Mazkur maqolada innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishning xorijiy tajribalari va ularning milliy iqtisodiyot sharoitida qo‘llash imkoniyatlari ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Hozirgi globallashuv jarayonida innovatsiyalarni joriy etish va investitsiyalarni samarali boshqarish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylangan. Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy mexanizmlar, huquqiy bazaning mukammalligi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi va ilmiy salohiyatning yuqoriligi muhim o‘rin tutadi. Milliy iqtisodiyotda bu tajribalarni tatbiq etish innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, venchur kapital bozorini shakllantirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish va startaplar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Shu bilan birga, xorijiy tajribani milliy sharoitga moslashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va milliy innovatsion tizimni takomillashtirish zarur. Mazkur maqolada xorijiy tajribalar tahlil qilinib, ularni o‘zbek iqtisodiyoti uchun tatbiq etish mexanizmlari yoritiladi hamda milliy innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishning nazariy va amaliy yo‘nalishlari asoslab beriladi.
Maqolada raqamli transformatsiya sharoitida O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda institutsional mexanizmlarning roli va strategik yo‘nalishlar tahlil qilingan. Mamlakatdagi mavjud investitsion muhit, davlat siyosati va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos takliflar ishlab chiqilgan. Xitoy, Estoniya va Singapur kabi mamlakatlar misolida zamonaviy raqamli infratuzilmaning investitsiyalar uchun jozibadorlikni oshirishdagi o‘rni ko‘rsatib berilgan.
Ushbu maqola Fransiya misolida soliqdan boʻyin tovlashga qarshi kurash mexanizmlarini tashkil etishda ilgʻor xorijiy tajribani tahlil qilishga bagʻishlangan. Unda Fransiya soliq nazorat tizimining asosiy jihatlari, jumladan raqamlashtirish, xalqaro hamkorlik, riskka asoslangan yondashuv va javobgarlik choralari koʻrib chiqiladi. Fiskal siyosat samaradorligini oshirish maqsadida ushbu tajribani milliy soliq tizimlariga tatbiq etish istiqbollari oʻrganiladi.
Ushbu maqolada yuqori daromadga ega jismoniy shaxslarni soliqqa tortish ma’muriyatchiligini takomillashtirish masalalari yoritilgan. Maqolada xalqaro tajribalar asosida soliqqa tortish tizimining samaradorligini oshirish yo‘llari tahlil qilingan hamda O‘zbekiston sharoitida qo‘llash mumkin bo‘lgan mexanizmlar o‘rganilgan. Tadqiqotda quyidagi masalalarga e’tibor qaratilgan: yuqori daromadli jismoniy shaxslar uchun soliq stavkalarini belgilash tamoyillari, soliqqa tortishda shaffoflik va adolatni ta’minlash, soliq ma’muriyatchiligida raqamlashtirish va elektron tizimlardan foydalanish, shuningdek, soliqni yashirish va chet elga kapital chiqib ketishining oldini olish mexanizmlari. O‘zbekiston uchun yuqori daromadga ega jismoniy shaxslarni soliqqa tortish ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada korxonalarda moliyaviy rejalashtirish samaradorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda xorijiy tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan mamlakatlarda moliyaviy rejalashtirish, avvalo, bozor mexanizmlari, raqamli texnologiyalar va moliyaviy nazorat tizimlari bilan uyg‘unlashgan holda amalga oshiriladi. Moliyaviy resurslarni samarali taqsimlash va optimallashtirish, byudjetlashtirish va prognozlashning avtomatlashtirilgan modellaridan foydalanish, risklarni boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga rioya qilish, korporativ boshqaruv prinsiplari asosida moliyaviy shaffoflik va mas’uliyatni ta’minlash juda muhim. Shu bilan birga, xorijiy korxonalar tajribasida innovatsion moliyalashtirish manbalaridan – venchur kapitali, obligatsiyalar, lizing va kraudfandingdan keng foydalanish kuzatiladi. Mazkur tajribalarni tahlil qilish O‘zbekiston korxonalari uchun moliyaviy rejalashtirishning samaradorligini oshirish, raqobatbardoshlikni kuchaytirish va jahon bozorlariga integratsiya jarayonlarini tezlashtirishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi
Ushbu maqolada alternativ moliya bozorining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan “Islom darchalari” faoliyatining mamlakatlar moliyaviy sektoriga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotda “Islom darchalari” konsepsiyasi, ularning an’anaviy banklar tarkibida tashkil etilishining iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishdagi roli va Shariat tamoyillariga mos xizmatlarni taqdim etish orqali bozor talabiga javob berish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, ushbu mexanizmning rivojlanayotgan mamlakatlardagi bank sektori barqarorligiga va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ta’siri tahlil qilinadi. Maqola tajriba asosidagi empirik natijalar va nazariy yondashuvlarni birlashtirgan holda “Islom darchalari”ning global moliyaviy bozordagi istiqbollarini ham yoritadi.
Ushbu maqolada zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlaridan biri bo‘lgan kraudfanding tizimining xorijiy davlatlardagi qo‘llanilish tajribalari va ularning ishlash tamoyillari tahlil qilingan. Tadqiqotda AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Xitoy kabi mamlakatlar misolida kraudfanding platformalarining asosiy turlari – xayriya, mukofot asosida, qarz va aksiyadorlik shakllari o‘rganildi. Shuningdek, ushbu platformalarning moliyaviy vosita sifatida afzalliklari, xavf-xatar omillari hamda huquqiy-institutsional asoslari tahlil etildi. Tadqiqot natijalari kraudfandingning moliyaviy inklyuzivlikni oshirish va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdagi rolini asoslashga xizmat qiladi.
