexanizm mahalla boshqaruvining bandlikni ta’minlashdagi salohiyatini kuchaytirishga, uy xo‘jaligi bizneslarini rivojlantirishga hamda hududiy mehnat bozorini jonlantirishga xizmat qiladi.
Ушбу мақолада Ўзбекистон Республикаси миллий иқтисодиёти тармоқлари ва соҳаларида рақамли иқтисодиёт воситаларидан фойдаланишнинг назарий-услубий жиҳатлари таҳлил қилинган, шунингдек, иқтисодиётда, хусусан, банк бизнесида рақамли технологияларни ривожлантириш масалалари кўриб ўтилган. Шу билан бирга банк бизнесида рақамли технологияларни ривожлантириш бўйича таклифлар келтирилган.
Ушбу тадқиқотда Ўзбекистон Республикасида товарларни мажбурий рақамли маркировкалаш тизимини жорий этишнинг назарий-методологик асослари ва амалий аҳамияти таҳлил қилинган бўлиб, рақамли маркировкалашнинг моҳияти, яъни товар ҳаракатини тўлиқ кузатиш, уларнинг ҳақиқийлиги ва сифатини кафолатлаш ҳамда солиқ-божхона органлари учун шаффоф ахборот муҳитини яратишдаги ўрни илмий жиҳатдан асосланган, шунингдек, ушбу тизимнинг иқтисодий аҳамияти, жумладан давлат бюджети даромадларини ошириш, яширин иқтисодиётни қисқартириш, контрафакт маҳсулотлар айланмасини чеклаш, истеъмолчилар ҳуқуқларини ҳимоя қилиш ва миллий иқтисодиётда рақамли трансформация жараёнларини чуқурлаштиришдаги самарадорлиги ёритилиб, хорижий тажриба асосида қиёсий таҳлил қилинган.