Masofaviy ta’limning raqamli platformalari so‘nggi o‘n yillikda jahon ta’lim xizmatlari bozorining muhim qismiga aylandi: 2024-yilda uning hajmi 369,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va 2034-yilga borib 731,8 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Maqolada masofaviy platformalarning iqtisodiy samaradorligini baholashning analitik modeli taklif qilingan bo‘lib, u uchta ko‘rsatkichlar guruhini hisobga oladi: xarajatlar (litsenziya, infratuzilma, kontent va qo‘llab-quvvatlash), talabalar jalb qilinganligi (foydalanuvchilar faolligi, platformada o‘tkazilgan vaqt, kurslarni tugatish ulushi) va ta’lim xizmatlari sifati (qoniqish, o‘zlashtirish, karyera samarasi). Coursera, edX, Udemy, LinkedIn Learning va Khan Academy ma’lumotlari asosida 2023–2024-yillar uchun qiyosiy iqtisodiy tahlil o‘tkazildi. Raqamli platformalarni joriy etish ta’lim muassasalarining operatsion xarajatlarini 20–35% ga qisqartirishga va ayni paytda ta’lim mavjudligini oshirishga imkon berishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasida ta’lim dasturlarining sifati va moliyaviy barqarorligini boshqarish uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Baxitjan Sarsenbaev , Axmed Kuanishbaev , Balzira Xayirbaeva
Ushbu maqolada iqlim oʻzgarishi bosimining kuchayishi va mamlakatning yashil iqtisodiyotga oʻtishi sharoitida Oʻzbekistonda yashil moliyalashtirishni rivojlantirishda tijorat banklarining roli oʻrganiladi. Tadqiqotning maqsadi yashil kreditlashni cheklab turgan institutsional va bozor toʻsiqlarini aniqlash hamda milliy moliya tizimiga moslashtirilgan amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat. Metodologik jihatdan maqolada hujjatlar tahlili, statistik tahlil va xalqaro tajribani qiyosiy baholash qoʻllanilgan. Tadqiqotning empirik bazasini milliy siyosiy-huquqiy va statistik materiallar, shuningdek, xalqaro rivojlanish institutlarining tahliliy manbalari tashkil etadi. Maqolada taksonomiyani joriy etish, ESG maʼlumotlarini oshkor qilish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va yashil ipoteka instrumentlarini kengaytirish boʻyicha siyosiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada nomoddiy aktivlarning ta’rifi, ularni dastlabki tan olish va baholash, keyingi baholashlar, amortizatsiya hisoblash usullarini qo‘llash, hisobdan chiqarish, nomoddiy aktivlar hisobini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq aks ettirish hamda moliyaviy hisobotning tegishli moddalarida ochib berish jihatlariga e’tibor qaratilgan.
Maqolada bevosita va bilvosita soliqqa tortishning tarixiy shakllanishi jarayonlari, mustaqillikning oʻtgan davrida soliq tizimini optimal tashkil etish yuzasidan amalga oshirilgan bevosita va bilvosita soliqqa tortish islohotlari va samarali natijalar haqidagi tadqiqot yakunlari umumlashtirib berilgan. Tadqiqotda bevosita va bilvosita soliqqa tortish jarayonlari, soliq toʻlovchilar tarkibi, soliq solish obʻekti, soliq bazasi, soliq stavkasi, soliqlarni hisoblash va budjetga toʻlash mexanizmlarini optimallashtirish masalalari yoritilgan.
