Ushbu maqolada O‘zbekiston va boshqa rivojlanayotgan davlatlarda Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS)ni transmilliy miqyosda qabul qilish va transformatsiya qilish jarayonida yuzaga keladigan dastlabki muammolar tahlil qilinadi. IFRSga o‘tish jarayoni global iqtisodiy integratsiya va moliyaviy shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda bu jarayon bir qator institutsional, iqtisodiy va professional to‘siqlarga duch keladi. Jumladan, milliy buxgalteriya standartlari bilan IFRS o‘rtasidagi tafovutlar, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yuqori implementatsiya xarajatlari hamda qonunchilik va metodologik bazaning yetarli darajada moslashmaganligi asosiy muammolar sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, transformatsiya jarayonida axborot tizimlarining moslashuvi va amaliy tajriba yetishmasligi ham muhim omil sifatida tahlil qilinadi. Maqolada ushbu muammolarni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ham qisqacha yoritiladi.
Maqola O‘zbekiston bank tizimining xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tish jarayonlari va muammolarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Jahon iqtisodiy integratsiyasi sharoitida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu standartlarning joriy etilishi moliyaviy hisobotning shaffofligi, taqqoslanuvchanligi va ishonchliligini ta’minlashga yordam beradi. O‘zbekiston Respublikasida MHXSga o‘tish iqtisodiy islohotlarning muhim qismi sifatida banklarning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvi va investorlar ishonchini oshirishga yordam beradi. Biroq, bu jarayon normativ-huquqiy bazani moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish kabi qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Maqolada ushbu jarayonning asosiy masalalari, muammolari va istiqbolli yechimlari tahlil qilinadi.
Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi misli koʻrilmagan imkoniyatlar va qiyinchiliklarni keltirib chiqardi va kelajagimiz traektoriyasini belgilab berdi. Ushbu maqolada iqtisodiyotning turli sohalaridagi raqamli texnologiyalarning transformatsion salohiyati va ularni amalga oshirish bilan bogʻliq axloqiy, meʼyoriy va ijtimoiy taʼsirlar koʻrib chiqiladi. Akademik tadqiqotlar natijalari va sanoat amaliyotiga asoslanib, u yanada inklyuziv va barqaror kelajakni yaratish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanishda masʼuliyatli innovatsiyalar va hamkorlikning muhimligini taʼkidlaydi.
Raqamli texnologiyalar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish tizimining muhim qismiga aylanib bormoqda. So‘nggi yillarda birlamchi tibbiyot muassasalarida bemorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish, tibbiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash hamda qog‘ozbozlikni kamaytirish maqsadida raqamli tibbiy tizimlar joriy etila boshlandi. Biroq, ushbu tizimlarni amaliyotga tatbiq etish jarayoni operatsion darajada har doim ham muammosiz kechmayapti. Tibbiyot xodimlari kundalik faoliyatda raqamli tizimlardan foydalanish jarayonida texnik, tashkiliy va ma’muriy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mazkur maqola O‘zbekistondagi birlamchi tibbiyot muassasalarida raqamli transformatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy muammolarni sifat tadqiqoti asosida tahlil qiladi. Tadqiqot davomida birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan yarim tuzilgan intervyular o‘tkazildi. Natijalar internet aloqasining beqarorligi, tizimdagi nosozliklar, ortiqcha ish yuklamasi, tizim funksiyalarining to‘liq ishlamasligi hamda tashkiliy qo‘llab-quvvatlashning sustligi raqamli sog‘liqni saqlash xizmatlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ishtirokchilar tizimning ayrim ijobiy jihatlarini ham qayd etdilar, jumladan, tibbiy ma’lumotnomalar va laboratoriya natijalarini onlayn olish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etishni faqat texnologik jarayon sifatida baholash yetarli emas. Tashkiliy sharoitlar, xodimlar ish yuklamasi, boshqaruv amaliyoti va bemorlarning tayyorgarlik darajasi ham ushbu jarayon natijalariga ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda raqamli sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish uchun amaliy tavsiyalar beradi.
