Ushbu maqolada bank sohasida mijozlar bilan aloqalarni tizimlashtirish va ularning samaradorligini oshirishda CRM (Customer Relationship Management) tizimining roli tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank xizmatlari bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, mijozlar sodiqligini (loyalty) mustahkamlash va shaxsiylashtirilgan xizmat ko‘rsatish mexanizmlari tadqiqot qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston bank tizimida CRM texnologiyalarini joriy etishdagi muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar berilgan.
Ushbu tadqiqotda O‘zbekistonning mahalliy budjetlariga 2021-2024 yillarda tushgan soliq daromadlari va ularning tarkibi tahlil qilindi. Deskriptiv statistika usuli, vizualizatsiya hamda panel ma’lumotlar strukturasi asosida yondashuv qo‘llanildi. Tahlil natijalari soliq bazasining diversifikatsiyalanayotgani va budjet daromadlarining mustahkamlanayotgani ko‘rsatdi. Xulosalarda mahalliy budjetlar barqarorligini ta’minlash, soliq siyosatini takomillashtirish va daromad manbalarini kengaytirish boʻyicha amaliy tavsiyalar keltirilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy barqarorlikni saqlash va mahalliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada investitsion muhit tushunchasining mazmun-mohiyati, tarkibiy elementlari hamda unga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillar, investitsion muhit jozibadorligini ta’minlashning obyektiv zarurligi ilmiy asosda yoritib beriladi. Investitsion jozibadorlikni oshirishda makroiqtisodiy muvozanat va institutsional islohotlarni amalga oshirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun qulay biznes muhiti yaratishning iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlarini ta’minlashdagi o‘rni alohida ta’kidlanadi. Investitsion muhitni baholash mezonlari hamda xalqaro reyting va indekslarning mamlakat imijiga ta’siri tahlil etiladi. Shu bilan birga, investitsion muhit jozibadorligini oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashdagi roli ilmiy xulosalar asosida tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada milliy raqobatbardoshlik tushunchasining nazariy asoslari Porter tomonidan ishlab chiqilgan “Diamond” modeli doirasida tahlil qilinadi hamda ushbu konsepsiyaning O‘zbekiston iqtisodiyoti sharoitida namoyon bo‘lish xususiyatlari o‘rganiladi. Maqolada milliy farovonlikning tabiiy resurslar yoki makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yig‘indisi emas, balki ichki raqobat muhiti, innovatsion salohiyat va institutsional rivojlanish bilan uzviy bog‘liqligi asoslab berilgan. Maqolada O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar yoritilgan.
Maqolada aholi moliyaviy savodxonligi darajasiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, moliyaviy savodxonlik darajasi ijtimoiy-demografik xususiyatlar (yosh, jins, ma’lumot darajasi, daromad), moliyaviy bilimlar, moliyaviy xulq-atvor, moliyaviy munosabat va moliyaviy tayyorgarlik kabi omillarga bog‘liq. Shuningdek, oila, oilaviy holat, milliy va diniy xususiyatlar, shaxsning moliyaviy mahsulotlar bilan tajribasi ham moliyaviy savodxonlikni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Ushbu maqolada iste’molchilar xulq-atvoriga ta’sir etuvchi omillar ekonometrik yondashuv asosida formalizatsiya qilinadi va ularning xarid qarorlari hamda iste’mol hajmiga ta’siri miqdoriy baholanadi. Tadqiqot doirasida daromad, narxlar va inflyatsion kutilmalar, uy xo‘jaligi demografik xususiyatlari, axborotga kirish darajasi, raqamli kanal/marketing ta’siri hamda psixologik omillar (xavfga munosabat, ishonch) kabi determinantlar tizimli ravishda modellarga kiritiladi. Metodologik qismda xarid qilish ehtimolini baholash uchun logit/probit modellari, iste’mol talabi uchun regressiya va panel ma’lumotlar (fixed/random effects) yondashuvlari, endogenlik muammosini yumshatish uchun instrumental o‘zgaruvchilar hamda mustahkamlik tekshiruvlari qo‘llanadi. Natijalar iste’molchi siyosati, raqobat muhiti va bozor monitoringi uchun amaliy xulosalar ishlab chiqish imkonini beradi.
