Ushbu maqolada rivojlangan mamlakatlarda xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining iqtisodiy samaradorligi va tashkiliy mexanizmlari tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, xorijiy tajribalarni oʻrganish va ularni mamlakatimiz iqtisodiyotiga moslashtirish orqali xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun qulay moliyaviy muhit yaratish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, tahlil natijalari asosida davlat siyosatini yanada takomillashtirish, yangi moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish va mavjud muammolarni bartaraf etish yoʻnalishlarida aniq tavsiyalar ishlab chiqish ham tahlil qilindi
Mazkur maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida korxonalarda ichki nazorat tizimini shakllantirish va takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda ichki nazorat tizimining korporativ boshqaruvdagi oʻrni, risklarni boshqarishdagi ahamiyati hamda moliyaviy barqarorlikka taʼsiri yoritilgan. Raqamli texnologiyalarni joriy etish natijasida ichki nazorat tizimi anʼanaviy tekshiruv mexanizmidan proaktiv, real vaqt rejimida ishlovchi boshqaruv instrumentiga aylanishi asoslab berilgan. Shuningdek, ichki nazorat tizimini avtomatlashtirish, axborot tizimlari bilan integratsiya qilish va riskka yoʻnaltirilgan yondashuvni qoʻllash zarurligi koʻrsatib oʻtilgan. Tadqiqot natijalari korxonalarda boshqaruv samaradorligini oshirish, moliyaviy xatoliklarni kamaytirish va resurslardan samarali foydalanishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi
Mazkur ilmiy maqolada atom elektr stansiyalaridan foydalanishning iqtisodiy afzalliklari va ularni nazorat qilish holati kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda atom energetikasining uzoq muddatli investitsiya xususiyati, kapital xarajatlar tuzilmasi, ekspluatatsiya samaradorligi va yuklama koeffitsientining iqtisodiy natijalarga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, atom elektr stansiyalarida xavfsizlik va nazorat tizimlarining iqtisodiy barqarorlikka ta’siri, xalqaro standartlar va milliy tartibga solish mexanizmlarining ahamiyati yoritilgan. Atom energetikasining iqtisodiy samaradorligi faqat tannarx ko‘rsatkichi bilan emas, balki hayotiy sikl xarajatlari, xavfsizlik omillari va energiya xavfsizligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada iqtisodiyotni raqamlashtirish sharoitida soliq nazoratini tashkil etishning nazariy va amaliy asoslari tadqiq etilgan. Maqolaning asosiy maqsadi soliq tekshiruvlari samaradorligini oshirish orqali budjet tushumlari barqarorligini ta’minlash va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish yo‘llarini asoslab berishdan iborat. Tadqiqot davomida soliq nazoratining zamonaviy shakllari bo‘lgan kameral soliq tekshiruvi, sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditining o‘ziga xos xususiyatlari qiyosiy tahlil qilingan. Maqolada soliq nazorati jarayonlarini avtomatlashtirish, inson omilini kamaytirish va soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni shakllantirish bo‘yicha ilmiy takliflar ilgari surilgan. Tadqiqot natijalaridan soliq qonunchiligini takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligi jarayonida foydalanish mumkin
Мазкур мақолада Ўзбекистон Республикасида товарларни мажбурий рақамли маркировкалаш тизимини жорий этишнинг ҳуқуқий асослари таҳлил қилинган. Президент фармонлари ҳамда қарорлари, Вазирлар Маҳкамаси қарорлари асосида мазкур тизимнинг ҳуқуқий меъёрлари ва амалий механизмлари кўриб чиқилган. Шунингдек, рақамли маркировка қонунчилигининг амалдаги ҳолати, назорат ва жавобгарлик тизимининг самарадорлиги ҳамда уни такомиллаштириш бўйича таклифлар илгари сурилган. Таҳлил натижалари рақамли иқтисодиётни ривожлантириш ва яширин иқтисодиётга қарши курашишда рақамли маркировканинг ўрни муҳимлигини кўрсатади
Maqolada iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari nazariy va ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalari (QTEM)ni joriy etish imkoniyatlarini baholangan hamda 2030-yilga qadar qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida energiya ishlab chiqarish prognozi ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, integratsiyalashgan energiya tejash tizimini shakllantirish asosida korxonaning energiya samaradorligini boshqarish algoritmi asoslangan
