Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, shu qatorda davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilgan.
Raqamli iqtisodiyot insonlarning turmush darajasini sezilarli darajada oshiradi, bu uning asosiy foydasidir. Raqamli iqtisodiyot korrupsiya va qora iqtisodiyotning asosiy kushandasidir. Chunki, raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda maʼlumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron maʼlumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida to‘liq axborot bermaslikning iloji yo‘q, kompyuter hammasini namoyon qilib qo‘yadi. Maʼlumotlar ko‘pligi va tizimliligi yolg‘on va qing‘ir ishlarga yo‘l bermaydi.