Mazkur maqolada oliy ta’lim tashkilotlarida moliyaviy aktivlar va moliyaviy majburiyatlarning buxgalteriya hisobida aks ettirilishi masalalari o‘rganilgan. O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining 2-sonli BHS talablari asosida to‘lov-kontrakt tushumlari, talabalar bilan hisob-kitoblar, debitorlik va kreditorlik qarzdorliklari hamda majburiyatlar hisobining amaldagi tartibi tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida oliy ta’lim muassasalarida bank komission to‘lovlari bilan bog‘liq moliyaviy yo‘qotishlar, billing va UzASBO tizimlaridagi ma’lumotlar nomuvofiqligi kabi amaliy muammolar aniqlangan. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida bank komissiyalarini qoplash mexanizmini takomillashtirish, yagona to‘lov platformasini yaratish, axborot tizimlarini integratsiyalash hamda ichki nazorat va audit tizimini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda monetar siyosatning tashqi iqtisodiy muvozanatga, xususan savdo balansiga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari monetar siyosat instrumentlari savdo balansi holatiga qisqa va uzoq muddatlarda turlicha ta’sir ko‘rsatishini aniqlaydi. Olingan xulosalar monetar siyosatni tashqi savdo va tarkibiy islohotlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ushbu maqolada turizm sohasida raqamli marketing vositalarining iste’molchilarning qaror qabul qilish jarayoniga ta’siri tizimli ravishda tahlil qilinadi. Tadqiqotda raqamli marketingning asosiy elementlari - ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv tizimlari marketingi, onlayn reklama, mobil ilovalar va foydalanuvchi tomonidan yaratilgan kontentning turistlarning axborot izlash, baholash va yakuniy tanlov bosqichlariga ta’siri o‘rganiladi. Shuningdek, iste’molchilarning raqamli muhitdagi xulq-atvori, ishonch omillari va shaxsiylashtirilgan marketing strategiyalarining samaradorligi ilmiy asosda yoritiladi. Tadqiqot natijalari turizm subyektlari uchun raqamli marketing vositalaridan samarali foydalanish orqali iste’molchi qarorlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini ta’minlanlash va hozirgi yillarda qanchalik muhum ekanligi haqida so‘z boradi. Shuningdek, kichik biznes subyektlarining raqobat muhitini kuchaytirishdagi roli va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlashdagi imkoniyatlari tahlil qilingan. Tadqiqot davomida kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati, imtiyoz va rag‘batlantirish mexanizmlarining samaradorligi ko‘rib chiqilgan.
Mazkur ilmiy maqolada davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashning ilmiy-nazariy asoslari, iqtisodiy mexanizmlari va institutsional jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda davlat ishtirokidagi korxonalarning fond bozorlaridagi ishtiroki bozor likvidliligini oshirishi, uzoq muddatli investitsiya resurslarini jalb etishi hamda davlat budjeti yukini kamaytirishga xizmat qilishi empirik va statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Xususan, IPO, SPO va korporativ obligatsiyalar emissiyasi dinamikasi orqali kapital bozorlarida davlat sektorining o‘rni ochib berilgan. Tadqiqot natijalari davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish hamda milliy iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sishini ta’minlashda muhim omil ekanini ko‘rsatadi.
Mazkur maqolada turizmning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy va empirik tadqiqotlar asosida kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotda turizmni iqtisodiy o‘sishning muhim drayveri sifatida baholab, uning yalpi ichki mahsulot o‘sishi, bandlikni kengaytirish, xorijiy valyuta tushumlari, infratuzilma rivoji hamda hududiy iqtisodiy faollikka ta’siri ilmiy manbalar asosida yoritiladi. Metodologik jihatdan maqolada adabiyotlar sharhi, qiyosiy tahlil va empirik natijalarni umumlashtirish usullaridan foydalanilgan. Tadqiqot natijalari turizmning iqtisodiy samaradorligi mamlakatlarning institutsional muhiti, infratuzilma rivojlanganlik darajasi va boshqaruv sifatiga bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, turizmning multiplikativ ta’siri orqali iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham qo‘shimcha o‘sish va bandlik yaratilishi asoslab beriladi. Olingan xulosalar turizm siyosatini ilmiy asosda shakllantirish hamda sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada soliq salohiyatining iqtisodiy mazmuni, uning shakllanish qonuniyatlari va soliq tizimidagi strategik o‘rni yoritilgan. Tadqiqot davomida soliq salohiyatiga ta’sir etuvchi omillar tahlil qilinib, davlat budjeti daromadlarini barqarorlashtirishda ushbu ko‘rsatkichning ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, soliq bazasini kengaytirish va soliq yig‘iluvchanligini oshirish orqali mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta’minlash yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Maqola soliq siyosatini takomillashtirish va soliq yukini optimallashtirish masalalari bilan qiziquvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
