Maqolada Namangan viloyatining qishloq xo‘jaligi bozori xususiyatlari, yalpi qishloq xo‘jaligi mahsuloti, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibi, yalpi hududiy mahsulot tarkibida qishloq xo‘jaligining ulushi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlari, qishloq xo‘jaligi bozorida raqobat muhitining asosiy ko‘rsatkichlari, raqobat muhitini baholash usullari hamda Namangan viloyatida raqobat muhitining dolzarb muammolari o‘rganilgan
Ushbu maqolada qishloq xo‘jaligiga investitsiya kiritish zaruriyati borasida tahlillar amalga oshirilgan, shu bilan bir qatorda, mamlakat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasida sohada yaratilayotgan qo‘shilgan qiymat tuzilmasida o‘zgarishlar tahlil qilingan. Tadqiqotchi olimlarning qishloq xo‘jaligi korxonalarining investitsiya faoliyatini tashkil etish yuzasidan qarashlari va fikrlari muhokama qilingan.Tizimli tahlil yondashuviga tayangan holda, investitsion faoliyatni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish moliyaviy, investitsion va ishlab chiqarish-tijorat faoliyatlarining o‘zaro uyg‘unligi va yaxlitligiga asoslanishini bo‘yicha takliflar ilgari surilgan. Maqolada qishloq xo‘jaligi korxonalarining investitsion faoliyati obyektlari va rag‘batlantiruvchi omillari tizimlashtirilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, ya’ni investitsiyalash iqtisodiy obyektlari bilan bog‘liq bo‘lgan investitsion faoliyat siklining modeli taklif etilgan.
Mazkur maqolada qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini integratsiyalash orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori misolida davlat byudjeti subsidiyalari, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi va tijorat banklari kreditlashining o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keladigan sinergetik samarani baholashdir. Metodologik asos sifatida ilmiy-adabiy manbalar tahlili, korrelatsion va regressiya tahlili, sug‘urta hisoblash modeli, kredit xavfi tahlili hamda fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksini baholash usullaridan foydalanildi. IMF, FAO, Jahon banki, OECD va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekistonning rasmiy statistik ma’lumotlari asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Tadqiqot natijalari davlat agrar xarajatlari ulushi oshishi qishloq xo‘jaligi o‘sishining o‘zgaruvchanligini kamaytirishini, sug‘urta qamrovi kengayishi agrar kreditlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashini, sug‘urtalangan kreditlarda defolt ehtimoli sezilarli darajada pasayishini ko‘rsatdi. Fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksining pastligi O‘zbekistonda agrar kapital ta’minotini kuchaytirish zarurligini tasdiqlaydi. Mualliflar byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini kompleks integratsiyalash agrar sektor moliyaviy barqarorligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishi ekanini asoslaydi va agrar siyosat uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqadi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini prognozlashni maqsad qiladi. Tadqiqot uchun ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasidan olingan. Tadqiqot 2010-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan 15 yillik davrni qamrab oladi. Mazkur ishda ayrim tanlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha Box–Jenkins metodologiyasi, ya’ni Avtoregressiv integrallashgan sirpanma o‘rtacha (ARIMA) modeli qo‘llanildi. Metodologiya talabiga ko‘ra yetarli hajmdagi kuzatuvlar zarurligi inobatga olinib, 10 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tanlab olindi. Modelning barcha muhim bosqichlari tizimli ravishda qo‘llanilib, 2025-yildan boshlab keyingi 5 davr uchun dinamik prognoz amalga oshirildi. Turli model tanlash mezonlari, jumladan tuzatilgan determinatsiya koeffitsienti (Adj R²), eng kichik AIC qiymati hamda eng past MAPE ko‘rsatkichlari asosida modelning aniqligi tasdiqlandi. Natijalarga ko‘ra, mahsulotlar orasida eng past Akaike axborot mezoni (AIC) qiymati arpa mahsulotiga to‘g‘ri keldi, eng past o‘rtacha mutlaq foiz xatolik (MAPE) ko‘rsatkichi esa karam mahsulotida kuzatildi.