Мазкур мақолада рақамлаштириш, институционал трансформация ва глобал таҳдидлар, жумладан ESG талаблари ҳамда корпоратив бошқарув шаффофлиги шароитида кончилик компанияларида стратегик бошқарув инструменти сифатида коммуникацион стратегиянинг ўрни ва аҳамияти тадқиқ этилган. Тадқиқотнинг долзарблиги Ўзбекистон Республикасида амалга оширилаётган иқтисодий ва институционал ислоҳотлар билан изоҳланади. Ушбу ислоҳотлар иқтисодиёт очиқлигини таъминлаш, инвестицияларни жалб этиш ҳамда корхоналарни жаҳон иқтисодий ҳамжамиятига интеграция қилишга қаратилган. Назарий ёндашувлар, халқаро тажриба ва «Навоий кон-металлургия комбинати» акциядорлик жамияти мисолидаги эмпирик маълумотлар таҳлили асосида коммуникацион стратегия нафақат ахборот таъминотини амалга ошириши, балки репутацион рискларни бошқариш ва бошқарув қарорларини қўллаб-қувватлашга хизмат қилиши асослаб берилган.
Mazkur maqolada O‘zbekiston moliya bozorining hozirgi holati va uning rivojlanishida yuzaga kelayotgan asosiy institutsional muammolar tahlil qilindi. Xususan, investor ishonchining pastligi, kapital qiymatining nisbatan yuqoriligi, korporativ boshqaruv sifati va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarining yetishmasligi kabi omillar ilmiy jihatdan ko‘rib chiqildi. Ushbu muammolarni bartaraf etishda ESG (Environmental, Social, Governance) tamoyillarini moliya tizimiga integratsiya qilishning iqtisodiy asoslari va mexanizmlari yoritiladi. Xalqaro empirik tadqiqotlar natijalari asosida ESG omillarining risklarni kamaytirish, axborot shaffofligini oshirish hamda kapitalga kirish imkoniyatlarini yaxshilashga ta’siri umumlashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida ESG tamoyillarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari va institutsional mexanizmlari bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Tadqiqot raqamli bank xizmatlarining jadal rivojlanishi sharoitida O‘zbekiston bank tizimining kiberxavfsizligi va barqaror faoliyatini taʼminlash muammolarini oʻrganishga bagʻishlangan. Bank sektorining raqamlashtirilishi raqamli banklar va ekotizimlar kabi yangi mahsulot va servislarning paydo boʻlishiga olib kelib, milliy moliyaviy hamda kiberxavfsizlik masalalarining dolzarbligini oshirmoqda. Tadqiqotning maqsadi bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasining asosiy yoʻnalishlarini kiberxavfsizlik kontekstida tavsiflashdan iborat. Maqolada bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasi tushunchasiga doir yondashuvlar tizimlashtirilgan, jahon tajribasi asosida komparativ tahlil oʻtkazilgan, O‘zbekiston bank tizimidagi kiberxatarlar dinamikasi va ularning obyektlari tahlil qilingan hamda kiberxavfsizlikni kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari bank sektorini davlat tomonidan tartibga solish va barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda amaliy ahamiyatga ega.
Мазкур мақола Ўзбекистон Республикасида молиявий ҳисоботнинг халқаро МҲХС стандартларига мос таҳлилни амалга оширишжараёнлари ва масалаларига бағишланган. Жаҳон мамлакатларининг иқтисодий интеграциясида мазкур стандартларнинг аҳамияти муҳим ҳисобланади. Улардан фойдаланиш таҳлил жараёнида қўлланиладиган молиявий ҳисоботнинг шаффофлиги ва ишончлилигини таъминлаш, Ўзбекистон Республикаси иқтисодиётини халқаро молия бозорларига интеграциясини, инвесторларни сифатли таҳлилий маълумотлар билан таъминлаш имконини беради. Мақолада мазкур жараёнларни амалга оширишда Ўзбекистон тажрибаси, асосий масалалар ва амалий тадбирлар тадқиқ қилинган.
Мақолада молиявий технологияларнинг суғурта маҳсулотларидаги истиқболлари ва уларнинг суғурта соҳасидаги янги имкониятлар ва таҳдидларга бўлган таъсири таҳлил қилинган. Сунъий интеллект, катта маълумотлар, блокчейн, мобил иловалар ва рақамли тўлов тизимлари каби молиявий технологиялар суғурта хизматларини шахсийлаштириш, автоматлаштириш ва тезлаштириш имконини беради. Шу билан бирга, бу технологияларнинг жорий этилишига тўсқинлик қилаётган муаммолар ва уларни енгиш йўллари муҳокама қилинган.
