Ushbu maqola O’zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish jarayonida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishning nazariy va amaliy asoslarini tahlil qiladi. Jahon miqyosidagi islohotlar, O‘zbekistonning ichki muammolari va ularni hal etish yuzasidan davlat siyosati tahlil qilinadi. Inson kapitaliga ta’sir etuvchi omillar ta’lim, salomatlik, mehnat bozori, innovatsiya va institutsional rivojlanish bo‘yicha guruhlarga ajratilib, iqtiboslar bilan yoritiladi. Metodologiyada Inson Kapitali Indeksi (IKI) va Inson Taraqqiyoti Indeksi (ITI)ni hisoblash usullari, xalqaro va milliy ma’lumotlar bazalari tasvirlanadi. Natija va tahlil qismida O‘zbekistonning IKI va ITI ko‘rsatkichlari xorijiy davlatlar bilan solishtiriladi. Muhokama bo‘limida xorijiy tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish yo‘llari beriladi.
Мақолада рақамли иқтисодиёт шароитида ERP (Enterprise Resource Planning) тизимларини жорий этиш бўйича халқаро тажриба таҳлил қилинган. Бизнес-жараёнларни интеграциялашнинг энг ривожланган ечимларидан бири сифатида SAP технологик экотизимининг роли кўриб чиқилади. Саноат ва нефт-газ соҳаларида SAP S/4HANA платформасини қўллаш самарадорлигини белгилаб берувчи асосий омиллар аниқланди. Хорижий кейслар асосида ERP лойиҳаларининг муваффақиятли амалга оширилишига таъсир этувчи қонуниятлар, чекловлар ва таваккалчиликлар таҳлил қилинди ҳамда рақамли трансформация босқичида турган компаниялар учун услубий тавсиялар ишлаб чиқилди.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Maqolada yashil obligatsiyalar va ularning bir turi bo‘lgan yashil ipoteka obligatsiyalarining jahon moliya bozoridagi o‘rni hamda O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari tahlil qilinadi. Yashil obligatsiyalar investorlar mablag‘larini ekologik barqaror loyihalarga yo‘naltirish imkonini beruvchi muhim moliyaviy instrument sifatida tobora keng qo‘llanilmoqda. Xususan, AQShda yirik agentliklar tomonidan emissiya qilinayotgan yashil ipoteka obligatsiyalari energiya samarador uy-joy bozorini moliyalashtirishda yetakchi rol o‘ynaydi. Yevropa, Kanada va Avstraliya davlatlari tajribasi ham bu instrumentning xalqaro miqyosda barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda esa yashil ipoteka bozori endigina shakllanib, milliy strategiyalar, xalqaro moliya institutlari ko‘magidagi pilot loyihalar hamda tijorat banklari mahsulotlari orqali bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Maqolada keltirilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil ipoteka obligatsiyalari nafaqat moliyaviy daromad manbai, balki iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror iqtisodiyotga o‘tishda muhim mexanizm hisoblanadi.
Сўнгги йилларда Марказий Осиё мамлакатлари иқтисодий тузилмасидаги ўзгаришларни ва жаҳон бозорларига интеграциясини кучайтирмоқда. Ушбу тадқиқот 2017-2024 йилларда Ўзбекистон, Қозоғистон, Қирғизистон, Тожикистон ва Туркманистоннинг маҳсулот мураккаблик индекси (PCI)ни таҳлил қилади. Натижалар Ўзбекистон, Қозоғистон ва Туркманистонда саноатни босқичма-босқич модернизация қилиш билан мураккаблик ошиб бораётганини, Қирғизистон ва Тожикистонда эса паст қийматли хомашё экспортга таяниш сабаб PCI кўрсаткичлари пасайганини кўрсатди. Маҳсулот мураккаблигини ошириш диверсификация ва барқарор ўсиш учун муҳимдир.