Maqolada hududiy rivojlanish salohiyatini baholash va barqaror rivojlanish strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asoslari yoritilib, “hududiy salohiyat” tushunchasi tabiiy, iqtisodiy, demografik, infratuzilmaviy hamda institutsional komponentlarning o‘zaro integratsiyasi sifatida talqin etiladi. Tadqiqotda hududiy salohiyatning dinamik xarakteri asoslanib, uni bir martalik hisob-kitob emas, balki muntazam monitoring va qayta baholashni talab qiluvchi jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar (konsentratsiya, ixtisoslashuv, investitsiya oqimlari, tarmoqlar diversifikatsiyasi va ekologik cheklovlar) misolida differensial strategik yondashuv zarurligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Jadval tahlillari hududiy iqtisodiy transformatsiya jarayonlari va “o‘sish nuqtalari” shakllanishini ko‘rsatib, salohiyatni kompleks baholash strategik ustuvorliklarni aniq belgilash, resurslarni manzilli taqsimlash va barqaror rivojlanishning muvozanatli modelini ta’minlash uchun metodologik poydevor ekanligini tasdiqlaydi
Maqolda soliq imtiyozlarining samaradorligini baholovchi mezon va koʻrsatkichlarni ishlab chiqishning ayrim jihatlari yoritilgan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida har qanday xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati ijobiy moliyaviy natijaga erishishga qaratilgan boʻlishi lozim, bu natijaga esa soliq imtiyozlari va preferensiyalar sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Soliqqa tortish tizimi soliq toʻlovchi uchun qabul qilinishi mumkin boʻlishi kerak, chunki bu holat tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga bevosita taʼsir etadi. Soliq imtiyozlarini tizimlashtirish va ularning samaradorligini baholash davlatga meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni asosli ravishda ishlab chiqish imkonini beradi.
Давлат буюртмачилари томонидан амалга ошириладиган харид фаолияти самарадорлиги бюджет маблағларидан оқилона фойдаланиш ва жамоат молияси тизими самарадорлигини оширишда муҳим омил ҳисобланади. Иқтисодиётни рақамлаштириш жараёнлари жадаллашиб бораётган ҳамда институционал муҳит мураккаблашаётган шароитда харидларнинг самарадорлигини фақат молиявий натижалар асосида эмас, балки жараёнли, кадрлар ва стратегик жиҳатларни ҳам ҳисобга олган ҳолда комплекс баҳолаш зарурати ортиб бормоқда. Мазкур мақолада давлат буюртмачилари харид фаолияти самарадорлигини баҳолашга оид назарий ва методологик ёндашувлар кўриб чиқилган. Хорижий тадқиқотлар таҳлили асосида молиявий кўрсаткичлар билан чекланиб қолган ёндашувлардан иқтисодий, жараёнли, институционал ва меҳнат параметрларини ўзида мужассам этган кўп қиррали кўрсаткичлар тизимига ўтишнинг зарурлиги асослаб берилган. Харид бўлинмалари фаолиятидаги операцион харажатлар, ходимлар меҳнат унумдорлиги, етказиб берувчилар таркиби ва уларнинг концентрация даражасини тавсифловчи кўрсаткичларга алоҳида эътибор қаратилган. Таклиф этилган кўрсаткичлар тизими харид фаолияти самарадорлигини ошириш захираларини аниқлаш, молиявий ва меҳнат ресурсларидан фойдаланишни оптималлаштириш, шунингдек харид жараёнларининг шаффофлиги ва бошқарувчанлигини кучайтириш имконини беради. Тадқиқот натижалари давлат буюртмачилари фаолиятида KPIларни шакллантириш, мониторинг механизмларини такомиллаштириш ҳамда давлат харидлари тизимини ривожлантириш стратегияларини ишлаб чиқишда қўлланилиши мумкин
Ushbu maqola “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan fiskal islohotlarning inklyuzivlik tamoyillariga muvofiqligini tahlil qiladi. Tadqiqotda soliq siyosatining iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashdagi roli Jeyms Mirrleesning optimal soliqqa tortish nazariyasi va zamonaviy empirik maʼlumotlar asosida oʻrganilgan. Maqolada 2025-yilgi soliq kodeksidagi oʻzgarishlar, xususan, ijtimoiy soliq stavkalarining tabaqalashuvi va yashirin iqtisodiyotni legallashtirish mexanizmlarining makroiqtisodiy taʼsiri baholangan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston soliq tizimi fiskal barqarorlikni saqlagan holda, inson kapitalini rivojlantirish va daromadlar tengsizligini yumshatishga qaratilgan inklyuziv modelga oʻtmoqda
