Maqolada islomiy bank tizimining real iqtisodiyot sektoriga investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Shariat tamoyillariga asoslangan islomiy moliyaviy institutlar risklarni adolatli taqsimlash, bitimlarning shaffofligini ta’minlash hamda haqiqiy iqtisodiy qiymatga ega loyihalarga yo‘naltirilishi bilan ajralib turadi. Nazariy asoslar va islomiy moliya tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasi tahlili asosida islomiy bank tizimi nafaqat ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishga, balki moliyaviy sektor barqarorligini oshirishga ham xizmat qilishi aniqlangan. Alohida e’tibor O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish istiqbollariga qaratilib, bu kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va bank tizimiga ishonchni mustahkamlash omili sifatida ko‘rib chiqiladi
Ushbu ilmiy tadqiqot O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlarining mehmonxona sanoatini rivojlantirishda soliq imtiyozlari va subsidiya siyosatining iqtisodiy samaradorligini qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda ikki mamlakat tajribasi asosida mehmonxona sektorini moliyaviy rag‘batlantirish usullari, ularning investitsiyaviy jozibadorlikka va hududiy iqtisodiy o‘sishga ta’siri kompleks tarzda o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi soliq yengilliklari va davlat subsidiyalari orqali turizm infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, mehmonxona tarmog‘i rivojiga ko‘mak beruvchi iqtisodiy instrumentlarning samaradorligini aniqlashdir. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining amaliy natijalari ham empirik dalillar asosida baholanadi.Tadqiqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreyada qo‘llanilgan moliyaviy yondashuvlar samaradorligining nisbiy ustunliklari aniqlanadi, Soliq va subsidiya siyosatining hududlararo nomutanosiblikni kamaytirish va turizm salohiyatini oshirishdagi ta’siri baholanadi, O‘zbekiston uchun moslashtirilgan, xalqaro ilg‘or tajribaga asoslangan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqiladi. Mazkur tadqiqot iqtisodchi olimlar, tahlilchilar, turizm sohasi bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, investitsiya siyosatini shakllantiruvchi mutasaddilar, shuningdek magistratura darajasidagi tadqiqotchilar uchun amaliy va nazariy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot nafaqat mavjud iqtisodiy va institutsional muammolarni yoritadi, balki ularni hal qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ham ilgari suradi. Shuning uchun bu ish barqaror turizm siyosatini yaratish yo‘lida ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi,O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehmonxona sanoatida soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qo‘llash amaliyoti birinchi marta tizimli qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur ishda soliq yengilliklarining investitsiya faolligi, hududiy rivojlanish va xizmat sifati kabi mezonlarga ta’siri aniqlangan. Shuningdek, milliy sharoitga moslashtirilgan, iqtisodiy samaradorlikka yo‘naltirilgan rag‘batlantirish modeli ishlab chiqilib, davlat-xususiy sheriklik asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududiy rivojlanish dasturlarida BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) integratsiyasi masalalari o‘rganilgan. Tadqiqot davomida 2017-2023 yillarda qabul qilingan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar kontent-tahlil usuli orqali tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududlarda SDG tamoyillari yuqori darajada aks etgan bo‘lsa, boshqalarda faqat umumiy g‘oya darajasida tilga olingan. Maqolada hududlar bo‘yicha integratsiya darajasi farqlari aniqlanib, konseptual yondashuvni kuchaytirish, indikatorlarni moslashtirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Maqolada Oʻzbekiston Respublikasida kiyim ishlab chiqarish sanoatining hozirgi holati, rivojlanish omillari va istiqbollari yoritilgan. Sanoatning milliy iqtisodiyotdagi oʻrni, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish, brend va dizayn siyosatini rivojlantirish zarurati tahlil qilingan. Shuningdek, ilmiy asoslangan marketing strategiyalarini joriy etish, neyromarketing yondashuvlari, elektron tijorat imkoniyatlaridan foydalanish va kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirish sohaning global raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil sifatida qayd etilgan.