Ushbu maqolada MICE (uchrashuv, rag‘batlantirish, konferensiya, koʻrgazma yoki tadbirlar) turizmining rivojlanishi tahlil qilinadi. MICE turizmi jahon turizm industriyasining eng dinamik yoʻnalishlaridan biriga aylanib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xalqaro hamkorlik va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga bevosita hissa qoʻshmoqda. Turizm sektori jadal rivojlanayotgan Oʻzbekiston sharoitida inklyuzivlik tamoyillarining MICE turizmiga integratsiyalashuvi ham strategik zarurat, ham innovatsion yondashuvni ifodalaydi. Inklyuzivlik jinsi, yoshi, jismoniy qobiliyati yoki mintaqaviy kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha ijtimoiy guruhlar uchun teng foydalanish va ishtirok etishni taʼminlash sifatida tushuniladi. Bu toʻsiqlarsiz infratuzilmani yaratish, konferensiya va koʻrgazmalar oʻtkazish uchun qulay imkoniyatlar yaratish, surdo-tarjimondan foydalanish, gender tengligi va yoshlarni jalb etishni ragʻbatlantirishni nazarda tutadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra MICE turizmidagi inklyuzivlik nafaqat ishtirokni kengaytiradi va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlaydi, balki Oʻzbekiston turizm bozorining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Ushbu maqola Markaziy Osiyoda innovatsiya va yuqori o‘sishli tadbirkorlikni rivojlantirishga intilayotgan O‘zbekistonda venchur kapital ekotizimining paydo bo‘lishi va rivojlanishini o‘rganadi. Innovatsion moliyalashtirish va tadbirkorlik ekotizimlari bilan bog‘liq nazariy asoslarga tayanib, tadqiqot O‘zbekistonda venchur kapital faoliyatining hozirgi holatini tahlil qiladi, chiqish imkoniyatlarining cheklanganligi, moliyaviy savodxonlikning pastligi, tijoratlashtirish to‘siqlari va huquqiy-me’yoriy bo‘shliqlar kabi asosiy tarkibiy muammolarni aniqlaydi hamda so‘nggi siyosiy-iqtisodiy tashabbuslarning samaradorligini baholaydi. Tahlil KPMGning 2024-yilgi Markaziy Osiyo bo‘yicha hisobotidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi va uni xalqaro amaliy tadqiqotlarning qiyosiy xulosalari, jumladan Isroilning "Yozma" dasturi, Singapurning hamkorlikdagi investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va Janubiy Koreyaning jamg‘armalar jamg‘armasi (fond-of-fonds) modeli bilan to‘ldiradi. Maqolada venchur kapital ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar, jumladan, huquqiy islohotlar, investorlar uchun soliq imtiyozlari, birgalikda sarmoya kiritish mexanizmlari va salohiyatni oshirish tashabbuslari taklif etilgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda venchur kapitali sektori endigina shakllanayotgan bo‘lsa-da, maqsadli davlat aralashuvi uning innovatsion iqtisodiy o‘sishning kuchli, global integratsiyalashgan harakatlantiruvchi kuchiga aylanishini tezlashtirishi mumkin.
Mazkur maqolada migratsiya tushunchasiga ta’rif berilgan. Aholi migratsiyasi unga ta’sir etuvchi omillar o‘rganilib, O‘zbekistondagi migratsion jarayonlar statistik tahlil etilgan. Aholi mehnat migratsiyasini tartibga solish chora-tadbirlar yo‘nalishlari ishlab chiqilgan. Shuningdek, xorij davlatlarning migratsion jarayonlarni tartibga solishga bevosita ta’sir etuvchi usullari o‘rganilib, bu sohada jahon tajribasi tahlil qilingan. Migratsiya va bandlik sohasidagi ishchi kuchi transformatsiyasining o‘zaro aloqadorlik jihatlari o‘rganilgan.
Maqolada sirkulyar iqtisodiyotning barqaror taraqqiyotga erishishdagi roli, ahamiyati va mexanizmlari tahlil qilinadi. Sirkulyar iqtisodiyot resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu model barqaror ishlab chiqarish va iste’mol tizimini yaratish orqali iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik hamda atrof-muhit muhofazasini uyg‘unlashtiradi. Tadqiqotda sirkulyar iqtisodiyotning afzalliklari, global tajriba hamda uni milliy iqtisodiyot sharoitida joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Ushbu maqolada xalqaro amaliyotda erkin iqtisodiy hududlarni (EIH) moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning ilg‘or tajribalari tahlil qilingan hamda ularni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash istiqbollari asoslab berilgan. Tadqiqot davomida AQSh, Xitoy, Yaponiya, Rossiya kabi mamlakatlar tajribasida EIHlarning investitsion jozibadorligini oshirishda qo‘llaniladigan moliyaviy mexanizmlar, jumladan, soliq va bojxona preferensiyalari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi infratuzilma loyihalari, maxsus investitsiya fondlari hamda xalqaro moliya institutlari kredit liniyalarining o‘rni yoritilgan. Shuningdek, mamlakatimiz sharoitida xalqaro ilg‘or yondashuvlarni moslashtirish orqali hududiy ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, eksportni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha takliflar berilgan.
