O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan institutsional va huquqiy islohotlar tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat moliyasining ochiqligini ta’minlash, byudjet jarayonida fuqarolik ishtirokini kuchaytirish, soliq va xarajatlar tizimini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotda ushbu islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ularning samaradorligi, xalqaro standartlarga (masalan, IMF’ning fiskal shaffoflik mezonlari, PEFA indikatorlari) muvofiqligi baholanadi.
Xalqaro universitet reytinglari oliy ta’lim boshqaruvida kuchli vosita sifatida namoyon bo‘lib, ular strategik siyosatlar va islohotlarga global darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan tizimlar uchun reytinglar nafaqat muammo, balki xalqaro miqyosda e’tirof etilish imkoniyatidir. Ushbu maqolada davlat, xususiy va xalqaro filial universitetlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan suhbatlar hamda milliy siyosiy hujjatlar tahliliga asoslangan holda O‘zbekiston universitetlarining reyting bosimlariga bergan javoblari yoritiladi. Natijalar xususiy va xalqaro universitetlar reytinglarga tizimli yondashib, xalqaro brend yaratish, qaror qabul qilishdagi avtonomiya va ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish orqali raqobatbardoshlikka erishayotganini ko‘rsatadi. Davlat universitetlari esa byurokratik cheklovlar, avtonomiya yetishmasligi va resurslarning samarasiz taqsimlanishi bilan ajralib turadi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, raqobatbardoshlikning muhim omili sifatida ambitsiya emas, balki boshqaruv salohiyati birinchi o‘rinda turadi. Maqolada xulosa qilinishicha, reytinglarda barqaror natijalarga erishish uchun boshqaruv islohotlari zarur bo‘lib, ular avtonomiyani kengaytirishi, hisobdorlikni oshirishi, institutsional salohiyatni kuchaytirishi va reytinglarni ta’lim, ilm-fan hamda taraqqiyotning kengroq maqsadlariga integratsiya qilishi kerak.
Мақолада молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликнинг институционал ўзига хосликлари назарий ва амалий жиҳатдан тадқиқ этилган. Ўзбекистонда давлат молиясини бошқариш тизимини модернизация қилиш, бюджет жараёнларида очиқлик даражасини ошириш, халқаро молиявий ҳисобот стандартларига босқичма-босқич ўтиш бўйича амалга оширилаётган ислоҳотлар таҳлил қилинган. Халқаро тажриба (Финляндия, Канада, Жанубий Корея, Австралия, Швеция) мисолида самарали молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликни таъминловчи омиллар реал вақтда маълумот тақдимоти, мустақил аудит институтлари ва рақамли технологиялардан фойдаланишнинг аҳамияти кўрсатиб берилган. Шунингдек, Ўзбекистоннинг PEFA ва Очиқ бюджет индекси кўрсаткичлари таҳлил қилиниб, мавжуд муаммолар ва уларни ҳал қилиш йўналишлари юзасидан таклифлар ишлаб чиқилган. Тадқиқот натижаларига кўра, миллий қонунчиликни мустаҳкамлаш, ахборотларни халқаро стандартлар асосида тақдим этиш, жамоатчилик иштирокини кенгайтириш ва рақамли технологияларни жорий этиш молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликнинг институционал пойдеворини мустаҳкамлашда ҳал қилувчи аҳамиятга эга.
Maqolada qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashishning Oʻzbekistonning xomashyosiz eksportiga ta’siri empirik jihatdan tahlil qilinadi. Globallashuv va xalqaro raqobatning kuchayishi sharoitida institutsional muhit tashqi savdo raqobatbardoshligining muhim omillaridan biri hisoblanadi. 2001–2022 yillarni qamrab olgan panel ma’lumotlar va kengaytirilgan gravitatsion savdo modeli asosida korrupsiyani nazorat qilish hamda qonun ustuvorligi ko‘rsatkichlarining xomashyosiz eksport hajmlariga ta’siri baholanadi. Tadqiqot natijalari qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashish eksport hajmlariga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi. Olingan xulosalar eksportni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini rivojlantirish institutsional islohotlarsiz mumkin emasligini ko‘rsatadi
Ushbu maqola Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ijtimoiy sugʻurta tizimining asosiy xususiyatlari, tuzilishi, moliyalashtirish mexanizmlari va Yevropa miqyosidagi muvofiqlashtirish qoidalarini tahlil qiladi. Har bir aʼzo davlat oʻz milliy ijtimoiy sugʻurta tizimini mustaqil ravishda shakllantirish huquqiga ega boʻlsa-da, Yevropa Ittifoqi fuqarolarining erkin harakatlanishi va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish maqsadida umumiy muvofiqlashtirish qoidalari joriy etilgan. Maqolada ijtimoiy himoya xarajatlarining YaIMdagi ulushi, asosiy yoʻnalishlar hamda turli ijtimoiy modellar taqqoslanadi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, YI mamlakatlarida ijtimoiy sugʻurta tizimi aholini ijtimoiy xatarlardan himoya qilishning samarali mexanizmi boʻlib, ammo aholining qarishi va moliyaviy bosimlar tufayli doimiy islohotlarni talab etadi.
Maqolada xorijiy universitetlarning marketing strategiyalarini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari sharoitiga moslashtirishning amaliy modelini ishlab chiqish yondashuvlari tadqiq etiladi. Bunda institutsional islohotlar, raqamli muhitning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ma’lumotlarga ishlov berish bilan bog‘liq huquqiy cheklovlar inobatga olinadi. Tadqiqotning metodologik asoslari sifatida xalqaro va o‘zbek adabiyotlari hamda rasmiy manbalar sharhi, keyslarni qiyosiy tahlil qilish, SWOT-tahlil, shuningdek, so‘rov va intervyu natijalarini modellashtirish ko‘rib chiqiladi
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida mehnat bozorini isloh qilish sharoitida kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilishda strategik instrument sifatida professional standartlarning ahamiyati koʻrib chiqiladi. Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Rossiya va Albaniya tajribasi asosida professional malakalarni shakllantirish va joriy etishga doir yondashuvlarning taqqoslama tahlili keltirilgan. Oʻzbekistonda turizm sohasidagi me’yoriy baza va amaliy faoliyat tahlil qilingan holda asosiy muammo va to‘siqlar aniqlangan. Empirik tadqiqot natijalariga koʻra, professional standartlarga nisbatan ish beruvchilar va ta’lim muassasalarining munosabati baholandi hamda milliy malakalar tizimini rivojlantirish boʻyicha yoʻnalishlar belgilandi. Xalqaro tajribalarni milliy shart-sharoitlarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. SWOT-tahlil natijalari asosida standartlarni joriy etish va yangilash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik sohasida innovatsiyalarni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Xususan, innovatsion iqtisodiyotga o‘tish jarayonida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, raqamli texnologiyalarni joriy etish, startap loyihalarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik masalalari yoritilgan. Shuningdek, mamlakatda innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional islohotlar, ilmiy-tadqiqot natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish va raqobatbardosh tadbirkorlik muhitini shakllantirishning ustuvor yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Мақолада Ўзбекистон Республикасининг ҳудудий ривожланиш концепциясини ишлаб чиқишнинг илмий асосланган методологияси тақдим этилган. Фазовий режалаштириш бўйича назарий ёндашувлар, жумладан, ўсиш қутблари концепцияси, марказий жойлар назарияси ва кўп марказли ривожланиш моделлари ўрганилган. Муаллиф Ўзбекистон ҳудудларининг олти турини ўз ичига олган илмий асосланган типологияни таклиф этган: марказий пойтахт ҳудуди, миллий аҳамиятга эга ўсиш қутблари, жадал ривожланаётган ҳудудлар, таркибий модернизация ҳудудлари, устувор давлат қўллаб-қувватлови ҳудудлари ва экологик тикланиш ҳудудлари. Ҳар бир тур учун ўзига хос ривожланиш устуворликлари, қўллаб-қувватлаш воситалари ва мақсадли кўрсаткичлар белгиланган. Ҳудудий ривожланиш концепциясининг иқтисодий, ижтимоий, инфратузилмавий ва экологик кўрсаткичларни ўз ичига олган мақсадли индикаторлар тизими ишлаб чиқилган. Давлат дастурлари, инвестиция лойиҳалари ва институтсионал ислоҳотлар тизими орқали концепцияни амалга ошириш механизмлари асослантирилган. Концепцияни ишлаб чиқишнинг қуйидаги тамойиллари белгиланган: мувозанатлилик, кўп марказлилик, ҳудудларнинг ўзаро боғлиқлиги, барқарорлик, минтақавий хусусиятларни инобатга олиш ва инклюзивлик. Тадқиқот натижалари Ўзбекистоннинг ҳудудий ривожланишини стратегик режалаштириш тизимини такомиллаштириш учун амалий аҳамиятга эга.