Mazkur maqola innovatsion iqtisodiyot sharoitida raqamli transformatsiyaning mintaqaviy iqtisodiy tendensiyalarga taʼsirini oʻrganadi. Soʻnggi yillarda chop etilgan tadqiqotlarni sistematik adabiyot tahlili (SLR) orqali tahlil qilish asosida, raqamli texnologiyalar (masalan, sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar va IoT) iqtisodiy oʻsish, innovatsion salohiyat va mintaqaviy nomutanosibliklarga qanday taʼsir qilishi koʻrib chiqilgan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, raqamli transformatsiya mintaqaviy iqtisodiy oʻsish va innovatsiyani sezilarli darajada ragʻbatlantiradi, ijobiy toʻkilish effektlari (positive spillover effects) orqali, ammo rivojlanayotgan mintaqalarda ekologik muammolar va tengsizliklarni kuchaytiradi. Xulosada salbiy taʼsirlarni yumshatish va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun integratsiyalashgan siyosatlarga ehtiyoj taʼkidlangan. Takliflar raqamli infratuzilmani rivojlantirish va yashil innovatsiyalarga investitsiya qilishni oʻz ichiga oladi.
Maqolada taʼlim xizmatlarini ko‘rsatishda taʼlim tizimini rivojlantirishning innovatsion jihatlari, uni rivojlantirish va baholash jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar o‘rganilgan. Ta’lim xizmatlari bozorida oliy ta’lim muassasalari raqobatbardoshlgini oshirish omillarini aniqlashtirish, raqobatbardoshligini baholash uslubiyatini takomillashtirish, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash va ta’lim xizmatlari sifatini oshirishning ilmiy-uslubiy asoslarini bo‘yicha amaliy tavsiya va takliflar tadqiq qilingan.
Maqolada O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni milliy sharoitga moslashtirish imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Singapur, Malayziya, Hindiston, BAA va Janubiy Koreya tajribasi asosida ularning afzalliklari, kamchiliklari, risklarni boshqarish mexanizmlari va institutsional asoslari ko‘rib chiqilgan. Maqola davomida O‘zbekiston sharoitida PPP loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, mavjud imkoniyatlar, moliyaviy va huquqiy asoslar chuqur tahlil qilinib, PESTEL va SWOT tahlillar keltirilgan. Shuningdek, maqolada statistik ma’lumotlar asosida turizm sohasida investitsiya hajmlari, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga PPPning ta’siri yoritilgan. Natijada, davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlik uchun 10 ta aniq taklif ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada Markaziy Osiyo mintaqasidagi talabalar mobiliteti va turizm oqimlarining rivojlanishi Yevropa Ittifoqi tajribasi asosida kompleks tahlil qilindi. Tadqiqotda talabalar oqimining iqtisodiy ta’siri empirik tahlil asosida baholanib, “talaba-turist” sinergiyasining uzoq muddatli iqtisodiy samaradorligi aniqlab berildi. Mazkur natijalarga asoslanib, Markaziy Osiyo davlatlari uchun “Ipak yo‘li talabalar harakatchanligi dasturi (IYTHD)” nomli yangi integratsion model taklifi ilgari surildi. Model raqamli platforma, integratsion tarmoq va moliyaviy mexanizmlarni birlashtirib, talabalar mobiliteti uchun yagona hududiy ekotizimni shakllantirishga qaratilgan. Mazkur maqola Markaziy Osiyo davlatlarida talabalar turizmining iqtisodiy rivojlanishdagi rolini oshirish hamda mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi ilmiy-amaliy tavsiyalarni bayon qiladi.
Ushbu maqola islom tijorat banklarining risklarini tahlil qilish va ularni minimallashtirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqadi. Kredit, operatsion, regulyatorlik, texnologik va likvidlik kabi asosiy risklar tahlil qilinadi. Nazorat qoidalarining o‘zgarishlari, raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etishning islom banklarida risklarni boshqarish samaradorligiga ta'siri alohida ko‘rib chiqiladi. Maqolada risklarni boshqarish tizimini yaxshilash, yangi moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish va xodimlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan strategiyalar taklif etiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi, uni boshqarish tizimi hamda ushbu tizimni takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida olib borish zarurati asoslab beriladi. Maqolada xorijiy tajriba va milliy rivojlanish strategiyalaridan kelib chiqib, O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Mazkur maqolada Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish uchun investitsiyalar, kredit va moliyaviy resurslarni jalb etish holati tahlil qilinadi. Xususan, moliyalashtirishdagi asosiy muammolar, garov taʼminoti, infratuzilma yetishmovchiligi va huquqiy toʻsiqlar koʻrib chiqiladi. Shuningdek, ekologik jihatlar, barqaror turizm, yashil texnologiyalar va ekoturizm imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Deskriptiv, komparativ, ekologik va SWOT tahlillar asosida asosiy muammolar, imkoniyatlar hamda barqaror turizm rivoji uchun strategik takliflar ishlab chiqilgan.
Maqolada xalqaro moliya-kredit institutlari bilan hamkorlikning iqtisodiy mazmuni, shakllari va zamonaviy mexanizmlari tahlil qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida xalqaro moliya institutlari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada Estoniya misolida raqamlashtirishning ta’lim xizmatlari bozoriga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Estoniya raqamli transformatsiya bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri sifatida tahlil qilinib, davlat tashabbuslari, raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish va ta’lim platformalarini joriy etish bo‘yicha solishtirma tahlil o‘tkazilgan. Shuningdek, Estoniyaning muvaffaqiyatli tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlari yoritilgan. Raqamli ta’limning asosiy muammolari va ustunliklari asoslab berilgan, O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini raqamli transformatsiyalashni jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va mamlakatning xalqaro imijini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini hisobga olgan holda, moddiy madaniy meros obyektlaridan turizm sohasida samarali foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi. Biroq hozirgi kunda bunday obyektlar, xususan, arxeologik yodgorliklarning turistik oborotga jalb etilganlik darajasi juda pastligicha qolmoqda. Bu tizimli muammolar, jumladan, infratuzilmaning yo‘qligi, reestrlarning buzilgan yoki eskirgan ma’lumotlari, obyektlarning past darajadagi mashhurligi va ularning turistik salohiyatini baholashning kompleks metodologiyasi yo‘qligidan dalolat beradi. Ushbu tadqiqot Farg‘ona va Andijon viloyatlari kabi yuqori madaniy salohiyatga ega, ammo turizm infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan hududlar kontekstida alohida dolzarblik kasb etadi. Moddiy madaniy meros obyektlarining turistik jozibadorligini baholashning kompleks metodologiyasini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish mintaqaviy turistik marshrutlarni shakllantirishga ilmiy asoslangan yondashuvni, shuningdek, madaniy qadriyatlarni saqlash va targ‘ib qilishning samarali strategiyalarini taklif qilish imkonini beradi.
Maqolada 2017–2024 yillar davomida Oʻzbekiston eksportining tarkibiy diversifikatsiyasi empirik jihatdan tahlil qilinadi. Gorizontal diversifikatsiya eksport qilinayotgan mahsulotlar soni va Herfindal–Hirshman indeksi asosida, vertikal diversifikatsiya esa mahsulotlarning oʻrtacha eksport qiymati orqali baholangan. Regressiya natijalari shuni koʻrsatadiki, eksport qilinayotgan mahsulotlar sonining ortishi eksport hajmiga ijobiy va ahamiyatli taʼsir koʻrsatadi. Uzoq xorij mamlakatlari bilan savdo aloqalarida esa mahsulotlarning nafaqat soni, balki ularning yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu vertikal diversifikatsiyani rivojlantirish zarurligini koʻrsatadi. Tadqiqot shuningdek, Oʻzbekiston eksportining ayrim mahsulotlarga, xususan, oltinga yuqori darajadagi qaramligini aniqladi. Yuqori transport xarajatlarini hisobga olgan holda, qayta ishlangan, innovatsion va raqobatbardosh mahsulotlarni eksport qilish Oʻzbekiston tashqi savdosining barqarorligini taʼminlashda muhim hisoblanadi.
Ushbu maqolada Qoraqalpogʻiston Respublikasida gastronomik turizmning rivojlanishi, uning imkoniyatlari, bugungi kunda turizm sohasi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, qoraqalpoq gastronomik turizm resurslari, qolaversa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun gastronomik turlarini ishlab chiqish, turistik dasturlarni yaratish tahlili olib borilgan. Bunda asosiy eʼtibor qoraqalpoq gastronomik turizm resurslariga tegishli milliy taomlarni targʻib qilish, uni turizm dasturlariga kiritish, turistlarni jalb qilish kabilar keltirib oʻtilgan. Bundan tashqari, qoraqalpoq gastronomik turizmining rivojlanishiga taʼsir etuvchi omillar hamda baʼzi tavsiyalar mushohada qilingan. Shuningdek, muallif tomonidan izlanishlar asosida “Qalʼalar saltanati – Qoroqalpogʻiston”mavzusidagi 4 kecha 5 kunlik tur va uning hisob-kitobi tuzib chiqilgan.
Maqola maishiy xizmatlar bozorini chuqur o‘rganishni, shu jumladan turli xizmat ko‘rsatish turlari va shakllarining ixtisoslashuvini hisobga olgan holda tobora dolzarb va umumlashtirib borayotgan dolzarb masalalarni tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. Ishda ushbu sohadagi mavjud vaziyat, unga boʻlgan talab darajasi, maishiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyoj va hududlardagi aholining daromad darajasi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik koʻrib chiqilmoqda, shuningdek, sohani rivojlantirishning asosiy tendensiyalari aniqlanmoqda.
Mazkur maqolada oliy ta’lim xizmatlari tizimida raqobatning o‘rni hamda mamlakat rivojiga ta’sirini takomillashtirishning nazariy va uslubiy asoslari chuqur o‘rganilgan. Bugungi davr talablariga javob beradigan, ya’ni nafaqat mamlakat ichkarisida balki xalqaro darajada faoliyat yurita oladigan yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash masalasida nazariy takliflar va tavsiyalar ilgari suriladi. Tadqiqot natijalari oliy ta’lim xizmatlaridagi ta’lim tizimini rivojlantirish va raqobatbardoshligini ta’minlash muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega ekanligiga e’tibor qaratgan.
Ushbu mаqolаdа, rаqobаtni rivojlаntirishning аhаmiyаti, rаqobаtning sаlbiy tа’sirlаri vа еhtiyot chorаlаri, rаqobаtning ijtimoiy tа’siri, monoрoliyа vа kаrtеllаr bilаn kurаshish, rаqobаtni rаqаmli trаnsformаtsiyаgа tа’siri, rаqobаtni rivojlаntirishdа dаvlаt siyosаti vа JST gа а’zo bo‘lishdа rаqobаt muhitining аhаmiyаti hаqidа so‘z yuritilgаn.
Ushbu maqolada, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasida 2020- 2024-yillar mobaynida kuzatilgan dinamik o‘zgarishlar, ulardagi ayrim qonuniyatlar va ularning kelgusi davrlar uchun prognoz ko‘rsatkichlarga ta’siri statistik ma’lumotlar asosida yoritib beriladi. Agrar tarmoqqa oid rasmiy statistik ma’lumotlar asosida qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan modernizatsiyalash jarayonlari natijasida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda kuzatilayotgan o‘zgarishlar va ularning aholi farovonligiga ta’siri tahlil qilinadi.
Raqamli iqtisodiyot sharoitida sanoat korxonalarining innovatsion faoliyati ularning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi. “Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati” AJ misolida aqlli texnologiyalarni joriy etish evolyutsiyasi va ularning ishlab chiqarish jarayonlariga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Kombinat ishlab chiqarish operatsiyalarini optimallashtirish, samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan raqamli еchimlarni faol integratsiya qilmoqda. Ushbu innovatsiyalarning korxona ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siri tahlil qilinadi, shuningdek, raqamlashtirish kontekstida kelgusidagi rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston eksportini rivojlantirish strategiyalarini baholash va ustuvorligini aniqlash uchun Analitik ierarxiya jarayonini (AHP) qo‘llaydi. Metodologiyada Prezident tomonidan belgilab berilgan milliy strategik ustuvorliklar, davlat dasturlari, shuningdek, iqtisodchi ekspertlar va yuqori mansabdor shaxslarning fikrlari inobatga olingan. Shu asosda mezonlar va vaznlar shakllantiriladi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish yetakchi strategiya bo‘lib, bu davlat siyosati uchun muhim ahamiyatga ega.
Mazkur tadqiqot davlat korxonalarini (SOEs) boshlang‘ich ommaviy takliflar (IPO) va ikkilamchi ommaviy takliflar (SPO) orqali xususiylashtirish masalasini, ayniqsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan kapital bozori doirasida o‘rganadi. Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarning tajribasiga tayanilgan holda, ushbu maqola davlat korxonalarining fond bozoriga chiqarilishi orqali korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oshkoralikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, investorlar bazasining zaifligi, listing infratuzilmasining yetarli emasligi, hamda oshkoralik va korporativ boshqaruvdagi muammolar tahlil qilinadi. Hukumat tomonidan yirik SOE’larning IPO orqali xususiylashtirilishi bo‘yicha jiddiy tashabbuslar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, institut sarmoyadorlarning kamligi, underwriterlar faoliyatining zaifligi va aholining fond bozori haqida yetarli bilimga ega emasligi kabi tizimli to‘siqlar mavjud. Tadqiqot bosqichma-bosqich IPO joriy etish, investitsion banklar salohiyatini oshirish, oshkoralik tizimini kuchaytirish va aholining aksiyalarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi. Ushbu xulosalar O‘zbekistonning davlatga asoslangan iqtisodiyotdan bozor mexanizmlariga asoslangan tizimga o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ushbu maqolada globallashuv sharoitida IT-sektorning milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishdagi roli tahlil qilingan. Raqamli transformatsiya iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va inson kapitali rivojlanishida asosiy omil sifatida qaraladi. Jahon IT bozoridagi zamonaviy tendensiyalar tahlil qilinib, O‘zbekiston Respublikasida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, xususan, Toshkentdagi IT-Park faoliyati misolida yoritilgan. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xizmatlar tuzilishi, eksport hajmi va bandlik bo‘yicha statistik ma’lumotlar keltirilgan. Davlat qo‘llab-quvvatlashi, ta’limga investitsiyalar va IT-mutaxassislarni tayyorlash muhimligi ta’kidlangan. Yakuniy qismida IT-sektorni “bilimlar iqtisodiyoti”ni shakllantirish va global raqamli maydonga integratsiyalash uchun strategik yo‘nalishlar tavsiya etilgan. Ushbu maqola “Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida xizmatlar savdosini liberallashtirish istiqbollari va muammolarini o‘rganish, shuningdek, uning hajmini oshirish va bu maqsadga erishish mexanizmlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish” nomli ilmiy tadqiqot doirasida bajarilgan.
Ushbu maqola O’zbekistonda turizm sohasiga jalb qilingan investitsiyalarning hozirgi holati va rivojlanish tendensiyalarini tahlil qiladi. Turizmda investitsiyalarning hajmi, manbalari va ularning turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirishdagi o‘rni ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, sohadagi ichki va tashqi investitsiyalar, davlat siyosati va iqtisodiy omillarning turizm sektoriga ta’siri kabi jihatlar tadqiq etilgan.