Ushbu maqola mintaqalar iqtisodiy rivojlanishidagi tafovutlarni baholashdagi zamonaviy yondashuvlarni ilmiy asoslangan holda tahlil qiladi. Kirish bo‘limida global iqtisodiyotdagi mintaqaviy tafovutlarning muhimligi, raqamlashtirish, barqarorlik va chidamlilik tendensiyalari ta’kidlangan. Adabiyotlar sharhida so‘nggi yillar ichidagi nufuzli xalqaro jurnallardagi 15 tadan ortiq maqolaga asoslanib, fazoviy modellashtirish, raqamli tahlil, chidamlilik va institutsional omillar guruhlari muhokama qilingan. Metodologiya mixed-methods dizayniga asoslangan bo‘lib, adabiyotlar sintezi va sistematik tahlilni o‘z ichiga oladi. Tahlil natijalari fazoviy avtokorrelatsiya, ekologik sezgirlik va institutsional indikatorlar orqali tafovutlarning dinamikasini ochib beradi, rivojlanayotgan mamlakatlarda divergensiya jarayonlarini ko‘rsatadi. Xulosada yondashuvlarning afzalliklari va cheklovlari baholanib, joyga asoslangan siyosatlar, yashil investitsiyalar va raqamli integratsiya tavsiya etilgan. Natijalar mintaqaviy tafovutlarni kamaytirishda ilmiy va amaliy qiymatga ega.
Ushbu maqola islom tijorat banklarining risklarini tahlil qilish va ularni minimallashtirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqadi. Kredit, operatsion, regulyatorlik, texnologik va likvidlik kabi asosiy risklar tahlil qilinadi. Nazorat qoidalarining o‘zgarishlari, raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etishning islom banklarida risklarni boshqarish samaradorligiga ta'siri alohida ko‘rib chiqiladi. Maqolada risklarni boshqarish tizimini yaxshilash, yangi moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish va xodimlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan strategiyalar taklif etiladi.
Ushbu maqolada Estoniya misolida raqamlashtirishning ta’lim xizmatlari bozoriga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Estoniya raqamli transformatsiya bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri sifatida tahlil qilinib, davlat tashabbuslari, raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish va ta’lim platformalarini joriy etish bo‘yicha solishtirma tahlil o‘tkazilgan. Shuningdek, Estoniyaning muvaffaqiyatli tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlari yoritilgan. Raqamli ta’limning asosiy muammolari va ustunliklari asoslab berilgan, O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini raqamli transformatsiyalashni jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Banklarning dastlabki sarmoyasi, kapitali darajasiga muhim masala sifatida eʼtibor qaratiladi chunki, 2008-yildan boshlangan jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozi bank tizimining barqarorligini taʼminlashda ularning kapitallashuv darajasini oshirib borish eng muhim iqtisodiy masalalardan biri ekanligini yana bir bor isbotladi. Tahlilimizda bankning kapitallashuv darajasi, uning kredit samaradorligiga taʼsiri va isteʼmolchi (mijozlarning) kreditdan samarali foydalanish koʻsatkichlari Oʻzbekiston banklari misolida tahlil qilingan va muammolarga muallif tomonidan yechim sifatida fikrlar ishlab chiqilgan. Bunda ATB “Agrobanki” va Buyuk Britaniyaning HSBC hоldings bаnkining kredit stаvkаlаri maʼlumotlaridan foydalanilgan.
Мақола халқаро меҳнат миграцияси жараёнини таҳлил қилишга, унинг кўлами, географик йўналишлари ва сифат компонентига таъсир қилувчи омилларни аниқлашга бағишланган. Аммо, ривожланган мамлакатлардаги салбий демографик тенденциялар (туғилишнинг камайиши, аҳолининг кексайиши) уларнинг миллий меҳнат бозорларида номутаносибликларни келтириб чиқариши, миграцияни меҳнат ресурсларини тўлдиришнинг енг муҳим ва деярли ягона манбаига айлантириши аниқланди.
Сўнгги ўн йилликда бизнес юритиш усуллари тубдан ўзгарди. Ушбу кескин ўзгаришнинг асосий сабаби янги технологияларнинг пайдо бўлиши ва уларнинг интернет хизматлари билан уйғунлашувидир. Ушбу тадқиқот компаниялар томонидан рақамли технологияларнинг ҳозирги кунда қандай қўлланилаётганини ўрганади. Хусусан, рақамли трансформация маркетингнинг асосий иштирокида амалга ошириладиган анъанавий қиймат яратиш жараёнларини қандай ўзгартириши таҳлил қилинади. Мақолада рақамли трансформациянинг анъанавий маркетингга, жумладан, унинг роли, тузилмаси ва воситаларига таъсири ўрганилади ҳамда, корхоналарда электрон тижорат тизимини жорий этиш технологияларини ўрганиб, ушбу жараёнда қўлланилаётган технологияларга эътибор қаратади. Дунёнинг энг йирик электрон тижорат компанияларининг йиллик даромадлари бўйича солиштирма таҳлил уларнинг иқтисодий таъсирини очиб беради, шунингдек, ушбу компанияларнинг технологик ютуқлари уларнинг муваффақиятга эришишига олиб келган инновацион амалиётларни кўрсатади. Тадқиқотда рақамли технологияларнинг электрон тижоратдаги муҳим ўрни ҳам кенг стратегик нуқтаи назардан ўрганилади. Бундан ташқари, Ўзбекистондаги йирик электрон тижорат фаолияти билан шуғулланувчи компаниялар бўйича маълумотлар тақдим этилиб, минтақадаги электрон тижорат технологияларининг ривожланиши ва қўлланилиши тақдим этилди. Ушбу натижалар глобал ва минтақавий электрон тижорат тенденцияларини, шунингдек, ушбу тез ривожланаётган соҳани шакллантирувчи технологик омилларни чуқурроқ англашга ёрдам беради.
Халқаро электрон тижорат глобал иқтисодиётнинг муҳим ва жадал ривожланаётган тармоғи бўлиб, сўнгги йилларда рақамлаштириш ва глобаллашув туфайли ўз кўламини сезиларли даражада кенгайтирди. Бунда халқаро бозорларга чиқиш, сотиб олиш ва сотиш жараёнларини оптималлаштириш, шунингдек, транзакция хавфсизлиги ва маълумотларни ҳимоя қилиш масалалари муҳим саналади. Ушбу мавзунинг аҳамияти электрон тижорат учун хавфсиз ва самарали муҳитни яратишга қаратилган тартибга солиш меъёрлари ва стандартларини жорий этиш билан изоҳланади.
Мақоламизда хорижий инвестицияларни мамлакатимиз иқтисодиётига жалб этиш бўйича дунёнинг ривожланган мамлакатлари, АҚШ, Хитой, Сингапур, Ирландия, Канада каби ривожланган ва ривожланаётган мамлакатлар тажрибаси ўрганилган, Хитой, Сингапур ва Ирландиянинг инвестицияларни жалб қилиш усулларини мамлакатимизда қўлланилиши бўйича таклифлар ишлаб чиқилган, жаҳон иқтисодиётига интеграциялашувни таъминлаш ва қимматли хомашёни қайта ишлаш асосида тайёр маҳсулот ишлаб чиқарадиган қўшма замонавий ихчам корхоналарни ташкил этиш учун тўғридан-тўғри хорижий инвестицияларни жалб этишни самарали ташкил этиш масалалари тўғрисида баён қилинган.
Суғурта компанияларининг инвестицион фаолияти молиявий барқарорликни таъминлаш ва компаниянинг иқтисодий ҳолатини яхшилаш учун муҳим аҳамиятга эга. Бундай фаолиятда рискларни бошқариш, ликвидликни таъминлаш, молиявий ва иқтисодий тизимларга мувофиқлик, шунингдек, технологик инновацияларга боғлиқдир. Шу билан бирга, суғурта компаниялари инвестицион фаолиятда диверсификация, рискларни минималлаштириш, ликвидликни таъминлаш ва стратегик мақсадларга мувофиқ қарорлар қабул қилиш орқали ўз барқарорлигини сақлашга интилишади. Уларнинг амалиётларида технологиялардан фойдаланиш, инновацион таҳлил воситаларини ишлатиш ва глобал иқтисодий шароитларга мослашиш муҳим омиллардан ҳисобланади.
Globallashuv mehnat bozorlari va migratsiya jarayonlariga qanday taʼsir qiladi? Ushbu tadqiqotda globallashuvning mehnat imkoniyatlari, ish haqi va ishchi kuchi harakatchanligiga taʼsiri oʻrganilgan. Malakali mutaxassislar jahon bozorida qulay imkoniyatlarga ega boʻlishsa-da, past malakali ishchilar koʻproq iqtisodiy noaniqlikka duch kelishadi. Shuningdek, tadqiqotda qaytib kelgan muhojirlarning muammolari, jumladan, malakalarning nomuvofiqligi va mehnat bozoriga integratsiyalashuvdagi qiyinchiliklar tahlil qilinadi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, globallashuv barcha uchun teng imkoniyatlar va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan siyosiy choralarni talab qiladi.
Xalqaro miqyosda turizmning ahamiyati tobora ortib bormoqda, chunki bu sektor davlatlar uchun jahon iqtisodiyotida oʻz oʻrnini mustahkamlash imkonini yaratadi. Shu bilan birga, turizmga boʻlgan sarmoya, mahalliy aholi uchun ish oʻrinlari yaratish, regional iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash va madaniy almashinuvlarni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi. Ushbu maqolada, turizm sohasiga beriladigan eʼtibor iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash uchun sarmoya sifatida xizmat qilishi muhokama qilinadi.
Россия Федерациясида туризм саноати мамлакат ЯИМ ва бандликка сезиларли ҳисса қўшиб, маданий ва географик хилма-хиллигини намоён этадиган муҳим соҳа ҳисобланади. Жаҳонда давом этаётган ўзгаришлар шароитида ушбу соҳа иқтисодий беқарорлик, истеъмолчи талабларининг ўзгарувчанлиги ва илғор технологияларнинг пайдо бўлиши каби турли чақириқларга дуч келмоқда. Ушбу мақолада Россия туризм корхоналари сунъий интеллект (AI) ва катта маълумотларни таҳлил қилишни қўллаш орқали технологик етакчиликни қандай ривожлантириши мумкинлиги, соҳа рақамлаштириш орқали тузилмавий ўзгаришларга қандай мослашиши мумкинлиги ва давлат сиёсати ақлли туризмнинг ривожланишига қандай таъсир кўрсатиши ҳақида сўз боради. Ушбу тадқиқот муваффақиятли кейсларни таҳлил қилиш ва ҳукумат ташаббусларининг ўрнини кўрсатиш орқали Россия туризм соҳасининг келажагини бошқаришда инновацияларнинг ҳал қилувчи аҳамиятини таъкидлайди.
Strategik moliyaviy rejalashtirish jadal rivojlanayotgan jahon iqtisodiyotida logistika korporativ tuzilmalarining moliyaviy samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu tadqiqot logistik korporativ tuzilmalarning tashkiliy ehtiyojlariga moslashtirilgan strategik moliyaviy rejalashtirishning asosiy tamoyillari va metodologiyasini o‘rganadi. U pul oqimini optimallashtirish, xarajatlarni nazorat qilish, investitsiyalarni ustuvorlashtirish va risklarni boshqarishga e’tibor qaratgan holda moliyaviy strategiyalarni operatsion maqsadlar bilan integratsiyalashuvini o‘rganadi. Maqolada dinamik bozor talablarini qondirish va ta’minot zanjiri boshqaruvidagi noaniqliklarni yumshatish uchun raqamli vositalar va ilg‘or moliyaviy texnologiyalardan foydalanish muhimligi ifodalangan. Shuningdek, tadqiqot logistika amaliyotiga bosim kuchayib borayotgan bir sharoitda barqarorlikni ta’minlash va uzoq muddatli rentabellikka erishishda moliyaviy rejalashtirishning rolini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston neft-gaz sanoatida biznes qiymatini baholash uchun chiziqli regressiya modelini ishlab chiqish muhokama qilinadi. Model jahon neft va gaz narxlari, siyosiy barqarorlik, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, savdo hajmlari va boshqalar, shu jumladan, EBITDA va qarzdorlik darajasini o‘z ichiga olgan asosiy iqtisodiy va operatsion o‘zgaruvchilarni birlashtiradi. Tadqiqot o‘zgaruvchilarning statistik ahamiyatiga va ularning bozor qiymatiga ta’siriga e’tibor qaratadi, shu bilan sanoatda strategik boshqarish va rejalashtirish uchun asos yaratadi.