Ushbu maqolada, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasida 2020- 2024-yillar mobaynida kuzatilgan dinamik o‘zgarishlar, ulardagi ayrim qonuniyatlar va ularning kelgusi davrlar uchun prognoz ko‘rsatkichlarga ta’siri statistik ma’lumotlar asosida yoritib beriladi. Agrar tarmoqqa oid rasmiy statistik ma’lumotlar asosida qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan modernizatsiyalash jarayonlari natijasida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda kuzatilayotgan o‘zgarishlar va ularning aholi farovonligiga ta’siri tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga ko‘rsatadigan ta’siri xalqaro ilmiy tadqiqotlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda haroratning ko‘tarilishi, yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishi, suv resurslarining tanqisligi kabi omillar hosildorlikka qanday ta’sir qilayotgani o‘rganiladi. Xususan, g‘alla, paxta, makkajo‘xori kabi asosiy ekinlar misolida issiqlik va namlik balansining o‘zgarishi ularning o‘sish fazalariga va hosildorlik darajasiga bevosita ta’sir qilishi isbotlangan. Turli davlatlarda olib borilgan panel regressiya, ARIMA, va GARCH modellariga asoslangan tadqiqotlar iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga sezilarli salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Maqolada, ushbu xulosalar asosida O‘zbekiston sharoitida tadqiqot olib borish zarurligi asoslanadi.
Ushbu maqolada qishloq xo‘jaligi korxonalarining iqtisodiy salohiyatini tahlil qilishda axborot bilan ta’minlashning ahamiyati yoritilgan. Muallif axborot texnologiyalari va statistik ma’lumotlarning iqtisodiy tahlildagi o‘rni, qishloq xo‘jaligi korxonalarining faoliyatini samarali rejalashtirishdagi roli haqida fikr yuritadi. Maqolada iqtisodiy salohiyatni aniqlashda axborot resurslaridan foydalanish usullari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining ishlab chiqarish samaradorligini baholashda fuzzy regressiya modelining nazariy va metodologik asoslari hamda qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud resurslardan foydalanishni optimallashtirishda fuzzy yondashuvning afzalliklari tahlil qilingan. Shuningdek, fuzzy regressiya modeli yordamida noaniqlik sharoitida samaradorlikka ta’sir etuvchi o‘zgaruvchi omillar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashning ilmiy ahamiyati nazariy jihatdan yoritilgan.
Mazkur tadqiqot Samarqand viloyatida 2025-yil bahorgi ekin mavsumida sinovdan o‘tkazilgan ob-havoga asoslangan sug‘orish tizimining texnik tuzilmasi, tajriba metodologiyasi va asosiy empirik natijalarini tahlil qiladi. Tadqiqot doirasida dala sharoitida iqlim omillariga moslashgan sug‘orish rejalashtirishining samaradorligi qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi va suv resurslaridan foydalanish samaradorligi ko‘rsatkichlari orqali baholanadi. Tahlil jarayonida to‘rtta turli sug‘orish rejimi asosida suvni tejash darajasi, umumiy hosil hajmi, hosil tarkibiy ko‘rsatkichlari hamda ekinlarning suv unumdorligi solishtiriladi. Ushbu rejimlar an’anaviy fermer amaliyotlari bilan ob-havoga asoslangan ilg‘or sug‘orish yondashuvlarini taqqoslash imkonini berib, agronomik va gidrologik natijalarni kompleks baholashga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish asoslari, suvdan foydalanish huquqi, suv fondi, suvga doir munosabatlar, suvdan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi, suv obyektlaridan foydalanish maqsadlari kabi masalalar o‘rganilgan.
Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu maqolada yer resurslaridan foydalanishda sinergik yondashuvning nazariy asoslari, amaliy qo‘llanish holatlari va iqtisodiy, ekologik hamda ijtimoiy samaralari yoritilgan. Sinergik yondashuv yer resurslarining kompleks boshqaruvi, turli subyektlar o‘rtasidagi hamkorlik, sektorlararo integratsiya va innovatsion texnologiyalar asosida barqaror natijalarga erishishni ta’minlaydi. Muallif sinergiyaning mohiyatini zamonaviy yondashuvlar orqali tahlil qilib, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va iqtisodiyot sohalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib beradi.