. Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida elektron pullar va raqamli to‘lov tizimlarining rivojlanish tendensiyalari hamda ularning iqtisodiyotga ta’siri kompleks tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida 2017–2024 yillarda elektron pul shaklidagi depozitlar hajmining o‘sishiga ta’sir qilgan iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy omillar o‘rganildi. Jumladan, plastik kartalar soni, elektron to‘lovlar aylanmasi, bank depozitlari va to‘lov terminallari tarmog‘i kabi ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik korrelyatsion-regression tahlil asosida baholandi. Shuningdek, elektron pullarning evolyutsiyasi, plastik kartalar va raqamli to‘lov tizimlarining rivojlanish bosqichlari hamda ularning iqtisodiy samaradorlikka ta’siri tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari tranzaksiya xarajatlarining kamayishi, moliyaviy shaffoflikning oshishi va moliyaviy inklyuziyaning kengayishi elektron to‘lov infratuzilmasining asosiy iqtisodiy afzalliklari ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, raqamli moliya infratuzilmasi rivojlanishi bilan bog‘liq kiberxavfsizlik masalalari, jumladan phishing, malware va DDoS kabi kiberxujumlar tahdidlari ham tahlil qilindi. Olingan natijalar asosida 2025–2029 yillar uchun elektron to‘lovlar va elektron depozitlar rivojlanishining prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Tadqiqot xulosalari elektron pullar va raqamli to‘lov tizimlari iqtisodiy samaradorlikni oshirish, moliyaviy nazoratni kuchaytirish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, raqamli moliya infratuzilmasining barqaror rivojlanishi uchun kiberxavfsizlik tizimlarini takomillashtirish va aholining raqamli savodxonligini oshirish zarurligi asoslab berilgan.
Maqolada O‘zbekistonda mehnat bozorining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash xizmatlari, kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlash, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ishsizlarga nafaqa to‘lash va boshqa yo‘nalishlardagi tendensiyalar tahlil qilingan. Ishda mehnat bozorini makroiqtisodiy tartibga solish modellari va instrumentlari, shuningdek ayrim xorijiy mamlakatlarda faol mehnat bozori choralarini qo‘llash tajribasi ko‘rib chiqilgan. Xorijiy manbalar sharhi asosida faol makroiqtisodiy siyosatning bandlikka ta’siri yoritilgan.
Mazkur maqolada turizmning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy va empirik tadqiqotlar asosida kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotda turizmni iqtisodiy o‘sishning muhim drayveri sifatida baholab, uning yalpi ichki mahsulot o‘sishi, bandlikni kengaytirish, xorijiy valyuta tushumlari, infratuzilma rivoji hamda hududiy iqtisodiy faollikka ta’siri ilmiy manbalar asosida yoritiladi. Metodologik jihatdan maqolada adabiyotlar sharhi, qiyosiy tahlil va empirik natijalarni umumlashtirish usullaridan foydalanilgan. Tadqiqot natijalari turizmning iqtisodiy samaradorligi mamlakatlarning institutsional muhiti, infratuzilma rivojlanganlik darajasi va boshqaruv sifatiga bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, turizmning multiplikativ ta’siri orqali iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham qo‘shimcha o‘sish va bandlik yaratilishi asoslab beriladi. Olingan xulosalar turizm siyosatini ilmiy asosda shakllantirish hamda sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maqola O’zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish jarayonida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishning nazariy va amaliy asoslarini tahlil qiladi. Jahon miqyosidagi islohotlar, O‘zbekistonning ichki muammolari va ularni hal etish yuzasidan davlat siyosati tahlil qilinadi. Inson kapitaliga ta’sir etuvchi omillar ta’lim, salomatlik, mehnat bozori, innovatsiya va institutsional rivojlanish bo‘yicha guruhlarga ajratilib, iqtiboslar bilan yoritiladi. Metodologiyada Inson Kapitali Indeksi (IKI) va Inson Taraqqiyoti Indeksi (ITI)ni hisoblash usullari, xalqaro va milliy ma’lumotlar bazalari tasvirlanadi. Natija va tahlil qismida O‘zbekistonning IKI va ITI ko‘rsatkichlari xorijiy davlatlar bilan solishtiriladi. Muhokama bo‘limida xorijiy tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish yo‘llari beriladi.
Ushbu maqolada AQShning Silikon vodiysida shakllangan innovatsion startap ekotizimi iqtisodiy va statistik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda startaplar rivojlanish bosqichlari, venchur kapital dinamikasi, mehnat bozori o‘zgarishlari, demografik ko‘rsatkichlar hamda texnologik faollikning mehnat bozori, migratsiya oqimlari, patentlash sur’atlari va investitsiya hajmlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. 2020–2023 yillar davomida Silikon vodiysidagi startaplar soni dinamikasi, AI startaplar ulushi, yangi tashkil etilgan texnologik kompaniyalar, venchur kapital taqsimoti hamda gender tarkibi bo‘yicha statistik tendensiyalar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Silikon vodiysida iqtisodiy va demografik diversifikatsiya, investitsiya imkoniyatlari hamda inson resurslari salohiyati ekotizimning barqaror o‘sishi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tajriba O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy siyosat va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Mazkur maqolada sirkulyar iqtisodiyotning muhim nazariy asoslaridan biri bo‘lgan “beshikdan beshikkacha” (Cradle to Cradle) konsepsiyasining mohiyati va amaliy ahamiyati yoritiladi. Ushbu konsepsiya mahsulot va resurslarning hayotiy siklini yopiq tizimda tashkil etishni, ya’ni chiqindilarni resursga aylantirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlashni nazarda tutadi. Tadqiqotda konsepsiyaning an’anaviy “beshikdan qabrgacha” yondashuvidan farqli jihatlari, ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy ustunliklari tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu yondashuvning sirkulyar iqtisodiyot rivojidagi o‘rni va barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shadigan hissasi asoslab beriladi.
Maqolada Oʻzbekistonda oliy taʼlimning raqamli texnologiyalari, xalqaro hamkorlik va innovatsion rivojlanish sohasidagi davlat siyosatini tahlil qiladi. Unda oliy taʼlim muassasalarini modernizatsiya qilish jarayonlari, raqamli texnologiyalarni joriy etish, xorijiy universitetlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini rivojlantirish, shuningdek, taʼlim sifatini oshirish va tanqidiy fikrlash hamda uzluksiz oʻqishga qodir mutaxassislarni tayyorlash masalalari koʻrib chiqiladi. 2030-yilgacha Oliy taʼlimni rivojlantirish Davlat Konseptsiyasining roli, taʼlim dasturlarini optimizatsiyalash natijalari va xorijiy talabalar soni dinamikasi taʼkidlanadi. Tadqiqot oliy taʼlim tizimini global taʼlim maydoniga integratsiya qilish va mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun kompleks innovatsion transformatsiya zarurligini ko‘rsatadi.
