Ушбу мақолада инвестиция кредити ва лойиҳани молиялаштириш тушунчаси ва моҳияти, банкларнинг инвестиция лойиҳаларини молиялаштиришдаги хорижий тажрибаси кўриб чиқилган. Маълумки, мамлакатдаги йирик корхоналарни молиялаштириш ЯИМ ўсиши ва барқарор иқтисодий ривожланишга ёрдам беради. Бугунги кунда Ўзбекистон молия-банк соҳасини такомиллаштиришга катта еътибор қаратмоқда, давлат улушига ега банклар хусусийлаштириш йўлида. Банк секторини хусусийлаштириш жараёнида Халқаро молия корпорацияси (ХМК), Европа тикланиш ва тараққиёт банки (ЕТТБ) ва Осиё тараққиёт банки (ОТБ) каби халқаро молия институтлари иштирок етмоқда. Ушбу тадқиқотда инвестиция лойиҳаларини молиялаштиришда хорижий тажрибани қўллаш имкониятлари ўрганилди
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Мақолада молиявий технологияларнинг суғурта маҳсулотларидаги истиқболлари ва уларнинг суғурта соҳасидаги янги имкониятлар ва таҳдидларга бўлган таъсири таҳлил қилинган. Сунъий интеллект, катта маълумотлар, блокчейн, мобил иловалар ва рақамли тўлов тизимлари каби молиявий технологиялар суғурта хизматларини шахсийлаштириш, автоматлаштириш ва тезлаштириш имконини беради. Шу билан бирга, бу технологияларнинг жорий этилишига тўсқинлик қилаётган муаммолар ва уларни енгиш йўллари муҳокама қилинган.
Maqola agrar sektor korxonalarida eksport operatsiyalarining buxgalteriya va moliyaviy hisobi bo‘yicha samarali usullarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hisobini yuritishda milliy me’yorlar (BHMS/PBU)ni moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari IFRS, xususan, IFRS 15 “Mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha tushum” bilan integratsiya qilish zarurati asoslab berilgan. Eksport operatsiyalarini hisobga olishning yagona uslubiy modelini, jumladan, tushumni tan olish, valyuta hisobi va kurs farqlari hisobini joriy etish hisobotlar shaffofligini oshirish, moliyaviy ko‘rsatkichlarning buzib ko‘rsatilishi xavfini kamaytirish hamda agrar korxonalarning investitsion jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qilishi ko‘rsatib berilgan.
Maqolada O‘zbekistonning moliyaviy infratuzilmasining asosiy komponentlarining funksional tahlili keltirilgan. Bank sohasida raqobatning cheklanganligi, fond bozorining likvidlik darajasining pastligi, kredit byurolarining yetarlicha qamrab olinmasligi va shaffoflik masalalari bo‘yicha mavjud muammolar ko‘rib chiqilgan. Moliyaviy infratuzilmani takomillashtirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish va investitsiyalarni jalb qilish uchun tavsiyalar keltirilgan.
Мақолада Давлат молиявий назорати ва унинг мазмун-моҳияти масалалари бўйича муҳокама амалга оширилган, шунингдек, унинг моҳияти, вазифалари ва молиявий назорат усуллари муҳокама қилинган ва хулоса ҳамда таклифлар шакллантирилган.
Ushbu maqola uy-joy kommunal sohasida innovatsion loyihalarni qo‘llashning zamonaviy yondashuvlarini tahlil qiladi. Innovatsiyalar, jumladan, energiya samaradorligini oshirish, ekologik toza qurilish materiallarini qo‘llash, suv va chiqindilarni boshqarish, shuningdek, aholi uchun qulay xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha yangi texnologiyalarni ko‘rib chiqadi. Maqolada ushbu innovatsion yondashuvlarning ahamiyati, ularning uy-joy kommunal sohasiga qo‘shayotgan hissasi va kelajakda ushbu loyihalarning rivojlanish istiqbollari muhokama qilinadi. Innovatsion loyihalar nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Maqola, shuningdek, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, davlat-xususiy sherikchilik va barqaror rivojlanish masalalariga alohida e'tibor qaratadi.
