Tadqiqotda raqamli marketing usullari tijorat banklarining iqtisodiy ko'rsatkichlariga, ayniqsa bank sektorining o'zgaruvchan muhitida qanday ta'sir ko'rsatishi batafsil ko'rib chiqilgan. Tadqiqotda Oʻzbekistondagi ATIB Ipoteka bankining 18 yillik moliyaviy maʼlumotlaridan foydalangan holda raqamli marketing xarajatlarining koʻpayishi, xodimlarni rivojlantirishga investitsiyalarning ortishi va uning banklar daromadiga taʼsiri oʻrtasidagi bogʻliqligi o’rganildi. Tadqiqotda bank sohasida marketing strategiyalar ta'sirini bashorat qilish va baholash uchun VAR (Vector Autoregressive) va ARDL (Autoregressive Distributed Lag) modellari ishlab chiqildi. Natijalar raqamli marketing harajatlarining ortishi, bank ishchi xodimlariga qilingan investitsiyalarning o‘sishi va tijorat banklarining moliyaviy muvaffaqiyatlari o'rtasidagi kuchli bog'liqligi ochib berildi. Ushbu tadqiqot raqamli marketing samaradorligi bo'yicha kengroq munozaraga hissa qo'shadi va moliyaviy institutlar uchun marketing strategiyasi va inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy samaradorligini optimallashtirishga qaratilgan qimmatli tushunchalarni taqdim etadi.
О‘zbekistonda iqtisodiyot tarkibini diversifikatsiya qilish va uning raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga bozor mexanizmlarini izchillik bilan joriy etish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish orqali barqaror iqtisodiy о‘sishni ta’minlash hozirgi kunda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yо‘nalishlarini tashkil etadi. Mazkur iqtisodiy islohotlar doirasida budjet siyosatini takomillashtirish, budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligin oshirish kabi masalalar muhim о‘rin tutadi. Shundan kelib chiqqan holda mazkur maqolada budjet siyosati samaradorligini oshirishning nazariy jihatlari tahlil qilingan
Мазкур мақолада реал секторни давлат томонидан тартибга солишнинг назарий ва амалий асослари чуқур таҳлил қилинади. Хусусан, иқтисодий тизимда давлатнинг ролини аниқлаш, тартибга солиш механизмларининг самарадорлигини баҳолаш ҳамда соҳадаги институционал ва бозор ёндашувлари ўртасидаги ўзаро таъсирлар комплекс таҳлил этилади. Шундай ёндашувда давлат интервенциясининг меъёрий-ҳуқуқий, молиявий ва маъмурий воситалар орқали амалга оширилиши ҳамда уларнинг реал сектор субъектларига таъсири тизимли ёритилади. Шу билан бирга, иқтисодиётнинг соҳага хос тармоқлари – саноат, қишлоқ хўжалиги, инфратузилма ва хизмат кўрсатиш соҳаларида давлат сиёсатининг ўзига хос жиҳатлари ва унинг барқарорликка таъсири ҳам илмий асосда муҳокама қилинади. Ушбу илмий иш натижалари асосида миллий иқтисодиётда реал секторни самарали тартибга солишга қаратилган таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилади.
Мазкур мақолада тўғридан-тўғри хорижий инвестицияларнинг (ТТХИ) миллий иқтисодиёт барқарорлигига кўрсатадиган таъсири илмий-назарий ва амалий жиҳатдан таҳлил қилинади. Хусусан, ТТХИнинг иқтисодий ўсиш суръатлари, ишлаб чиқариш самарадорлиги, янги иш ўринлари яратиш, экспорт салоҳиятини ошириш ва замонавий технологиялар трансферига қўшаётган ҳиссаси ўрганилади. Тадқиқот давомида инвестиция муҳитини яхшилаш, институционал ислоҳотларни чуқурлаштириш ва ҳуқуқий кафолатларни мустаҳкамлаш орқали ТТХИ самарадорлигини ошириш масалаларига алоҳида эътибор қаратилади. Муаллиф томонидан хорижий инвестицияларни жалб этишда тармоқлар кесимидаги устувор йўналишларни белгилаш, миллий манфаатлар ва иқтисодий хавфсизликни таъминлаш зарурлиги асослаб берилади.