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida aksiyadorlik jamiyatlarida, xususan bank AJlarda raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati va nazariy evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Tadqiqot raqamli boshqaruvni IT joriy etish bilan cheklamasdan, axborot asimmetriyasi hamda agentlik va tranzaksion xarajatlarni qisqartirish, nazorat va hisobdorlikni kuchaytirish, risklarni erta aniqlash orqali izohlaydi. Solishtirma va kontent-tahlil asosida tushunchalar taqqoslandi, evolyutsion model va omillar tizimi ishlab chiqildi. Mualliflik ta’rifi taklif etilib, banklar uchun konseptual xulosalar berildi
Ushbu maqolada soliq salohiyatining iqtisodiy mazmuni, uning shakllanish qonuniyatlari va soliq tizimidagi strategik o‘rni yoritilgan. Tadqiqot davomida soliq salohiyatiga ta’sir etuvchi omillar tahlil qilinib, davlat budjeti daromadlarini barqarorlashtirishda ushbu ko‘rsatkichning ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, soliq bazasini kengaytirish va soliq yig‘iluvchanligini oshirish orqali mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta’minlash yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Maqola soliq siyosatini takomillashtirish va soliq yukini optimallashtirish masalalari bilan qiziquvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan
Ushbu maqolada dunyo mamlakatlarida hozirda qo‘llaniladigan turli xil sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish modellarining qiyosiy tahlili keltirilgan. Ushbu modellar aholiga keng ko‘lamli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini berish va ijtimoiy farovonlikni yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, bu mehnat unumdorligi va iqtisodiy o‘sishga bevosita ta’sir qiladi. Maqolada har bir sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish modelining operatsion xususiyatlari, afzalliklari va kamchiliklari batafsil ko‘rib chiqiladi.
Maqolada ijtimoiy xizmatlar tushunchasining mohiyati va iqtisodiy kategoriya sifatidagi o‘rni turli nazariy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Institutsional nazariya, jamoat va merit tovarlari nazariyasi, farovonlik davlati konsepsiyasi hamda inson kapitali nazariyasi doirasida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ilmiy ta’riflar tizimlashtirilgan. Ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy adolat, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi roli asoslab berilgan. Xorijiy va milliy olimlar yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ta’riflar tahlil qilingan. Mualliflik yondashuvi asosida ijtimoiy xizmatlar o‘tish iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion va institutsional mexanizm sifatida talqin qilingan.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga koʻtarish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va tarkibiy oʻzgartirishlarni jadallashtirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida, 2023-yil 11- sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonning II yoʻnalishi aynan “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash”ga qaratilgan. Ushbu maqola Yevropa Ittifoqi granti boʻlgan ORCA HORIZON-MSCA-2023-SE-01 loyihasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida nashr etilgan
Мақолада миллий иқтисодиётда фаолият юритаётган “Микрокредитбанк” АТБнинг соф фоизли даромадларини шаклланишига ушбу банкнинг пассивлар таркибий тузилишининг ўзгариш динамикасининг таъсирининг эконометрик таҳлили амалга оширилган. Хусусан, таҳлилда банкнинг активлар бўйича эҳтимолий йўқотишларни чегиришдан аввалги соф фоизли даромадаи тоъбе ўзгарувчи сифатида олинган ҳолда, мазкур банкнинг бошқа банклар олдидаги мажбуриятлари, депозитлари, кредит ва лизинг операциялари бўйича мажбуриятлари, банк томонидан чиқарилган қимматли қоғозлар, субординар қарз ва бошқа мажбуриятлари ҳамда акционерлик капитали мустақил ўзгарувчилар сифатида танлаб олинган. Таҳлиллар асосида илмий хулосалар шакллантирилган.