Mazkur tadqiqot davlat korxonalarini (SOEs) boshlang‘ich ommaviy takliflar (IPO) va ikkilamchi ommaviy takliflar (SPO) orqali xususiylashtirish masalasini, ayniqsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan kapital bozori doirasida o‘rganadi. Koreya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi davlatlarning tajribasiga tayanilgan holda, ushbu maqola davlat korxonalarining fond bozoriga chiqarilishi orqali korporativ boshqaruvni takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oshkoralikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, investorlar bazasining zaifligi, listing infratuzilmasining yetarli emasligi, hamda oshkoralik va korporativ boshqaruvdagi muammolar tahlil qilinadi. Hukumat tomonidan yirik SOE’larning IPO orqali xususiylashtirilishi bo‘yicha jiddiy tashabbuslar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, institut sarmoyadorlarning kamligi, underwriterlar faoliyatining zaifligi va aholining fond bozori haqida yetarli bilimga ega emasligi kabi tizimli to‘siqlar mavjud. Tadqiqot bosqichma-bosqich IPO joriy etish, investitsion banklar salohiyatini oshirish, oshkoralik tizimini kuchaytirish va aholining aksiyalarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi. Ushbu xulosalar O‘zbekistonning davlatga asoslangan iqtisodiyotdan bozor mexanizmlariga asoslangan tizimga o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ushbu maqola raqamli texnologiyalar asosida buxgalteriya hisobining modernizatsiyasini o‘rganadi. Buxgalteriya hisobi sohasidagi innovatsiyalar, asosan, raqamli tizimlarning joriy etilishi va avtomatlashtirilgan jarayonlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Maqolada buxgalteriya hisobining raqamli transformatsiyasi jarayonidagi asosiy muammolar va imkoniyatlar tahlil qilinadi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt, bulutli tizimlar va blokcheyn texnologiyalari orqali buxgalteriya amaliyotining samaradorligini oshirish, xatoliklarni kamaytirish, va vaqtni tejash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. Maqolada buxgalteriya hisobining raqamli inqilobi sharoitida yuzaga kelgan muammolar, xususan, texnologik to‘siqlar, malakali mutaxassislarning yetishmasligi va tizimlar o‘rtasidagi moslashuv muammolari batafsil yoritiladi. Shu bilan birga, ushbu yangi texnologiyalarning imkoniyatlari, innovatsion yechimlar va kelajak istiqbollari hamda buxgalteriya tizimlarining modernizatsiyasiga qo‘yiladigan talablar o‘rganiladi. Maqola natijalari, ayniqsa, buxgalteriya hisobining raqamli tizimlar bilan integratsiyasi jarayonidagi o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilishga va ilmiy-amaliy takliflar berishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekiston mehmonxona sohasi tez sur’atlar bilan kengayib bormoqda, ayniqsa, Toshkent, Samarqand va Buxoroda mehmonxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Mamlakatning barqaror rivojlanish sa’y-harakatlari doirasida Atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillari tartibga soluvchi hujjatlar va biznes amaliyotlariga integratsiya qilinmoqda. Ushbu maqola O‘zbekiston mehmonxona sohasida ESGni joriy etishning hozirgi holati, milliy siyosatning ta’siri va ESG strategiyalarini amalga oshirishning afzalliklarini o‘rganadi. Adabiyotlar sharhida global ilg‘or tajribalar va ESG talablariga rioya qilishning moliyaviy ustunliklari ko‘rsatilgan. Tadqiqot ESGni joriy etish muammolarini tahlil qiladi va O‘zbekiston mehmonxona sohasida barqarorlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi.
Ushbu maqolada an’anaviy va islomiy banklar faoliyatining integratsiyasi jarayonlari, ularning global moliya bozoriga ta’siri va ushbu sohadagi imkoniyatlar hamda muammolar o‘rganiladi. Tadqiqotda an’anaviy banklar tarkibida “Islom darchalari”ni tashkil etishning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli va moliya bozorini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu integratsiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda bank tizimi barqarorligi va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi ahamiyati empirik va nazariy yondashuvlar asosida yoritiladi. Maqola xalqaro moliyaviy hamkorlik va islomiy moliyaning jahon moliya bozorida o‘rnini mustahkamlash istiqbollarini ochib beradi.
