Ушбу тадқиқотда 2024 йил июнь ойида тасдиқланган қимматли қоғозлардан даромадлар тўловларининг янги тартиби Ўзбекистон Республикасининг қимматли қоғозлар бозори ликвидлигига қандай таъсир кўрсатиши кўриб чиқилади. 2024 йилнинг биринчи ярим йиллиги ва август ойидаги биржа фаолияти маълумотларидан фойдаланган ҳолда бозорнинг ҳозирги ҳолати баҳоланди ва янги тартибга солиш тизими шароитидаги ўзгаришлар бўйича прогноз яратилди. Тадқиқотда янги тартибнинг асосий жиҳатлари, яъни тўловларни Марказий депозитарий орқали марказлаштириш ва инвестиция воситачиларининг иштирок этиши таҳлил қилинди. Янги тартибни жорий этиш тўловларни тезлатиш ва операциявий хатарларни камайтириш ҳисобига ликвидликни оширишга ёрдам бериши мумкинлиги аниқланди. Бироқ, дастлабки босқичда вақтинчалик операциявий кечикишлар юзага келиши мумкин, бу бозор фаолиятига салбий таъсир кўрсатиши мумкин. Тадқиқот ликвидликка таъсир кўрсатувчи тартибга солувчи ўзгаришларнинг ривожланган ва ривожланаётган бозорлардаги таъсирини ўрганиш бўйича мавжуд ишларни таҳлил қилишга асосланади. Илгари олиб борилган тадқиқотлардан фарқли ўлароқ, ушбу иш янги регламент жорий этилгандан кейинги қисқа муддатли ўзгаришларга урғу беради ва Ўзбекистон бозори хусусиятларини ҳисобга олади. Хулосада ликвидликни ошириш учун тўлов тизимини такомиллаштириш бўйича амалий тавсиялар берилган.
Миллий молия бозорининг барқарор ривожланиши корпоратив капитал шаклланишининг замонавий механизмлари ва қимматли қоғозлар бозорининг самарадорлиги билан узвий боғлиқдир. Ушбу тадқиқотда корпоратив молиянинг молиявий инструментлари билан капитал бозори инфратузилмаси ўртасидаги интеграция жараёнлари атрофлича таҳлил қилиниб, қимматли қоғозлар бозорининг инвестиция жараёнларига таъсири илмий асосда ёритилди. Тадқиқот жараёнида тизимли таҳлил, қиёсий иқтисодий таҳлил, иқтисодий-статистик усуллар ва норматив-ҳуқуқий база таҳлилидан фойдаланилди. Натижалар корпоратив молия билан қимматли қоғозлар бозори ўртасидаги ўзаро ҳамкорлик капитал қийматини оптималлаштириши, корхоналарнинг инвестициявий имкониятларини кенгайтириши ҳамда миллий иқтисодиёт барқарор ўсишига хизмат қилиши мумкинлигини кўрсатди. Бундай чоралар молиявий тизимнинг шаффофлиги ва рақобатбардошлигини таъминлаб, уни жаҳон стандартларига мос ҳолда такомиллаштиришга хизмат қилади.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Янги Ўзбекистонда қабул қилинган “Ўзбекистон – 2030”ва “Рақамли Ўзбекистон – 2030” стратегиялари доирасида ҳамда иқтисодий ислоҳотларнинг янги босқичида баҳоловчи ташкилотлар фаолиятини такомиллаштириш, уларнинг хизмат кўрсатиш сифати ва самарадорлигини ошириш муҳим аҳамият касб этмоқда. Ушбу мақолада баҳоловчилар рейтингини баҳолаш ва уларнинг рэнкингини аниқлаш орқали баҳолаш хизматлари бозори (БХБ)да ҳалол ва соғлом рақобат муҳитини шакллантириш масалалари таҳлил қилинган. Рейтинг тизими орқали шаффофликни таъминлаш, мижозлар ишончини мустаҳкамлаш, хизмат кўрсатишда сифатни ошириш ҳамда умумий рақобатбардошликни юксалтириш имкониятлари очиб берилган. Мақолада халқаро тажрибалар таҳлили асосида миллий амалиётда жорий этилиши мумкин бўлган самарали ёндашувлар, баҳоловчиларни рейтинглаш мезонлари, баҳолаш услублари ва уларнинг натижалари муҳокама қилинган. Шунингдек, тизимни амалиётга жорий этишда учраши мумкин бўлган муаммолар ҳамда уларни бартараф этиш юзасидан таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилган.
Maqolada Oʻzbekistonning tijorat banklarida risklarni boshqarish tizimini takomillashtirishning zamonaviy yondashuvlari tahlil etiladi. 2022 – 2025 yillar boʻyicha tijorat banklarining aniq statistik maʼlumotlari keltiriladi. Bank faoliyati va amaliyotida uchraydigan kredit, bozor, operatsion, likvidlilik, reputatsion va komplaens risklarga taʼrif beriladi va Oʻzbekiston bozorida shu risklarni qisqartirish boʻyicha takliflar beriladi. Bu borada sunʼiy intellekt, mashinali oʻrganish texnologiyalarini joriy etish orqali xavflarni kamaytirish usullari, xalqaro standartlar, texnologik innovatsiyalar va banklarning moliyaviy barqarorligini oshirish uchun inson kapitalini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan integratsiyalashgan yechimlar taklif etiladi.
Ushbu maqolada an’anaviy va islomiy banklar faoliyatining integratsiyasi jarayonlari, ularning global moliya bozoriga ta’siri va ushbu sohadagi imkoniyatlar hamda muammolar o‘rganiladi. Tadqiqotda an’anaviy banklar tarkibida “Islom darchalari”ni tashkil etishning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli va moliya bozorini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu integratsiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda bank tizimi barqarorligi va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi ahamiyati empirik va nazariy yondashuvlar asosida yoritiladi. Maqola xalqaro moliyaviy hamkorlik va islomiy moliyaning jahon moliya bozorida o‘rnini mustahkamlash istiqbollarini ochib beradi.
Maqolada islom kapital bozori ekotizimining iqtisodiy ahamiyati va zamonaviy moliyaviy tizimdagi roli tahlil qilinadi. Sukuk, islomiy aksiyalar va ETF kabi moliyaviy instrumentlarning rivojlanishi, shuningdek, shariat kuzatuv kengashlari va xalqaro institutlarning ishonch muhitini taʼminlashdagi oʻrni yoritilgan. Tadqiqot islom kapital bozorlarining barqaror rivojlanishi uchun innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy qilish va xalqaro hamkorlik zarurligini koʻrsatadi. Ushbu bozor global iqtisodiyotda investitsiyalarni jalb qilish, adolat va barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Maqolada Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish jarayonida Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan bogʻliq hamkorlikning rivojlantirish tizimi doirasidagi kordinatsion munosabatlar va uni rivojlantirish mexanizmlarining tashkiliy asosini muvofiqlashtirish yoʻllari tadqiq etilgan. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida keng koʻlamli savdo-iqtisodiy munosabatlarni tashkil etish jarayonida mavjud muammolarning ta'siri tahlil qilingan. Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish tizimi va uni muvofiqlashtirish yoʻnalishlariga doir ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada jahon moliya bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgan va barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etgan islomiy banklar uchun qonunchilik asosini yaratishning ayrim mamlakatlardagi tajribasi oʻziga xos jihatlari koʻrib chiqilgan. Davlat tuzilishi Oʻzbekistonga yaqin boʻlgan, demokratik tizimni iroda qilgan Tojikiston hamda Qozogʻiston singari qoʻshni davlatlar hamda bu boradagi jahon tajribasiga doir ilmiy mulohazalar bayon etilgan. Islomiy bank qonunchilik asosini yaratishga kirishgan mamlakat eʼtibor berishi lozim boʻlgan ayrim nuqtalar yoritib berilgan. Yetakchi mamlakatlarda qonunchilikka kiritilgan bu boradagi oʻzgarishlar qanday samara berayotgani tadqiq etilgan
Ushbu maqola xalqaro yuk tashishni tashkil etish muamolarini tahlil qiladi. Ta’kidlanishicha, xalqaro yuk tashishlarda tarnsport-terminal tizimining iqtisodiy ko‘rsatkichlari samaradorligi quyidagi ko‘rsatkichlarga bog‘liq: harakatlanuvchi tarkibni tashkillashtirish va rejalashtirishning zamonaviy usullaridan foydalanish darajasi, shuningdek avtotransport korxonasi ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’ati, transport ekpedision va bojxona ombor xizmatlari bozorining kamchiligi, bu borada barcha jahon mamlakatlarida terminal biznesining yirik logistik kompaniyalar va transport taqsimlov markazlariga integratsiyalashuvi jarayoni.
Ushbu maqolada globallashuv va tijoratlashtirish natijasida ta’lim tizimi boshidan kechirgan o‘zgarishlar ta’kidlanib, ushbu sohadagi hozirgi tendensiyalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ushbu o‘zgarishlarning ijobiy va salbiy tomonlari ta’kidlanib, axloqiy, sifatli va arzon o‘quv standartlarining ahamiyatli ekanligiga e’tibor qaratilmoqda. Har bir mamlakatning milliy xususiyatlari ham ko‘rib chiqiladi, chunki ular ta’lim tizimining tuzilishi va ustuvorliklariga ta’sir ko‘rsatadigan ta’lim xizmatlari bozorini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, shaxs va jamiyatni rivojlantirishga ko‘maklashadigan yanada samarali va innovatsion ta’lim tizimlarini yaratish uchun turli mamlakatlarning ta’lim xizmatlari tajribasini o‘rganish zarurligi haqida fikr yuritildi.
Мақолада корхоналарда стратегик бошқарув ҳисоби ва таҳлилини шакллантиришнинг назарий-услубий асосларини ривожлантириш, шунингдек, стратегик бошқарув ҳисобини юритиш усулларини такомиллаштириш, самарали бошқарув қарорларини қабул қилишда даромадлар ва харажатларни стратегик таҳлил қилиш тизимини халқаро стандартларга мувофиқ ташкил қилиш йўналишлари кўриб чиқилган.
Мақолада 7-сон МҲХС “Молиявий инструментлар: маълумотларни ёритиб бериш” стандартига мувофиқ, молиявий инструментлар ҳисобини маълумотларни ёритиб беришнинг моҳияти, мақсади, вазифаси ва қўлланиш жиҳатлари очиб берилган. Жаҳонда сўнги йилларда молия бозорларда молиявий инструментлар хилма-хиллиги ва динамикаси мураккаблиги кескин ошиб бормоқда. Бу эса, молиявий инструментлар рискини оширилишига хизмат қилмоқда. Мақолада молиявий инструментлар ҳисобининг риск турлари ва уларни ёритиб бериш тартиби очиб берилган. Молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартларини тизимида молиявий инструментлар мавзуси энг қийин деб ҳисобланади. Молиявий инструментлар ҳисоби маълумотларини ёритиб бериш кўп билим ва малака талаб қилади. 7-сон МҲХС “Молиявий инструментлар: маълумотларни ёритиб бериш” стандарти маълумотни тўғри ошкор қилиш фандан кўра кўпроқ санъатдир
Ushbu maqolada global miqyosda faoliyat olib borayotgan va xalqaro bozorning rivojlanishida muhim rol o’ynayotgan Jahon Savdo Tashkilotining vujudga kelish tendensiyasi va uning mamlakatlarni xalqaro savdodagi faoliyatini jadallashtirishga ta’siri tadqiq qilingan. Zero, bugungi kunda bu tuzilmada 164 ta a’zodan iborat ishtirokchilar faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ular jahon savdosining 95%dan ortiq qismini amalga oshirmoqda. Shu bois bunday tizimning shakllanish va rivojlanish tendensiyasi muntazam ravishda tadqiq qilinishi va erishilayotgan natijalar hamda kelib chiqayotgan muammolar ko‘rsatilib, tahliliy xulosalar qilib borilishi dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Ушбу мақолада жаҳондаги нуфузли компанияларда молиявий ҳолатни барқарорлаштириш, янги иш ўринларини яратиш ва иқтисодий ўсишга эришиш мақсадида «бошқарувнинг халқаро стандартларига ўтиш, кластер ва кооперация тизимидаги субъектларда молиявий битимлар тузиш жараёнида трансферт баҳолардан фойдаланиш, операцион сегментлар бўйича молиявий ва бошқарув ҳисоботларини тақдим этиш» лозимлиги белгилаб қўйилган.
Ushbu maqolada autsorsing xizmatlari va uning nazariy asoslari o‘rganilgan bo‘lib, muallif ko‘pgina olimlarning ta’riflarini tahlil qilgan va yondoshuvlarga ajratib chiqqan. Shuningdek, iqtisodiyotning barcha sohalarida autsorsing xizmatlarini joriy qilishning natijalari o‘rganilgan. Autsorsing xizmatlarini mahalliy hududlarda rivojlantirish, yoki sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim tizimida foydalanish haqida fikrlar bildirilgan.
Мақолада замонавий ижтимоий-иқтисодий тадқиқотларнинг долзарб йўналишларидан бири – корпоратив бошқарувни ташкил этиш масалалари кўриб чиқилмоқда. Корпоратив бошқарув тизимини такомиллаштириш корхоналар фаолияти самарадорлигини ошириш, уларнинг ташқи молиялаштиришга имкониятларини кенгайтиришга хизмат қилади ва мамлакатимизнинг барқарор иқтисодий ўсишининг шартларидан бири ҳисобланади. Озиқ-овқат саноати корхоналари фаолиятининг жаҳон тажрибаси, бошқарувнинг корпоратив шакли миллий озиқ-овқат маҳсулотлари бозорини кенгайтириш ва йирик хорижий компаниялар экспанциясига қарши чиқиш воситаси эканлигини кўрсатмоқда.