Globallashuv sharoitida turizm industriyasining jadal rivojlanishi O‘zbekistonda turistik infratuzilma boshqaruvida chuqur strukturaviy o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Ushbu maqolada turistik infratuzilmaning asosiy tarkibiy unsurlari, ularning rivojlanish tendensiyalari va iqtisodiy omillar bilan o‘zaro ta’siri tizimli ravishda tahlil qilindi. Tadqiqotda 2016-2024 yillar davomida mehmonxona xo‘jaligi quvvatining oshishi, transport-logistika imkoniyatlarining kengayishi, investitsion oqimlarning faollashuvi, hududiy turizm klasterlarining shakllanishi va xizmatlar sifati bo‘yicha statistik ma’lumotlar qiyosiy o‘rganildi. Shuningdek, infratuzilma rivojlanishining turizm talabiga ta’siri, davlat siyosati va islohotlarning sektorga qo‘shimcha impulsi, pandemiya davri va undan keyingi tiklanish jarayonlari ekonometriк modellar orqali baholandi. Tadqiqot natijalari turistik infratuzilmani modernizatsiya qilish, xalqaro turistlar oqimini ko‘paytirish, hududlar bo‘yicha infratuzilma samaradorligini oshirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozoridagi zaruriy infratuzilma va imkoniyatlardan kelib chiqib, mavjud alternativ moliya elementlarini hisobga olgan holda mamlakatda alternativ moliya ekotizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish modelini ishlab chiqishga qaratilgan. Ushbu maqsadga erishishda sifat yondashuvidan keng foydalanilgan. Natijada, mamlakatda alternativ moliya ekotizimini rivojlantirishda institutsional asoslarni ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash siyosati va islom moliyasi bo‘yicha xabardorlikni oshirish, islom kapital bozori instrumentlarini tatbiq etish, rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yo‘nalish va amalga oshirish bosqichlari ishlab chiqilgan.
Ushbu maqola raqamli iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorining rivojlanish imkoniyatlari, muammolari va istiqbollarini kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda raqamli transformatsiyaning kichik biznesga ta’sir mexanizmlari, hozirgi holat tahlili, xorijiy tajriba va eng yaxshi amaliyotlar o‘rganilgan. Raqamli iqtisodiyot kichik biznes uchun bozor chegaralarini kengaytirish, operatsion xarajatlarni kamaytirish va yangi biznes modellarini joriy etish kabi ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, kichik biznes sektorida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichlaridan orqada qolmoqda. Maqolada kichik biznes raqamlashuvini tezlashtirish uchun raqamli savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha takliflar berilgan.
Ushbu maqola zamonaviy iqtisodiyotning dinamik va murakkab sharoitlarida ekonometrik modellashtirishning oʻziga xos jihatlarini oʻrganadi. Mazkur maqolada katta ma’lumotlar (big data), mashinaviy oʻrganish (machine learning) va sun’iy intellekt integratsiyasi kabi zamonaviy tendensiyalar ta’kidlangan boʻlib, ular inflyatsiya, ishsizlik, iqlim oʻzgarishi va pandemiya ta’sirini prognoz qilishda muhim rol oʻynaydi. Metodologiyada sistematik adabiyotlar tahlili qoʻllanilgan, bu esa Scopus, Web of Science, ResearchGate bazalaridagi soʻnggi 5 yillik (2020-2025) ilmiy maqolalarga tayanadi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, ML-gibrid modellar prognoz aniqligini oshiradi (RMSE va MAE pasayishi), ammo iqlim oʻzgarishining salbiy ta’siri va ma’lumotlar noaniqligi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Xulosa va takliflarda siyosatni shakllantirishda modellarning chidamliligini oshirish, fanlararo hamkorlikni kuchaytirish va etik standartlarni joriy etish taklif etiladi, bu esa barqaror rivojlanish va iqtisodiy tiklanishga hissa qoʻshadi.
Ushbu maqolada fintex xizmatlarining global moliyaviy bozorlaridagi o‘rni, ularning rivojlanish tendensiyalari hamda xalqaro tajribalar asosida shakllanayotgan innovatsion yechimlar tahlil qilingan. Muallif fintex texnologiyalarining zamonaviy raqamli iqtisodiyotdagi o‘rni, ularning mintaqaviy xususiyatlari (Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani, LAMEA) va ilg‘or kompaniyalar (PayPal, Stripe, Revolut, Ant Group) faoliyati orqali sohaga bo‘lgan talabning oshib borayotganini yoritadi. Statistika va tadqiqot natijalari asosida fintex xizmatlarining tezkorlik, xarajatlarning kamayishi, inklyuzivlik va innovatsion mahsulotlar taklifi kabi afzalliklari ajratib ko‘rsatiladi. Xulosa qismida esa fintex sohasining istiqbollari, texnologik innovatsiyalar va davlat regulyatorlari o‘rtasidagi hamkorlik zarurligi ta’kidlanadi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi, uni boshqarish tizimi hamda ushbu tizimni takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida olib borish zarurati asoslab beriladi. Maqolada xorijiy tajriba va milliy rivojlanish strategiyalaridan kelib chiqib, O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Ushbu maqola O’zbekistonda turizm sohasiga jalb qilingan investitsiyalarning hozirgi holati va rivojlanish tendensiyalarini tahlil qiladi. Turizmda investitsiyalarning hajmi, manbalari va ularning turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirishdagi o‘rni ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, sohadagi ichki va tashqi investitsiyalar, davlat siyosati va iqtisodiy omillarning turizm sektoriga ta’siri kabi jihatlar tadqiq etilgan.
