Ushbu maqolada mintaqaviy infratuzilmaning innovatsion rivojlanishida yashil iqtisodiyotning roli va salohiyati har tomonlama tahlil qilinadi. Global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy resurslarning cheklangani va atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi yashil iqtisodiyotga asoslangan rivojlanish modelini joriy etishni talab etmoqda. Ayniqsa, mintaqaviy darajada infratuzilmani ekologik jihatdan barqaror va innovatsion yo‘nalishda shakllantirish dolzarb masalalardan biridir. Maqolada yashil iqtisodiyotning asosiy tamoyillari, uning infratuzilmaviy rivojlanishga ta’siri, ekologik toza energiya manbalari, chiqindisiz texnologiyalar va barqaror transport tizimlarining ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, mintaqaviy loyihalarda yashil investitsiyalarni jalb qilish, ekologik samaradorlikni oshirish, raqamli texnologiyalar yordamida resurslardan oqilona foydalanish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan. Ushbu maqola mintaqaviy infratuzilma sohasida ishlovchi mutaxassislar, tadqiqotchilar hamda innovatsion va ekologik yondashuvlar bilan shug‘ullanuvchi amaliyotchilar uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Ushbu maqola infratuzilmaning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini tahlil qiladi va standartlashtirish orqali samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini o‘rganadi. Infratuzilma, davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, barqaror o‘sish va raqobatbardoshlikni oshirishga muhim ta’sir ko‘rsatadi. Maqolada, infratuzilmaning turli sohalariga – transport, energetika, kommunikatsiya va sanoat infratuzilmasiga oid davlat siyosatlari va joriy etilgan standartlarning samaradorligi ko‘rib chiqiladi. Standartlashtirish jarayoni, resurslarni samarali boshqarish, texnologik yangiliklarni joriy etish, hamda sifatni oshirish orqali iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlaydi. O‘zbekistonda infratuzilmaning modernizatsiyasi va shu orqali iqtisodiy barqarorlikka erishishning amaliy yondashuvlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, maqolada davlatning infratuzilma loyihalariga bo‘lgan investitsiyaviy yondashuvlarining iqtisodiy foydalari, shu jumladan, ish o‘rinlari yaratish va turli sohalarda raqobatni kuchaytirishdagi roli tahlil qilinadi. Maqola infratuzilma va standartlashtirishning iqtisodiyotga ijobiy ta’sirini ko‘rsatish bilan birga, bunday siyosatlarning kelajakdagi istiqbollarini ham baholaydi.
Maqolada makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning aholi turmush darajasi va farovonligiga ko‘rsatadigan ta’siri kompleks tahlil etilgan. O‘zbekiston iqtisodiyoti misolida 2020-2024 yillar davomida kuzatilgan makroiqtisodiy o‘zgarishlarning aholining farovonlik darajasiga ta’siri tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada 2018–2024 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida davlat qimmatli qog‘ozlari bozorining holati va tuzilishi, jumladan talab va joylashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha har tomonlama tahlil qilingan. Davlat obligatsiyalari moliyaviy tizimning muhim elementi hisoblanib, ichki va tashqi investitsion resurslarni safarbar etishga xizmat qiladi. Tadqiqotda ushbu bozor segmentining to‘liq rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan institutsional va tuzilma bilan bog‘liq cheklovlar aniqlangan. Ular qatoriga mavjud qarz instrumentlarining cheklanganligi, ikkilamchi bozorda likvidlikning pastligi, qisqa muddatli obligatsiyalarning ustuvorligi hamda foiz stavkalari o‘zgaruvchan obligatsiyalar kabi moslasha oladigan vositalarning mavjud emasligi kiradi. Muallif tomonidan davlat obligatsiyalari