Bank sektorida loyihalarni moliyalashtirish zamonaviy mexanizmlari murakkab va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, iqtisodiyotning turli sohalarida innovatsion va samarali investitsiyalarni amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu mexanizmlar nafaqat moliyaviy resurslarni taqsimlash, balki risklarni boshqarish, loyihaning barqarorligini ta’minlash hamda mijozlar va investorlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Banklar o‘z faoliyatlarida raqamli texnologiyalar, ilg‘or kredit baholash tizimlari, garov mexanizmlari, hamkorlik platformalari va barqaror moliyalashtirish tamoyillarini keng qo‘llash orqali loyihalarni moliyalashtirish jarayonini tubdan takomillashtirmoqda.
Ushbu maqolada kichik va o‘rta biznes subyektlarini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda sug‘urta tizimining tutgan o‘rni tahlil qilinadi. Muallif sug‘urtaning KO‘B uchun xavflarni boshqarish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va investitsion muhitni yaxshilashdagi ahamiyatini yoritadi. Shuningdek, O‘zbekistonda ushbu tizimning mavjud holati, asosiy muammolari va uni rivojlantirish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar bayon etiladi. Maqola kichik biznesni himoyalash va sug‘urta mexanizmlarini yanada faollashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Xalqaro bank amaliyotida tijorat banklarining rentabelligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu nafaqat ularning moliyaviy barqarorligini saqlashga, balki bozor sharoitida raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi. Rentabellik darajasi yuqori bo‘lgan banklar o‘z moliyaviy vositachilik funksiyasini samaraliroq bajaradi, bu esa ularning iqtisodiyotdagi o‘rni va rolining mustahkamlanishiga olib keladi. Shu bois, dunyoning rivojlangan g‘arb davlatlari amaliyotida tijorat banklarining rentabelligini oshirish va barqarorligini ta’minlash masalalari moliya bozorida ularning raqobatbardoshligini kuchaytirishning eng ustuvor va dolzarb yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Ular banklarning samarali faoliyat yuritishi, mijozlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishi hamda iqtisodiy rivojlanishga munosib hissa qo‘shishini ta’minlash uchun rentabellikni oshirishga katta e’tibor qaratadilar. Maqolada mamlakat tijorat banklari kreditlarining daromadliligini ta’minlashga qaratilgan ilmiy takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tish jarayonida tijorat tashkilotlarida xarajatlar hisobining yuritilishi, mavjud muammolar va takomillashtirish yo‘llari IMRAD strukturasi asosida tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida xarajatlarni tasniflash, e’tirof etish va hisobot shaklida ifodalashdagi farqlar yoritilib, milliy hisob tizimini MHXSlarga moslashtirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Ushbu maqola infratuzilmaning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini tahlil qiladi va standartlashtirish orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini o‘rganadi. Infratuzilma, davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, barqaror o‘sish va raqobatbardoshlikni oshirishga muhim ta’sir ko‘rsatadi. Maqolada, infratuzilmaning turli sohalariga – transport, energetika, kommunikatsiya va sanoat infratuzilmasiga oid davlat siyosatlari va joriy etilgan standartlarning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Standartlashtirish jarayoni, resurslarni samarali boshqarish, texnologik yangiliklarni joriy etish, hamda sifatni oshirish orqali iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda infratuzilmaning modernizatsiyasi va shu orqali iqtisodiy barqarorlikka erishishning amaliy yondashuvlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, maqolada davlatning infratuzilma loyihalariga bo‘lgan investitsiyaviy yondashuvlarining iqtisodiy foydalari, shu jumladan, ish o‘rinlari yaratish va turli sohalarda raqobatni kuchaytirishdagi roli tahlil qilinadi. Maqola infratuzilma va standartlashtirishning iqtisodiyotga ijobiy ta’sirini ko‘rsatish bilan birga, bunday siyosatlarning kelajakdagi istiqbollarini ham baholaydi.
Maqolada tо‘qimachilik korxonalari ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etishda sifatli mahsulot ishlab chiqarish hamda moliyaviy iqtisodiy kо‘rsatkichlar holatini tahlil qilishga e’tibor qaratilgan.
Ushbu maqolada moliyaviy boshqaruv va unda zamonaviy axborot texnologiyalarining tadbiq etilishi orqali olinayotgan natijalar haqida fikrlar bildirilgan. Shuningdek, axborot texnologiyalarining moliya tizimida boshqaruv jarayonlariga tadbiq qilinishi zamonaviy moliyaviy muassasalarning samaradorligini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va mijozlar ishonchini qozonishda muhimligi va moliya tizimida qo‘llanilishining asosiy turlari tavsiflangan.