Mazkur maqolada savdo xizmatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari tahlil qilingan. Zamonaviy iqtisodiy sharoitda savdo xizmatlari nafaqat iqtisodiy o‘sishning muhim omili, balki innovatsion biznes modellarini shakllantirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotda savdo xizmatlarining asosiy yo‘nalishlari, ularning iqtisodiy samaradorligi va kelajakdagi rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda savdo xizmatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada mamlakatimizda mintaqaviy infratuzilmani innovatsion rivojlantirishning hozirgi holati va dolzarb muammolari tahlil qilinadi. Infratuzilmaning modernizatsiyasi va innovatsion yechimlarni joriy etish jarayoni hududlarning iqtisodiy barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu boisdan, tadqiqotda mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirishga ta’sir etuvchi asosiy omillar, mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari ko‘rib chiqiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda moliyalashtirish yetishmovchiligi, eskirgan texnologiyalar, institutsional muammolar va hududiy nomutanosibliklar asosiy to‘siqlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, maqolada ilg‘or xorijiy tajriba tahlil qilinib, innovatsion infratuzilmani shakllantirishning samarali strategiyalari ilgari suriladi. Shuningdek, mazkur maqolada mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, uning barqaror innovatsion taraqqiyotga ta’siri yoritiladi. Tadqiqot natijalari hududiy siyosatni shakllantirish va infratuzilmani rejalashtirish jarayonlarida amaliy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Ushbu maqolada loyihalarni moliyalashtirishda ESG tamoyillarining ahamiyati, ularning biznes va investitsiya qarorlariga ta’siri, shuningdek, barqaror moliyalashtirish mexanizmlarining afzalliklari tahlil qilinadi. ESG tamoyillarini samarali joriy etish orqali reyting agentliklarining ahamiyati hamda ular tomonidan taqdim etiladigan reytinglar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.
Kichik biznes O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutib, ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalarni rivojlantirish va aholi turmush sifatini yaxshilashga ko‘maklashmoqda. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan chora-tadbirlarga qaramay, kichik biznes korxonalari yuqori soliq yuki, byurokratik to‘siqlar va moliyaviy resurslarning cheklanganligi kabi qator to‘siqlarga duch kelmoqda. Ushbu maqolaning maqsadi O‘zbekistonda kichik biznesning holatini har tomonlama tahlil qilish, asosiy muammolar va ularni hal etish bo‘yicha takliflarni aniqlashdan iborat. Maqolada tadbirkorlikning hozirgi tendensiyalari ko‘rib chiqiladi, sohaning o‘sishi va rivojlanishini aks ettiruvchi statistik ma’lumotlar taqdim etiladi va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beriladi. Tahlillar O‘zbekistonda kichik biznes salmoqli salohiyatga ega ekanligini, biroq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini va mavjud chora-tadbirlarni optimallashtirishni talab qilishini tasdiqlaydi.