Maqolada bank sektorini raqamlashtirishning zamonaviy tendensiyalari ko‘rib chiqiladi, xalqaro tajribani tahlil qilish va O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni joriy etishning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratiladi. Tinkoff Bank, WeBank va Monzo kabi banklarning muvaffaqiyatli o‘zgarishi misollari keltirilgan, ular mobil ilovalar, sun’iy intellekt, blockchain texnologiyalari va CRM tizimlaridan foydalanish samaradorligini namoyish etadi. Kapitalbank ATBni raqamlashtirish kontekstida rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan yangi texnologiyalarni joriy etish, mijozlar xizmatini takomillashtirish va axborot xavfsizligini mustahkamlash o‘rganildi. Tahlil asosida milliy xususiyatlar va xalqaro tajribani hisobga olgan holda O‘zbekiston bank tizimining raqamli transformatsiyasini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tadqiqot raqamli bank xizmatlarining jadal rivojlanishi sharoitida O‘zbekiston bank tizimining kiberxavfsizligi va barqaror faoliyatini taʼminlash muammolarini oʻrganishga bagʻishlangan. Bank sektorining raqamlashtirilishi raqamli banklar va ekotizimlar kabi yangi mahsulot va servislarning paydo boʻlishiga olib kelib, milliy moliyaviy hamda kiberxavfsizlik masalalarining dolzarbligini oshirmoqda. Tadqiqotning maqsadi bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasining asosiy yoʻnalishlarini kiberxavfsizlik kontekstida tavsiflashdan iborat. Maqolada bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasi tushunchasiga doir yondashuvlar tizimlashtirilgan, jahon tajribasi asosida komparativ tahlil oʻtkazilgan, O‘zbekiston bank tizimidagi kiberxatarlar dinamikasi va ularning obyektlari tahlil qilingan hamda kiberxavfsizlikni kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari bank sektorini davlat tomonidan tartibga solish va barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda amaliy ahamiyatga ega.
Мақолада Ўзбекистонда замонавий босқичда банк секторининг трансформацияси ва ривожланиши, унинг ўзига хос хуқуқий жихатлари ҳамда хусусиятлари, бу борада мавжуд муаммолар амалий маълумотлар асосида ўрганилган. Олиб борилган тадқиқот юзасидан амалий таклиф ва илмий тавсиялар ишлаб чиқилган.
Ushbu maqolada raqamlashtirishning institutsional rivojlanishdagi nazariy modellari hamda ularning moliya tizimidagi ahamiyati tahlil qilingan. Ilmiy manbalar va xalqaro tajribalar asosida raqamli texnologiyalar davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi munosabatlarda shaffoflikni oshirish, hisobdorlikni taʼminlash, tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish va iqtisodiy samaradorlikni yuksaltirishdagi oʻrni yoritilgan. Texnologiyani qabul qilish modeli, innovatsiyalar tarqalishi nazariyasi va institutsional nazariya asosida raqamli yechimlarni joriy etish jarayoni tahlil etilgan. Shu bilan birga, raqamlashtirishning milliy sharoitdagi qiyinchiliklari infratuzilmaning yetarli emasligi, kichik va oʻrta biznes uchun ragʻbatlantirish mexanizmlarining zaifligi hamda kiberxavfsizlik muammolari koʻrsatib berilgan. Muallifning xulosalariga koʻra, raqamli texnologiyalarni institutsional islohotlar va xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish Oʻzbekiston moliya tizimining barqarorligi va jamiyatda ishonchni mustahkamlashning asosiy omillaridan hisoblanadi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanish darajasi, mavjud muammo va kamchiliklari tahlil qilingan. Tadqiqot davomida fond bozorining joriy holati, davlat va xususiy sektordagi qimmatli qog‘ozlar faoliyati hamda ularning iqtisodiy samaradorligi ko‘rib chiqilgan. Qimmatli qog‘ozlar bozorining likvidlilik darajasi, investitsiya vositalarining cheklanganligi, xalqaro moliya bozorlariga integratsiya jarayonining pastligi hamda moliyaviy savodxonlikning yetishmasligi asosiy muammolar sifatida aniqlangan. Shuningdek, maqolada kapital bozori infratuzilmasining rivojlanmaganligi, axborot asimmetriyasi va islomiy moliyalashtirish imkoniyatlarining cheklanganligi kabi omillar o‘rganilgan.
Ushbu maqolada tadqiqot obyekti qilib Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan 5 ta real sektor korxonasi, yaʼni “Kvarts” Aj (KVTS), “Qizilqumsement” AJ (QZSM), “Qoʻqon mexanika zavodi” AJ (KUMZ), “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ (UZMK), “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (AGMK) olingan. Tahlil amalga oshirishda aksiyadorlik jamiyatlari va fond indeksining 2017-yildan to 2024 yillardagi fond bozoridagi faoliyati olingan. Pandemiya davridagi keskin oʻzgarishlar tadqiqot aniqlik darajasini pasaytirmasligi uchun uchun tadqiqot davrini pandemiyadan oldingi, pandemiya davri va pandemiyadan keyingi davrlarga ajratilgan holda oʻrganildi. Investitsiya portfeli moliyaviy risklarini baholashda Sortino koeffitsiyentidan foydalanildi, ushbu koeffitsiyentni qoʻllashning afzalliklari va kamchiliklari tahlil qilindi.
Maqolada sanoat korxonalarining innovatsion va investitsiya loyihalari samaradorligini baholashda moliyaviy ko'rsatkichlarning ahamiyati ko‘rib chiqiladi. Ta’kidlanishicha, sanoat korxonalarining o‘sishi va bozorga qo‘shgan hissasi ularning rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari bo'lmasligi kerak. Shuningdek, maqolada AQSh kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida, innovatsiyalarning korxonalarning iqtisodiy va texnologik rivojlanishi uchun ahamiyati yoritilgan. Sanoat sektorini innovatsion rivojlantirishda universitetlarning roli, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish va ilg‘or texnologiyalarni ta’minlashning ahamiyati ta’kidlangan. Zamonaviy ishlab chiqarish fondlarining ahamiyati va korxonalarni rivojlantirish uchun kreditlar ajratish kabi moliyaviy resurslarga bo'lgan ehtiyoj haqida ham ma’lumot berilgan. Yana bir muhim jihat-sanoat korxonalari ishchilari, mutaxassislari va rahbarlarini tayyorlash, shu jumladan, innovatsion loyihalarni davlat tomonidan moliyalashtirish, soliq imtiyozlari, fan va sanoat hamkorligi masalalariga ham to‘xtab o‘tilgan. Shuningdek, kichik biznes innovatsiyalarini qo'llab-quvvatlash va innovatsion infratuzilmani yaratish haqida so‘z yuritiladi.
Ушбу мақолада тўлов соҳасини рақамлаштириш вақтнинг ҳақиқий эҳтиёжига айланди, чунки рақамли дунёдаги ҳаёт молиявий жараёнларга турли талабларни қўяди, бу инновацион технологиялар, шу жумладан тарқатилган регистрлар ва ақлли шартномалар қондириш учун мўлжалланганлигидир.
Ushbu maqola raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorining rivojlanish imkoniyatlari, muammolari va istiqbollarini kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda raqamli transformatsiyaning kichik biznesga ta’sir mexanizmlari, hozirgi holat tahlili, xorijiy tajriba va eng yaxshi amaliyotlar o‘rganilgan. Raqamli iqtisodiyot kichik biznes uchun bozor chegaralarini kengaytirish, operatsion xarajatlarni kamaytirish va yangi biznes modellarini joriy etish kabi ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, kichik biznes sektorida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichlaridan orqada qolmoqda. Maqolada kichik biznes raqamlashuvini tezlashtirish uchun raqamli savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha takliflar berilgan.
Мақолада давлат молиявий сиёсатида даромадларни қайта тақсимлашни CEQ (Commitment to Equity) методологияси ёрдамида таҳлил қилишнинг назарий ва методологик асослари тадқиқ қилинади. Шу билан бирга методологияда акс этмайдиган норасмий сектор бўйича ҳам Ўзбекистондаги жорий ҳолат бўйича мухтасар таҳлил келтирилган. Якунида услубиётнинг дунё мамлакатлари кесимида бир қатор давлатларнинг молиявий сиёсатида апробациядан ўтказилганлиги ва соҳани ислоҳ қилиш учун қўлланиб келинганлиги ҳақида ҳам олинган таҳлил натижалари баён этилган. Бунда фискал сиёсат орқали ижтимоий адолат ва барқарор иқтисодий ривожланишни таъминлаш мумкинлиги кўрсатиб ўтилган.
Мақолада Ўзбекистон Республикасида давлат секторидахаражатлар аудитини такомиллаштиришнинг хусусиятлари ва халқаро тажрибадан фойдаланишнинг назарий масалалари ёритилган
Ushbu maqolada uy xoʻjaligining iqtisodiy hodisa va jarayonlar bilan aloqasi, shuningdek, uning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga taʼsiri koʻrib chiqiladi. Uy xoʻjaliklarining tejash va isteʼmol xatti-harakatlarini tushuntiruvchi hayot sikli nazariyasi (Modigliani) va doimiy daromad gipotezasi (Fridman) kabi asosiy nazariyalar muhokama qilinadi. Jamgʻarma stavkalariga taʼsir etuvchi omillar, jumladan, demografik oʻzgarishlar, iqtisodiy oʻsish, daromadlarning noaniqligi va foiz stavkalari tahlil qilinadi. Uy xoʻjaliklarining moliyaviy qarorlarini shakllantirishda pensiya jamgʻarmalari, meros va davlat siyosatining roliga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maqolada, shuningdek, fond bozorining faoliyati va uning uy xoʻjaliklari bilan oʻzaro aloqasi, shuningdek, texnologik va ijtimoiy oʻzgarishlarning jamgʻarma stavkalariga taʼsiri masalalari koʻrib chiqiladi. Maqola jamgʻarmalar dinamikasini va ularning iqtisodiy rivojlanishdagi rolini tushunish uchun tarixiy sharoit va zamonaviy iqtisodiy sharoitlarni hisobga olish muhimligini taʼkidlab yakunlanadi.
Maqolada diversifikatsiya atamasi uning tarixi va yevropa, rus, o`zbek olimlarning bu borada bergan ta`riflari keltirilgan va muallif tomonidan ham ta`rif berilgan. Diversifikatsiyaning globallashuv jarayonida xizmatlar sohasidagi o`rni, ahamiyati va uning turlari tahlil qilingan. Raqobatli bozor sharoitida diversifikatsiya qanday yordam bera olishi yoritib berilgan bo`lib, u orqali moliyaviy barqarorlikka erishish mumkinligi, u bozorda o`z o`rniga ega bo`lishi, xatarlarni baholay olish qobiliyatiga ega bo`lishi, resurslarni to`g`ri taqsimlay olishi, iqtisodiy tanazzulga chidamlilik, sohaga oid qiyinchiliklarga yechim kabilarga bardosh bera olishi mumkinligi haqida batafsil keltirib o`tilgan. Xizmatlarni diversifikatsiya qilish orqali mijozlarni ko`paytirish, ularning sodiqliligiga erishish mumkinligi to`g`risida maqolada ma`lumotlar keltirilgan.
Ushbu maqola bank sohasida operatsion tavakkalchiliklarni boshqarishning muhim roli haqida toʻxtaladi va Oʻzbekiston tijorat banklari misolida mazkur masalani chuqur tahlil qiladi. Mamlakat bank tizimida ulkan oʻzgarishlar kuzatilmoqda va operatsion tavakkalchiliklarni boshqarish moliyaviy barqarorlikni taʼminlashning ajralmas qismiga aylanmoqda. Mazkur maqolada banklarning risklarni boshqarish jarayonlarida duch kelayotgan tashkiliy va metodologik muammolari chuqur oʻrganiladi. Maqolada keltirilgan fikrlar va tavsiyalar kelajakdagi tadqiqotlar va mahalliy bank sohasida operatsion tavakkalchiliklarni boshqarish strategiyalarini ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qilishiga umid qilamiz.
Maqolada issiqlik elektr stansiyalarining O‘zbekiston energetika tarmog‘idagi muhim o‘rni haqida so‘z yuritilib, samaradorlikni oshirish va atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan modernizatsiya ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. Unda mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangi, energiya tejamkor bloklarni o‘rnatishga qaratilgan turli loyihalar va investitsiyalar ko‘rsatilgan. Matnda ushbu tashabbuslarning iqtisodiy va operatsion afzalliklari, jumladan, yoqilg‘'i sarfini kamaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va texnologik imkoniyatlarni oshirish ta’kidlangan. Maqolada, shuningdek, moliyaviy investitsiyalar va ushbu loyihalarning quvvat va barqarorlikni yaxshilash nuqtai-nazaridan kutilayotgan natijalari batafsil tavsiflanadi.