Ushbu maqolada oliy ta’lim muassasalari boshqaruv xodimlarining kasbiy tayyorgarligini rivojlantirish uchun davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘llari o‘rganilgan. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik bazasi, budjet mablag‘larini taqsimlashning xalqaro ilg‘or tajribasi tahlil qilingan hamda moliyaviy resurslarni optimallashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Natijaga yo‘naltirilgan budjetlashtirish mexanizmlari, shaffoflik tamoyillari va institutsional salohiyatni oshirish yondashuvlari ko‘rib chiqilgan. Budjet taqsimlash samaradorligi va rahbar kadrlarni rivojlantirish dasturlari sifati o‘rtasidagi bog‘liqlikga alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, davlat budjeti resurslarini strategik taqsimlash, institutlar avtonomiyasi va hisobdorlik mexanizmlari bilan birgalikda oliy ta’limda boshqaruv kompetensiyalarining barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
Ushbu maqolada AQShning Silikon vodiysida shakllangan innovatsion startap ekotizimi iqtisodiy va statistik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda startaplar rivojlanish bosqichlari, venchur kapital dinamikasi, mehnat bozori o‘zgarishlari, demografik ko‘rsatkichlar hamda texnologik faollikning mehnat bozori, migratsiya oqimlari, patentlash sur’atlari va investitsiya hajmlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. 2020–2023 yillar davomida Silikon vodiysidagi startaplar soni dinamikasi, AI startaplar ulushi, yangi tashkil etilgan texnologik kompaniyalar, venchur kapital taqsimoti hamda gender tarkibi bo‘yicha statistik tendensiyalar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Silikon vodiysida iqtisodiy va demografik diversifikatsiya, investitsiya imkoniyatlari hamda inson resurslari salohiyati ekotizimning barqaror o‘sishi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tajriba O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy siyosat va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada Janubiy Koreya tajribasida ko‘rsatilgan turizm sohasida barqaror boshqaruv tizimini yaratish va takomillashtirishdagi qiyinchiliklar ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda barqaror rivojlanish g‘oyalarini turizm siyosati, davlat-xususiy sheriklik, raqamli boshqaruv strategiyalari va ekologik javobgarlikni oshirishga mo‘ljallangan usullarga kiritish tizimli ravishda o‘rganiladi. Janubiy Koreyada yangi texnologiyalar, “aqlli turizm” tushunchasi va turizmni boshqarishda mahalliy jamoalarning manfaatlarini hisobga oladigan tizimli boshqaruv yondashuvi ishlab chiqilganligi ta’kidlanadi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston turizm sohasida barqaror boshqaruv tizimini joriy etishda xalqaro eng yaxshi amaliyotlarni qo‘llash imkoniyatlarini ochib beradi.
Ushbu maqolada zamonaviy bozor sharoitida narx siyosati va marketing tadqiqotlari integratsiyasi orqali optimal sotish strategiyasini ishlab chiqish masalalari tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida narx belgilashning turli usullari, iste’molchilar xatti-harakatlari va raqobat muhiti tahlil qilingan. O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan korxonalar misolida empirik ma’lumotlar to‘plangan va statistik tahlil qilingan. Natijada narx elastikligi, bozor segmentatsiyasi va raqobatbardoshlikni oshiruvchi integratsiyalashgan strategiya ishlab chiqilgan.
Maqolada hududlarda rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlari samaradorligini baholashning mavjud metodikalari tahlil qilinib, ularning afzalliklari va kamchiliklari aniqlangan. Rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlari samaradorligini baholash budjet daromadlaridagi yo‘qotishlar bilan davlat va soliq to‘lovchilar uchun yuzaga keladigan iqtisodiy foydalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqlashga, shuningdek imtiyozni uzaytirish, tuzatish yoki bekor qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilishga yo‘naltirilganligi asoslab berilgan. Soliq imtiyozlari samaradorligini baholash byudjet, iqtisodiy va ijtimoiy mezonlar asosida amalga oshirilishi hamda baholash jarayoni bosqichma-bosqich olib borilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, integral koeffitsiyentga asoslangan va asosiy samaradorlik mezonlarini qamrab oluvchi baholash metodikasi taklif etilib, u mahalliy darajada soliq imtiyozlarining budjet, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini kompleks baholash hamda asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beradi.
Maqolada O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, xususan Jahon savdo tashkilotida ishtirok etish siyosatining iqtisodiy asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqot savdo kelishuvlarining eksport, investitsiyalar va raqobatbardoshlikka ta’sirini ochib beradi. Xalqaro va mintaqaviy tajriba asosida savdo siyosatini shakllantirishda inklyuzivlik, institutsional muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar ishtirokining ahamiyati yoritiladi. Empirik tahlil 2000–2024-yillar uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ma’lumotlari asosida panel regressiya modeli orqali amalga oshiriladi. Natijalar JSTga a’zolik YAIM hajmini o‘rtacha 17 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Shuningdek, JST a’zoligi investitsiya muhitini yaxshilashi, eksport diversifikatsiyasini kuchaytirishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi aniqlangan. Prognoz tahliliga ko‘ra, 2030-yilga kelib O‘zbekiston YAIMi JSTga a’zo bo‘lish sharoitida 245 mlrd AQSh dollariga yetishi mumkin. Maqolada savdo liberallashuvining ehtimoliy ijtimoiy va tarmoqlararo xatarlariga ham e’tibor qaratilib, muvozanatli savdo siyosati bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.
Ushbu maqolada korxonalarda mahsulot tannarxini shakllantirishda qo‘llaniladigan “absorption costing” va “variable costing” tizimlarining nazariy asoslari, amaliy qo‘llanishi hamda ular orasidagi farqlar tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba va xorijiy olimlarning qarashlari asosida bu tizimlarning afzallik va cheklovlari yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston korxonalarida bu tizimlarni joriy etishdagi amaliy muammolar va takliflar keltirilgan.
Ushbu maqolada xo‘jalik yurituvchi subyektlarda pul mablag‘lari hisobi, ularning aylanishi, kassa va bank operatsiyalarining tartibi hamda pul oqimlarini boshqarish samaradorligi tahlil qilingan. Pul mablag‘lari harakati korxonaning moliyaviy barqarorligi, likvidlik darajasi va moliyaviy xavfsizligini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Tadqiqot davomida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, buxgalteriya standartlari va amaliyotda qo‘llaniladigan usullar o‘rganildi. Tahlil natijalariga ko‘ra pul oqimlarini rejalashtirish, nazorat qilish va optimallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Mazkur maqolada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarida amal qilayotgan GOST standartlashtirish tizimining shakllanish bosqichlari, huquqiy asoslari hamda zamonaviy iqtisodiy va sanoat jarayonlaridagi ahamiyati ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida GOST standartlarining sanoat ishlab chiqarishidagi roli, texnik xavfsizlikni ta’minlashdagi ahamiyati, milliy va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashuvi hamda raqamlashtirish sharoitidagi rivojlanish istiqbollari yoritib beriladi. O‘rganish natijalari GOST tizimining MDH mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy integratsiyani mustahkamlovchi muhim normativ mexanizm ekanini ko‘rsatadi.
Ushbu tadqiqot masofaviy ta’limda ishtirok etishning bandlik natijalariga ta’sirini o’rganish uchun 8542 nafar so’rovnoma ishtirokchilariga qo‘llanilgan logit va probit regressiya modellari bilan birgalikda mashina o‘rganish algoritmlaridan foydalanadi. Bizning tadqiqotimizga ko‘ra, masofaviy o‘qitish dasturlari ishtirokchilari ish topa olmaydiganlarga qaraganda 23,7% ko‘proq ish topish imkoniyatiga ega; bu ta’sir o‘zlashtirilgan texnik ko‘nikmalar va moslashuvchan ish jadvallari orqali amalga oshiriladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, masofaviy o‘qitish mehnat bozori integratsiyasining asosiy yo‘li bo‘lib xizmat qiladi, ayniqsa, kam ta’minlangan guruhlar uchun ishchi kuchini rivojlantirish rejalari va ta’lim siyosati uchun sezilarli oqibatlarga olib keladi.
Mazkur maqolada energetika sohasida raqamli iqtisodiyotni shakllantirishning zamonaviy tendensiyalari, xususan, Smart Grid va Digital Twin texnologiyalarining imkoniyatlari, ularning ishlab chiqarish, taqsimot, iste’mol va boshqaruv tizimlariga ta’siri ilmiy asosda tahlil qilinadi. Raqamli transformatsiyaning bosqichlari, funksional yo‘nalishlari, shuningdek, Germaniya, AQSh, Xitoy va Yaponiya kabi davlatlarning ilg‘or raqamli energetika modellari solishtiriladi. O‘zbekiston energetika tizimida SCADA, AMR, ERP kabi tizimlarning joriy etilishi bo‘yicha amaliy tajribalar o‘rganilib, milliy energetikani raqamlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari va strategik takliflar ishlab chiqiladi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston sharoitida raqamli energetika ekotizimini shakllantirishning nazariy va amaliy asoslarini yoritadi.
Maqolada Oʻzbekistonda oliy taʼlimning raqamli texnologiyalari, xalqaro hamkorlik va innovatsion rivojlanish sohasidagi davlat siyosatini tahlil qiladi. Unda oliy taʼlim muassasalarini modernizatsiya qilish jarayonlari, raqamli texnologiyalarni joriy etish, xorijiy universitetlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini rivojlantirish, shuningdek, taʼlim sifatini oshirish va tanqidiy fikrlash hamda uzluksiz oʻqishga qodir mutaxassislarni tayyorlash masalalari koʻrib chiqiladi. 2030-yilgacha Oliy taʼlimni rivojlantirish Davlat Konseptsiyasining roli, taʼlim dasturlarini optimizatsiyalash natijalari va xorijiy talabalar soni dinamikasi taʼkidlanadi. Tadqiqot oliy taʼlim tizimini global taʼlim maydoniga integratsiya qilish va mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun kompleks innovatsion transformatsiya zarurligini ko‘rsatadi.