muomalasining to‘liq ko‘p bosqichli infratuzilmasini yaratish uchun indekslashgan, “yashil” va ijtimoiy obligatsiyalar kabi innovatsion vositalarni joriy etish zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, davlat qarzi siyosatida shaffoflikni ta’minlash va byudjet moliyalashtirilishining barqarorligini kuchaytirishda davlat obligatsiyalari bozorini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Sarmoya — bu hozirgi isteʼmoldan voz kechib, kelajakda yaxshiroq boʻlishini kutish. Umumiy maʼnoda, bu kelajakda ushbu aktivlarning qiymati yuqoriroq boʻlishini va qandaydir daromad keltirishini kutish bilan turli xil aktivlarga pul taqsimoti. Turizm industriyasining investitsiya potensiali oʻziga xos tarzda tashrif buyuruvchilar va sayyohlar soniga bogʻliq. Ushbu salohiyatdan foydalanish uchun turizm infratuzilmasi, xizmatlar va oʻsib borayotgan talabni qondira oladigan obyektlarni rivojlantirish zarur. Bu, oʻz navbatida, sarmoyadorlar uchun keng imkoniyatlar yaratib, sohaga investitsiyalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Pul harakati va xususiy sektor investitsiyalari orqali Hindistonda turizm uchun taʼminot tomonini qurish nuqtai nazaridan. Pul harakati va xususiy sektor investitsiyalari orqali Hindistonda turizm uchun taʼminot tomonini qurish nuqtai nazaridan.
Mazkur maqolada mamlakat miqyosida, xususan har bir hudud doirasida investitsion muhitni yaxshilash va shu asnoda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish masalalarining nazariy hamda amaliy jihatlari ochib berilgan. Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilishda investitsion muhitni takomillashtirishning asosiy omillari va xususiyatlariga oid yondashuvlar yoritilgan.
Maqolada davlat investitsiya siyosatining institutsional mexanizmlari va strategik yondashuvlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni (TXI) jalb etishga qanday ta’sir ko‘rsatishi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot institutsional nazariyaga asoslangan bo‘lib, tizimlashtirish, qiyosiy tahlil hamda dinamik qatorlarni taqqoslash usullaridan foydalanilgan. O‘zbekiston Respublikasida qo‘llanilayotgan institutsional mexanizmlar va strategik yondashuvlar, jumladan, huquqiy kafolatlar, tashkiliy tuzilmalar, rag‘batlantiruvchi rejimlar hamda xalqaro-huquqiy integratsiya vositalari tizimlashtirilgan.
Maqolada past uglerodli energetikaga o‘tish O‘zbekiston Respublikasi milliy iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlovchi muhim shartlardan biri sifatida tadqiq etilgan. Energetik transformatsiyaning nazariy yondashuvlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tendensiyalar hamda O‘zbekistonning dekarbonizatsiya sohasidagi davlat siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rib chiqilgan. Rasmiy statistik ma’lumotlar asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish dinamikasi, yashil energiyaning ulushi, investitsiya jarayonlari va energetika bozorining institutsional cheklovlari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2020–2024-yillarda O‘zbekistonda yashil energiyaning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 7,5 foizdan 15,7 foizgacha oshgan, past uglerodli generatsiyaning hisoblangan hajmi esa 2,5 baravardan ko‘proqqa ko‘paygan
Mazkur maqolada salam va istisno’ shartnomalarining qiyosiy tahlili amalga oshirilgan. Jumladan, qiyosiy tahlilda shartnomalarning o‘ziga xos xususiyatlari, ularning amaliyotda qo‘llanilishi va iqtisodiy jihatlari o‘rganilgan. Shuningdek, mushoraka-istisno’-ijaraga asoslangan davlat xususiy-sheriklik (DXSh) infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish tuzilmasi va bosqichlari haqida ham ma’lumotlar keltirilgan.
Ushbu maqolada hududiy soliq salohiyatini aniqlashning ekonometrik modeli ishlab chiqilgan. O‘zbekiston hududlari bo‘yicha 2016–2024-yillarga oid statistik ma‘lumotlar asosida ko‘p omilli regressiya modeli qurilgan bo‘lib, unda iqtisodiy (YIM, investitsiyalar), demografik (aholi soni, urbanizatsiya), moliyaviy va institutsional omillarning soliq tushumlariga ta‘siri kvantitativ tarzda baholangan. Korrelyatsion tahlil va VIF ko‘rsatkichi yordamida multikollinerlik optimallashtirilib, model ishonchliligi R²=0,87 darajasida tasdiqlangan. Uch ssenariy – bazaviy, optimistik va pessimist – asosida 2025–2027-yillar uchun hududiy soliq tushumlari prognozi taqdim etilgan. Natijalar hududiy fiskal siyosatni shakllantirish va budjetlararo resurslarni samarali taqsimlash uchun amaliy asos yaratadi
Ushbu maqolada Oʻzbekistonda maxsus iqtisodiy zonalarning tashkil etilishi va rivojlanishining zamonaviy holati tahlil qilingan. Mamlakat iqtisodiyotida maxsus iqtisodiy zonalarning tutgan oʻrni, ularning investitsiyalarni jalb etish, sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishdagi ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatining huquqiy-institutsional asoslari, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etishning ustuvor yoʻnalishlari oʻrganilgan. Tadqiqot davomida maxsus iqtisodiy zonalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi omillar va xorijiy tajriba asosida istiqboldagi rivojlanish imkoniyatlari tahlil etilgan
Ushbu maqolada milliy iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish samaradorligini oshirishning strategik yo‘nalishlari o‘rganilgan. Tadqiqotda iqtisodiyotning tarkibiy jihatdan takomillashuvi, tarmoqlararo mutanosiblikni ta’minlash, innovatsion rivojlanishni jadallashtirish hamda investitsion faollikni oshirish masalalari tahlil qilingan. Shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish va hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy xulosalar hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada yashil moliyalashtirishning nazariy asoslari, mazmuni, ahamiyati hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi o‘rni tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida yashil moliyalashtirish tushunchasiga berilgan turli ilmiy yondashuvlar umumlashtirilib, uning iqlim o‘zgarishini yumshatish va moslashuv jarayonlaridagi ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, yashil moliyalashtirishning asosiy yo‘nalishlari, moliyaviy instrumentlari hamda global yashil moliya bozorining rivojlanish tendensiyalari tahlil etilgan. Tadqiqot natijalari yashil moliyaning ekologik barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlikni ta’minlashdagi muhim strategik mexanizm ekanini ko‘rsatadi hamda ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha xulosalar va takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu tadqiqot beshta Markaziy Osiyo o‘tish davri iqtisodiyoti, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston, iqtisodiy o‘sishining determinantlarini 1990–2024-yillar kesimida tahlil qiladi hamda energiya iste’molining iqtisodiy o‘sishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratadi. Jahon banki ko‘rsatkichlaridan olingan 170 ta kuzatuvdan iborat panel ma’lumotlar asosida tadqiqot energiya iste’moli, moliyaviy rivojlanish, sanoatlashtirish va savdo ochiqligini yagona panel ma’lumotlar tizimida integratsiya qiladi. Hausman testi natijalariga ko‘ra, afzal spetsifikatsiya sifatida Fixed Effect modeli tanlangan bo‘lib, qiyosiy shaffoflik uchun Random Effect modeli natijalari ham keltirilgan. Fixed Effect modeli moliyaviy rivojlanish mamlakatlararo YaIM jon boshiga o‘sishning eng kuchli va barqaror omili ekanligini ko‘rsatdi, undan keyin ishlab chiqarishning qo‘shilgan qiymati orqali o‘lchangan sanoatlashtirish turadi. Energiya iste’moli iqtisodiy o‘sishga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va mintaqada o‘sish–energiya bog‘liqligining mavjudligini tasdiqlaydi, biroq natijalar vaqt o‘tishi bilan energiya intensivligining kamayishini ham ko‘rsatadi. Savdo ochiqligi esa cheklangan institutsional salohiyat va eksport diversifikatsiyasi sharoitida bosqichma-bosqich liberallashtirishning salbiy oqibatlarini aks ettirib, YaIM jon boshiga nisbatan manfiy bog‘liqlikni namoyon etdi. Ushbu natijalar postsovet Markaziy Osiyo sharoitida energiya–o‘sish bog‘liqligi bo‘yicha mavjud empirik dalillarga hissa qo‘shadi hamda moliyaviy sektorni chuqurlashtirish, sanoatni modernizatsiya qilish, energiya samaradorligiga investitsiyalar va strategik savdo integratsiyasi bo‘yicha siyosiy tavsiyalarni taqdim etadi
Iqtisodiyotning real sektorida mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan moliyalaviy resurslarni ta’minlashda kapital bozorlari juda muhim vazifani bajaradi. Shu jihatdan islom moliya tizimi doirasida kapital bozorlarini tashkil etish, uning imkoniyatlarini kengaytirish va bozor ishtirokchilari uchun yangi moliyaviy imkoniyatlarni taqdim etish dolzarb masala sifatida ko‘riladi. Maqolada islom kapital bozorining nazariy asoslari, uni tashkil etish borasida jahon mamlakatlari tajribasi, islom kapital bozoridagi institutlar faoliyati, qimmatli qog‘ozlar bozorlariga investitsiyalar bo‘yicha tadqiqotlar va muhokamalar tahlil qilingan. Islom kapital bozorining tamoyillari va bu bozorda qo‘llaniladigan shartnomalarni amalga oshirish jarayonlari izohlangan. Mamlakatimizda islom kapital bozori imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha taklif-mulohazalar keltirilgan
Ushbu maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish sharoitida buxgalteriya hisobining milliy standartlaridan (BXMS) moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) o‘tishning strategik ahamiyati va iqtisodiy afzalliklari tahlil qilingan. Tadqiqotda qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilib, BXMS va MHXS o‘rtasidagi asosiy konseptual farqlar, xususan aktivlarni haqqoniy qiymat asosida baholash va moliyaviy shaffoflikni ta’minlash masalalari o‘rganilgan. Shuningdek, Janubiy Koreyaning K-IFRS tizimiga o‘tish tajribasi asosida uning fond bozori va investitsiya oqimlariga ta’siri baholangan
Maqolada sirkulyar iqtisodiyotning kombinatsiyalashgan paketlar mexanizmi nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Xususan, iqtisodiy, ekologik va institutsional instrumentlarning yagona tizim sifatida uyg‘unlashuvi orqali resurslardan samarali foydalanish, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash jarayonlarini optimallashtirish masalalari o‘rganiladi. Tadqiqotda moliyaviy rag‘batlar, soliq mexanizmlari, kengaytirilgan ishlab chiqaruvchi mas’uliyati (EPR), yashil investitsiyalar va davlat siyosatining integratsiyalashgan ta’siri tahlil qilinadi. Natijada kombinatsiyalashgan yondashuvning ustunliklari va uni milliy iqtisodiyotda qo‘llash imkoniyatlari asoslab beriladi
Maqolada hududlarning investitsion jozibadorligini shakllantirishning nazariy asoslari ko‘rib chiqilgan hamda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bilan o‘zaro bog‘liqligi ochib berilgan. Mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarning investitsion jozibadorlik kategoriyasini talqin qilishga doir ilmiy yondashuvlari umumlashtirilgan, uni baholashning asosiy omillari va ko‘rsatkichlari tizimlashtirilgan. Tizimli, makoniy-iqtisodiy, institutsional va ekonometrik yondashuvlar asosida TXI hududiy differensiyasini tahlil qilishning metodologik bazasi asoslab berilgan
Ushbu maqolada alternativ moliya bozorining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan “Islom darchalari” faoliyatining mamlakatlar moliyaviy sektoriga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotda “Islom darchalari” konsepsiyasi, ularning an’anaviy banklar tarkibida tashkil etilishining iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishdagi roli va Shariat tamoyillariga mos xizmatlarni taqdim etish orqali bozor talabiga javob berish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, ushbu mexanizmning rivojlanayotgan mamlakatlardagi bank sektori barqarorligiga va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ta’siri tahlil qilinadi. Maqola tajriba asosidagi empirik natijalar va nazariy yondashuvlarni birlashtirgan holda “Islom darchalari”ning global moliyaviy bozordagi istiqbollarini ham yoritadi.
