Saidahror Gulyamov , Akram Ochilov , Azizjon Rashidov
Maqolada 2024-yilda qabul qilingan “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun (№ O‘RQ-970) hamda Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64 va 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-358-son qarorlarini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Sun’iy intellekt (SI) kreativ iqtisodiyot rivojida muhim omil sifatida namoyon bo‘lib, ijodiy mahsulot yaratish imkoniyatlarini kengaytiradi va shu bilan birga an’anaviy kasblar oldiga yangi talab va vazifalarni qo‘yadi. Tadqiqotda SI texnologiyalarining san’at, musiqa, kino, adabiyot va media sohalariga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Generativ neyron tarmoqlar, mashinaviy o‘qitish va tabiiy tilni qayta ishlash vositalarining ijodiy jarayon samaradorligini oshirishdagi o‘rni yoritiladi. O‘zbekiston misolida SI ko‘nikmalariga ega kreativ mutaxassislarni tayyorlashning strategik zarurati asoslab beriladi. Shuningdek, mualliflik huquqi, intellektual mulk himoyasi va frilans mehnat bozoridagi o‘zgarishlar masalalari tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorida agro-sanoat integratsiyasining iqtisodiy samaradorlikka ta’siri 13 ta hudud bo‘yicha shakllangan panel ma’lumotlar asosida ekonometrik usullar yordamida o‘rganilgan. Agro-sanoat integratsiyasini ifodalovchi asosiy indeks sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmida fermer xo‘jaliklari, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning ulushi qo‘llanilgan. Panel ma’lumotlar regressiyasi natijasida integratsiya ko‘rsatkichlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘sish sur’atiga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’siri aniqlangan. Tadqiqot natijalari agro-sanoat integratsiyasini institutsional jihatdan mustahkamlash orqali qishloq xo‘jaligi sektorining samaradorligini oshirish, fermerlar daromadini kengaytirish va qishloq aholisini bandlikka jalb etish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Mazkur ilmiy maqolada energetika tarmog‘ida “yashil energetika”dan foydalanish imkoniyatlari SWOT tahlil usuli asosida kompleks baholangan. Tadqiqotda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining iqtisodiy, ekologik va institutsional jihatlari tahlil qilinib, sohaning kuchli va zaif tomonlari, tashqi imkoniyatlar hamda ehtimoliy tahdidlari aniqlangan. Tadqiqot natijalari yashil energetikaning energetika tarmog‘ini diversifikatsiya qilish, energiya xavfsizligini mustahkamlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya saqlash texnologiyalarini rivojlantirish va huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Qishloq xo‘jaligida resurs tejamkor va ekologik barqaror texnologiyalardan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, iqlim o‘zgarishining ta’sirini kamaytirish, agroekotizim samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, sohada mavjud muammolar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada davlat-xususiy sheriklik (DXSh) orqali suv xo‘jaligi inshootlarini boshqarish samaradorligini oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi. Unda suv infratuzilmasi bilan bog‘liq mavjud muammolar, mablag‘larning yetarli emasligi va boshqaruv samaradorligining past darajasi tahlil qilinadi. Xususiy investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va DXSh orqali ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratiladi. Davlat-xususiy sheriklikning rivojlanishi suv xo‘jaligi inshootlarini modernizatsiya qilishga yordam berishi, davlat byudjetiga yukni kamaytirishi va sektorning barqaror rivojlanishini ta’minlashi ko‘rsatilgan.
Mazkur maqolada investitsiyalarning iqtisodiy mazmun-mohiyati, ularning iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning nazariy asoslari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Investitsiya tushunchasining iqtisodiy adabiyotlarda turlicha talqin qilinishi, uning iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy yondashuvlar asosida izohlanishi yoritilgan. Shuningdek, investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdagi roli, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani rivojlantirish hamda ilmiy-texnik taraqqiyotni jadallashtirishdagi ahamiyati tahlil qilingan. Maqolada xorijiy investitsiyalar, xususan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning iqtisodiyotga ta’siri va ularning jalb etilish mexanizmlarining nazariy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Hukumat tomonidan amalga oshiriluvchi iqtisodiy siyosatning pirovard maqsadi aholi turmush darajasini oshirish hisoblanadi. Aholi turmush darajasi ko‘p qirrali va murakkab iqtisodiy kategoriya hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada aholi turmush darajasining iqtisodiy mazmuni ochib berilgan va bu borada mualliflik yonlashuvlari ilgari surilgan.
Maqolada inson kapitalini rivojlantirishning kambag‘allikni kamaytirishdagi o‘rni ilmiy asosda yoritilgan. Ta’lim sifati, sog‘liqni saqlash tizimi va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda inson omilining ahamiyati ochib berilgan. Tadqiqot davomida inson kapitaliga yo‘naltirilgan siyosatning samaradorligi asoslab berilib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada tadbirkorlik subyektlarining mustaqilligini belgilaydigan huquq va erkinliklarning ta’minlanishi, yetarli moliyaviy manbalarga, umumiy tijorat qonunchiligi, soliq bo‘yicha imtiyozlarning mavjud bo‘lishi kabilar tadbirkorlikni rivojlantirishning muhim shart-sharoitlari ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra barcha mamlakatlarda xususiy tadbirkorlikning hayotiy faoliyati barqarorligini ta’minlovchi samarali dastak va mexanizmlar yaratiladi.
Ushbu maqola tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan hozirgi iqtisodiy sharoitlar nuqtai nazaridan iqtisodiyotlarning raqobat siyosatidagi dinamik o‘zgarishlarini tadqiq etadi va tahlil qiladi. Maqola mamlakatlarning zamonaviy iqtisodiyotida raqobatning mohiyatini, raqamli iqtisodiyot sharoitida yuzaga keladigan muammolarni, savdo imkoniyatlarini va raqobat choralarini o‘rganishga bag‘ishlangan.
Сўнгги йилларда мамлакатда хизматлар экспортини оширишга қаратилган чора-тадбирлар доирасида туризм салоҳиятини такомиллаштириш ва ундан самарали фойдаланиш масалаларига алоҳида эътибор қаратилмоқда. Мамлакатимизнинг уникал географик жойлашуви, шунингдек, Марказий Осиё минтақасининг маданий, табиий-географик жиҳатдан ўхшаш ва фарқли жиҳатларини инобатга олган ҳолда туристик маҳсулотларни таклиф этишда минтақавий тур пакетларни ишлаб чиқиш мақсадга мувофиқ. Глобал қиймат занжири ёрдамида турист харажатларини оптималлаштириш ва унга таклиф этилаётган манзиллар сафини кенгайтириш орқали минтақанинг туристик жозибадорлигини ошириш имкониятлари мавжуд.
Ushbu maqolada AQShning Silikon vodiysida shakllangan innovatsion startap ekotizimi iqtisodiy va statistik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda startaplar rivojlanish bosqichlari, venchur kapital dinamikasi, mehnat bozori o‘zgarishlari, demografik ko‘rsatkichlar hamda texnologik faollikning mehnat bozori, migratsiya oqimlari, patentlash sur’atlari va investitsiya hajmlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. 2020–2023 yillar davomida Silikon vodiysidagi startaplar soni dinamikasi, AI startaplar ulushi, yangi tashkil etilgan texnologik kompaniyalar, venchur kapital taqsimoti hamda gender tarkibi bo‘yicha statistik tendensiyalar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Silikon vodiysida iqtisodiy va demografik diversifikatsiya, investitsiya imkoniyatlari hamda inson resurslari salohiyati ekotizimning barqaror o‘sishi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tajriba O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy siyosat va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Mazkur maqola kambag‘allik muammosining global va mintaqaviy tahliliga hamda uni bartaraf etish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi va O‘zbekiston strategiyalariga bag‘ishlangan. Maqolada Oksford Kambag‘allikka qarshi kurashish va inson taraqqiyotini rivojlantirish tashabbusi (OPHI)ning "Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi 2024" hisoboti tahlil qilingan bo‘lib, unda dunyo bo‘ylab 1,1 mlrd. aholi keskin kambag‘allikda yashayotgani, ularning katta qismi qishloq joylariga va Sahroyi Kabir hamda Janubiy Osiyo mintaqalariga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, kambag‘allikni kamaytirishning samarali strategiyalari (Janubiy Koreya, Xitoy, Braziliya, Norvegiya) ko‘rib chiqilgan va bunda inson kapitaliga sarmoya kiritish hamda ijtimoiy dasturlarni iqtisodiy o‘sish bilan uyg‘unlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Maqolada yashil obligatsiyalar va ularning bir turi bo‘lgan yashil ipoteka obligatsiyalarining jahon moliya bozoridagi o‘rni hamda O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari tahlil qilinadi. Yashil obligatsiyalar investorlar mablag‘larini ekologik barqaror loyihalarga yo‘naltirish imkonini beruvchi muhim moliyaviy instrument sifatida tobora keng qo‘llanilmoqda. Xususan, AQShda yirik agentliklar tomonidan emissiya qilinayotgan yashil ipoteka obligatsiyalari energiya samarador uy-joy bozorini moliyalashtirishda yetakchi rol o‘ynaydi. Yevropa, Kanada va Avstraliya davlatlari tajribasi ham bu instrumentning xalqaro miqyosda barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda esa yashil ipoteka bozori endigina shakllanib, milliy strategiyalar, xalqaro moliya institutlari ko‘magidagi pilot loyihalar hamda tijorat banklari mahsulotlari orqali bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Maqolada keltirilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil ipoteka obligatsiyalari nafaqat moliyaviy daromad manbai, balki iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror iqtisodiyotga o‘tishda muhim mexanizm hisoblanadi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda ziyorat turizmi infratuzilmasini rivojlantirish jarayonida xususiy investitsiyalarning tutgan o‘rni, ularning iqtisodiy samaradorligi hamda so‘nggi yillardagi islohotlar ta’siri chuqur tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida statistik tahlil, komparativ (xalqaro) taqqoslash, SWOT tahlili va kontent tahlili kabi metodlar qo‘llanib, ziyorat turizmi infratuzilmasi rivojining hozirgi tendensiyalari va investitsion salohiyat baholandi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, xususiy sektor ishtiroki sohani modernizatsiya qilishda, xizmatlar sifatini oshirishda va turistlar oqimini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lib bormoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining kengayishi, raqamlashtirish, klaster yondashuvi va xalqaro hamkorlikning kuchayishi ziyorat turizmining istiqbolli rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Ushbu maqolada tijorat banklarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish jarayonlari, ularning operatsion samaradorlikka, kredit risklarini baholash sifatiga va mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimiga ta’siri ilmiy jihatdan tahlil qilindi. Xalqaro tajribalar O‘zbekiston bank tizimi amaliyoti bilan taqqoslab o‘rganildi. Tadqiqot natijalari SI texnologiyalari bank xarajatlarini kamaytirishi, firibgarlikni aniqlash samaradorligini oshirishi, xizmat ko‘rsatish tezligini yaxshilashi bilan birga, ma’lumotlar sifati, algoritmik shaffoflik va kiberxavfsizlik kabi muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Maqolada ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm sohasini axborotlashtirish jarayonlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati tizimli ravishda tahlil qilingan. Tadqiqotda xalqaro tajribalar Janubiy Koreya, Singapur, Estoniya, Ispaniya va Turkiya misolida smart-turizm, e-visa, onlayn bronlash, raqamli marketing va elektron to‘lovlar kabi raqamli yechimlarning turizm rivojiga ta’siri o‘rganildi. Shuningdek, O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi raqamli infratuzilmasi, elektron xizmatlar qamrovi, turistlar oqimi va turizm eksporti bo‘yicha o‘sish dinamikasi baholandi. Qiyosiy tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish turizmning samaradorligi, xizmat sifati, bandlik darajasi va iqtisodiy faolligini sezilarli darajada oshirmoqda. Maqola yakunida turizmni yanada raqamlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada buxgalteriya balansi tuzishning metodologik asoslari, uni takomillashtirish yo‘nalishlari va tahliliy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yoritiladi. Buxgalteriya balansi korxonaning moliyaviy ahvolini baholashda asosiy axborot manbai sifatida qaralib, uning to‘g‘ri shakllantirilishi moliyaviy qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada aktiv va passiv moddalar tarkibini belgilash, balans strukturasini hamda likvidlik darajasini tahlil qilishning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan hisob tizimlari orqali balans ma’lumotlarining axborot qiymatini oshirish imkoniyatlari bayon etilgan. Tadqiqot natijalari buxgalteriya balansi ma’lumotlaridan samarali foydalanish, korxonaning moliyaviy barqarorligini baholash va boshqaruv qarorlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq turizmini rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalarning o‘rni ko‘rib chiqiladi. Asosiy e’tibor infratuzilmani raqamlashtirish, onlayn xizmatlarni joriy etish, elektron vizalar, bron qilish tizimlari, raqamli marketing hamda ekologik barqaror texnologiyalarga qaratilgan. Mintaqaning besh davlati (Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston) bo‘yicha taqqoslama tahlil o‘tkazildi, unda raqamli loyihalar soni, e-Visa va vizasiz rejim qamrovi hamda turizmga kiritilgan investitsiyalar miqdori ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari texnologiyalarni joriy etish infratuzilma, kadrlar va moliyalashtirishdagi to‘siqlarni yеngib o‘tishga yordam berishini, shuningdek qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ko‘rsatadi.
Ushbu maqola Markaziy Osiyoda innovatsiya va yuqori o‘sishli tadbirkorlikni rivojlantirishga intilayotgan O‘zbekistonda venchur kapital ekotizimining paydo bo‘lishi va rivojlanishini o‘rganadi. Innovatsion moliyalashtirish va tadbirkorlik ekotizimlari bilan bog‘liq nazariy asoslarga tayanib, tadqiqot O‘zbekistonda venchur kapital faoliyatining hozirgi holatini tahlil qiladi, chiqish imkoniyatlarining cheklanganligi, moliyaviy savodxonlikning pastligi, tijoratlashtirish to‘siqlari va huquqiy-me’yoriy bo‘shliqlar kabi asosiy tarkibiy muammolarni aniqlaydi hamda so‘nggi siyosiy-iqtisodiy tashabbuslarning samaradorligini baholaydi. Tahlil KPMGning 2024-yilgi Markaziy Osiyo bo‘yicha hisobotidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi va uni xalqaro amaliy tadqiqotlarning qiyosiy xulosalari, jumladan Isroilning "Yozma" dasturi, Singapurning hamkorlikdagi investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va Janubiy Koreyaning jamg‘armalar jamg‘armasi (fond-of-fonds) modeli bilan to‘ldiradi. Maqolada venchur kapital ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar, jumladan, huquqiy islohotlar, investorlar uchun soliq imtiyozlari, birgalikda sarmoya kiritish mexanizmlari va salohiyatni oshirish tashabbuslari taklif etilgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda venchur kapitali sektori endigina shakllanayotgan bo‘lsa-da, maqsadli davlat aralashuvi uning innovatsion iqtisodiy o‘sishning kuchli, global integratsiyalashgan harakatlantiruvchi kuchiga aylanishini tezlashtirishi mumkin.
Агросаноат мажмуаси Ўзбекистон иқтисодиётининг алоҳида аҳмаиятга эга, муҳим тармоғи бўлиб, соҳада йирик инвестиция лойиҳаларини амалга ошириш маҳаллий қишлоқ хўжалиги ишлаб чиқариши, озиқ-овқат саноати ва тегишли хизматларни ривожлантириш учун катта имкониятлар яратади. Кўпгина ривожланаётган мамлакатларда, жумладан, Ўзбекистонда агросаноат мажмуасининг йирик лойиҳалари асосан импорт қилинадиган асбоб-ускуналар, технологиялар ва хомашёга таянган. Бу модернизацияни жадаллаштириш билан бирга, хорижий этказиб берувчиларга узоқ муддатли қарамликни ҳам келтириб чиқарди. Бинобарин, бундай лойиҳаларда маҳаллий контент улушини ошириш стратегик устувор вазифа бўлиб, миллий саноатни мустаҳкамлайди, иш ўринлари яратилишини рағбатлантиради ва иқтисодиётнинг барқарорлигини таъминлайди.
Ушбу мақолада корхоналар фаолиятининг муҳим кўрсаткичларидан бири бўлиб фойда ва рентабелликни ифодаловчи кўрсаткичларга алоҳида эътибор қаратилган. Корхоналарда фойда ва рентабелликни таҳлил қилишни такомиллаштириш, корхона фойдасининг кўпайиши ва рентабеллигини оширишда муҳим аҳамият касб этиши бўйича таклиф ва тавсиялар берилган.
Ўзбекистон иқтисодиётига хорижий инвестицияларни жалб этишнинг инвестицион жозибадорлиги ва унга таъсир қилувчи омиллар фаолиятига тўхталиб ўтилган. Иқтисодий ўсиш: юқори иқтисодий ўсиш инвесторларни жалб қилади, сабаби у бозорнинг ўсиши ҳамда товарлар ва хизматларга бўлган талабнинг ошишини англатади. Мамлакатнинг сиёсий барқарорлиги: инвесторлар учун хавфларни камайтиришга қаратилган мамлакат ёки минтақадаги барқарор сиёсий вазият ташкил этиш, уларнинг узоқ муддатли истиқболга ишончини оширади. Хорижий инвесторлар учун бериладиган солиқ имтиёзлари ва преференциялар: хорижий инвестицияларни жалб қилишни рағбатлантиришда давлат инвестицияларини қўллаб-қувватлаш дастурлари, жумладан, солиқ имтиёзлари, субсидиялар ва кафолатлар ишлатиши муҳимдир. Шунингдек, замонавий шароитларда иқтисодиётга хорижий инвестицияларни жалб этишнинг инвестицион жозибадорлиги ва унга таъсир қилувчи омиллар фаолияти ўрганилган.
Oʻzbekiston Respublikasida islomiy mikromoliyalash tizimining rivojlanishi moliyaviy inklyuziya va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot islomiy mikromoliyalash institutlarining tarkibi, faoliyat koʻrsatkichlari va rivojlanish istiqbollarini tahlil qiladi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tizimni yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.
Maqolada sirkulyar iqtisodiyotning barqaror taraqqiyotga erishishdagi roli, ahamiyati va mexanizmlari tahlil qilinadi. Sirkulyar iqtisodiyot resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu model barqaror ishlab chiqarish va iste’mol tizimini yaratish orqali iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik hamda atrof-muhit muhofazasini uyg‘unlashtiradi. Tadqiqotda sirkulyar iqtisodiyotning afzalliklari, global tajriba hamda uni milliy iqtisodiyot sharoitida joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.