Agroklasterlarning samarali rivojlanishini ta’minlash va ularning iqtisodiy jarayonlarga ta’sirini baholashda econometrik modellashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada agroklasterlar faoliyatini tahlil qilish va optimallashtirishda panel ma’lumotlardan foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqiladi. Panel ma’lumotlar vaqt va hududiy omillarni hisobga olgani sababli, agroklasterlarning qisqa va uzoq muddatli dinamikasini o‘rganish imkonini beradi. Maqolada bir vaqtli tizimlashgan modellardan foydalanish, mazkur modellashtirish usuli yordamida endogenlik muammosini hal qilish hamda kointegratsiya usullarini qo‘llash kabi ekonometrik yondashuvlar tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari agroklaster tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish va klasterlararo integratsiya jarayonlarini optimallashtirish uchun ilmiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu tadqiqotda Oʻrta Osiyo davlatlari suv tanqisligining iqtisodiy oʻsishga taʼsiri ekonometrik panel modellari orqali tahlil qilindi. Uzoq muddatli panel maʼlumotlarini tahlil qilish uchun biz Pooled regression model, fixed effect model va random effect modellari orqali 1990-2023 yillar va 5 ta davlat yillik maʼlumotlarini modellashtirdik. Model qurib boʻlgach ularni turli statistik testlar orqali diagnostik testlar bilan tekshirdik. Yuqoridagi modellarni solishtirish natijasida panel maʼlumotlarimizga eng mos keladigan model bu Pooled regression model ekanligini aniqladik. Ushbu model koʻrsatkichlari asosida Oʻrta Osiyo mamlakatlarida suv tanqisligining oshib borishi iqtisodiy oʻsishga salbiy taʼsir etayotganligi aniqlandi. Suv tanqisligining har bir birlikka oshishi yalpi ichki mahsulotni 0.0166 birlikka kamayishiga olib keladi. Natijalar yuqori suv tanqisligiga uchrayotgan davlatlar suv resurslarini boshqarishni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab, tanqislikni kamaytirish infratuzilmalarini yaratib, suvni tejash siyosatini amalga oshirishi kerakligini ko‘rsatdi.
Maqolada mamlakatimizdagi sanoat tarmog’ining o’zgarish tendensiyasi va uning yalpi ichki mahsulotdagi hissasini oshirish imkoniyatlari atroflicha o’rganilgan. Bunda sanoat mahsuloti o’sish sur’atiga ta’sir ko’rsatuvchi 25 turdagi ko’rsatkichlarning 6 yillik dinamikasi panel ma’lumotlari sifatida tanlab olinib, 4 xil model bo’yicha parametr qiymatlari aniqlangan va ularning iqtisodiy mazmuni tushuntirilgan.
Ushbu maqolada iste’molchilar xulq-atvoriga ta’sir etuvchi omillar ekonometrik yondashuv asosida formalizatsiya qilinadi va ularning xarid qarorlari hamda iste’mol hajmiga ta’siri miqdoriy baholanadi. Tadqiqot doirasida daromad, narxlar va inflyatsion kutilmalar, uy xo‘jaligi demografik xususiyatlari, axborotga kirish darajasi, raqamli kanal/marketing ta’siri hamda psixologik omillar (xavfga munosabat, ishonch) kabi determinantlar tizimli ravishda modellarga kiritiladi. Metodologik qismda xarid qilish ehtimolini baholash uchun logit/probit modellari, iste’mol talabi uchun regressiya va panel ma’lumotlar (fixed/random effects) yondashuvlari, endogenlik muammosini yumshatish uchun instrumental o‘zgaruvchilar hamda mustahkamlik tekshiruvlari qo‘llanadi. Natijalar iste’molchi siyosati, raqobat muhiti va bozor monitoringi uchun amaliy xulosalar ishlab chiqish imkonini beradi.
Ushbu tadqiqotda O‘zbekistonning mahalliy budjetlariga 2021-2024 yillarda tushgan soliq daromadlari va ularning tarkibi tahlil qilindi. Deskriptiv statistika usuli, vizualizatsiya hamda panel ma’lumotlar strukturasi asosida yondashuv qo‘llanildi. Tahlil natijalari soliq bazasining diversifikatsiyalanayotgani va budjet daromadlarining mustahkamlanayotgani ko‘rsatdi. Xulosalarda mahalliy budjetlar barqarorligini ta’minlash, soliq siyosatini takomillashtirish va daromad manbalarini kengaytirish boʻyicha amaliy tavsiyalar keltirilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy barqarorlikni saqlash va mahalliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, xususan Jahon savdo tashkilotida ishtirok etish siyosatining iqtisodiy asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqot savdo kelishuvlarining eksport, investitsiyalar va raqobatbardoshlikka ta’sirini ochib beradi. Xalqaro va mintaqaviy tajriba asosida savdo siyosatini shakllantirishda inklyuzivlik, institutsional muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar ishtirokining ahamiyati yoritiladi. Empirik tahlil 2000–2024-yillar uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ma’lumotlari asosida panel regressiya modeli orqali amalga oshiriladi. Natijalar JSTga a’zolik YAIM hajmini o‘rtacha 17 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Shuningdek, JST a’zoligi investitsiya muhitini yaxshilashi, eksport diversifikatsiyasini kuchaytirishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi aniqlangan. Prognoz tahliliga ko‘ra, 2030-yilga kelib O‘zbekiston YAIMi JSTga a’zo bo‘lish sharoitida 245 mlrd AQSh dollariga yetishi mumkin. Maqolada savdo liberallashuvining ehtimoliy ijtimoiy va tarmoqlararo xatarlariga ham e’tibor qaratilib, muvozanatli savdo siyosati bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Ушбу мақолада тўлов соҳасини рақамлаштириш вақтнинг ҳақиқий эҳтиёжига айланди, чунки рақамли дунёдаги ҳаёт молиявий жараёнларга турли талабларни қўяди, бу инновацион технологиялар, шу жумладан тарқатилган регистрлар ва ақлли шартномалар қондириш учун мўлжалланганлигидир.