Ushbu tadqiqot raqamlashtirish va uning O‘zbekistondagi uy xo‘jaliklari moliyasiga iqtisodiy ta’siri o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Tadqiqotning maqsadi texnologik taraqqiyot, xususan, AKT (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) sohasidagi yutuqlar O‘zbekiston uy xo‘jaliklaridagi moliyaviy xatti-harakatlar va bozor dinamikasiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini aniqlashdan iborat. Tadqiqotda miqdoriy yondashuv qo‘llanilgan bo‘lib, Tobit regressiya modelidan foydalanib, turli milliy ma’lumotlar bazalaridan, jumladan, Uzstat va Global innovatsion indeksdan to‘plangan ma’lumotlar tahlil qilingan. Tadqiqot AKT indeksi, hukumatning AKT integratsiyasiga tayyorligi va har 10 000 ishchiga to‘g‘ri keladigan robotlar soni bilan ifodalanadigan avtomatlashtirish darajasi kabi o‘zgaruvchilarga qaratilgan. Ma’lumotlar 2011-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan o‘n yil davomida to‘plangan va ushbu o‘zgaruvchilar va uy xo‘jaliklarining jamg‘arma stavkalari o‘rtasidagi sezilarli bog‘liqliklarni aniqlash uchun tahlil qilingan.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasida alternativ moliya ekotizimi va uning asosiy instrumentlari tahlil qilingan. So‘nggi yillarda mamlakatda iqtisodiy diversifikatsiya va moliyaviy inklyuziyani oshirish maqsadida mikromoliya, crowdfunding, peer-to-peer (P2P) lending, ijtimoiy investitsiyalar hamda islom moliyasi kabi alternativ moliyalashtirish mexanizmlariga e’tibor kuchaymoqda. Tadqiqotda ushbu instrumentlarning rivojlanish holati, imkoniyatlari va mavjud muammolari yoritilgan. Shuningdek, bozor konyunkturasining turli sharoitlarida alternativ moliya tizimining rivojlanish senariylari ishlab chiqilgan hamda crowdfunding va islom moliyasi uyg‘unlashuvi istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etish zarurati, mavjud huquqiy asoslar va institutsional muhit keng qamrovda o‘rganiladi. Islom moliyasi shariat talablariga asoslangan holda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ko‘zda tutadi va aynan shu xususiyati uni ribo, maysir va g‘arar kabi taqiqlangan elementlardan holi qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yo‘nalish yangi bo‘lishiga qaramay, aholining diniy e’tiqodiga mos, adolatli va barqaror moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari, sukuk, mudoraba, mushoraka kabi moliyaviy vositalarning mohiyati va ularni yuritishda zarur bo‘lgan huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud qonunchilikda kuzatilayotgan bo‘shliqlar, regulyator organlar faoliyatining yetarli darajada shakllanmaganligi va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos keluvchi institutlar modeli muhokama qilinadi. Natijada, mamlakatda islom moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha konseptual takliflar ilgari suriladi.
Ushbu maqolada barqaror rivojlanish konsepsiyasi va bank sektorida yashil moliyaning roli tahlil qilinadi. Tadqiqotda tijorat banklarining ekologik va moliyaviy risklarni boshqarish amaliyoti, xorijiy mamlakatlar tajribasi, shuningdek, O‘zbekiston banklari misollari o‘rganildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, yashil moliya nafaqat ekologik mas’uliyatni, balki banklarning strategik rivojlanishini ham ta’minlaydi. Ushbu yondashuv moliyaviy barqarorlik, iqtisodiy modernizatsiya va ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
Mazkur maqolada dualistik moliya tizimiga ega Turkiya va BAA mamlakatlarining moliya bozori joriy holati tahlil qilinadi. Xususan, maqolada Turkiya va BAA (Birlashgan Arab Amirliklari)ning islomiy va an’anaviy moliya tizimining qiyosiy tahlili olib borilib, bunda islom moliyasining umumiy moliya bozoridagi ishtirokining holati, islomiy kapital bozori, islomiy sug‘urta bozori va islomiy investitsiya fondlarining moliya bozoridagi ishtirokining qiyosiy holati tadqiq etiladi.
Hozirda jahon miqiyosida moliyaviy menejmentning asosiy funksional elementi hisoblangan moliyaviy rejalashtirish tizimini takomillashtirish masalalari keng tadqiq etilmoqda. Xususan, global pandemiya sharoitida tashqi bozorlardagi o‘zgaruvchan muhitga tez moslanuvchan moliyaviy rejalashtirish tizimi va uning strategik rejalar bilan uyg‘unlashtirilgan mukammal modelini shakllantirish yuzasidan maqsadli izlanishlar olib borilmoqda. Shuningdek, moliyaviy menejmentning asosiy funksional elementlaridan biri kompaniyalar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini kompleks baholashning keng ko‘rsatkichlar arsenalini mujassamlashtiruvchi moliyaviy diagnostikaning tashkiliy arxitekturasini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Maqolada raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda aholining moliyaviy savodxonlik darajasining o‘rni va ahamiyati, xorijiy va mahalliy olimlarning bu boradagi fikr va mulohazalari, moliyaviy savodxonlikni oshirish yo‘nalishlari, moliyaviy xizmatlar hajmining ortishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlarining yanada rivojlantirish maslalari tahlil qilindi. Ilmiy izlanishlar natijasida tegishli tartibda xulosa va takliflar keltirib o‘tildi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyot erkinlashuvi va modernizatsiyasining hozirgi bosqichida korxona moliyaviy siyosatini shakllantirish nazariyasi va uslubiyotini takomillashtirish masalalari tadqiq etilgan. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarida korxona moliyaviy siyosatini shakllantirish nazariyasi va uslubiyotini takomillashtirish ustunliklari hamda o‘ziga xos xususiyatlari ilmiy asoslab berilgan. O‘zbekiston Respublikasi korporativ moliya menejmenti tizimida korxona moliyaviy siyosatini shakllantirish nazariyasi va uslubiyotini takomillashtirish imkoniyatlari tadqiq etilgan hamda tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqola islom kapital bozori ekotizimida tartibga solish institutlarining o‘rni va ular bozorning barqaror rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasini tahlil qiladi. Islom kapital bozori global moliyaviy tizimning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, sukuk, islomiy aksiyalar va boshqa moliyaviy instrumentlarni taklif qilish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi. Maqolada shariat kuzatuv kengashlari, AAOIFI va IFSB kabi xalqaro standartlashtirish tashkilotlari va boshqa tartibga soluvchi institutlarning ahamiyati yoritilgan.
Ushbu tadqiqotning maqsadi hududlarda amalga oshirilayotgan islomiy investitsiya loyihalarining kengayishiga taʼsir etuvchi omillarning bogʻliqligini oʻrganishga qaratilgan. Hududlarda islomiy investitsiya loyihalari miqdori va unga taʼsir etishi mumkin boʻlgan mustaqil omillarning 2004-yildan 2024-yilgacha vaqtli qatorlardagi maʼlumotlari tahlil qilingan. Tadqiqotimizda VAR modelidan foydalanildi. Tadqiqotimizning natijasiga koʻra, tanlab olingan mustaqil omillarning islomiy investitsiya loyihalariga qisqa muddatda ijobiy bogʻliqligi aniqlandi.
Ушбу мақолада исломий молиялаштириш тизимининг Марказий Осиё давлатларидаги бугунги ҳолати, шунингдек, унинг афзалликлари таҳлили ва истиқболлари ҳақида cўз боради. Мақолада исломий молиялаштириш тизимини Ўзбекистон Республикасида жорий қилиш истиқболлари ҳам таҳлил қилинади.
O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan institutsional va huquqiy islohotlar tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat moliyasining ochiqligini ta’minlash, byudjet jarayonida fuqarolik ishtirokini kuchaytirish, soliq va xarajatlar tizimini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotda ushbu islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ularning samaradorligi, xalqaro standartlarga (masalan, IMF’ning fiskal shaffoflik mezonlari, PEFA indikatorlari) muvofiqligi baholanadi.
Ushbu maqolada islom moliya instrumentlar bozori haqida ma’lumot keltirib o‘tilgan bo‘lib, ular qaysilar va ularni moliya bozorida tasarruf etilishi va bularning iqtisodiyotda tutgan o‘rni ahamiyatliligi bayon qilingan. Jahonda moliyaviy instrumentlarni o‘rganish jarayonida jahon tajribasi o‘rganilib islom moliyaviy instrumentlar jahon tajribasi keltirilgan.
Ushbu maqola davlatning strategik yo‘nalishlari orqali yashil iqtisodiyotni rag‘batlantirish imkoniyatlarini o‘rganadi, bunda xalqaro tajribalar hamda O‘zbekistonning o‘ziga xos sharoitlariga alohida e’tibor qaratiladi. Jahon miqyosida SDX barqaror innovatsiyalarni rivojlantirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishda samarali vosita sifatida o‘zini oqlagan. Maqolada Yevropa Ittifoqi, OECD va BMT doirasidagi ilg‘or tajribalar tahlil qilinadi va ular O‘zbekistonning amaldagi xarid tizimi bilan solishtiriladi. Yashil siyosat yo‘nalishida qadamlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, SDXdan foydalangan holda barqaror rivojlanishga erishish hali ham cheklanganligicha qolmoqda. Maqola mavjud tizimdagi asosiy bo‘shliqlarni aniqlab, davlat xaridlarini yashil rivojlanish maqsadlariga moslashtirish uchun aniq va amalga oshiriladigan islohotlarni taklif etadi. SDXni samarali joriy etish orqali O‘zbekiston ekologik innovatsiyalarni jadallashtirishi, yashil yo‘nalishdagi kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashi, hamda Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) doirasidagi majburiyatlarini mustahkamlashi mumkin. Maqola ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy islohotlar, salohiyatni oshirish choralarini va moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish zarurligini ta’kidlaydi.
Mazkur maqola islom moliyasining nisbatan yangi instrumenti hisoblangan sukukning 2001-2022 yillardagi oʻzgarishlar dinamikasini Malayziya, Indoneziya va Turkiya misolida aks ettirishga bagʻishlangan. Unda sukukning turli tasniflariga koʻra turlari boʻyicha ham tahlillar amalga oshirilgan. Oʻtgan davr mobaynidagi oʻzgarishlar sabablarini oʻrgangan holda sharhlar berilgan. Sukukning shakllangan trendlari boʻyicha xulosalar keltirilgan. Tahlillardan Oʻzbekiston uchun taklif va xulosalar shakllantirilgan.
Ushbu maqolada xizmatlar sohasini rivojlantirish hududlarning iqtisodiy samaradorligini oshirishning asosiy yoʻnalishlari ekanligiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu soha nafaqat iqtisodiyot sohalarini balki, sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport, aloqa, moliya, sanoat, qishloq xoʻjaligi va turizm kabi sohalarni rivojlantirish orqali ham hududlarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga sezilarli darajada hissa qo‘shish isbotlagan. Hamda ushbu sohani hududlar kesimida rivojlantirish yo‘llari ochib berilgan
Ushbu maqola Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlarida dasturiy-maqsadli va natijaviy byudjetlashtirish amaliyotini o‘rganishga bag‘ishlangan. Turli davlatlar tomonidan byudjet jarayonining samaradorligi va shaffofligini oshirish uchun qo‘llanilayotgan yondashuvlar ko‘rib chiqiladi. Davlat dasturlarini shakllantirish, natijalarni baholash tizimi va boshqaruv qarorlarini qabul qilish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur mexanizmlarni amalga oshirishning ijobiy tajribalari va mavjud cheklovlar tahlil qilinadi. O‘tish davridagi iqtisodiyotga ega mamlakatlarda byudjet tizimini modernizatsiya qilish doirasida xorijiy tajribani moslashtirish muhimligi ta’kidlanadi
Ўзбекистонда молия бозорини модернизация қилиш жараёнида қимматли қоғозлар бозорини самарали ташкил этиш ва унинг таркибий қисмлари бўлган бирламчи ва иккиламчи бозорлар фаолиятини такомиллаштириш муҳим аҳамият касб этмоқда. Бирламчи қимматли қоғозлар бозори орқали корхоналарнинг капитал жалб этиш имкониятлари кенгайса, иккиламчи бозорда ликвидлик, шаффофлик ва инвесторлар ишончини таъминлаш орқали миллий иқтисодиётнинг барқарор ривожланишига замин яратилади. Тадқиқотда қимматли қоғозлар билан боғлиқ операцияларни самарали ташкил этиш истиқболлари, институционал ислоҳотлар, рақамли технологияларни жорий этиш ва халқаро тажрибани қўллаш имкониятлари илмий жиҳатдан таҳлил қилинган
Мақолада молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликнинг институционал ўзига хосликлари назарий ва амалий жиҳатдан тадқиқ этилган. Ўзбекистонда давлат молиясини бошқариш тизимини модернизация қилиш, бюджет жараёнларида очиқлик даражасини ошириш, халқаро молиявий ҳисобот стандартларига босқичма-босқич ўтиш бўйича амалга оширилаётган ислоҳотлар таҳлил қилинган. Халқаро тажриба (Финляндия, Канада, Жанубий Корея, Австралия, Швеция) мисолида самарали молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликни таъминловчи омиллар реал вақтда маълумот тақдимоти, мустақил аудит институтлари ва рақамли технологиялардан фойдаланишнинг аҳамияти кўрсатиб берилган. Шунингдек, Ўзбекистоннинг PEFA ва Очиқ бюджет индекси кўрсаткичлари таҳлил қилиниб, мавжуд муаммолар ва уларни ҳал қилиш йўналишлари юзасидан таклифлар ишлаб чиқилган. Тадқиқот натижаларига кўра, миллий қонунчиликни мустаҳкамлаш, ахборотларни халқаро стандартлар асосида тақдим этиш, жамоатчилик иштирокини кенгайтириш ва рақамли технологияларни жорий этиш молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликнинг институционал пойдеворини мустаҳкамлашда ҳал қилувчи аҳамиятга эга.
Ushbu maqolada kapital bozori nazariyasining tarixiy shakllanish jarayoni, zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, bozor mexanizmlarining asosiy qonuniyatlari va ularning global moliya tizimidagi ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda diversifikatsiya, risk-rentabellik nisbatlari, narx shakllanish mexanizmlari, axborot shaffofligi, likvidlik va investor xulqi kabi omillar nazariy va amaliy jihatdan o‘rganildi. Shuningdek, rivojlangan va rivojlanayotgan bozorlar o‘rtasidagi farqlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning kapital bozori modeliga ta’siri, O‘zbekiston kapital bozorining zamonaviy rivojlanish xususiyatlari tahlil etildi. Tadqiqot natijalari kapital bozori nazariyasining universalligi bilan birga, har bir mamlakatning institutsional muhitiga moslashtirilishi zarurligini ko‘rsatadi
Ushbu maqolada yashil kreditlar portfelini shakllantirish jarayonida banklar duch keladigan asosiy risklar va ularni boshqarish strategiyalari tahlil qilindi. Xalqaro tajriba asosida kredit, iqlim, tranzit, texnologik, operatsion, bozor va “greenwashing” xavflarining tabiati ochib berildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil kreditlar an’anaviy kreditlardan farqli ravishda murakkab risk profiliga ega bo‘lib, ular uchun ekologik taksonomiya, energiya samaradorlik sertifikatsiyasi, mustaqil audit va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmlar zarur. O‘zbekiston sharoitida ham ushbu vositalarni joriy etish banklar kredit portfelining sifatini oshirish, ekologik xavflarni kamaytirish va iqtisodiyotning “yashil transformatsiya”sini tezlashtirishga xizmat qiladi
Ushbu maqolada islom moliya instrumentlarining raqamli transformatsiyasi, ularni O‘zbekistonda joriy etishning metodologik asoslari hamda xalqaro tajribalar bilan uyg‘unlashtirish masalalari tahlil qilindi. Raqamli texnologiyalar, blokcheyn, smart-shartnomalar, tokenizatsiya, e-KYC va API-integratsiya, islomiy moliyalashtirish jarayonlarida shaffoflikni, operatsion samaradorlikni va shariatga muvofiqlikni kuchaytirishi ilmiy asoslab berildi. Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni tajribasi O‘zbekiston amaliyoti bilan taqqoslanib, milliy raqamli islom moliyasi modelini yaratish uchun zarur bo‘lgan metodik, texnik va huquqiy yo‘nalishlar belgilab olindi. Natijalar sektorning barqaror rivojlanishi uchun raqamli shariat auditi, smart-shartnomalarning huquqiy maqomi, tokenizatsiya qoidalari va shariatga mos fintech ekotizimining shakllantirilishi muhimligini ko‘rsatdi
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozorida dualistik moliyaviy tizimning joriy etilishi orqali instrumentlararo, institutlararo, sektorlararo va tizimlararo raqobatning shakllanish jarayonini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda sifat yondashuvi asosida dualistik modelning institutsional, huquqiy va iqtisodiy muhitga ta’siri hamda ushbu tizimning raqobatni kuchaytirishdagi imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, moliya bozorida diversifikatsiya yetarli darajada shakllanmagani, moliyalashtirish manbalari deyarli to‘liq bank tizimiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, dualistik moliya tizimi raqobatning yangi shaklini tizimlararo raqobatni vujudga keltirishi, moliyaviy xizmatlar segmentida samaradorlikni oshirishi va moliya bozorining diversifikatsiyasiga xizmat qilishi aniqlangan. Ushbu tizimning tatbiqi uchun zarur institutsional shart-sharoitlar, infratuzilma talablari va bozorni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar asoslab berilgan
Jahon mamlakatlari moliyalashtirilayotgan har bir loyihaning atrof-muhitga, biznes subyektlariga va aholining sog‘lig‘iga ko‘rsatadigan ta’sirini chuqur baholagan holda, moliya bozorida yashil moliyalashtirish amaliyotini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirmoqda. Mazkur jarayon yashil moliyaviy instrumentlar orqali kapital jalb qilish mexanizmlarini to‘liq va mukammal ishlab chiqish zarurati, ularni qonunchilik normalari bilan tartibga solishga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotgani, shuningdek investorlar hamda emitentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish va institutsional jihatdan samarali yo‘lga qo‘yish talablariga sabab bo‘lmoqda. Natijada, yashil moliya bozorining shakllanishi va rivojlanishini ta’minlaydigan metodologik yondashuvlarni ishlab chiqish zarurati keskin oshib, samarali bozor infratuzilmasini yaratish masalasi dolzarb tus olmoqda. Ushbu maqolada yashil moliya bozorini tashkil etish, uni takomillashtirish, samaradorligini oshirish hamda tartibga solish metodologiyasiga doir ilmiy-nazariy tahlillar keltiriladi
Mazkur maqolada qo‘shilish va sotib olish bitimlarida qo‘llaniladigan kompaniya qiymatini baholash modellarining ilmiy-nazariy asoslari tadqiq etiladi. Korporativ integratsiya sharoitida qiymat shakllanishining konseptual jihatlari yoritilib, moliyaviy, boshqaruv va institutsional omillarni qamrab oluvchi kompleks baholash yondashuvining zarurligi asoslab beriladi. Olingan xulosalar M&A jarayonlarida kompaniya qiymatini baholashning metodologik asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.