Maqolada iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda inson kapitalini shakllantirish va rivojlantirish strategiyalari har tomonlama tahlil qilingan. Inson kapitali darajasini belgilovchi asosiy omillar, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarga davlat va xususiy investitsiyalarning hajmi ko‘rib chiqiladi. Kasbiy kompetensiyalarni takomillashtirish va mehnat unumdorligini oshirishda korporativ sektorning roliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro tadqiqotlar ma’lumotlari va qiyosiy tahlillar asosida iqtisodiy rivojlanish darajasi turlicha bo‘lgan mamlakatlarda inson kapitalini boshqarishning tarkibiy xususiyatlari aniqlanadi. Barqaror iqtisodiy oʻsishni, raqobatbardoshlikni oshirish va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash uchun inson kapitaliga tizimli va ilgʻor investitsiyalarning muhim ahamiyati haqida xulosa qilingan
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlarining innovatsion salohiyati, jumladan, uni baholash usullari, natijalarni tahlil qilish va mintaqaviy rivojlanish uchun ahamiyatini muhokama qilish ko‘rib chiqiladi. Iqtisodiy, ilmiy, kadrlar, texnik va axborot-kommunikatsiya omillarini hisobga olgan holda normallashtirilgan ko‘rsatkichlarga asoslangan integral hisoblash usuli taqdim etiladi. Sirdaryo mintaqasining innovatsion salohiyati tahlil qilinadi va uning boshqa mintaqalar orasidagi mavqei aniqlanadi.
Kuchli raqobat sharoitida sanoat korxonalari barqaror rivojlanishini ta’minlash nafaqat yuqori iqtisodiy natijalarga erishishni, balki unga erishishda mavjud resurslardan qay tarzda foydalanish orqali ekologik muammolarni yechishni ham qamrab olishi lozim. Shu boisdan, ushbu maqolada moslanuvchan boshqaruv tizimi asosida tо‘qimachilik korxonalari barqaror rivojlanishini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish masalasi о‘rganilgan.
The article examines strategic approaches to sustainable agricultural development in conditions of water resource scarcity. The main focus is on adapting the agro-industrial complex of the region through the implementation of innovative technologies, optimization of water resource use, and the development of institutional support. An analysis of the current state of agricultural production has been conducted, development scenarios have been proposed, and recommendations for ensuring sustainable growth have been provided. The presented results can be used to develop regional strategies and practical solutions in the agro-industrial sector
Maqolada aksiyadorlik jamiyatlari moliyaviy tizimining asosiy elementlari – kapital tuzilishi, dividend siyosati va moliyaviy barqarorlikning nazariy jihatlari tahlil qilingan. Kapital tuzilishini samarali boshqarish va dividend siyosati orqali investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlari ko‘rsatilgan. Shuningdek, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash orqali jamiyatning uzoq muddatli rivojlanish istiqbollari yoritilgan. Ushbu elementlarning o‘zaro bog‘liqligi va amaliy tatbiq etish yo‘nalishlari bayon qilingan.
Ushbu maqolada islom moliya tizimi sezilarli darajada rivojlangan BAAning tajribasi o‘rganilib, tadqiq qilingan. Mamlakatda islom moliya tizimining rivojlanish tarixi, bugungi kundagi holati, shuningdek, islom bankchiligining tashkil etilishi, loyihalarni islomiy moliyalashtirish amaliyoti va rivojlanish yo‘lidagi to‘siqlar va ularni hal etishdagi yechimlar tahlil qilingan. Shuning bilan birga, islom moliyasining O‘zbekistonda rivojlanishida uchraydigan kamchiliklarni bartaraf etilishida BAAning ushbu soha borasidagi tajribasidan foydalanish yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan.
Maqolada to'lov qobiliyati, "soglomlashtirish" atamasining ma'nosi muhokama qilinadi. Innovatsion iqtisodiy rivojlanish sharoitida korxonalarning to'lov qobiliyatini takomillashtirish va yaxshilash jarayonining xususiyatlari, to'lov qobiliyati va naqd pul likvidligining xarakterli xususiyatlari hamda ularning barqarorligiga ta'sir etuvchi omillarning oldini olish va likvid to'lovlar aylanmasini tezlashtirish yoritilgan.