Ushbu maqolada O‘zbekiston aholi soni dinamikasiga tashqi mehnat migratsiyasining demografik ta’siri tahlil qilinadi. Migratsiya oqibatida yuzaga kelayotgan hududiy nomutanosiblik, tug‘ilish ko‘rsatkichlari oshishi, mehnatga layoqatli aholi qatlamining ortishi kabi omillar statistik usullar asosida o‘rganilgan. Tadqiqot natijalari migratsiya jarayonlarining uzoq muddatli demografik oqibatlarini aniqlashga va tegishli siyosiy qarorlarni ishlab chiqishga ilmiy asos yaratadi. Maqola nazariy hamda amaliy jihatdan dolzarb bo‘lib, demografik siyosatni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada Andijon viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanish ko‘rsatkichlari va unga ta’sir qiluvchi omillar statistik baholanib, hudud rivojlanishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni iqtisodiy-statistik tahlil usullari yordamida baholangan.
O‘zbekistonda hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks mutanosib rivojlanishi, resurslardan foydalanish samaradorligi, iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy salohiyatini baholashning yagona tizimini joriy etish, hududlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslar va imkoniyatlar bilan ta’minlash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini yanada oshirish, mahalliy budjetga tushumlar to‘liqligini ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etish borasidagi ilmiy-tadqiqotlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Mazkur maqolada hududlarni barqaror rivojlantirish masalalari ham nazariy va ham amaliy jihatdan yoritib berilgan.
Agroklasterlarning samarali rivojlanishini ta’minlash va ularning iqtisodiy jarayonlarga ta’sirini baholashda econometrik modellashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada agroklasterlar faoliyatini tahlil qilish va optimallashtirishda panel ma’lumotlardan foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqiladi. Panel ma’lumotlar vaqt va hududiy omillarni hisobga olgani sababli, agroklasterlarning qisqa va uzoq muddatli dinamikasini o‘rganish imkonini beradi. Maqolada bir vaqtli tizimlashgan modellardan foydalanish, mazkur modellashtirish usuli yordamida endogenlik muammosini hal qilish hamda kointegratsiya usullarini qo‘llash kabi ekonometrik yondashuvlar tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari agroklaster tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish va klasterlararo integratsiya jarayonlarini optimallashtirish uchun ilmiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu maqolada turizm xizmatlarini tashkil etishning obyektiv zaruriyati hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Turizm sohasining mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni, xizmatlar bozoridagi ulushi va bandlikni oshirishdagi ahamiyati tahlil qilingan. Shuningdek, turizm xizmatlarini samarali tashkil etish orqali milliy daromadni ko‘paytirish, hududiy infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholining turmush darajasini yaxshilash imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Maqolada turizmning ijtimoiy ahamiyati sifatida millatlararo madaniy muloqot, aholining madaniy-ma’naviy saviyasini yuksaltirish va turizmni barqaror rivojlantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarning roli yoritilgan. Tadqiqotda turizm xizmatlarini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari va ularni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada Oʻzbekiston Respublikasining elektr tarmoqlarida umumiy elektr yoʻqotishlarining holati va elektr yoʻqotishlarining meʼyorlari boʻyicha maʼlumotlar keltirilgan. Elektr yoʻqotishlarini hisoblash muammosi energetiklarni juda uzoq vaqtdan buyon oʻylantirib kelmoqda. Bugungi kunda elektr yoʻqotishlarini aniqlash va hisobini yuritish uchun manbalar yetarli emas. Yoʻqotishlarni hisoblashning murakkabligi va jiddiy xatolarning mavjudligi sababli, soʻnggi paytlarda elektr energiyasi yoʻqotishlarini standartlashtirish usullarini ishlab chiqishga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Shu sababli, hududiy elektr tarmoqlarida elektr energiyasi yoʻqotishlarini tahlil qilish va ularni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish mavzusi dolzarbligicha qolmoqda.
Turistik qishloqlar madaniy, ekologik va agroturizm elementlarini o‘zida mujassam etgan hududiy rivojlanishning o‘ziga xos shaklidir. Tadqiqotning maqsadi turistik qishloqlar shakllanishining nazariy asoslarini, tuzilishini, jahon tajribasini o‘rganish va ularning O‘zbekistonda rivojlanish istiqbollarini baholash uchun ekonometrik tahlilni amalga oshirishdan iborat. 2015–2023 yillar uchun foydalanilgan maʼlumotlar Stat.uz tomonidan taqdim etilgan.
Maqolada mamlakatimiz aholisini turli xil mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlaydigan sanoat korxonalariga kiritilgan investitsiyalar statistik tahlili keltirilgan. Ushbu viloyatda 2010-2023 yillarda sanoat korxonalari soni va kiritilgan investitsiya hajmi hamda yalpi hududiy mahsulotlar miqdori haqida ma’lumot berilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda fuqarolar daromadlari darajasi va inson kapitali rivojlanishi, shuningdek, aholi turmush darajasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘rganiladi. Aholi daromadlarining hududlar bo‘yicha tarkibi tahlil qilinadi, daromadlarning ta'lim, sog‘liqni saqlash va inson kapitali bilan bog‘liq boshqa aspektlarga ta'siri baholanadi. Tadqiqot turli iqtisodiy tarmoqlardagi ish haqi va daromadlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarga asoslangan. Maqsad aholi turmush darajasini yaxshilashga ta'sir etuvchi asosiy omillarni aniqlash va barqaror rivojlanish uchun mintaqaviy iqtisodiy siyosatni optimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Ushbu maqola davlat ishtirokidagi korxonalarning moliyaviy faoliyatini takomillashtirishdagi xorijiy olimlarning tajribasi adabiyotlar shrhi keltirilgan. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy ma’lumotlari va tahlillari keltirilgan. Ushbu adabiyotlar sharhi va tahlillarga asosan amaliy taklif va tavsilar keltirilgan.
Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida xizmatlar sohasining xususiy koʻrsatkichlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Mamlakatimiz iqtisodiyotini raqamlashtirish sharoitida xizmat koʻrsatish sohasining rivojlanishini baholashda hududiy yondashuv uslubi ham bu boradagi samarali boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga egaligi va hududlarda raqamli iqtisodiyot sharoitida koʻrsatilgan xizmatlarning aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan hajmi boʻyicha baholash usulini takomillashtirish boʻyicha taklif hamda tavsiyalar berilgan.
Ushbu tadqiqotda ko‘p tomonlama va mintaqaviy savdo shartnomalarining O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishidagi o’rni va zarurati, savdo shartnomalarining afzalliklari ko’rsatilgan. Shuningdek, maqolada asosiy hamkor davlatlar bilan tovar va xizmatlar eksporti aks ettirilgan. Tadqiqot jarayonida MDH davlatlari, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va boshqa xorijiy davlatlar (JST a‘zolari) bilan olib borgan tashqi savdo aylanmasi tahlil qilingan.
Ushbu maqolada kichik biznes subyektlari faoliyatini kreditlash jarayonlariga ta’sir ko‘rsatuvchi muammoli holatlar tadqiq etilgan. Hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini kreditlashning samaradorligini oshirish jarayonlarining tizimli rivojlanish xususiyatlari bilan bog‘liq mutanosibli holatlar o‘rganilgan. Kichik biznes subyektlari faoliyatini kreditlash mexanizmining hududiy asoslarini takomillashtirishga doir ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar shakllantirilgan.
Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyotning bugungi kundagi dolzarbligi, iqtisodiy sohalarning raqamli transformatsiyalashtirilishi yoritilgan. Shunday qilib, ushbu maqola raqamlashtirish boʻyicha tadqiqotlarning nisbatan yangi rivojlanayotgan sohasini oʻrganadi.
Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyotning bugungi kundagi dolzarbligi, iqtisodiy sohalarning raqamlashtirilishi yoritilgan. Bundan tashqari muallif tomonidan xizmat koʻrsatish sohasida “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatini virtual xizmatlarni joriy etish istiqbollari hamda axborot texnologiyalarini joriy etilishi oʻrganilgan
Bugungi kunda jahonda turizm sohasini yanada rivojlantirish, uning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlardagi ulushini oshirish, mamlakat hududlarida aholini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlash maqsadida turistik-rekreatsiya ob’ektlaridan foydalanish mexanizmlarini takomillashtirishga asos yaratadigan ilmiy tadqiqotlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Shu jihatdan mazkur maqolada mamlakat hududlarida turistik xizmatlar bozorini rivojlantirishda marketing yondashuvining o‘rni tahlil qilingan.
О‘zbekistonda iqtisodiyot tarkibini diversifikatsiya qilish va uning raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga bozor mexanizmlarini izchillik bilan joriy etish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish,raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish orqali barqaror iqtisodiy о‘sishni ta’minlash hozirgi kunda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yо‘nalishlarini tashkil etadi. Mazkur iqtisodiy islohotlar doirasida hududlarning moliyaviy salohiyatini oshirish, yalpi hududiy mahsulot hamini oshirish kabi masalalar muhim о‘rin tutadi. Shundan kelib chiqqan holda mazkur maqolada hududlarning moliyaviy salohiyatini oshirishning nazariy jihatlari tahlil qilingan.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonda 2024-yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasini amalga oshirish natijalari tahlil qilingan. Tadqiqotda ijtimoiy-iqtisodiy omillarning jamoatchilik tashabbuslari va gʻolib boʻlgan loyihalarga taʼsirini oʻrganish uchun korrelyatsiya va regressiya tahlili usullaridan foydalanildi. Loyihaning ahamiyati, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi oʻrni belgilab olindi.
Mazkur maqola ekologik innovatsiyalarni moliyalashtirishda soliq instrumentlarining rag‘batlantiruvchi va resurs safarbar qiluvchi salohiyatini tahlil qiladi. Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi sharoitida “yashil” texnologiyalarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish katta miqdordagi barqaror moliyaviy manbalarni talab etadi. Tadqiqotning maqsadi ekologik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishda soliq mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro yondashuvlar mazmunini umumlashtirish, hamda O‘zbekiston sharoitida ustuvor yo‘nalishlar uchun amaliy takliflarni asoslashdan iborat. Ishda adabiyotlar sharhi bilan bir qatorda 2021-2024 yillar kesimidagi ko‘rsatkichlar asosida deskriptiv tahlil o‘tkazilib, atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi hududlar kesimida solishtirildi, shuningdek quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi dinamikasi baholandi. Natijalar emissiyalar darajasi yillar bo‘yicha o‘zgaruvchanligini va ayrim hududlarda yuqori konsentratsiyani ko‘rsatadi; qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishida esa 2024 yilda keskin o‘sish qayd etiladi. Ushbu kuzatuvlar ekologik innovatsiyalarni rag‘batlantirishda soliq siyosati dizaynini hududiy va tarmoq xususiyatlarini inobatga olgan holda takomillashtirish zarurligini asoslashga xizmat qiladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI) mamlakat iqtisodiy o‘sishi va rivojlanishining muhim omillaridan biridir. Mintaqaviy darajada to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar mamlakatning alohida hududlari iqtisodiyotiga xorijiy kapitalning uzoq muddatli qo‘yilmalari bo‘lib, yangi korxonalar tashkil etish, mavjud ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, shuningdek mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda hududning investitsion faolligini oshirishga qaratilgan. Mazkur maqolada to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishda hududlar o‘rtasidagi farqlarni belgilovchi omillar va ko‘rsatkichlar tadqiq etiladi.Turli mintaqalarda investitsion faollik darajasiga iqtisodiy, institutional, infratuzilma va ijtimoiy-demografik sharoitlarning ta’siri ko‘rib chiqiladi.
Mazkur maqolada aholiga aloqa xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasi institutsional va iqtisodiy nuqtayi nazardan tadqiq etiladi. Tadqiqot davomida aloqa xizmatlari bozorining rivojlanishiga ta’sir etuvchi boshqaruv mexanizmlari, tartibga solish instrumentlari hamda xizmatlar samaradorligini belgilovchi omillar nazariy jihatdan asoslab berildi. Empirik tahlil doirasida rasmiy statistika ma’lumotlari asosida xizmatlar qamrovi, foydalanish intensivligi va hududiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik o‘rganildi. Olingan natijalar aloqa xizmatlari tizimining barqaror rivojlanishi samarali institutsional muhit bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatdi. Maqolada sohani boshqarishda davlat tartibga solish siyosati, investitsiya muvozanati va raqobat sharoitlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan institutsional takomillashtirish modeli taklif etildi. Tadqiqot yakunlari aloqa xizmatlari tizimini rivojlantirish va boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy qarorlar ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida yoqilg‘i-energetika resurslari (YER) iste’moli tuzilmasi va energiya samaradorligi bo‘yicha qiyosiy tahlil o‘tkazilgan. 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida hududlararo sezilarli nomutanosibliklar aniqlangan: energiya samaradorligi ko‘rsatkichi Andijon viloyatida 1,3%dan Toshkent viloyatida 8,0%gacha farqlanadi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo viloyati) energiya samaradorligining yuqori darajasi qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada bog‘liqlik (73%dan ortiq) bilan uyg‘unlashgani aniqlangan bo‘lib, bu ekologik barqarorlik uchun xavflar keltirib chiqaradi. Klaster tahlili asosida iste’mol profillari o‘xshash bo‘lgan hududlar guruhlari shakllantirilgan hamda har bir guruh uchun differensial siyosiy chora-tadbirlar taklif etilgan. Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya balansini diversifikatsiya qilish va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish sharoitida raqamli yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada geografik axborot tizimlari (GIS) texnologiyalari asosida shahar aholisining fazoviy taqsimotini modellashtirish va prognozlash masalalari tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida Toshkent shahri misolida aholining hududiy zichligi, urbanizatsiya jarayonlari va demografik o‘zgarishlar geofazoviy tahlil qilingan. Zamonaviy GIS dasturiy ta’minoti - ArcGIS, QGIS va Python kutubxonalari yordamida aholining fazoviy taqsimotini bashorat qilish modellari ishlab chiqilgan. Natijada 2025-2035-yillar uchun shahar aholisining geografik taqsimoti prognozi tayyorlangan va shaharsozlik rejalashtirish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada qurilish xizmatlarining iqtisodiy mohiyati, mazmuni va tasnifi ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilinadi. Xizmatlar sohasi nazariyasining evolyutsiyasi doirasida qurilish xizmatlarining mustaqil iqtisodiy faoliyat turi sifatidagi o‘rni ochib beriladi. Tadqiqotda qurilish xizmatlarining investitsiya-qurilish jarayonidagi roli, ularning real sektor rivojlanishi, hududiy iqtisodiy o‘sish va inson kapitalini shakllantirishga ta’siri asoslab berilgan. Shuningdek, qurilish xizmatlarining funksional, texnologik va iqtisodiy belgilariga ko‘ra tasnifi ishlab chiqilib, ushbu xizmatlarning yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishdagi ahamiyati yoritilgan. Olingan xulosalar qurilish xizmatlari bozorini rivojlantirish, boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda amaliy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur ilmiy maqolada davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashning ilmiy-nazariy asoslari, iqtisodiy mexanizmlari va institutsional jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda davlat ishtirokidagi korxonalarning fond bozorlaridagi ishtiroki bozor likvidliligini oshirishi, uzoq muddatli investitsiya resurslarini jalb etishi hamda davlat budjeti yukini kamaytirishga xizmat qilishi empirik va statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Xususan, IPO, SPO va korporativ obligatsiyalar emissiyasi dinamikasi orqali kapital bozorlarida davlat sektorining o‘rni ochib berilgan. Tadqiqot natijalari davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish hamda milliy iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sishini ta’minlashda muhim omil ekanini ko‘rsatadi.