Ushbu maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining roli va uning samaradorligini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Hozirgi kunda banklar investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda asosiy moliyaviy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq moliyaviy tizimdagi turli muammolar, risklarni baholashdagi qiyinchiliklar, garovga bo‘lgan talabning yuqoriligi va uzoq muddatli resurslar yetishmasligi bank kreditlaridan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirish manbalari, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha o‘zgarishi, bank kreditlarining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit ajratish dinamikasi va tadbirkorlik faoliyatiga ajratilgan kreditlar ulushi solishtirma jadvallar orqali tahlillar olib borilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank kreditlarining investitsiya jarayonidagi ishtirokini kengaytirish va investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining rolini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada tijorat banklari faoliyati barqarorligini mustahkamlashda reyting tizimi asosida baholashning nazariy va amaliy asoslari keng yoritilgan. Bank nazoratining xalqaro tajribalari, reyting baholash usullari hamda CAMELS tizimi asosida baholash yondashuvlari tahlil qilinadi. Reyting tizimlarida foydalanilayotgan baholash mezonlari, shkalalar va metodik yondashuvlar, xususan raqamli va alifbo asosidagi reyting ifodalari batafsil ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, kompleks va ekspert baholash uslublarining afzalliklari, cheklovlari, ulardan foydalanish shart-sharoitlari hamda baholash modelining mezon tanlashdagi muhim jihatlari asoslanadi. Maqolada reyting tizimining samaradorligini oshirish uchun sifatli axborotlarni to‘plash, matematik-statistik modellarni qo‘llash va baholash parametrlarini to‘g‘ri tanlash zarurligi ta’kidlanadi. Banklarning moliyaviy holatini obyektiv baholash orqali ularning ishonchliligi va barqarorligini oshirishda reyting tizimi muhim vosita sifatida e’tirof etiladi.
Mazkur maqolada zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tadbirkorlikning roli, uning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston misolida ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanish tendensiyalari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar asosidagi amaliy tajribalar o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar – huquqiy bo‘shliqlar, moliyaviy savodxonlikning pastligi va innovatsion texnologiyalarning sust joriy etilishi chuqur tahlil etildi. Maqolada mavjud imkoniyatlar asosida bir qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaga institutsional asos yaratish, qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqola O‘zbekiston iqtisodiyotida xotin-qizlar tadbirkorligining rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganadi va xizmat ko‘rsatish sohasida ularning faoliyatining ahamiyatini tahlil qiladi. Maqolada xotin-qizlar tadbirkorligining o‘sishini rag‘batlantirish uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar, shu jumladan ta’lim, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va davlat siyosatining roli yoritilgan. Xotin-qizlar tadbirkorligining xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘rni va uning iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha tahlil qilinadi va ushbu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan muammolar va ularni hal etish usullari keltiriladi.
Maqolada globallashuv va raqobat sharoitida O‘zbekiston tijorat banklarining transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishning ahamiyati va kelgusi istiqbollari tahlil qilinadi. Ushbu tadqiqotda, tijorat banklarining zamonaviy iqtisodiy sharoitda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun qanday o‘zgarishlar zarurligi, ularning raqobatbardoshligini oshirish va global moliya tizimiga integratsiya qilish yo‘llari ko‘rsatiladi. Maqola O‘zbekiston bank tizimining transformatsiyasi jarayonidagi muammolarni va bu jarayonlarni amalga oshirishdagi ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik omillarni o‘rganadi. Yangi texnologiyalarni joriy etish, raqamli bank xizmatlarini rivojlantirish, hamda banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ilgari suriladi. Shuningdek, O‘zbekiston tijorat banklarining global raqobatga moslashishidagi istiqbollarini tahlil qilish orqali mamlakat bank tizimining barqarorligini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar taqdim etiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda korporativ sektorda moliyalashtirish mexanizmlarining amaldagi holati, mavjud tizimdagi muammolar va ularni hal qilish bo‘yicha takliflar yoritiladi. Xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston sharoitiga mos keladigan samarali moliyalashtirish strategiyalari ishlab chiqilib, moliyaviy diversifikatsiyalash, investorlar ishonchini oshirish va korporativ boshqaruvni takomillashtirish orqali barqaror moliyalashtirish tizimini shakllantirish yo‘llari taklif etiladi.
Ushbu maqolada huquqiy, moliyaviy va operatsion jihatlar koʻrsatilib, aksiyadorlik jamiyatlarida huquqni tekshirishning roli, ahamiyati va metodologiyasi koʻrib chiqiladi. U tegishli tekshirish qanday xavflarni kamaytirishi, korporativ boshqaruvni yaxshilashi va meʼyoriy-huquqiy bazaga rioya etilishini taʼminlashini oʻrganadi. Tadqiqot shuningdek, samarali tekshiruvni oʻtkazishdagi qiyinchiliklarni muhokama qiladi va uning samaradorligini oshirish uchun eng yaxshi amaliyotlarni taklif qiladi. Maqolada amaliy tadqiqotlar va tahlillar orqali aksiyadorlar manfaatlarini himoya qilish va korporativ barqarorlikni taʼminlashda sinchkovlik bilan tekshirish muhimligini taʼkidlaydi.
Ushbu maqola Oʻzbekiston tijorat banklarining ustav kapitalidan foydalanish samaradorligini baholash uchun asosiy koʻrsatkich boʻlgan kapital rentabelligi (ROE) koʻrsatkichini tahlil qilishga qaratilgan. 1999-2023 yillar oraligʻida mamlakatda faoliyat yuritgan tijorat banklari toʻrt guruhga ajratilgan holda mulkchilik shakli boʻyicha ROE oʻrtasidagi farqlar oʻrganildi. Tahlil natijalariga koʻra, davlat bilvosita egalik qiluvchi banklar eng yuqori oʻrtacha ROEga ega boʻlgan boʻlsa, davlat bevosita egalik qiluvchi banklar eng past darajadagi kapital rentabelligini namoyon etdi. Xususiy banklar yuqori darajada tebranuvchanlikka ega boʻlib, bu ularning faoliyatida ortiqcha xavf mavjudligini koʻrsatadi. Xorijiy banklarning kapitaldan foydalanish samaradorligi esa barqaror boʻlib, ular tahlil davrining soʻnggi yillarida ijobiy oʻsishni namoyish etdi. Ushbu tadqiqot tijorat banklarining samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda foydali boʻlishi mumkin.
Mazkur maqolada 2013-2023-yillarda Oʻzbekiston banklarining faoliyati tahlil qilingan boʻlib, kredit va likvidlik risklarining bank barqarorligiga taʼsiri oʻrganilgan. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, kredit risklarining ortishi moliyaviy barqarorlikni pasaytiruvchi asosiy omildir. Shu bilan birga, yuqori likvid aktivlarga ega boʻlgan banklar barqarorroq ekanligi aniqlangan. Tadqiqot banklarning risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun ilmiy asos va amaliy tavsiyalarni taklif etadi.
Ushbu tadqiqot tijorat banklarining investitsion faoliyatini takomillashtirish yoʻllarini oʻrganishga qaratilgan. Tadqiqot doirasida investitsion portfelni diversifikatsiyalash, innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy etish, xalqaro moliya bozorlariga chiqish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish va risklarni boshqarish tizimlarini rivojlantirish muhim yoʻnalishlar sifatida aniqlangan.
Ushbu tadqiqot banklarni transformatsiya qilish jarayonlari orqali aktivlar samaradorligini oshirish usullarini o‘rganadi. Banklar iqtisodiy o‘zgarishlarga moslashish va raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishlari zarur. Tadqiqotda banklarning transformatsiya jarayonlari, ularning samaradorligi va moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi.
Maqola islom kapital bozori ekotizimida tartibga solish institutlarining o‘rni va ular bozorning barqaror rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasini tahlil qiladi. Islom kapital bozori global moliyaviy tizimning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, sukuk, islomiy aksiyalar va boshqa moliyaviy instrumentlarni taklif qilish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi. Maqolada shariat kuzatuv kengashlari, AAOIFI va IFSB kabi xalqaro standartlashtirish tashkilotlari va boshqa tartibga soluvchi institutlarning ahamiyati yoritilgan.
Maqolada asosiy vositalar hisobini uslubiy va tashkiliy jihatdan takomillashtirish masalalari yoritilgan. Jumladan, asosiy vositalarni BHMS va MHXS asosida tan olish mezonlari, asosiy vositalarning kirimi, turkumlanishi, chiqib ketishi, moliyaviy hisobotlarda asosiy vositalar toʻgʻrisidagi axborotlarni to‘g‘ri yetkazib berish haqida toʻxtalib oʻtilgan.
Ushbu maqolada korxonalarning raqobatbardoshligi va iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash strategiyalari bozor sharoitlarida ko‘rib chiqiladi. Bozor raqobatining kuchayishi sharoitida korxonalar faoliyatining barqarorligi va samaradorligini oshirish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maqolada iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda moliyaviy barqarorlik, tashqi tahdidlarga qarshi chidamlilik hamda bozor talablariga moslashuvchanlikka asoslangan yondashuvlar tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida raqobatbardoshlik omillarini aniqlash va korxonalar iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, maqolada raqobatbardoshlikni oshirish uchun innovatsion texnologiyalar va strategik rejalashtirishning ahamiyati yoritiladi.
Ushbu maqolada MHXS bo‘yicha qayta ijaraga olish uchun asosiy vositalarni sotish hisobi tartibi ko‘rsatilgan. Ushbu mavzuni muammosi shundan iboratki, sotib va qayta ijaraga olish masalasi O‘zbekiston amaliyotida hozir qo‘llanilmaydi va bizning amaliyotimizda yangi hisoblanadi. Mualliflar maqolada bu masalani misollar va buxgalterlik yozuvlar bilan batafsil ko‘rsatib chiqqanlar. Keltirilgan jadvallar mualliflar tomonidan ishlab chiqilgan. Moliyaviy holat va Foyda va zararlar va boshqa umumiy daromadlar to‘g‘risidagi hisobotlar qisgartirilgan shaklda xalqaro amaliyotida qo‘llaniladigan shakllardan olingan. Masalani ochib berish uchun buxgalteriya hisobining ikki yoqlama usulidan foydalanilgan. Mualliflarning ilmiy va amaliy hissasi shundan iboratki muammoni o‘zbek sharoitiga moslashtirildi, jadval va hisobot shakllarida buxgalterlarga tanishtirdi.
Mazkur maqolada oziq-ovqat sanoati korxonalarida ishlab chiqarish salohiyatini boshqarishning nazariy-uslubiy jihatlari tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida ishlab chiqarish salohiyati tushunchasining iqtisodiy mohiyati, uning tarkibiy elementlari, shakllanish va rivojlanish omillari hamda boshqaruv mexanizmlari bo‘yicha xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy qarashlari tizimli tahlil qilingan. Ishlab chiqarish salohiyatiga nisbatan mavjud nazariy yondashuvlarning qiyosiy tahlili asosida mualliflik ta’rifi taklif etilgan hamda mazkur kategoriyaning moddiy-texnika, mehnat, moliyaviy, innovatsion, intellektual va raqamli tarkibiy qismlardan tashkil topgan kompleks tizim ekanligi asoslangan. Oziq-ovqat sanoati korxonalarida ishlab chiqarish salohiyatini baholash va boshqarishning ilmiy asoslangan mexanizmlarini takomillashtirish mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishning muhim sharti ekanligi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari va ishlab chiqilgan takliflar oziq-ovqat sanoati korxonalarida strategik boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan
Maqolada budjet tashkilotlarida ichki audit samaradorligiga taʻsir etuvchi omillar va tizimli muammolar tahlil qilinadi. Tadqiqotda ichki audit xizmatining mustaqilligi, malakasi va institutsional maqomi, ichki nazorat muhiti, moliyaviy boshqaruv sifati hamda maʻlumotlar ishonchliligining auditga taʻsiri, shuningdek chora-tadbirlar rejasi ijrosi, monitoring va qayta aloqaning zaif nuqtalari oʻrganildi. Empirik asos sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining auditorlik tashkilotlari tomonidan eng koʻp sodir etiladigan qoidabuzarliklar roʻyxati hamda vazirlik tomonidan 2025-yilning birinchi yarmida besh vazirlik ichki audit xizmatlari faoliyatini baholash natijalaridan foydalanildi. Tahlil shuni koʻrsatadiki, mustaqillik, resurs va malaka kabi institutsional omillar boʻyicha baholar yuqori (87–95%) boʻlsada, xavf tahliliga asoslangan rejalashtirish (47,8%) va chora-tadbirlar rejasi ijrosi (62,6%) boʻyicha natijalar past boʻlib, aynan shular samaradorlikning tizimli zaif nuqtasidir. Maqola yakunida samaradorlikni oshirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqilgan