Mazkur maqolada O‘zbekistonda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot o‘rtasidagi institutsional bog‘liqlik, ularning bozor raqobati, investitsiya muhiti, davlat boshqaruvi sifati va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi korrupsion amaliyotlarning yashirin iqtisodiyot kengayishiga ta’sir mexanizmlarini aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi institutsional siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, iqtisodiy-statistik tahlil, huquqiy-institutsional tahlil va mantiqiy umumlashtirish usullaridan foydalanildi. Empirik baza sifatida 2017–2025-yillardagi xalqaro reytinglar, 2023–2024-yillardagi korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi, normativ-huquqiy hujjatlar va ilmiy adabiyotlar o‘rganildi. Natijalar korrupsiya nafaqat huquqbuzarlik, balki resurslar taqsimoti, budjet xarajatlari samaradorligi, soliq intizomi va yashirin iqtisodiyot hajmiga ta’sir qiluvchi tizimli institutsional omil ekanini ko‘rsatadi. Maqolada compliance control, raqamli monitoring, davlat xaridlarida shaffoflikni kuchaytirish, aktivlarni qaytarish va korrupsion risklarni oldindan baholash mexanizmlarini institutsional jihatdan takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning institutsional determinantlari va makroiqtisodiy oqibatlari kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda rasmiy statistika, xalqaro baholashlar, normativ-huquqiy baza hamda nazariy yondashuvlar integratsiyalangan holda yashirin iqtisodiyot fiskal yuklama, tartibga solish murakkabligi, davlat boshqaruvi sifati, korrupsiya, naqd pul aylanishi va ijtimoiy ishonch bilan bog‘liq ko‘p darajali fenomen sifatida talqin qilindi. O‘zbekiston bo‘yicha kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi, tarmoqlar bo‘yicha notekis taqsimoti va rasmiy sektor bilan o‘zaro aloqalari ochib berildi. Mualliflar yashirin iqtisodiyotga qarshi siyosatni repressiv choralar bilan cheklash emas, balki rasmiy sektor jozibadorligini oshirish, raqamlashtirishni chuqurlashtirish va institutsional shaffoflikni kuchaytirish asosida qurish zarurligini asoslaydilar.
Mazkur maqolada Oʻzbekistonda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish jarayonida natijaga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish tizimining oʻrni va ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda amaldagi normativ-huquqiy baza asosida budjet dasturlarini shakllantirish, monitoring qilish va baholash mexanizmlari oʻrganilib, ularning samaradorlikka taʼsiri baholanadi. Shu asosda budjet dasturlarining natijadorligini oshirish, monitoring va baholash tizimini takomillashtirish hamda natijaga yoʻnaltirilgan budjetlashtirishni bosqichma-bosqich rivojlantirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi.
Raqamli iqtisodiyot insonlarning turmush darajasini sezilarli darajada oshiradi, bu uning asosiy foydasidir. Raqamli iqtisodiyot korrupsiya va qora iqtisodiyotning asosiy kushandasidir. Chunki, raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda maʼlumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron maʼlumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida to‘liq axborot bermaslikning iloji yo‘q, kompyuter hammasini namoyon qilib qo‘yadi. Maʼlumotlar ko‘pligi va tizimliligi yolg‘on va qing‘ir ishlarga yo‘l bermaydi.
Mazkur maqolada soliq hisobotlarini shakllantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridini elektron hujjatlashtirish orqali soliq ma’murchiligini takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tadqiq etilgan. Tadqiqotda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vakolatini soliq organlariga o‘tkazish va mazkur majburiyatni soliq to‘lovchilar zimmasidan chiqarish zarurligi asoslab berilgan. Ushbu yondashuv soliq to‘lovchilarning ma’muriy yukini kamaytirish, hisobotlarni shakllantirishda inson omili ta’sirini cheklash, soliq organlari axborot tizimlaridan samarali foydalanish hamda soliq intizomini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga xarid qilishda kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibini umumiy ovqatlanish va eksport qiluvchi korxonalar doirasidan kengaytirib, barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etish taklifi ishlab chiqilgan. Mazkur taklif naqd pul aylanmalarining shaffofligini oshirish, xarid operatsiyalarini rasmiylashtirish, soliq bazasini aniqlashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur maqolada respublikamizda so‘ngi yillarda mamlakatda soliq va moliya sohalarida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yoritilgan. Shu bilan birga, iqtisodiyotda yashirin aylanma savdo va umumiy ovqatlanish, avtotransportda tashish, uy-joy qurilishi va ta’mirlash, turarjoy xizmatlarini ko‘rsatish kabi sohalar o‘rganilib, xorij tajribasi, mamlakatimizda uni qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosa va takliflar shakllantirilgan.