Ушбу мақолада суверен фондлар фаолият самарадорлигини баҳолаш усуллари ўрганилган. Шунингдек, ҳар бир таклиф этилган мезон таркибида у ёки бу мезоннинг бажарилиш даражасини объектив баҳолайдиган комплекс кўрсаткичлар ўрганилган ва таҳлил қилинган. Суверен фондлар фаолияти, улар томонидан молиялаштириладиган инвестиция лойиҳалар самарадорлигини баҳолаш кўрсаткичлари таҳлил этилган ва баҳолаш мезонлари тақдим этилган.
Maqolada bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat moliyasining ahamiyatiga e’tibor qaratiladi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar hukumati tomonidan iqtisodiyotning hozirgi bosqichida davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati aks ettiriladi, xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan byudjet ko‘rsatkichlarining ochiqligi sohasidagi reyting natijalari tahlil qilinadi. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, davlat moliyasini boshqarishning istiqbolli xorijiy tajribasi sifatida natijalarga yo‘naltirilgan byudjetni faol joriy etish, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash modelini ishlab chiqish, fiskal qoidalarni shakllantirish, byudjetni rejalashtirishni takomillashtirish, byudjet shaffofligini oshirish va boshqalar keltirib o‘tilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda “yashil ipoteka” dasturlarining joriy etish istiqbollari va iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba misolida yashil ipotekaning afzalliklari, imtiyozli foiz stavkalari, energiya samaradorlik sertifikatlari va banklar uchun qayta moliyalashtirish mexanizmlarining ahamiyati o‘rganilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yashil ipoteka dasturlari energiya iste’molini sezilarli darajada kamaytirib, uy-joy fondining modernizatsiyasiga, aholi xarajatlarining qisqarishiga va ekologik barqarorlikning oshishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston sharoitida ushbu dasturlarni joriy etish uchun institutsional baza, moliyaviy rag‘batlar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi aniqlangan.
Mazkur maqolada jismoniy shaxslar daromadlarini soliqqa tortish usullari, shakllari va asosiy tamoyillari keltirilgan. Soliqqa tortish usullari, shakllari va tamoyillari hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri yoritilgan. Shuningdek, progressiv va proporsional soliqlarning adolatli taqsimotga ta’siri hamda investitsion daromadlarga nisbatan soliqlarning o‘rni muhokama qilingan. O‘zbekiston soliq tizimini takomillashtirishda soliqqa tortish usullari, shakllari va tamoyillarining istiqbollari asoslangan. Maqolada daromad solig‘i yig‘ish mexanizmlarining samaradorligi va adolatlilik darajasi iqtisodiy barqarorlik va byudjetga tushumlar nuqtai nazaridan tahlil etilgan.
O‘zbekistonda milliy kapital bozori mamlakatda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar doirasida sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston kapital bozorining bugungi holatiga chuqur baho berilgan, u duch kelayotgan muammolar va rivojlanish istiqbollari tahlil qilingan. Tahlil amaldagi strategiyalar samaradorligini baholash va keyingi takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar berish uchun so'nggi islohotlar, qonunchilikdagi o'zgarishlar va bozor tendentsiyalariga tayanadi. Natijalar O‘zbekistonda dinamik va barqaror kapital bozorini yaratishda izchil me’yoriy-huquqiy baza, bozor shaffofligini oshirish va investorlarning ishonchini oshirish muhimligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish istiqbollari ilmiy-nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. 2025-yil 9-dekabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1101-sonli Qonun asosida 2026-yildan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi va keyinchalik ishsizlik nafaqasi kabi ijtimoiy xatarlarni qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maqolada mavjud pensiya tizimining cheklovlari, yangi tizimning iqtisodiy-sotsial samaradorligi, demografik bosim va moliyaviy barqarorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Empirik tahlil uchun Davlat statistika agentligi, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlari asosida jadvallar va grafiklar keltirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy sug‘urta tizimi rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, kambag‘allik xavfini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi, ammo informal sektor va demografik qarish kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish zarur.
Ушбу тадқиқотда Ўзбекистон Республикасида товарларни мажбурий рақамли маркировкалаш тизимини жорий этишнинг назарий-методологик асослари ва амалий аҳамияти таҳлил қилинган бўлиб, рақамли маркировкалашнинг моҳияти, яъни товар ҳаракатини тўлиқ кузатиш, уларнинг ҳақиқийлиги ва сифатини кафолатлаш ҳамда солиқ-божхона органлари учун шаффоф ахборот муҳитини яратишдаги ўрни илмий жиҳатдан асосланган, шунингдек, ушбу тизимнинг иқтисодий аҳамияти, жумладан давлат бюджети даромадларини ошириш, яширин иқтисодиётни қисқартириш, контрафакт маҳсулотлар айланмасини чеклаш, истеъмолчилар ҳуқуқларини ҳимоя қилиш ва миллий иқтисодиётда рақамли трансформация жараёнларини чуқурлаштиришдаги самарадорлиги ёритилиб, хорижий тажриба асосида қиёсий таҳлил қилинган.
Ushbu maqolada hududiy rivojlanishda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarining roli, amaliy tatbiqi va istiqbollari chuqur tahlil qilinadi. Hududlarda iqtisodiy o‘sish, zamonaviy infratuzilma barpo etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va investitsion muhitni yaxshilashda DXSh alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqotda Qashqadaryo viloyati misolida DXSh loyihalarining samaradorligi va ular orqali erishilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalar o‘rganildi. Statistik ma’lumotlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar tahlili va solishtirma usul yordamida olib borilgan tahlillar natijasida aniqlandiki, DXSh asosidagi hamkorlik hududiy taraqqiyotda innovatsion va moliyaviy yechimlarni keng joriy qilishga xizmat qilmoqda. Maqola yakunida ushbu mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha tegishli ilmiy-amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada mintaqa sanoatida raqamli xizmatlar bozorini tijoratlashtirish jarayonlarini samarali tashkil etish uchun “Aqlli elektron” platformasini joriy etish mexanizmlari tadqiq qilingan. Raqamli transformatsiya sharoitida ushbu platforma hududdagi korxonalarni zamonaviy IT yechimlar asosida bozorga integratsiya qilish, raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiladi. Tadqiqotda platformani tashkil etishda ilg‘or xorijiy tajriba, milliy qonunchilik bazasi, asosiy biznes jarayonlarini optimallashtirish, asoslangan xavflarni aniqlash hamda samaradorligini oshirish yo‘llari tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada “Aqlli elektron” platformasi yordamida hududiy ishlab chiqarish tizimlarini raqamli iqtisodiyot sharoitiga moslashtirish, qo‘shilgan qiymatlarini oshirish va barqarorligini ta’minlash bo'yicha amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur ishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning nazariy, huquqiy hamda institutsional asoslari kompleks tarzda tahlil etilgan. Tadqiqotda kichik biznesning milliy iqtisodiyot rivojidagi o‘rni, uning aholi bandligini ta’minlash, raqobat muhitini shakllantirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashdagi ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan moliyaviy, soliq, kredit, tashkiliy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining mazmuni va samaradorligi ilmiy jihatdan yoritilgan.
Maqolada inson kapitalini rivojlantirishning kambag‘allikni kamaytirishdagi o‘rni ilmiy asosda yoritilgan. Ta’lim sifati, sog‘liqni saqlash tizimi va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda inson omilining ahamiyati ochib berilgan. Tadqiqot davomida inson kapitaliga yo‘naltirilgan siyosatning samaradorligi asoslab berilib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Хўжалик юритувчи субъектлар раҳбариятидан кескин рақобат шароитида ўз фаолиятини олдига қўйган мақсад ва стратегияларга мувофиқлигини таъминлаш учун онгли равишда иш натижаларини баҳолашлари талаб этилади. Бу, ўз навбатида, хўжалик юритувчи субъектнинг ҳар бир таркибий қисми ва ходимларининг иш натижалари самарадорлиги ҳамда унумдорлигини аниқлаш, шунингдек аниқланган камчиликларни бартараф этиш бўйича чора-тадбирларни ишлаб чиқиш зарурлигидан далолат беради. Айнан шундай тадбирларни амалга оширишда хўжалик юритувчи субъектлар раҳбарияти операцион аудитдан фойдаланиши лозим. Мазкур мақолада операцион аудитни амалга ошириш ва уни оммалаштиришга яратилган шарт-шароитлар ҳамда тўсиқ бўладиган омиллар ёритиб берилган.
Maqolada sanoat korxonalarining innovatsion va investitsiya loyihalari samaradorligini baholashda moliyaviy ko'rsatkichlarning ahamiyati ko‘rib chiqiladi. Ta’kidlanishicha, sanoat korxonalarining o‘sishi va bozorga qo‘shgan hissasi ularning rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari bo'lmasligi kerak. Shuningdek, maqolada AQSh kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida, innovatsiyalarning korxonalarning iqtisodiy va texnologik rivojlanishi uchun ahamiyati yoritilgan. Sanoat sektorini innovatsion rivojlantirishda universitetlarning roli, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish va ilg‘or texnologiyalarni ta’minlashning ahamiyati ta’kidlangan. Zamonaviy ishlab chiqarish fondlarining ahamiyati va korxonalarni rivojlantirish uchun kreditlar ajratish kabi moliyaviy resurslarga bo'lgan ehtiyoj haqida ham ma’lumot berilgan. Yana bir muhim jihat-sanoat korxonalari ishchilari, mutaxassislari va rahbarlarini tayyorlash, shu jumladan, innovatsion loyihalarni davlat tomonidan moliyalashtirish, soliq imtiyozlari, fan va sanoat hamkorligi masalalariga ham to‘xtab o‘tilgan. Shuningdek, kichik biznes innovatsiyalarini qo'llab-quvvatlash va innovatsion infratuzilmani yaratish haqida so‘z yuritiladi.
Ushbu tadqiqot Oʻzbekiston Respublikasida 2019-yildan joriy etilgan vakolatli iqtisodiy operator (VIO) institutining muhim moliyaviy imtiyozlaridan biri – bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash mexanizmidan foydalanish dinamikasini empirik jihatdan oʻrganadi. 2021-2025-yillar davomida 96 ta VIO maqomiga ega (faol) korxonaning bojxona yuk deklaratsiyalaridagi ma’lumotlari asosida oʻtkazilgan tahlil shuni koʻrsatdiki, kechiktirib toʻlangan bojxona toʻlovlari summasi ulushi 2021-yildagi 9,95 foizdan 2023-yilga kelib 33,66 foizgacha oʻsdi, soʻngra 2025-yilda 24,51 foizda barqarorlashdi. Toifaviy kesimda yaqqol tafovut aniqlandi: I toifali firmalar 9,9%, yuqori toifali firmalar (I va II, II, III toifalar) esa 28,9% ulushda kechiktirib toʻlash imtiyozidan foydalanmoqda. Tadqiqot VIO maqomining vaqt va yoʻlak samarasi bilan bir qatorda muhim moliyaviy kapital boshqaruvi vositasi ekanini empirik jihatdan asoslaydi hamda VIO institutining amaliy samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq takliflarni ilgari suradi.
Мазкур мақолада хорижий мамлакатлар мисолида корпоратив бошқарув тизимини такомиллаштиришга доир илғор тажрибалар таҳлил қилинган. Мақолада корпоратив бошқарувнинг асосий принципларига акциядорлар манфаатларини ҳимоя қилиш, бошқарув органларининг мустақиллиги ва масъулияти, ахборот шаффофлиги ва манфаатлар тўқнашувининг олдини олиш каби йўналишларга алоҳида эътибор қаратилган. Тадқиқотда халқаро стандартлар OECD тамойиллари, G20/FSB тавсиялари, шунингдек, “Corporate Governance Code” (Буюк Британия) каби ҳужжатлар асосида корпоратив бошқарув амалиёти баҳоланади. Муаллиф илғор хориж тажрибасида кузатув кенгашларининг роли, мустақил директорларнинг функцияси, аудит қўмиталарининг самарадорлиги ва ички назорат механизмларининг ўрни ҳақида аниқ мисоллар келтиради. Мақола якунида Ўзбекистон шароитида хориж тажрибасини амалиётга тадбиқ қилиш имкониятлари, уларнинг ҳуқуқий, институционал ва иқтисодий жиҳатдан мослашувчанлигини баҳолаш, ҳамда миллий корхоналарда корпоратив бошқарув сифатини ошириш бўйича таклифлар берилган.
Содиқ Расулов, Санобар Маткулиева, Каромат Атабаева
Мазкур илмий мақолада қишлоқ хўжалигида амалга оширилаётган сиёсатнинг назарий асослари ва амалга ошириш механизмини такомиллаштириш, қишлоқ хўжалигининг таркиби ва ривожланиш тенденциялари, Ўзбекистонда қишлоқ хўжалигини ривожлантиришга инвестицияларни жалб қилишни фаоллаштириш ва инновацион технологияларини қўллаш самарадорлигини ошириш йўналиш-лари,иқтисодиётни модернизациялаш шароитида ҳудудларда қишлоқ хўжалигини ривожлантириш истиқболлари ёритилган.
Мақолада минтақавий ривожланишнинг назарий асослари, унинг турли босқичларда шаклланган назариялари ҳамда замонавий ёндашувлари илмий таҳлил қилинади. Анъанавий конвергенция ва дивергенция назариялари, ядро–периферия модели билан бирга эндоген ўсиш, инновация ва кластерлашув каби муосир концепциялар ҳам кўриб чиқилади. Шунингдек, молиявий механизмлар ва давлат молиясининг ҳудудий ривожланишдаги роли, уларнинг самарадорлигини таъминлашда институционал ва ташкилий асосларнинг аҳамияти ёритилади. Таъкидланганидек, замонавий шароитда минтақавий ривожланишнинг энг самарали йўли иқтисодий, ижтимоий, сиёсий ва маданий омилларни уйғунлаштирган интегратив ёндашув ҳисобланади. Шу тариқа, мақолада ҳудудий фаровонлик ва барқарор иқтисодий ўсишни таъминлашда молиявий воситалардан мақсадли ва самарали фойдаланиш тамойиллари илмий жиҳатдан асослаб берилади.
Neft va gaz sanoati korxonalarida resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish bugungi kunda iqtisodiy va ekologik barqarorlikni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu ilmiy tadqiqotda sanoat korxonalarida resurslarni tejash, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, energiya samaradorligini oshirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan ilg‘or texnologiyalar tahlil qilinadi. Dunyo tajribasi asosida resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha strategik yondashuvlar o‘rganilib, ularning iqtisodiy va texnologik jihatdan samaradorligi baholanadi. Shu bilan birga, mamlakatimiz neft va gaz sanoati korxonalarida mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ madaniyatni takomillashtirish yo‘nalishlarini aniqlash uchun uning afzalliklari va muammolariga e’tibor qaratish lozim. Samarali korporativ madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati va uzoq muddatli istiqbollariga bevosita ta’sir qiladi. Bunday madaniyat aksiyadorlik jamiyatlari muvaffaqiyatining eng muhim omillaridan biri bo‘lib, raqobatdosh ustunlikni saqlab turishda muhim hisoblanadi. Shuningdek, u korxonadagi shaxslarning axloqiy fazilatlariga, fidoyiligiga, mehnat unumdorligiga, jismoniy sog‘lig‘iga va jamoada ishlaydigan odamlarning hissiy farovonligiga ta’sir qiladi. Ushbu maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida uchrayotgan korporativ madaniyat muammolari tahlil qilingan va ularga samarali yechimlar topish yo‘llari belgilab berilgan. Hamda korporativ madaniyatning muhimligi va uning kompaniya faoliyatidagi o‘rni, shuningdek, madaniyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri ko‘rib chiqilgan. Muammolar sifatida korporativ madaniyatning yetarli darajada shakllanmagani, xodimlar o‘rtasidagi muloqotning zaifligi, etika va qadriyatlarga rioya qilinmasligi kabi jihatlar tahlil qilingan. Yechimlar sifatida esa korporativ madaniyatni shakllantirishda strategik yondashuvlar, muntazam ta’lim va tarbiya dasturlari, ochiq muloqot va ishonch muhitini yaratish, shuningdek, etika kodekslarini ishlab chiqish va joriy etish taklif qilingan. Tadqiqot aksiyadorlik jamiyatlari uchun korporativ madaniyatni yaxshilash va samarali boshqarish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni beradi.