Ushbu maqolada sohani tubdan o‘zgartirish sharoitida O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash mexanizmlari ko‘rib chiqiladi. Monopol modeldan raqobatbardosh bozorga o‘tishni tahlil qilib, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik va moliyaviy nazoratni raqamlashtirish usullariga e’tibor qaratadi. Keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish sharoitida likvidlilikni saqlab qolish uchun "unbundling" tizimini va uzoq muddatli moliyalashtirishning yangi vositalarini joriy etish zarurligi asoslangan
Ushbu tadqiqot Markaziy Osiyo tijorat banklari orasida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Boshqaruv) hisobot berish sifati bilan xalqaro raqobatbardoshlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni Yevropa Ittifoqi (YI) institutlarining moslashtirilgan namunasi bilan solishtirib o‘rganadi. Barqarorlik hisobotlarini tahlil qilish (2018–2024), yangi ESG hisobot berish sifati indeksi (EDQI) hamda 495 ta bank-yil kuzatuvlariga asoslangan panel regressiya analizi kabi aralash usullardan foydalangan holda, Markaziy Osiyo banklarining ekologik, ijtimoiy va boshqaruv sohalaridagi ESG shaffofligi YI mamlakatlari banklariga qaraganda ancha past ekanligi aniqlandi. Ahamiyatlisi, yuqori sifatli ESG hisobot berish chet el investitsiyalarining oqishini, yevrobond chiqarish ehtimolini, chet el mulkdorligini va kredit reytingini sezilarli darajada oshirish bilan mustahkam bog‘langan – bankning asosiy ko‘rsatkichlari va institutsional sifat nazorat qilinganidan keyin ham. Ayniqsa, ESG shaffofligining chegaraviy foydasi Markaziy Osiyoda YIga qaraganda ancha kuchliroq, bu shuni ko‘rsatadiki, bunday axborot kam uchraydigan rivojlanayotgan bozorlarda ishonchli hisobot berish muhim signal beruvchi mexanizm vazifasini bajaradi. Ushbu natijalar Markaziy Osiyo mamlakatlari nazorat organlari va banklari tomonidan moliyaviy integratsiyani va investorlarning ishonchini oshirish maqsadida global ESG hisobot berish standartlarini (masalan, ISSB, TCFD) qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Maqolada banklar va fond bozori o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, banklarning investor sifatida fond bozori ishtirokchisi bo‘lishi, shuningdek, fond bozorida kapital jalb qilish va risklarni boshqarish usullari ko‘rib chiqiladi. Banklar faoliyatining fond bozoridagi o‘ziga xos xususiyatlari hamda bu jarayondagi nazariy yondashuvlar batafsil o‘rganiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston sharoitida iqtisodiy retsessiya davrida yashil moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish masalalari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqot davomida mamlakatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, yashil moliya instrumentlari va ularning iqtisodiy barqarorlikka ta’siri o‘rganildi. Shuningdek, xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy ishlari asosida yashil moliyaning nazariy asoslari yoritildi hamda amaliy holati baholandi. Tahlillar natijasida yashil moliyalashtirish mexanizmlarining investitsion faollikni oshirish, energiya samaradorligini ta’minlash va iqtisodiy risklarni kamaytirishdagi ahamiyati asoslab berildi. Shu bilan birga, ushbu sohada mavjud muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi