Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Mazkur maqolada turizmning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy va empirik tadqiqotlar asosida kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotda turizmni iqtisodiy o‘sishning muhim drayveri sifatida baholab, uning yalpi ichki mahsulot o‘sishi, bandlikni kengaytirish, xorijiy valyuta tushumlari, infratuzilma rivoji hamda hududiy iqtisodiy faollikka ta’siri ilmiy manbalar asosida yoritiladi. Metodologik jihatdan maqolada adabiyotlar sharhi, qiyosiy tahlil va empirik natijalarni umumlashtirish usullaridan foydalanilgan. Tadqiqot natijalari turizmning iqtisodiy samaradorligi mamlakatlarning institutsional muhiti, infratuzilma rivojlanganlik darajasi va boshqaruv sifatiga bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, turizmning multiplikativ ta’siri orqali iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham qo‘shimcha o‘sish va bandlik yaratilishi asoslab beriladi. Olingan xulosalar turizm siyosatini ilmiy asosda shakllantirish hamda sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu tadqiqotda "Industriya 4.0" konsepsiyasi doirasida toʻrtinchi sanoat inqilobining G7 mamlakatlari, Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy tizimlariga oʻzgartiruvchi taʼsiri zamonaviy ilmiy dalillarga asoslanib oʻrganiladi. Tadqiqotda katta maʼlumotlar (Big Data), narsalar interneti (IoT) va kiber-fizik tizimlar kabi raqamli texnologiyalarning integratsiyasi sanoat ishlab chiqarishni qayta shakllantirishi, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishi va barqaror rivojlanishga yordam berishi, shu bilan birga ijtimoiy va institutsional muammolarni keltirib chiqarishi koʻrib chiqiladi. Tadqiqotda tizimli tahlil va qiyosiy yondashuv qoʻllaniladi, bu esa Rossiyada Smart Grid kabi aqlli texnologiyalarning va Oʻzbekistonda IoT asosidagi qishloq xoʻjaligi yutuqlarining turlicha qoʻllanilishi hamda G7 mamlakatlarining avtomatlashtirish sohasidagi yetakchiligini taʼkidlaydi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, Industriya 4.0 iqtisodiy oʻsish va ekologik foyda keltirsa-da, u mehnat bozoridagi buzilishlarni kuchaytiradi va resurslarga boʻlgan talabni oshiradi, bu esa mustahkam institutsional islohotlar va "Adolatli oʻtish" tizimini joriy etishni talab qiladi. Ushbu qiyosiy tahlil turli iqtisodiy kontekstlarda texnologik taraqqiyot va ijtimoiy adolatni muvozanatlash uchun maxsus strategiyalarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidlaydi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm sohasini axborotlashtirish jarayonlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati tizimli ravishda tahlil qilingan. Tadqiqotda xalqaro tajribalar Janubiy Koreya, Singapur, Estoniya, Ispaniya va Turkiya misolida smart-turizm, e-visa, onlayn bronlash, raqamli marketing va elektron to‘lovlar kabi raqamli yechimlarning turizm rivojiga ta’siri o‘rganildi. Shuningdek, O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi raqamli infratuzilmasi, elektron xizmatlar qamrovi, turistlar oqimi va turizm eksporti bo‘yicha o‘sish dinamikasi baholandi. Qiyosiy tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish turizmning samaradorligi, xizmat sifati, bandlik darajasi va iqtisodiy faolligini sezilarli darajada oshirmoqda. Maqola yakunida turizmni yanada raqamlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqolada moliyaviy ragʻbatlantirishning xorij tajribasi yordamida sanoat korxonalarining innovatsion faoliyati koʻrib chiqilgan. Mazkur masala boʻyicha turli xil xorij davlatlari tajribasi oʻrganilgan va ularni sanoat korxonalarida foydalanish imkoniyatlari aniqlangan va baholangan. Innovatsion faoliyatni moliyaviy ragʻbatlantirishning xorij tajribasidan foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.