Mazkur maqolada O‘zbekiston iqtisodiyoti islohotlari sharoitida davlat ulushiga ega korxonalarda moliyaviy resurslarni boshqarish va nazorat qilishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Germaniya, Koreya, Xitoy va Polsha kabi davlatlar tajribasi hamda mamlakatning metallurgiya sohasidagi holatini tahlil qilish asosida raqamli vositalarni joriy etish, institutsional nazoratni kuchaytirish va moliyaviy jarayonlarning shaffofligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Maqolaning ilmiy yangiligi xorijiy boshqaruv modellarini milliy va tarmoq xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirishdadir
Maktabga asoslangan boshqaruv (SBM) markaziy hukumat vakolatlarini maktab darajasiga markazsizlashtirish shakli bo‘lib, ta’lim tizimining samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. SBM nazariy jihatdan uchta asosiy institutsional rag‘batlantirishga asoslanadi: tanlov va raqobat, maktab avtonomiyasi va hisobdorlik. Amaliy shakllari vakolatlar doirasi (zaif/kuchli) va qaror qabul qiluvchi subyektlarga (ma’muriy, professional, jamiyat, muvozanatli) ko‘ra farqlanadi. O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim maktablari (UO‘TM) boshqaruviga marketing xizmatlari va strategik menejmentni tatbiq etish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar rahbar kadrlarning boshqaruv faoliyati samaradorligini 15% dan 22% gacha oshirish mumkinligini ko‘rsatadi. SBM islohotlarining o‘quvchilar yutuqlariga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi uchun uzoq muddat (5 yildan 8 yilgacha) talab etilishi hamda rahbarlarning boshqaruv kompetensiyasini oshirish zarurligi ta’kidlanadi.
Ўзбекистонда молия бозорини модернизация қилиш жараёнида қимматли қоғозлар бозорини самарали ташкил этиш ва унинг таркибий қисмлари бўлган бирламчи ва иккиламчи бозорлар фаолиятини такомиллаштириш муҳим аҳамият касб этмоқда. Бирламчи қимматли қоғозлар бозори орқали корхоналарнинг капитал жалб этиш имкониятлари кенгайса, иккиламчи бозорда ликвидлик, шаффофлик ва инвесторлар ишончини таъминлаш орқали миллий иқтисодиётнинг барқарор ривожланишига замин яратилади. Тадқиқотда қимматли қоғозлар билан боғлиқ операцияларни самарали ташкил этиш истиқболлари, институционал ислоҳотлар, рақамли технологияларни жорий этиш ва халқаро тажрибани қўллаш имкониятлари илмий жиҳатдан таҳлил қилинган
Ushbu maqolada ish haqi to‘lovlari va soliqlarni raqamlashtirish orqali mehnat bozorining barqarorligini ta’minlash masalasi tizimli tahlil qilinadi. Mavzuning dolzarbligi global raqamli transformatsiya jarayonlari fonida tahlil etilib, xorijiy tajribalar asosida O‘zbekiston holati komparativ yondashuv orqali solishtirilgan. Maqolada 2018-2024 yillar davomida O‘zbekistonda olib borilgan islohotlar – elektron mehnat shartnomalari, bank orqali ish haqi to‘lovlari, raqamli soliq platformalari kabilarning natijalari statistik metodlar asosida baholangan. Xususan, korrelyatsion va regressiya tahlillari yordamida raqamlashtirish darajasi bilan bandlik, norasmiy sektor va soliq tushumlari o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlangan. Tahlil asosida raqamli tizimlar mehnat bozori barqarorligini oshirishda muhim vosita ekani asoslab berilgan hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Мазкур тадқиқот Ўзбекистонда туризм соҳасини жадал ривожлантиришда инвестицион лойиҳаларни самарали жалб этиш ва бошқаришнинг ташкилий-иқтисодий механизмларини таҳлил қилиш ҳамда такомиллаштиришга бағишланган. Туризм соҳасида амалга оширилаётган ислоҳотлар, мамлакатнинг бой маданий-тарихий мероси ва табиий ресурслари инвесторлар учун кенг имкониятлар яратаётган бўлса-да, инвестиция фаоллигини таъминлашда ташкилий механизмлар, ҳуқуқий асослар ва институционал муҳитда ҳануз муайян муаммолар мавжуд. Тадқиқотда туризмга оид инвестицион лойиҳаларни амалга оширишда тўсиқ бўлаётган омиллар, хусусан, лойиҳа муҳандислик ҳужжатларини тайёрлашдаги мураккабликлар, ер ажратиш жараёнидаги узоқ муддатли расмийлаштириш, молиявий кафолатларнинг етарли эмаслиги, маҳаллий ҳокимият органлари ва хусусий сектор ўртасидаги мувофиқлашув муаммолари атрофлича таҳлил қилинган.