Ушбу мақола Европа Иттифоқи, АҚШ ва Хитойнинг рақамли тўловлар соҳасида тез суръатда ривожланаётган технологиялар шароитида тартибга солиш муаммоларини қандай ҳал қилишини ўрганади. Аралаш тадқиқот усулларидан фойдаланиб, мақола маълумотларни ҳимоя қилиш, фирибгарликнинг олдини олиш ва истеъмолчилар ҳуқуқларини таъминлаш бўйича турли хил стратегияларни таҳлил қилади ҳамда инновациялар ва хавфсизлик ўртасидаги мувозанатни сақлайдиган мослашувчан қонун-қоидалар зарурлигини таъкидлайди. Тавсияларга халқаро ҳамкорликни кучайтириш ва трансчегаравий операциялар учун стандартларни уйғунлаштириш киради.
O‘zbekiston Fan, texnologiya va innovatsiyalar (FTI) parklarining bo‘shliqlari tahlili e’tibor qaratish va yaxshilash kerak bo‘lgan bir qancha muhim yo‘nalishlarni ochib beradi. Ushbu parklarning hozirgi faoliyati tadqiqot institutlari, sanoat tarmoqlari va hukumat siyosati o‘rtasida samarali hamkorlikka erishishda jiddiy muammolar bilan yuzlashib innovatsiyalar va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishdagi aralash natijalarni aks ettiradi. Asosiy xulosalar shuni ko'rsatadiki, O‘zbekiston FTI parklari biznes-inkubatsiya sohasida muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, ular hali ham muhim texnologik yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda kamchiliklarga ega. Asosiy to‘siqlar orasida universitetlar va sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi hamkorlikning yetarli darajada mavjud emasligi, venchur kapitaliga kirishning cheklanganligi va tadbirkorlik madaniyatining zaifligi kiradi. Maqolada muvaffaqiyatli FTI parklari dinamik tadbirkorlik ruhi, tadqiqot institutlarining faol ishtiroki va startaplarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan ajralib turadigan kuchli mintaqaviy ekotizim doirasida rivojlanib borayotgani ta’kidlangan. Bunday qulay shart-sharoitlarni yaratish O‘zbekiston uchun muhim hisoblanadi. Strategik takliflar FTI park boshqaruvining imkoniyatlari va ishtirokini kuchaytirish, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va universitetlar va xususiy sektor o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashni o‘z ichiga oladi. Tavsiyalar ilg‘or jahon tajribasiga asoslangan va O‘zbekiston innovatsion tizimida manfaatdor tomonlar duch keladigan o‘ziga xos muammolarni hal qiluvchi tavsiyalarga bo‘lingan. Ushbu bo‘shliqlarni yo‘naltirilgan siyosat tashabbuslari va salohiyatni oshirish sa’y-harakatlari bilan bartaraf etish orqali O‘zbekiston o‘zining FTI parklaridan butun dunyo bo‘ylab boshqa FTI parklarida kuzatilgan muvaffaqiyatli amaliyotlarga mos ravishda texnologik innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishi mumkin.
Ushbu maqolada korporativ ijtimoiy mas'uliyat (KIM) konsepsiyasi va uning zamonaviy iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muammolar kontekstida rivojlanishi koʻrib chiqiladi. Muallif Govard Bouen va Archi Kerollning ishlari asosida KIMning tarixiy rivojlanishini tahlil qiladi va ISO 26000:2010 kabi xalqaro standartlarni koʻrib chiqadi. Tadqiqot metodologiyasi xalqaro va milliy amaliyotlarni solishtirma tahlilini oʻz ichiga oladi. Maqolada kompaniyalar ijtimoiy loyihalarni raqobatbardoshlik va barqaror rivojlanishga hissa qoʻshuvchi investitsiyalar sifatida koʻradiganligi taʼkidlanadi. Muvaffaqiyatli kompaniyalarning misollari keltirilgan va Oʻzbekistonda KIMning rivojlanishidagi toʻsiqlar tahlil qilingan, shuningdek, ularni yengib oʻtish yoʻllari taklif etilgan.