Ushbu maqola O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalarida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimini kompleks o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va uni takomillashtirish bo‘yicha munosib takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundan iboratki, O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari kontekstida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimining holati kompleks tahlil qilingan, tajribalar o’tkazilgan, xalqaro va mahalliy tajribalarni uyg‘unlashtirgan holda amaliy takliflar tizimi ishlab chiqilgan. Maqolada taklif etilgan yondashuvlarni tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, HR menejerlari, soha yuzasidan oliy ta’lim beruvchi o‘qituvchilar o‘qitish dasturlarini optimallashtirish, investitsion qarorlar qabul qilish va korxonalarning raqobatbardoshlik darajasini oshirishda material sifatida qo‘llashlari mumkin
Ushbu ilmiy maqola milliy iqtisodiyotning turli sohalarida blokcheyn texnologiyasining qo‘llanilishini tahlil qiladi. Maqolada blokcheynning iqtisodiyotdagi afzalliklari, markazlashmagan boshqaruv tizimi, xavfsizlik va shaffoflik imkoniyatlari yoritilgan. Shuningdek, texnologiyaning moliya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda qo‘llanilishi hamda O‘zbekiston tajribasi ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotning dolzarbligi shundaki, blokcheyn texnologiyasi milliy iqtisodiyotning samaradorligini oshirish va raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish imkonini beradi
Barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash metodologiyasi zamonaviy raqamli iqtisodiyotning ajralmas qismi hisoblanadi. Maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiy jarayonlarga ta’siri, ularni boshqaruv, ishlab chiqarish, moliyaviy va soliq tizimlarida samarali joriy etish metodologik asoslari tahlil qilingan. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkoniyatlari yoritilgan. Xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti sharoitida SI tizimlarini tatbiq etishning afzalliklari va muammolari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv yondashuvlari barqaror iqtisodiy o‘sish va samaradorlikni oshirishda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi
Мазкур мақолада ўйинчоқ ишлаб чиқариш корхоналарида ташкилий-иқтисодий самарадорликни баҳолаш ҳамда кадрлар сиёсати самарадорлигини таҳлил қилиш масалалари ўрганилган. Тадқиқот объекти сифатида “Green Line Toys” МЧЖ ва “Toys City” МЧЖ корхоналари фаолияти танлаб олинган бўлиб, уларнинг 2021–2025 йиллар давомидаги ишчи кучи таркиби, ёш ва лавозимлар бўйича тузилмаси, иш ҳақи сиёсати, бошқарув харажатлари ҳамда молиявий натижалари таҳлил қилинган. Тадқиқот жараёнида иқтисодий-статистик, қиёсий ва динамик таҳлил усулларидан фойдаланилган. Олинган натижалар ишчи кучи сони ва таркибидаги кескин ўзгаришлар, айниқса автоматлаштириш жараёнлари кучайган даврларда, корхоналарнинг молиявий барқарорлиги ва рентабеллигига бевосита таъсир кўрсатишини кўрсатди
Xitoy dunyodagi eng yetakchi eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib, eksportni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning eng rivojlangan tizimiga ega mamlakat sifatida ajralib turadi. Ushbu tizimning markazida Xitoy Eksport-import banki, Xitoy Taraqqiyot banki, davlat eksport-kredit sug‘urta agentligi Sinosure, shuningdek, byudjet va soliq rag‘batlantirish mexanizmlari mavjud. Maqolada Xitoyning eksportni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha institutsional tuzilmasi va mexanizmlari tahlil qilinadi hamda ushbu modelning yuqori samaradorligini belgilovchi omillar aniqlanadi.
Tadqiqotda Xitoyning davlat eksport siyosatining asosiy elementlari normativ-huquqiy tartibga solish, kreditlash, sug‘urtalash, subsidiyalash instrumentlari hamda tashqi savdo jarayonlarining raqamlashtirilishi kompleks tarzda yoritilgan.
Ushbu maqolada energetika sohasida raqamli transformatsiya jarayonlarining iqtisodiy mohiyati ilmiy-nazariy asosda yoritilgan hamda uning iqtisodiy samaradorligini baholash metodlari tahlil qilingan. Tadqiqotda raqamli transformatsiyaning energetika korxonalariga ta’siri, xususan, xarajatlarni kamaytirish, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va investitsiya jozibadorligini ta’minlashdagi o‘rni asoslab berilgan. Maqolada digitizatsiya, digitalizatsiya va raqamli transformatsiya tushunchalari o‘zaro solishtirilib, ularning iqtisodiy mazmuni ochib berilgan. Shuningdek, raqamli loyihalarning iqtisodiy natijalarini baholashda qo‘llaniladigan asosiy metodlar KPI tizimi, senariyli tahlil (Scenario analysis), xarajat–foyda tahlili (Cost–Benefit Analysis), investitsion tahlil (NPV, IRR, Payback Period) va integral baholash modeli mukammal yoritilgan.
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozorida dualistik moliyaviy tizimning joriy etilishi orqali instrumentlararo, institutlararo, sektorlararo va tizimlararo raqobatning shakllanish jarayonini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda sifat yondashuvi asosida dualistik modelning institutsional, huquqiy va iqtisodiy muhitga ta’siri hamda ushbu tizimning raqobatni kuchaytirishdagi imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, moliya bozorida diversifikatsiya yetarli darajada shakllanmagani, moliyalashtirish manbalari deyarli to‘liq bank tizimiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, dualistik moliya tizimi raqobatning yangi shaklini tizimlararo raqobatni vujudga keltirishi, moliyaviy xizmatlar segmentida samaradorlikni oshirishi va moliya bozorining diversifikatsiyasiga xizmat qilishi aniqlangan. Ushbu tizimning tatbiqi uchun zarur institutsional shart-sharoitlar, infratuzilma talablari va bozorni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar asoslab berilgan