Ushbu maqolada davlat xaridlarini tashkil etish jarayonlarining nazariy va amaliy jihatlari kompleks tahlil qilingan. Shuningdek, davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar va ularning iqtisodiyotga ta’siri, bugungu kundagi holati yoritilgan. Davlat xaridlaridagi mavjud muammolar va ularning sabablari keltirilgan. Shuningdek, davlat xaridlari tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada oliy ta’lim tashkilotlarida moliyaviy aktivlar va moliyaviy majburiyatlarning buxgalteriya hisobida aks ettirilishi masalalari o‘rganilgan. O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining 2-sonli BHS talablari asosida to‘lov-kontrakt tushumlari, talabalar bilan hisob-kitoblar, debitorlik va kreditorlik qarzdorliklari hamda majburiyatlar hisobining amaldagi tartibi tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida oliy ta’lim muassasalarida bank komission to‘lovlari bilan bog‘liq moliyaviy yo‘qotishlar, billing va UzASBO tizimlaridagi ma’lumotlar nomuvofiqligi kabi amaliy muammolar aniqlangan. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida bank komissiyalarini qoplash mexanizmini takomillashtirish, yagona to‘lov platformasini yaratish, axborot tizimlarini integratsiyalash hamda ichki nazorat va audit tizimini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada ta’lim muassasalarida innovatsion faoliyatning mazmun-mohiyati, uning zamonaviy pedagogik jarayonda tutgan o‘rni va ta’lim sifatiga ko‘rsatadigan ta’siri chuqur tahlil qilinadi. Innovatsion faoliyat o‘qituvchining pedagogik jarayonga yangi g‘oya, ilg‘or texnologiya va metodlarni joriy etishi orqali ta’lim samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks jarayon sifatida yoritiladi. Tadqiqot davomida ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan raqamli texnologiyalar, interfaol metodlar, modulli ta’lim, loyihaviy yondashuv, STEAM-integratsiya kabi innovatsion shakllarning afzalliklari, amaliy samarasi va o‘quvchilar rivojlanishiga ta’siri ilmiy asosda ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, innovatsion faoliyatning tashkil etilishiga ta’sir qiluvchi tashkiliy-metodik omillar, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasi, ta’lim muassasasining texnik bazasi va boshqaruv mexanizmlarining roli tahlil qilinadi. Maqola natijalari innovatsion yondashuvlarni samarali joriy etish ta’lim jarayonining sifatini oshirish, o‘quvchilarni kreativ fikrlashga undash va zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Ushbu maqolada qishloq xo‘jaligiga investitsiya kiritish zaruriyati borasida tahlillar amalga oshirilgan, shu bilan bir qatorda, mamlakat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasida sohada yaratilayotgan qo‘shilgan qiymat tuzilmasida o‘zgarishlar tahlil qilingan. Tadqiqotchi olimlarning qishloq xo‘jaligi korxonalarining investitsiya faoliyatini tashkil etish yuzasidan qarashlari va fikrlari muhokama qilingan.Tizimli tahlil yondashuviga tayangan holda, investitsion faoliyatni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish moliyaviy, investitsion va ishlab chiqarish-tijorat faoliyatlarining o‘zaro uyg‘unligi va yaxlitligiga asoslanishini bo‘yicha takliflar ilgari surilgan. Maqolada qishloq xo‘jaligi korxonalarining investitsion faoliyati obyektlari va rag‘batlantiruvchi omillari tizimlashtirilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, ya’ni investitsiyalash iqtisodiy obyektlari bilan bog‘liq bo‘lgan investitsion faoliyat siklining modeli taklif etilgan.
Mazkur maqolada ijara muomalari hisobini 16-sonli MHXS asosida tashkil etish masalalarining o‘ziga xos jihatlari tahlil qilingan. Xususan, aktivdan foydalanish huquqi tarzidagi aktiv hamda ijara majburiyati hisobi hamda ularning moliyaviy hisobotlarda aks ettirish masalalari o‘rganilgan. Tadqiqotda aktivdan foydalanish huquqi tarzidagi aktiv va ijara majburiyatini tan olish shartlari hamda ularni tegishli moliyaviy hisobotlarga izohlarda yoritish masalalari ham tadqiq qilingan.
Dilnoza Djurayeva , Shaxrizoda Tohirova , Jichung Song
Respublikada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda innovatsion xizmat koʻrsatish jarayonlarini isloh qilishda xizmatlar sohasidagi subyektlarning innovatsion faoliyati sohasida mualliflarninbg mavjud nazariy metodologik tadqiqotlariga tayangan holda xizmatlar innovatsiyalarning tashkiliy va iqtisodiy yangiliklar bilan bogʻliq butun doirasini maʼlum bir tizimga keltirish va ularning yuzaga kelishiga sababchi boʻlgan asosiy qonuniyatlarini aniqlashga harakat qilib koʻramiz.Biroq tashkiliy-iqtisodiy innovatsiyalar rolini yanada chuqurroq tushunish uchun innovatsion faoliyatning ushbu oʻziga xos obyekti qanday vujudga kelishi va rejalashtirilishini tushunib olish zarur.
Ushbu maqolada moliyaviy sohani raqamlashtirish sharoitida nobank kredit tashkilotlarida buxgalteriya hisobi tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinadi. Mikromoliya tashkilotlari, lombardlar va boshqa bank bo‘lmagan kredit tashkilotlarida buxgalteriya jarayonlarining hozirgi holati tahlil qilindi. Moliyaviy hisobotlarni tashkil etishning xalqaro yondashuvlari o‘rganilib, ushbu sektorda buxgalteriya hisobining asosiy muammolari aniqlandi. Raqamli texnologiyalarni joriy etish, buxgalteriya tartib-taomillarini standartlashtirish va bankdan tashqari kredit tashkilotlarining moliyaviy hisobotlari sifatini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taklif etildi.
Maqolada menejment tizimining mohiyati, asosiy funksiyalari va uning ishlab chiqarish samaradorligiga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda klassik menejment maktablari va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqaruv funksiyalarining shakllanishi va ularning korxona faoliyatiga ta’siri yoritilgan. Shuningdek, ushbu funksiyalarning ishlab chiqarish unumdorligi, resurslardan foydalanish samaradorligi, mahsulot sifati va raqobatbardoshlik ko‘rsatkichlariga ta’siri amaliy misollar va ilg‘or modellar asosida asoslab berilgan.
Maqolada soliq maʼmurchiligidagi xalqaro tajriba asosan rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarning soliq maʼmurchiligining tashkil etilish shakllari hamda ushbu davlatlarda soliq maʼmurchiligi mexanizmining davlat byudjeti va iqtisodiyot rivojiga ta’sir etish omillariga alohida e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari maqolada mamlakatimiz byudjet tizimini va iqtisodiyotini yanada takomillashtirish va yuqori bosqichga olib chiqishda rivojlangan davlatlarning soliq maʼmurchiligidagi tajribalarni qoʻllash boʻyicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada masofaviy elektron deklaratsiyalash postlarini birlashtirish orqali tashkil etilgan Bojxona rasmiylashtiruv markazi faoliyati samaradorligini oshirishda xodimlarni o‘qitish va rivojlantirish asosiy omil sifatida ko‘rib chiqiladi. Vazirlik darajasidagi vazifalarning noadolatli taqsimlanishi, samaradorlikni baholashdagi yetarli shaffoflikning mavjud emasligi va yangi xodimlarni adaptatsiya qilish tizimining zaifligi kabi tashkiliy muammolar tahlil qilingan. Ilmiy metodologik yondashuvlar taqdim etilgan, raqamli instrumentlar va jarayonli boshqaruv elementlarini joriy etish zarurligi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kadrlar salohiyatini rivojlantirish Bojxona markazi samaradorligini oshirish va intellektual bojxona maʼmuriyatchilik modeliga o‘tishda tizimli omil hisoblanadi.
Ilmiy maqolada axborot tizimini joriy etish jarayonlarida yuzaga keladigan ba’zi muammolar, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning ”O‘zbekenergo” DAKga qo‘llash texnologiyasi, AKTning an’anaviy tuzilishi, raqamli iqtisodiyotning shakllanishi, istiqboldagi AKT bo‘limlarining tarkibiy tuzilishi hamda korporativ axborot tizimlarining joriy etilishi va ishlashi, ushbu tizimlarni tashkil etishdagi bir qator kamchiliklar, raqamlashtirish dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun shu sohadagi butun jahon hamjamiyati tamoyillari ilmiy jihatdan asoslab berilgan.
Hozirda jahon miqyosida moliyaviy menejmentning asosiy funksional elementi hisoblangan moliyaviy rejalashtirish tizimini takomillashtirish masalalari keng tadqiq etilmoqda. Xususan, global pandemiya sharoitida tashqi bozorlardagi oʻzgaruvchan muhitga tez moslashuvchan moliyaviy rejalashtirish tizimi va uning strategik rejalar bilan uygʻunlashtirilgan mukammal modelini shakllantirish yuzasidan maqsadli izlanishlar olib borilmoqda. Shuningdek, moliyaviy menejmentning asosiy funksional elementlaridan biri kompaniyalar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini kompleks baholashning keng koʻrsatkichlar arsenalini mujassamlashtiruvchi moliyaviy diagnostikaning tashkiliy arxitekturasini takomillashtirishga eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu maqolada intellektual axborot texnologiyalar – informatikaning kelajagi porloq va tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan ilmiy va amaliy sohalardan biri ekanligiga alohida e’tibor qaratilgan. Sun’iy intellektning bazaviy asoslari bilimlarga tayanishi, tabiiy tillarda muloqotni tashkil etish, matnni tushunish, mantiqiy xulosa chiqarish, yechimlarni asoslash va tushuntirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilgan.
Maqolada Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish jarayonida Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan bogʻliq hamkorlikning rivojlantirish tizimi doirasidagi kordinatsion munosabatlar va uni rivojlantirish mexanizmlarining tashkiliy asosini muvofiqlashtirish yoʻllari tadqiq etilgan. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida keng koʻlamli savdo-iqtisodiy munosabatlarni tashkil etish jarayonida mavjud muammolarning ta'siri tahlil qilingan. Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish tizimi va uni muvofiqlashtirish yoʻnalishlariga doir ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqola O‘zbekiston ta’lim tizimida, ayniqsa, maktab ta’limida moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishning muhim masalalarini ko‘rib chiqish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Maqolada Finlandiyaning moliyaviy savodxonlik dasturlari tahlil qilinib, ularni O‘zbekiston hamda boshqa mamlakatlar sharoitlariga moslashtirish yo‘llari o‘rganiladi. Moliyaviy savodxonlik aholining iqtisodiy barqarorligi va farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan holda, tadqiqotda davlat va xususiy sektor hamkorligi, ta’lim muassasalarida maxsus kurslar va malaka oshirishlar tashkil etish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurligi qayd etilgan. Finlandiya tajribalari asosida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston maktab ta’limi tizimida moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan amaliy dasturlarni shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Bugungi kunda mamlakatlar pedagoglari e’tiboridagi o‘qitish tajribasi Finlandiya ta’lim tizimida mujassam. Zero, o‘n yildan ortiq vaqt davomida bu davlatdagi 15 yoshli o‘quvchilar PISA xalqaro baholash dasturida muntazam juda yaxshi natijalarni ko‘rsatmoqda.Finlandiyaning muvaffaqiyati o‘qituvchilardir. Yuqori sifatli mashg‘ulot o‘tkazishi uchun ularning maqomi va mustaqilligi ta’minlangan. Ta’lim siyosati maqsadli ravishda tenglikka yo‘naltirilgan. Shuni aytib o‘tish lozimki, Finlandiya joylashuvi va iqlimi uning iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini o‘tqazadi. Ushbu maqolamda, Finlandiyaning moliyaviy ta’lim tizimini boshqa mamlakatlarga taqbiq etishni maqsadga muvofiq deb bildim.
Ushbu maqolada Rossiya Federatsiyasining moliyaviy savodxonlik dasturlari tahlil qilinib, ularni O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirish yo‘llari o‘rganiladi. Moliyaviy savodxonlik aholining iqtisodiy barqarorligi va farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan holda, tadqiqotda davlat va xususiy sektor hamkorligi, ta’lim muassasalarida maxsus kurslar va malaka oshirishlar tashkil etish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurligi qayd etilgan. Rossiya Federatsiyasi tajribasi asosida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston maktab ta’limi tizimida moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan amaliy dasturlarni shakllantirishda katta ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada tashkilotlarning inson resurslarini boshqarish (HRM) tizimida xodimlarni o‘qitish va rivojlantirish yo‘nalishini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi. Zamonaviy bozor sharoitida tashkilotlar uchun xodimlarning kasbiy malakasi va salohiyatini oshirish muhim omillardan biri hisoblanadi. Maqolada xodimlarni o‘qitish va rivojlantirishning ahamiyati, ushbu jarayonni samarali tashkil etish usullari va rivojlantirish istiqbollari tahlil qilinadi.
Mazkur maqolada innovatsiyalarni iqtisodiyotda qoʻllashning xorij va oʻzbek olimlari talqinlari tahlil qilingan. Innovatsion iqtisodiyot xususiyatlari, davlatlar milliy iqtisodiyotining innovatsionlik darajasini aniqlash koʻrsatkichlari, innovatsiyalar, iqtisodiy oʻsish va bandlik oʻrtasida yuqori darajadagi izchil bogʻlanish yoritilgan. Axborot kommunikatsion texnologiyalarining rivojlanishi bilan bogʻliq ish bilan bandlikning innovatsion shakllari kengayishi jumladan, Ye-bandlikning rivojlanishi, virtual ish joylari, frilansing kabi bandlik turlari haqida maʼlumotlar berilgan. Anʼanaviy va virtual ish joylarining xususiyatlari aniqlanib, qiyosiy tahlil qilingan.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonda kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga oid qonunlar, qarorlar va prezident farmonlari haqida soʻz yuritilgan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab tadbirkorlikka oid qonunchilik va huquqiy bazani rivojlantirish, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, kichik biznesga xizmat koʻrsatadigan bozor infratuzilmasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Maqolada Buxoro viloyatida savdo sohasi iqtisodiy koʻrsatkichlarining 2012-2022-yillardagi dinamikasi tahlili keltirilgan. Tahlillar asosida Buxoro viloyatida chakana savdo tovar aylanmasi hajmining oʻsish dinamikasi, chakana savdo xizmatlari koʻrsatuvchi iqtisodiy subyektlar soni, chakana tovar aylanmasi davri dinamikasiga baho berilgan. Sohada band boʻlganlar sonining kamayishi, import ulushining ortib borish kuzatilgan sharoitda mehnat unumdorligini oshirish, sohaga innovatsiyalarni joriy etish, qoʻshimcha savdo servisini tashkil qilish hisobiga savdo xizmatlari raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.
Maqolada O‘zbekiston respublikasining janubiy mintaqasi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari tabiiy xom-ashyo resurslari-investitsiyalarni jalb qilish omili sifatida o’rganilgan, investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya imkoniyatlarini tahlil qilingan hamda tegishli xulosalar keltirilgan. Mintaqalarda tabiiy, yer, suv, mehnat resurslardan samarali foydalanilgan holda innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etish, ixtisoslashgan tarmoqlarga investitsiyalarni diversifikatsiyalash va uni oʼzaro kooperatsiya aloqalari asosida muvozanatli rivojlantirish strategik rejalashtirishga moslashtirilgan yondashuvni taqozo etadi. Oʻzbekistonga xos boʻlgan nazariy asoslar, metodologik yondashuvlar va real amaliyotlarni tahlil qilib, ushbu maqola mamlakat mintaqalarida iqtisodiy oʻsishni va barqaror rivojlanishni ragʻbatlantirish uchun strategik rejalashtirishdan qanday samarali foydalanish mumkinligi haqida tushuncha beradi