Maqolada toʻlov tizimini rivojlantirishning asosiy masalalari zamonaviy xorijiy tajriba asosida oʻrganilgan hamda uning Oʻzbekistonda qoʻllanish imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov tizimining holati, muammolari va rivojlanish istiqbollariga kompleks tahlil asosida aniqlik kiritilgan. Oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov tizimini takomillashtirish boʻyicha amaliy takliflar va ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada xizmatlar bozorida innovatsion boshqaruvning iqtisodiy samaradorligini oshirish omillari tahlil qilinadi. Unda zamonaviy boshqaruv texnologiyalari, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va CRM tizimlarining xizmatlar sohasiga ta’siri yoritiladi. Innovatsion yondashuvlar orqali xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mijoz ehtiyojlariga tezkor javob berish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish masalalari asosiy e’tiborda bo‘ladi. Shuningdek, xorijiy tajriba va O‘zbekiston sharoitidagi amaliy muammolar tahlil qilinib, innovatsion boshqaruv samaradorligini ta’minlovchi asosiy ichki va tashqi omillar ko‘rsatib o‘tiladi. Maqola yakunida xizmatlar sohasida innovatsion boshqaruvni yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqola Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlarida dasturiy-maqsadli va natijaviy byudjetlashtirish amaliyotini o‘rganishga bag‘ishlangan. Turli davlatlar tomonidan byudjet jarayonining samaradorligi va shaffofligini oshirish uchun qo‘llanilayotgan yondashuvlar ko‘rib chiqiladi. Davlat dasturlarini shakllantirish, natijalarni baholash tizimi va boshqaruv qarorlarini qabul qilish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur mexanizmlarni amalga oshirishning ijobiy tajribalari va mavjud cheklovlar tahlil qilinadi. O‘tish davridagi iqtisodiyotga ega mamlakatlarda byudjet tizimini modernizatsiya qilish doirasida xorijiy tajribani moslashtirish muhimligi ta’kidlanadi
Maqolada sanoat korxonalarining innovatsion faoliyatini davlat tomonidan moliyaviy rag‘batlantirish usullari ko‘rib chiqilgan va tahlil qilingan. Mazkur masala bo‘yicha turli xil rag’batlantirish usullari o‘rganilgan va ularni sanoat korxonalarida foydalanish imkoniyatlari aniqlangan va baholangan. Innovatsion faoliyatni davlat tomonidan moliyaviy rag‘batlantirishning turli xil usullaridan foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu tadqiqot Global innovatsion indeks (GII) ma’lumotlariga asoslanib, O‘zbekistonning 2020-2025-yillardagi innovatsion samaradorligini baholaydi hamda uni jahon yetakchilari (Shveysariya, Shvetsiya, AQSH), rivojlanayotgan mamlakatlar (Hindiston, Vetnam, Marokash) va mintaqaviy hamkorlar (Qozog‘iston, Ozarbayjon) bilan taqqoslaydi. O‘zbekistonning umumiy GII reytingi 2025-yilda 79-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa-da, uning innovatsion natijalari kiritilgan resurslardan ancha past bo‘lib qolmoqda, natijada o‘rtacha samaradorlik farqi 23-pog‘onani tashkil etmoqda. Hindiston, Vetnam va Marokash o‘zlarining resurs darajasiga nisbatan kutilganidan yaxshiroq natijalarga erishayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘z salohiyatidan past natijalarni ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston uchun asosiy muammo investitsiyalar darajasi emas, balki ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini tijoratlashtirishning cheklanganligi, sanoat va ilmiy-tadqiqot sohalari o‘rtasidagi aloqalarning zaifligi hamda yuqori texnologiyali eksportning pastligi tufayli resurslarni natijalarga aylantirishning sekinligidir. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston innovatsion iqtisodiyotni barpo etish uchun tanlangan tarmoqlarga maqsadli xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va venchur moliyalashtirish orqali milliy innovatsion tizimni muvofiqlashtirishni takomillashtirishi lozim
Ushbu maqola innovatsion faoliyatga investitsiyalarni jalb etishning ahamiyati va ilmiy-nazariy, huquqiy asoslarini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Investitsiyalar ilmiy g‘oyalarni yangi mahsulot va texnologiyalarga aylantirishning muhim sharti sifatida ko‘rib chiqiladi. Investitsiya va innovatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka oid ilmiy-nazariy yondashuvlar (Shumpeter, Druker, milliy innovatsion tizimlar konsepsiyasi, o‘sishning endogen modellari) yoritib berilgan. Huquqiy jihatdan O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik asoslari, jumladan, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi (2019), “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi (2020) Qonunlar hamda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Innovatsion rivojlanish strategiyasi o‘rganilgan. Venchur moliyalashtirish mexanizmlari, startaplar uchun tartibga soluvchi sinov maydonchalar, shuningdek, xorijiy tajriba ko‘rib chiqilgan. Barqaror innovatsion o‘sishni ta’minlash uchun davlat ko‘magi, xususiy kapital va huquqiy kafolatlarni uyg‘unlashtiradigan kompleks yondashuvning zarurligi ta’kidlangan
Mazkur maqolada O‘zbekiston iqtisodiyoti islohotlari sharoitida davlat ulushiga ega korxonalarda moliyaviy resurslarni boshqarish va nazorat qilishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Germaniya, Koreya, Xitoy va Polsha kabi davlatlar tajribasi hamda mamlakatning metallurgiya sohasidagi holatini tahlil qilish asosida raqamli vositalarni joriy etish, institutsional nazoratni kuchaytirish va moliyaviy jarayonlarning shaffofligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Maqolaning ilmiy yangiligi xorijiy boshqaruv modellarini milliy va tarmoq xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirishdadir