Mazkur tadqiqot davlat korxonalarini (SOEs) boshlang‘ich ommaviy takliflar (IPO) va ikkilamchi ommaviy takliflar (SPO) orqali xususiylashtirish masalasini, ayniqsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan kapital bozori doirasida o‘rganadi. Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarning tajribasiga tayanilgan holda, ushbu maqola davlat korxonalarining fond bozoriga chiqarilishi orqali korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oshkoralikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, investorlar bazasining zaifligi, listing infratuzilmasining yetarli emasligi, hamda oshkoralik va korporativ boshqaruvdagi muammolar tahlil qilinadi. Hukumat tomonidan yirik SOE’larning IPO orqali xususiylashtirilishi bo‘yicha jiddiy tashabbuslar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, institut sarmoyadorlarning kamligi, underwriterlar faoliyatining zaifligi va aholining fond bozori haqida yetarli bilimga ega emasligi kabi tizimli to‘siqlar mavjud. Tadqiqot bosqichma-bosqich IPO joriy etish, investitsion banklar salohiyatini oshirish, oshkoralik tizimini kuchaytirish va aholining aksiyalarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi. Ushbu xulosalar O‘zbekistonning davlatga asoslangan iqtisodiyotdan bozor mexanizmlariga asoslangan tizimga o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Iqtisodiy xavfsizlik, «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish bilan bog‘liq global o‘zgarishlar sharoitida barqaror rivojlanishning asosiy elementi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida tabiiy resurslarni boshqarishni optimallashtirish, energiya samaradorligini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish zaruratidan kelib chiqib, bu jarayon strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Maqolada «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy muammolari va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, qonunchilik bazasini takomillashtirish va institutsional mexanizmlarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Taqdim etilgan chora-tadbirlar barqaror o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish, ekologik yukni kamaytirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Мамлакатнинг ривожланишида ҳар бир инсонга кунлик зарур бўладиган энг кам миқдордаги таъминотнинг етишмаслиги замонавий дунё давлатлари тараққиёти учун бошқа хавфлардан кам бўлмаган камбағаллик хавфини келтириб чиқариши мумкин. Зеро, бунинг замирида шахс, жамият ва давлатнинг бугунги ва эртанги куни, барқарор тараққиётнинг асослари мужассамдир
Maqolada O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni milliy sharoitga moslashtirish imkoniyatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Singapur, Malayziya, Hindiston, BAA va Janubiy Koreya tajribasi asosida ularning afzalliklari, kamchiliklari, risklarni boshqarish mexanizmlari va institutsional asoslari ko‘rib chiqilgan. Maqola davomida O‘zbekiston sharoitida PPP loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, mavjud imkoniyatlar, moliyaviy va huquqiy asoslar chuqur tahlil qilinib, PESTEL va SWOT tahlillar keltirilgan. Shuningdek, maqolada statistik ma’lumotlar asosida turizm sohasida investitsiya hajmlari, ish o‘rinlari yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga PPPning ta’siri yoritilgan. Natijada, davlat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlik uchun 10 ta aniq taklif ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada platforma iqtisodiyoti sharoitida shakllanayotgan raqamli mehnat bozori va inson kapitali o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik nazariy va konseptual jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda raqamli platformalar orqali tashkil etilayotgan mehnat munosabatlarining institutsional xususiyatlari, algoritmik boshqaruv mexanizmlari hamda inson kapitalidan foydalanishning yangi shakllari yoritilgan. Muallif raqamli mehnat bozorini an’anaviy mehnat munosabatlaridan tubdan farq qiluvchi mustaqil iqtisodiy institut sifatida talqin qilib, “cloud work”, “crowd work” va “gig work” segmentlari doirasida mehnatning fragmentatsiyalashuvi jarayonini asoslab beradi.Maqolada inson kapitalining raqamli iqtisodiyot sharoitida klassik ishlab chiqarish omilidan ma’lumot ishlab chiqaruvchi va platforma qiymatini oshiruvchi resursga aylanishi ko‘rsatib berilgan.
Mazkur ilmiy maqolada davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashning ilmiy-nazariy asoslari, iqtisodiy mexanizmlari va institutsional jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda davlat ishtirokidagi korxonalarning fond bozorlaridagi ishtiroki bozor likvidliligini oshirishi, uzoq muddatli investitsiya resurslarini jalb etishi hamda davlat budjeti yukini kamaytirishga xizmat qilishi empirik va statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Xususan, IPO, SPO va korporativ obligatsiyalar emissiyasi dinamikasi orqali kapital bozorlarida davlat sektorining o‘rni ochib berilgan. Tadqiqot natijalari davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish hamda milliy iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sishini ta’minlashda muhim omil ekanini ko‘rsatadi.
Мазкур мақолада ижтимоий хизматлар кўрсатиш тизимини ривожлантиришнинг хорижий тажрибаси илмий жиҳатдан таҳлил қилинган. Жаҳон амалиётида шаклланган ижтимоий хизматлар моделлари, хусусан Скандинавия мамлакатларида қўлланилаётган универсал ижтимоий хизматлар тизими институционал тузилиши, молиялаштириш механизмлари ва ижтимоий самарадорлик нуқтаи назаридан ўрганилган. Тадқиқот жараёнида ижтимоий хизматларни инсон капиталига қаратилган узоқ муддатли инвестиция сифатида талқин қилишнинг назарий ва амалий асослари очиб берилган. Олинган натижалар асосида хорижий тажрибанинг Ўзбекистон шароитига мослаштирилган ҳолда қўллаш имкониятлари баҳоланиб, ижтимоий хизматлар тизимини такомиллаштиришга қаратилган илмий-амалий хулосалар ва таклифлар ишлаб чиқилган.
Ushbu maqolada AQShning Silikon vodiysida shakllangan innovatsion startap ekotizimi iqtisodiy va statistik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda startaplar rivojlanish bosqichlari, venchur kapital dinamikasi, mehnat bozori o‘zgarishlari, demografik ko‘rsatkichlar hamda texnologik faollikning mehnat bozori, migratsiya oqimlari, patentlash sur’atlari va investitsiya hajmlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. 2020–2023 yillar davomida Silikon vodiysidagi startaplar soni dinamikasi, AI startaplar ulushi, yangi tashkil etilgan texnologik kompaniyalar, venchur kapital taqsimoti hamda gender tarkibi bo‘yicha statistik tendensiyalar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Silikon vodiysida iqtisodiy va demografik diversifikatsiya, investitsiya imkoniyatlari hamda inson resurslari salohiyati ekotizimning barqaror o‘sishi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tajriba O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy siyosat va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Maqolada 1991-2024-yillar davomida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish, sanoat rivojlanishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va energiya iste’molining karbonat angidrid emissiyalariga ta’siri ARDL va ECM yondashuvlari asosida empirik tahlil qilinadi. Natijalar uzoq va qisqa muddatda iqtisodiy o‘sish ekologik samaradorlikning oshishi bilan kechayotganini, xorijiy investitsiyalar esa asosan emissiya intensiv tarmoqlarga yo‘naltirilayotganini ko‘rsatdi. Olingan xulosalar sanoat siyosatini institutsional va investitsion mexanizmlar orqali takomillashtirish zarurligiga ishora qiladi.