Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati misolida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati va rivojlanishining moliyaviy-iqtisodiy jihatlari ko‘rib chiqiladi. 2022-yil oxiridan 2025-yil oxirigacha bo‘lgan davrdagi dinamik choraklik ma’lumotlar asosida o‘quvchilar soni va o‘z mablag‘lari hajmining ta’lim tashkilotlarining yalpi daromadiga ta’sirining kompleks statistik va ekonometrik tahlili o‘tkazildi. Chiziqli regressiya modeli qurildi, institutsional tarkibiy o‘zgarishlar belgilandi, xususiy oliy ta’lim sektorining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun davlat tomonidan kompleks mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini shakllantirish zarurati asoslandi.
Ushbu maqolada kichik biznesning moliyaviy ehtiyojlarini qondirishning iqtisodiy mexanizmini fazoviy va mintaqaviy iqtisodiyot nuqtai nazaridan optimallashtirishning nazariy, metodologik va amaliy jihatlari ko‘rib chiqiladi. Qashqadaryo viloyati va O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha 2022–2024 yillardagi rasmiy statistik ma'lumotlardan foydalangan holda, kichik biznesning bandlik dinamikasi va uning umumiy mintaqaviy bandlik tuzilmasidagi ulushi chuqur qiyosiy tahlil qilindi. Ekonometrik juft chiziqli regressiya modeli aniqlandi va tasdiqlandi, bu sektorning inson resurslari salohiyatining kengayishi va uning mahalliy mehnat bozoridagi tarkibiy ustunligi o‘rtasidagi muhim bog‘liqlikni ko‘rsatadi (R^2 = 0.934). Mintaqaviy bandlikda kichik biznesning juda yuqori ulushi (78,7% gacha) keng kreditlash usullaridan progressiv moliyaviy muhandislikka o‘tishni talab qilishi asoslanadi. Kichik biznes uchun mezo darajasida moliyaviy va kredit yordamini rivojlantirish uchun kontseptual asos taklif qilingan, jumladan, kafolat fondlari, sindikatlashtirilgan mikromoliyalashtirish va davlat-xususiy investitsiya hamkorligi mexanizmlari.
Maqolada O‘zbekistonda raqamli to‘lovlar tizimining rivojlanish dinamikasi, uning iqtisodiyotga va moliyaviy inklyuzivlikka ta’siri o‘rganiladi. Mahalliy to‘lov tizimlari (Uzcard, Humo, Payme, Click va boshqalar) faoliyatini tahlil qilib, raqamli to‘lovlar hajmining yillik o‘sish ko‘rsatkichlari, naqd pulsiz hisob-kitoblarning ulushi va davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ‘Raqamli O‘zbekiston-2030’ strategiyasi doirasidagi islohotlar yoritiladi. Tadqiqot mamlakatda raqamli to‘lov infratuzilmasini yanada takomillashtirish va moliyaviy xizmatlarni aholining barcha qatlamlariga yetkazish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar bilan yakunlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 3 ta hududi bo‘yicha 2010–2024 yillardagi panel ma’lumotlarga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarish dinamikasi ekonometrik modellashtirilgan. Tadqiqotda Two-Way Fixed Effects (FE) va Log Trend Interaction modellari yordamida hududiy bo‘yicha vaqtga xos strukturaviy o‘zgarishlar tahlil qilingan. Empirik tahillar natijalariga ko‘ra, baliqchilik ishlab chiqarishdagi variatsiyalarning 78,8 tezligini oshirish mumkin. 2025–2027 yillar uchun oshirilgan ekonometrik prognozlar uchun tarmoq ishlab chiqarish ishlab chiqarish o‘sishda davom etishini va hududiy o‘sish dinamikasini rivojlanishini ko‘rsatmoqda.
Ushbu tadqiqotda 2020-2025 yillar oralig‘idagi yillik va choraklik ma’lumotlardan foydalanib O‘zbekiston bank sektoridagi davlat va nodavlat banklarda muammoli kreditlarning dinamikasi tahlil qilingan. Tijorat banklari tomonidan ajratilgan jami kreditlar va muammoli kreditlar o‘rtasidagi bog‘liqlik banklarning mulkchilik shakliga ko‘ra alohida o‘rganildi. Olingan natijalar davlat ulushiga ega banklarda risklarni boshqarish samaradorligi pastligi va ular ko‘proq riskga moyilligini ko‘rsatdi.
Qonunchilik, farmonlar va Respublikaning 2030-yilgacha bo'lgan strategiyasida mustahkamlangan gender tengligini oshirish O'zbekiston Respublikasi hukumati oldida turgan dolzarb va muhim vazifalardan biridir. Ushbu maqolada O'zbekistondagi tijorat banklarining yuqori boshqaruv darajalarida gender xilma-xilligi holati kuzatiladi va tahlil qilinadi hamda uni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar beriladi.
Masofaviy ta’limning raqamli platformalari so‘nggi o‘n yillikda jahon ta’lim xizmatlari bozorining muhim qismiga aylandi: 2024-yilda uning hajmi 369,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va 2034-yilga borib 731,8 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Maqolada masofaviy platformalarning iqtisodiy samaradorligini baholashning analitik modeli taklif qilingan bo‘lib, u uchta ko‘rsatkichlar guruhini hisobga oladi: xarajatlar (litsenziya, infratuzilma, kontent va qo‘llab-quvvatlash), talabalar jalb qilinganligi (foydalanuvchilar faolligi, platformada o‘tkazilgan vaqt, kurslarni tugatish ulushi) va ta’lim xizmatlari sifati (qoniqish, o‘zlashtirish, karyera samarasi). Coursera, edX, Udemy, LinkedIn Learning va Khan Academy ma’lumotlari asosida 2023–2024-yillar uchun qiyosiy iqtisodiy tahlil o‘tkazildi. Raqamli platformalarni joriy etish ta’lim muassasalarining operatsion xarajatlarini 20–35% ga qisqartirishga va ayni paytda ta’lim mavjudligini oshirishga imkon berishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasida ta’lim dasturlarining sifati va moliyaviy barqarorligini boshqarish uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Raqamli texnologiyalar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish tizimining muhim qismiga aylanib bormoqda. So‘nggi yillarda birlamchi tibbiyot muassasalarida bemorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish, tibbiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash hamda qog‘ozbozlikni kamaytirish maqsadida raqamli tibbiy tizimlar joriy etila boshlandi. Biroq, ushbu tizimlarni amaliyotga tatbiq etish jarayoni operatsion darajada har doim ham muammosiz kechmayapti. Tibbiyot xodimlari kundalik faoliyatda raqamli tizimlardan foydalanish jarayonida texnik, tashkiliy va ma’muriy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mazkur maqola O‘zbekistondagi birlamchi tibbiyot muassasalarida raqamli transformatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy muammolarni sifat tadqiqoti asosida tahlil qiladi. Tadqiqot davomida birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan yarim tuzilgan intervyular o‘tkazildi. Natijalar internet aloqasining beqarorligi, tizimdagi nosozliklar, ortiqcha ish yuklamasi, tizim funksiyalarining to‘liq ishlamasligi hamda tashkiliy qo‘llab-quvvatlashning sustligi raqamli sog‘liqni saqlash xizmatlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ishtirokchilar tizimning ayrim ijobiy jihatlarini ham qayd etdilar, jumladan, tibbiy ma’lumotnomalar va laboratoriya natijalarini onlayn olish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etishni faqat texnologik jarayon sifatida baholash yetarli emas. Tashkiliy sharoitlar, xodimlar ish yuklamasi, boshqaruv amaliyoti va bemorlarning tayyorgarlik darajasi ham ushbu jarayon natijalariga ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda raqamli sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish uchun amaliy tavsiyalar beradi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining shakllanishi, uning evolyutsion rivojlanish bosqichlari va zamonaviy iqtisodiy islohotlar sharoitidagi istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank tizimining mustaqillik yillaridagi transformatsiyasi, xususan, 2017-yildan keyingi davrda amalga oshirilgan tub islohotlar, banklarning xususiylashtirilishi va raqamli transformatsiyasi batafsil yoritilgan. Bank tizimi barqarorligini ta'minlovchi makroiqtisodiy omillar, kapital yetarliligi va aktivlar sifati statistik ma'lumotlar asosida tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada bank xizmatlari bozorini liberallashtirish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik va sohaga zamonaviy fintex texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilinadi. Tadqiqot natijasida O‘zbekiston bank tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonning XXI-asrdagi iqtisodiy o‘sishi tahlil qilingan. Tadqiqot davomida yalpi ichki mahsulotning (YaIM) o‘sish sur’atlari, inflyatsiya darajasi, investitsiyalar hajmi va mehnat unumdorligi kabi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqilgan. Olingan natijalar iqtisodiy o‘sishnig ilmiy nazariyalari, xususan Solow iqtisodiy o‘sish modeli va boshqa zamonaviy iqtisodiy yondoshuvlar bilan taqqoslangan. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, mavjud muammolar va kelgusidagi rivojlanish yo‘llari yoritilishi bilan birga yaqin 3 – 4 yil uchun ayrim iqtisodiy ko‘rsatkichlar bashorat qilingan. Maqola natijalari mamlakat iqtisodiy siyosatini baholash va ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish uchun xizmat qiladi.
Mazkur maqolada moliyaviy investitsiyalarni hisobga olishni takomillashtirish masalalari milliy va xalqaro standartlar nuqtayi nazaridan tadqiq etilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yilda qabul qilingan 12-sonli BHMS “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish” standartining mazmuni, qoʻllanilish sohasi va amaliy jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda moliyaviy investitsiyalarni baholash va tasniflash boʻyicha anʼanaviy yondashuvlar hamda xalqaro amaliyotda qoʻllanilayotgan zamonaviy modellar oʻrtasidagi farqlar ochib berilgan. Jumladan, IFRS 9 standarti doirasidagi biznes modelga asoslangan tasniflash, haqqoniy qiymat boʻyicha baholash va kutilayotgan kredit zarari (ECL) modeli ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Buxgalteriya hisobi amaliyotini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini mustahkamlash, yuqori byudjetdan quyi byudjetlarga ajratiladigan transfertlar hajmi va ularni boshqarish masalalari tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida mahalliy byudjetlarning daromad va xarajatlari dinamikasi o‘rganilib, daromadlarni oshirish hamda moliyaviy resurslardan samarali foydalanish zarurati asoslab berilgan. Shuningdek, mahalliy byudjet daromad va xarajatlari o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelgan holatlarda byudjet barqarorligini ta’minlash, xususan, tarnsfertlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda 2021-yildan boshlab Markaziy bank tomonidan rasman qo‘llanilayotgan inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosati transmissiya mexanizmi muhokama qilinadi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, asosiy qayta moliyalash stavkasi moliyaviy tizim orqali ishlab chiqarish hajmi va narxlarga ta’sir ko‘rsatadi. Bunda 2010–2023-yillarni qamrab olgan choraklik ma’lumotlar asosida Vektor Avtoregressiya (VAR) va Strukturaviy Vektor Avtoregressiya (SVAR) usullaridan foydalanilgan. Natijalar foiz stavkasi kanali eng samarali transmissiya kanali ekanini, undan keyin valyuta kursi kanali kelishini, kredit kanalining esa bank sektoridagi tarkibiy zaifliklar sabab cheklanganligini ko‘rsatadi. Pul-kredit siyosati shoklari 12 oylik ufqda inflyatsiya dispersiyasining qariyb 18–22 foizini izohlaydi. Asosiy to‘siqlar sifatida dollarizatsiya, davlat ulushi yuqori bo‘lgan bank sektori, moliyaviy vositachilikning samarasizligi va moliyaviy savodxonlikning past darajasi qayd etilgan. Siyosiy tavsiyalar qatoriga fiskal siyosatni muvozanatlashtirish, moliyaviy sektor islohotlarini jadallashtirish hamda Markaziy bank kommunikatsiyasini kuchaytirish kiradi.
Mazkur tadqiqotda raqamli marketingning O‘zbekistonda aqlli turizm rivojlanishini qanday tezlashtirishi tahlil qilinadi. Mamlakat turistik oqimlarning tez o‘sishini namoyon etayotgan va xalqaro maydonda o‘z nufuzini mustahkamlab borayotgan bo‘lsa-da, turistik yo‘nalishlarni an’anaviy targ‘ib qilishdan ma’lumotlarga asoslangan aqlli turizm boshqaruviga o‘tish jarayoni hali to‘liq yakunlanmagan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston aqlli turizmni rivojlantirish uchun istiqbolli asosga ega: 2024-yilda kiruvchi turistik safarlar soni 7,96 mln ga yetgan, 2025-yil yanvar holatiga internetdan foydalanish darajasi 89,0% ni tashkil etgan, ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari soni esa 11,7 mln ga yetgan. Biroq talab tuzilmasi muhim strategik muammoni ochib beradi: 2024-yilda kiruvchi safarlarning 76,7% i qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, dam olish va rekreatsiya maqsadidagi safarlar ulushi atigi 14,9% ni tashkil etgan. Ushbu tafovut shuni anglatadiki, turistik keluvchilar sonining sezilarli qismi hali yuqori daromad keltiruvchi, turistik destinatsiyalarga yo‘naltirilgan turizmga to‘liq transformatsiya qilinmagan. Tahlil shuningdek rasmiy portallar, elektron viza tizimi, onlayn turistik agentliklar (OTA) bilan hamkorlik, mobil cashback vositalari va Eaten.uz kabi maxsus platformalarni o‘z ichiga olgan shakllanib borayotgan raqamli ekotizimni ham aniqlaydi.
Ushbu maqolada davlat xaridlarini tashkil etish jarayonlarining nazariy va amaliy jihatlari kompleks tahlil qilingan. Shuningdek, davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar va ularning iqtisodiyotga ta’siri, bugungu kundagi holati yoritilgan. Davlat xaridlaridagi mavjud muammolar va ularning sabablari keltirilgan. Shuningdek, davlat xaridlari tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada o‘zini o‘zi tashkil etuvchi savdo tizimida muvozanat holatini boshqarishda investitsiya oqimining ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda investitsiya oqimining iqtisodiy tizimlarga ta’siri, uning turli shakllari hamda savdo tizimining dinamikasiga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, tizimga ta’sir etuvchi uzluksiz va diskret omillar sinflashtirilib, stoxastik differensial tenglama orqali model ishlab chiqilgan. Hamilton–Jakobi–Bellman tenglamasi asosida investitsiya oqimining optimal qiymatini aniqlash metodologiyasi taklif etilgan. Olingan natijalar iqtisodiy tizimlarni prognozlash, resurslarni optimal taqsimlash va bozor strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada aholini uy-joy bilan ta’minlash darajasiga ta’sir etuvchi ijtimoiy va iqtisodiy omillar tizimlashtirilgan holda o‘rganiladi. Ishda daromad darajasi, bandlik holati, oila tarkibi, urbanizatsiya jarayonlari, ipoteka kreditlari mavjudligi, uy-joy narxlari, davlat siyosati va subsidiyalar, demografik o‘zgarishlar, infratuzilma rivojlanishi kabi asosiy omillar guruhlashtiriladi. Tadqiqot natijalari ushbu omillarning o‘zaro bog‘liqligi va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashdagi ta’sir darajasini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, davlat siyosatini shakllantirish va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun amaliy tavsiyalar berishga xizmat qiladi
Mazkur maqolada O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish jarayonida “yashil” investitsiyalar va bandlikning ahamiyati yoritib berilgan. Maqolada BRMlarning milliy rivojlanish siyosatiga integratsiya qilinishi, “yashil” budjetlashtirish amaliyoti hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning institutsional va moliyaviy mexanizmlari yoritib berilgan. Jumladan, qayta tiklanuvchi energetika sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning o‘zgarish dinamikasi, davlat budjeti xarajatlarining BRM bo‘yicha markirovkasi hamda “yashil” moliyalashtirish instrumentlari tahlili orqali “yashil” investitsiyalarning BRM 7, 8, 9, 11, 12 va 13-maqsadlariga erishishdagi roli asoslab berilgan. Tahlil natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar shakllantirilib, ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy modernizatsiya, urbanizatsiya jarayonlari hamda hududlararo ijtimoiy-iqtisodiy tafovutlarning mavjudligi ichki migratsiya masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda. Aholining bir hududdan ikkinchi hududga ko‘chib o‘tishi, odatda, mehnat resurslarining hududiy taqsimlanishida sezilarli o‘zgarishlarga olib keladi. Ayniqsa, qishloq joylardan shaharlarga, iqtisodiy faol hududlardan markaziy shaharlarga bo‘layotgan migratsion oqim mehnat bozori tarkibiga va bandlik ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
. Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida elektron pullar va raqamli to‘lov tizimlarining rivojlanish tendensiyalari hamda ularning iqtisodiyotga ta’siri kompleks tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida 2017–2024 yillarda elektron pul shaklidagi depozitlar hajmining o‘sishiga ta’sir qilgan iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy omillar o‘rganildi. Jumladan, plastik kartalar soni, elektron to‘lovlar aylanmasi, bank depozitlari va to‘lov terminallari tarmog‘i kabi ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik korrelyatsion-regression tahlil asosida baholandi. Shuningdek, elektron pullarning evolyutsiyasi, plastik kartalar va raqamli to‘lov tizimlarining rivojlanish bosqichlari hamda ularning iqtisodiy samaradorlikka ta’siri tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari tranzaksiya xarajatlarining kamayishi, moliyaviy shaffoflikning oshishi va moliyaviy inklyuziyaning kengayishi elektron to‘lov infratuzilmasining asosiy iqtisodiy afzalliklari ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, raqamli moliya infratuzilmasi rivojlanishi bilan bog‘liq kiberxavfsizlik masalalari, jumladan phishing, malware va DDoS kabi kiberxujumlar tahdidlari ham tahlil qilindi. Olingan natijalar asosida 2025–2029 yillar uchun elektron to‘lovlar va elektron depozitlar rivojlanishining prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Tadqiqot xulosalari elektron pullar va raqamli to‘lov tizimlari iqtisodiy samaradorlikni oshirish, moliyaviy nazoratni kuchaytirish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, raqamli moliya infratuzilmasining barqaror rivojlanishi uchun kiberxavfsizlik tizimlarini takomillashtirish va aholining raqamli savodxonligini oshirish zarurligi asoslab berilgan.
Mazkur maqolada tashkilotlarda boshqaruv tizimining zamonaviy muammolari va ularning shakllanish omillari tizimli yondashuv asosida tahlil qilingan. Globallashuv, raqamli transformatsiya va raqobat muhitining kuchayishi sharoitida yuzaga kelayotgan tashkiliy, iqtisodiy, ijtimoiy-psixologik, texnologik hamda strategik muammolar boshqaruv tizimining tarkibiy quyi tizimlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijasida boshqaruv tuzilmasini optimallashtirish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, inson resurslari salohiyatini rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari sifatida asoslab berilgan.
Мақолада Ўзбекистон Республикасида давлат харидларини бошқаришнинг амалдаги механизмининг фаолият юритиш хусусиятлари кўриб чиқилади. Давлат харидлари тизимининг меъёрий-ҳуқуқий базаси, ташкилий тузилмаси ҳамда жараён компонентлари бўйича комплекс таҳлил амалга оширилди. Жумладан, режалаштириш, тендерларни ўтказиш, шартномалар тузиш ва уларнинг ижросини мониторинг қилиш босқичлари қамраб олинди. Таҳлил натижасида давлат харидларининг самарадорлигига таъсир этувчи автоматлаштириш даражасининг пастлиги, рақобат муҳитининг чекланганлиги, харид жараёни субъектлари ўртасида мувофиқлаштиришнинг заифлиги ва эҳтиёжларни баҳолашда расмий ёндашувнинг мавжудлиги каби асосий муаммолар аниқланди. Шунингдек, рақамлаштириш, жараёнлар шаффофлигини таъминлаш ҳамда назорат ва баҳолашнинг замонавий усулларини жорий этиш масалаларига алоҳида эътибор қаратилди. Олиб борилган таҳлил асосида амалдаги механизмни такомиллаштириш йўналишлари таклиф этилди, хусусан, электрон инфратузилмани ривожлантириш, риск-менежментни институционаллаштириш ва кадрлар малакасини ошириш чора-тадбирлари белгиланди. Олинган натижалар давлат харидлари тизимини ислоҳ қилиш ва бюджет ресурсларини бошқаришнинг барқарор моделини шакллантиришда амалий аҳамиятга эга.
Мазкур мақолада рақамлаштириш, институционал трансформация ва глобал таҳдидлар, жумладан ESG талаблари ҳамда корпоратив бошқарув шаффофлиги шароитида кончилик компанияларида стратегик бошқарув инструменти сифатида коммуникацион стратегиянинг ўрни ва аҳамияти тадқиқ этилган. Тадқиқотнинг долзарблиги Ўзбекистон Республикасида амалга оширилаётган иқтисодий ва институционал ислоҳотлар билан изоҳланади. Ушбу ислоҳотлар иқтисодиёт очиқлигини таъминлаш, инвестицияларни жалб этиш ҳамда корхоналарни жаҳон иқтисодий ҳамжамиятига интеграция қилишга қаратилган. Назарий ёндашувлар, халқаро тажриба ва «Навоий кон-металлургия комбинати» акциядорлик жамияти мисолидаги эмпирик маълумотлар таҳлили асосида коммуникацион стратегия нафақат ахборот таъминотини амалга ошириши, балки репутацион рискларни бошқариш ва бошқарув қарорларини қўллаб-қувватлашга хизмат қилиши асослаб берилган.
Maqolada fiskal boshqaruvdagi yaxshilanishlar ijtimoiy tenglik natijalariga qanday ta’sir qilishini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, u (Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik) PEFA asosidagi (Davlat moliyaviy boshqaruvi) PFM samaradorligi doirasidagi ko‘rsatkichlarini (Adolatga sodiqlik) CEQ asosidagi daromad tengsizligi va qashshoqlik metodologiyasi o‘lchovlari bilan birlashtiradigan empirik doirani integratsiya qiladi. Ushbu maqolada faqat milliy statistik va fiskal manbalardan olingan ommaga ochiq ma’lumotlarga tayanib, kompozit PFM indeksi tuzilgan va uning 2010-2024 yillardagi ijtimoiy tenglik natijalari bilan bog‘liqligi baholangan. Regressiya natijalari shuni ko‘rsatadiki, davlat moliyaviy boshqaruvidagi yaxshilanishlar daromad tengsizligi va qashshoqlikning pasayishi bilan sezilarli darajada bog‘liq. Xususan, budjet ishonchliligi va fiskal xavflarni boshqarish qayta taqsimlash samaradorligini oshiruvchi eng ta’sirli institutsional o‘lchovlar sifatida namoyon bo‘ladi. Tadqiqot o‘tish iqtisodiyotidan yangi empirik dalillarni taqdim etadi va fiskal boshqaruv islohotlariga institutsional va taqsimot nuqtai nazarlarini integratsiyalashning muhimligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida korporativ boshqaruv tizimining evolyutsiyasi va uning institutsional mazmunidagi o‘zgarishlar ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda raqamli texnologiyalar korporativ boshqaruvning yordamchi vositasi emas, balki uning institutsional yadrosi sifatida shakllanayotgani asoslab berildi. Direktorlar kengashining raqamli strategiya, ma’lumotlar siyosati va raqamli risklarni boshqarishdagi rolining kuchayishi alohida yoritilgan. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarda raqamli korporativ boshqaruvni joriy etish jarayonida yuzaga kelayotgan institutsional, tashkiliy, texnologik va normativ-huquqiy muammolar tizimli ravishda tahlil qilingan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, raqamli muhitda korporativ boshqaruvni takomillashtirish boshqaruv qarorlarining shaffofligi, tezkorligi va investitsion jozibadorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maqolada O‘zbekiston sharoitida davlat ishtirokidagi korxonalar uchun moslashtirilgan raqamli korporativ boshqaruvning mualliflik yondashuvi taklif etilgan.