Ушбу мақола ривожланаётган бозор динамикаси ва глобал муаммолар шароитида ўзбек тўқимачилик саноатида рақобатбардошликни ошириш бўйича турли стратегияларни ўрганади. Мақолада бозор талабининг ўзгариши, валюта курсининг ўзгарувчанлиги, технологик эскириш, инфратузилма чекловлари ва тартибга солиш чекловлари каби муаммолар кўриб чиқилади, шу билан бирга экспортни диверсификация қилиш, қўшилган қийматли маҳсулотларни ривожлантириш, барқарорлик, рақамлаштириш ва инвестициявий ҳамкорлик имкониятлари ёритилган. Муаллифлар соҳа муаммолари ва имкониятларини ҳар томонлама таҳлил қилиб, рақобатбардошлигини ошириш ва жаҳон бозорида барқарор ўсишга эришишга интилаётган ўзбек тўқимачилик фирмалари учун қимматли фикрлар ва амалий тавсиялар беради.
Ушбу мақола Ўзбекистон шароитида рақамли молиявий активларни солиққа тортиш билан боғлиқ муаммолар ва имкониятларни танқидий кўриб чиқади. Норматив-ҳуқуқий база доирасидаги мавжуд муаммоларга эътибор қаратган ҳолда, у активларнинг аниқ таснифи йўқлиги, криптовалюталар учун ноаниқ солиқ режими, дастлабки танга таклифлари (ICO) учун етарли қоидаларнинг йўқлиги, халқаро ҳамкорликнинг чекланганлиги ва ҳисобот бериш механизмларининг етарли эмаслиги каби масалаларни ўрганади. Мақолада ушбу муаммоларни бартараф этиш ва янада мослашувчан ва самарали солиққа тортиш тизимини яратишга қаратилган Ўзбекистон шароитига мослаштирилган илмий асосланган тавсиялар тўплами таклиф этилади. Мақола ушбу муаммоларни ҳал қилиш орқали солиқ органлари ва Ўзбекистонда ривожланаётган рақамли молиявий экотизимни бошқараётган манфаатдор томонлар учун қимматли тушунчаларни тақдим этишга қаратилган.
Mahalliy oshpazlik an'analari va madaniy xilma-xilligini namoyish etish salohiyati bilan mashhur bo'lgan gastronomiya turizmi uning haqiqiyligi va barqarorligiga tahdid soladigan qator muammolarga duch keladi. Ushbu maqolada Surxondaryoda gastronomiya turizmi bilan bog'liq ko'p qirrali muammolar ko'rib chiqiladi, ular haddan tashqari tijoratlashtirish va madaniy o'zlashtirishdan tortib, ekologik barqarorlik muammolari va iqtisodiy nomutanosibliklarga qadar muammolarni qamrab oladi. Mavsumiylik, ta'minot zanjiri muammolari, infratuzilmaning etarli emasligi, sog'liq va xavfsizlik xavfi va ijtimoiy ta'sirlar bu muammolarni yanada kuchaytiradi. Shunga qaramay, oldinga yo'l bor va ushbu maqola ushbu muammolarni hal qilish va barqaror va mas'uliyatli gastronomiya turizmini rivojlantirish bo'yicha tavsiyalar to'plamini taqdim etadi. Ushbu tavsiyalarni qabul qilish orqali gastronomiya turizmi sanoati nafaqat muammolarini yengibgina qolmay, balki madaniy merosni asrab-avaylash va mahalliy hamjamiyatlarga foyda keltirish bilan birga ravnaq topishi mumkin.
Мақолада жисмоний шахсларни солиққа тортиш ҳар қандай солиқ тизимининг муҳим жиҳати ҳисобланади, чунки у фуқароларнинг молиявий фаровонлигига бевосита таъсир қилади ва ҳукуматлар даромадларини йиғишда муҳим рол ўйнайди. Самарали ва адолатли солиқ тизимини таъминлаш учун жисмоний шахсларни солиққа тортиш билан боғлиқ бир қанча қийинчилик ва муаммолар мавжуд. Мазкур мақола жисмоний шахсларни солиққа тортиш билан боғлиқ асосий масалаларни ўрганади, солиқдан бўйин товлаш ва юқори даромадли шахслар томонидан қўлланиладиган солиқни режалаштириш стратегиялари кўриб чиқилади. Турли мамлакатлар тажрибаси ва тегишли адабиётларни ўрганиб, жисмоний шахслар учун янада самарали ва адолатли солиқ тизимига эришиш бўйича тушунча ва таклифларни тақдим этади.
Qonunchilik, farmonlar va Respublikaning 2030-yilgacha bo'lgan strategiyasida mustahkamlangan gender tengligini oshirish O'zbekiston Respublikasi hukumati oldida turgan dolzarb va muhim vazifalardan biridir. Ushbu maqolada O'zbekistondagi tijorat banklarining yuqori boshqaruv darajalarida gender xilma-xilligi holati kuzatiladi va tahlil qilinadi hamda uni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar beriladi.
Maqola suv resurslari tanqisligi ortib borayotgan sharoitda suvni kvotalashning iqtisodiy mexanizmlarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Suvni kvotalash tariflarni tartibga solish, suv bozorlari va suvga bo‘lgan huquqlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan suv taqsimotining asosiy vositasi sifatida ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda qat’iy, moslashuvchan, mavsumiy va bozor tamoyillariga asoslangan kvotalash modellari o‘rganilgan. Avstraliya, Ispaniya va Chili tajribalarining qiyosiy tahlili o‘tkazilib, Markaziy Osiyoda suv olish limitlarini taqsimlash muammolari ham ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijasida ekologik jihatdan maqbul kvotalarni davlat tomonidan tartibga solishni hamda ularni suvdan foydalanuvchilar o‘rtasida samarali қайта taqsimlashning iqtisodiy mexanizmlarini uyg‘unlashtirgan gibrid modellar eng barqaror yondashuv ekanligi xulosasi chiqarilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish istiqbollari ilmiy-nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. 2025-yil 9-dekabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1101-sonli Qonun asosida 2026-yildan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi va keyinchalik ishsizlik nafaqasi kabi ijtimoiy xatarlarni qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maqolada mavjud pensiya tizimining cheklovlari, yangi tizimning iqtisodiy-sotsial samaradorligi, demografik bosim va moliyaviy barqarorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Empirik tahlil uchun Davlat statistika agentligi, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlari asosida jadvallar va grafiklar keltirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy sug‘urta tizimi rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, kambag‘allik xavfini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi, ammo informal sektor va demografik qarish kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish zarur.
Saidahror Gulyamov , Akram Ochilov , Azizjon Rashidov
Maqolada 2024-yilda qabul qilingan “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun (№ O‘RQ-970) hamda Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PQ-64 va 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-358-son qarorlarini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Sun’iy intellekt (SI) kreativ iqtisodiyot rivojida muhim omil sifatida namoyon bo‘lib, ijodiy mahsulot yaratish imkoniyatlarini kengaytiradi va shu bilan birga an’anaviy kasblar oldiga yangi talab va vazifalarni qo‘yadi. Tadqiqotda SI texnologiyalarining san’at, musiqa, kino, adabiyot va media sohalariga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Generativ neyron tarmoqlar, mashinaviy o‘qitish va tabiiy tilni qayta ishlash vositalarining ijodiy jarayon samaradorligini oshirishdagi o‘rni yoritiladi. O‘zbekiston misolida SI ko‘nikmalariga ega kreativ mutaxassislarni tayyorlashning strategik zarurati asoslab beriladi. Shuningdek, mualliflik huquqi, intellektual mulk himoyasi va frilans mehnat bozoridagi o‘zgarishlar masalalari tahlil qilinadi.
Мақолада молиявий ҳисоботларни халқаро стандартлар асосида такомиллаштириш, хусусан унинг асосий шакли бухгалтерия балансини тузишга бўлган иқтисодчи олимларнинг ва мутахассислар томонидан берилган назарий ёндошувлар хамда уни амалий жиҳатдан тузиш услубиёти келтириб ўтилган. Шунингдек, молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартлари талаблари асосида бухгалтерия балансини шакллантириш, унинг моддаларини баҳолаш ва балансни тузишга қўйилган асосий қоидалар ҳамда муҳим тамойилларини такомиллаштиришга қаратилган илмий таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилган.