Mazkur maqolada korxona faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida boshqaruv hisobi tizimini zamonaviy tahlil usullari asosida rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Boshqaruv hisobini an’anaviy hisob tizimidan boshqaruv qarorlarini qabul qilishni analitik jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi vositaga aylantirish zarurati asoslab berilgan. Tadqiqotda umumilmiy va iqtisodiy-statistik usullar, jumladan, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil hamda ekonometrik modellashtirish usullaridan foydalanilgan.Korxona faoliyati samaradorligining integral ko‘rsatkichiga boshqaruv hisobi tizimi rivojlanganlik darajasi, analitik usullardan foydalanish hamda hisob jarayonlarining raqamlashtirilganlik darajasining ta’sirini baholash uchun ko‘p omilli regressiya modeli taklif etilgan. Tadqiqot natijalari o‘rganilgan omillar bilan samaradorlik o‘rtasida barqaror ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi, bunda eng katta ta’sir zamonaviy analitik vositalar (KPI, omilli va marjinal tahlil) hissasiga to‘g‘ri keladi. Olingan natijalar asosida boshqaruv hisobi tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi, jumladan KPI tizimini joriy etish, analitik vositalarni rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish. Taklif etilgan yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish hamda korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi
Ushbu maqola infratuzilmaning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini tahlil qiladi va standartlashtirish orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini o‘rganadi. Infratuzilma, davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, barqaror o‘sish va raqobatbardoshlikni oshirishga muhim ta’sir ko‘rsatadi. Maqolada, infratuzilmaning turli sohalariga – transport, energetika, kommunikatsiya va sanoat infratuzilmasiga oid davlat siyosatlari va joriy etilgan standartlarning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Standartlashtirish jarayoni, resurslarni samarali boshqarish, texnologik yangiliklarni joriy etish, hamda sifatni oshirish orqali iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda infratuzilmaning modernizatsiyasi va shu orqali iqtisodiy barqarorlikka erishishning amaliy yondashuvlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, maqolada davlatning infratuzilma loyihalariga bo‘lgan investitsiyaviy yondashuvlarining iqtisodiy foydalari, shu jumladan, ish o‘rinlari yaratish va turli sohalarda raqobatni kuchaytirishdagi roli tahlil qilinadi. Maqola infratuzilma va standartlashtirishning iqtisodiyotga ijobiy ta’sirini ko‘rsatish bilan birga, bunday siyosatlarning kelajakdagi istiqbollarini ham baholaydi.
Barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash metodologiyasi zamonaviy raqamli iqtisodiyotning ajralmas qismi hisoblanadi. Maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiy jarayonlarga ta’siri, ularni boshqaruv, ishlab chiqarish, moliyaviy va soliq tizimlarida samarali joriy etish metodologik asoslari tahlil qilingan. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkoniyatlari yoritilgan. Xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti sharoitida SI tizimlarini tatbiq etishning afzalliklari va muammolari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv yondashuvlari barqaror iqtisodiy o‘sish va samaradorlikni oshirishda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi
Mazkur tadqiqotda davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalari keng qamrovda tahlil etilgan. Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash hamda investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirishda muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi. Shu sababli ularning boshqaruv mexanizmlarini xalqaro talab va standartlarga moslashtirish, faoliyatning ochiqligi va hisobdorlik darajasini oshirish, shuningdek, barcha manfaatdor tomonlar huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Tadqiqot davomida mavjud tizimli muammolar chuqur tahlil qilinib, rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayangan holda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Umuman olganda, korporativ boshqaruvni samarali rivojlantirish korxonalar faoliyatining natijadorligini oshirish bilan birga, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida bank aksiyadorlik jamiyatlarida raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati tadqiq etiladi. Raqamli boshqaruvni faqat avtomatlashtirish yoki axborot texnologiyalarini joriy etish bilan cheklab bo‘lmasligi, balki u qaror qabul qilish sifati, risklarni boshqarish, komplayens va moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatuvchi data-driven boshqaruv tizimi ekani asoslanadi. Tadqiqotda DESI va EGDI kabi makrodarajadagi indekslarning korporativ boshqaruv samaradorligini baholashdagi cheklovlari aniqlanadi. Ushbu bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida raqamli boshqaruvni iqtisodiy natijalar bilan bog‘lovchi mualliflik indikatorlar tizimi va integral baholash modeli taklif etiladi. Natijalar bank amaliyoti uchun metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi
Mazkur maqolada O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati va ularning samaradorligi tahlil qilingan. Tadqiqotda 2010–2024 yillar oralig‘ida mamlakatning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari yalpi ichki mahsulot, inflyatsiya, eksport hajmi, xorijiy investitsiyalar oqimi hamda raqamlashtirish jarayonlarining dinamikasi o‘rganilgan.
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqola “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional islohotlar yo‘nalishining asosiy ko‘rsatkichlarini ta’minlash nuqtai nazaridan sanoat korxonalarida budjetni boshqarish tizimini joriy etishning ahamiyatiga bag‘ishlangan. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda sanoat siyosati va texnologik modernizatsiya roliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maqolada shuningdek, sanoat korxonalari samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va strategik maqsadlarni boshqariladigan va samarali jarayonga aylantirish vositasi sifatida budjetni boshqarish tizimini joriy etishni asoslangan dalillari keltirilgan
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida aksiyadorlik jamiyatlarida, xususan bank AJlarda raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati va nazariy evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Tadqiqot raqamli boshqaruvni IT joriy etish bilan cheklamasdan, axborot asimmetriyasi hamda agentlik va tranzaksion xarajatlarni qisqartirish, nazorat va hisobdorlikni kuchaytirish, risklarni erta aniqlash orqali izohlaydi. Solishtirma va kontent-tahlil asosida tushunchalar taqqoslandi, evolyutsion model va omillar tizimi ishlab chiqildi. Mualliflik ta’rifi taklif etilib, banklar uchun konseptual xulosalar berildi
Ushbu maqola Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlarida dasturiy-maqsadli va natijaviy byudjetlashtirish amaliyotini o‘rganishga bag‘ishlangan. Turli davlatlar tomonidan byudjet jarayonining samaradorligi va shaffofligini oshirish uchun qo‘llanilayotgan yondashuvlar ko‘rib chiqiladi. Davlat dasturlarini shakllantirish, natijalarni baholash tizimi va boshqaruv qarorlarini qabul qilish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur mexanizmlarni amalga oshirishning ijobiy tajribalari va mavjud cheklovlar tahlil qilinadi. O‘tish davridagi iqtisodiyotga ega mamlakatlarda byudjet tizimini modernizatsiya qilish doirasida xorijiy tajribani moslashtirish muhimligi ta’kidlanadi
Mazkur maqolada ishlab chiqarish korxonalarida iqtisodiy samaradorlikni oshirish masalasi yoritilgan. Unda ishlab chiqarish resurslaridan oqilona foydalanish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish, raqamli texnologiyalarni joriy qilish hamda mehnat unumdorligini oshirish yo‘llari tahlil qilinadi. Shuningdek, taniqli iqtisodchi olimlarning iqtisodiy, ya’ni ishlab chiqarish resurslari haqidagi fikrlari tahlil qilinib, umumiy xulosa chiqarilgan. Bundan tashqari, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yo‘llari va uni aniqlash usullari ham ko‘rib chiqilgan.
Mazkur maqolada Qashqadaryo viloyati agroqayta ishlash korxonalarida logistika va ta’minot zanjiri samaradorligini oshirishning optimal-tizimli modeli ishlab chiqilgan. Tadqiqotda xomashyo yetkazib berish, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulotni taqsimlash jarayonlarining integratsiyalashgan boshqaruv mexanizmlari tahlil qilindi. Chiziqli dasturlash, transport modeli va tizimli tahlil metodlari asosida logistika xarajatlarini minimallashtirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, optimal logistika modeli korxonalarda transport xarajatlarini kamaytirish, mahsulot yetkazib berish tezligini oshirish va resurslardan samarali foydalanishga xizmat qilishi asoslandi
Ushbu maqolada xizmat ko‘rsatish korxonalarida marketing xizmatining funksional tashkiliy tuzilmasi, marketing xizmatining funksional tashkiliy tuzilmasining afzallik va kamchiliklari hamda xizmat ko‘rsatish korxonalarida marketing xizmatining tovar ishlab chiqarish yondashuviga asoslangan tashkiliy tuzilmasi kabi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqaruv munosabatlari tahlil qilingan
Mazkur maqolada davlat moliyasi hamda xalqaro kredit resurslarining ta’lim tizimiga ta’siri kompleks yondashuv asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda moliyaviy resurslarning ta’lim sifati, infratuzilma rivoji va inson kapitalini shakllantirishdagi o‘rni empirik va nazariy jihatdan asoslab berilgan. Xususan, xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan ajratilayotgan kreditlarning samaradorligi, ularning ta’lim tizimiga integratsiyalashuvi hamda natijadorlik ko‘rsatkichlariga ta’siri baholanadi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiyasi ta’lim tizimining barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq resurslardan foydalanish samaradorligi boshqaruv mexanizmlarining takomillashganlik darajasiga bevosita bog‘liq. Maqolada samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan bank xizmatlari sifatini baholashning zamonaviy metodologik yondashuvlari tadqiq etilgan. Raqamli banklash jarayonlari, omnikanal xizmat ko‘rsatish modeli va mijoz tajribasining ustuvor ahamiyat kasb etishi sharoitida sifatni an’anaviy mezonlar asosida baholash yetarli emasligi asoslab berilgan. Tadqiqotda xizmat sifati ko‘p o‘lchamli iqtisodiy kategoriya sifatida talqin qilinib, funksional samaradorlik, raqamli interfeys qulayligi, kommunikativ aniqlik, xavfsizlik darajasi hamda mijoz sodiqligi indikatorlarini o‘z ichiga oluvchi integrallashgan baholash tizimi taklif etilgan. Shuningdek, subyektiv qoniqish ko‘rsatkichlari bilan obyektiv operatsion parametrlarni uyg‘unlashtirish zarurligi asoslangan. Natijada jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish sifatini monitoring qilish va strategik boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beruvchi zamonaviy metodologik model ishlab chiqilgan
Ushbu ilmiy maqola milliy iqtisodiyotning turli sohalarida blokcheyn texnologiyasining qo‘llanilishini tahlil qiladi. Maqolada blokcheynning iqtisodiyotdagi afzalliklari, markazlashmagan boshqaruv tizimi, xavfsizlik va shaffoflik imkoniyatlari yoritilgan. Shuningdek, texnologiyaning moliya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda qo‘llanilishi hamda O‘zbekiston tajribasi ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotning dolzarbligi shundaki, blokcheyn texnologiyasi milliy iqtisodiyotning samaradorligini oshirish va raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish imkonini beradi
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida qurilish materiallari sanoati rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari tahlil qilinib, ishlab chiqarish jarayonlarini sifat menejmenti tamoyillari asosida tashkil etishning nazariy va amaliy jihatlari yoritilgan. Sifat menejmenti tizimlarini joriy etishda xalqaro ISO 9001:2015 standartining ahamiyati, uning iqtisodiy samaradorlik va raqobatbardoshlikka ta’siri ilmiy asoslangan. 2018-2024 yillar davomida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmlari, eksport ko‘rsatkichlari va ISO standartlariga ega korxonalar ulushi bo‘yicha tahliliy jadvallar shakllantirilib, ularning o‘zgarish dinamikasi ochib berilgan. Shuningdek, sifat menejmenti tizimini joriy etish natijasida korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligi, energiya tejamkorligi va mahsulot sifati ko‘rsatkichlarining o‘sishi aniqlangan.