Ushbu maqolada rivojlangan mamlakatlarning (AQSh, Germaniya, Yaponiya, Estoniya, Janubiy Koreya) kichik biznes statistikasini yuritish va axborot bazalaridan foydalanish tajribasi tahlil qilingan. Maqolada xorijiy davlatlarda qo‘llaniladigan statistik ko‘rsatkichlar tizimi, raqamli platformalar, real vaqt rejimida monitoring va sun’iy intellekt texnologiyalarining ahamiyati ko‘rsatilgan. Qiyosiy tahlil orqali O‘zbekiston statistik axborot bazasining (Stat.uz, my.gov.uz, soliq.uz, ERI, SPINIDA) hozirgi holati baholangan va uning takomillashtirish yo‘llari aniqlangan. Tadqiqot natijasida yagona elektron statistik tizim yaratish, platformalarni integratsiyalash, AI va Big Data texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash siyosatini takomillashtirish va milliy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda foydalanish mumkin
Ushbu maqolada chorvachilik tarmog‘i samaradorligini baholashda statistik tahlilning o‘rni va ahamiyati iqtisodiy yondashuvlar asosida tadqiq etiladi. Tahlilda dinamik qatorlar, variatsion ko‘rsatkichlar, korrelyatsion-regression modellari va hududiy taqqoslash usullari qo‘llanib, ishlab chiqarish hajmi, mahsuldorlik darajasi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini aniqlovchi omillar o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari statistik yondashuv chorvachilikda real holatni aniq baholash, ichki zaxiralarni aniqlash va boshqaruv qarorlarining iqtisodiy asoslanganligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi
Ushbu tadqiqot Pokistondagi islom banklarida moliyaviy ko‘rsatkichlar, xususan, aktivlar rentabelligi (ROA) va kapital rentabelligi (ROE) ning aksiyalar qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. Pokistonda islomiy banklar faoliyatida ROA va ROE kabi moliyaviy ko‘rsatkichlarning aksiyalar qiymatiga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha empirik tadqiqotlar yetishmaydi, bu esa investorlar uchun muhim bo‘lgan samaradorlik mezonlarini tushunishda bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Tadqiqotda miqdoriy yondashuv qo‘llanilgan bo‘lib, 2016–2022 yillar davridagi ikkilamchi statistik ma’lumotlar Pokiston Fond birjasi va Meezan Bank veb-saytlaridan olingan. ROA, ROE va bank aksiyalari narxi o‘rtasidagi bog‘liqlikni baholash uchun EViews dasturida chiziqli regressiya tahlili amalga oshirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, aksiyalar narxiga rentabellik va kapital ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq ROA ko‘rsatkichining ta’siri 10 foizlik ishonch oralig‘ida statistik jihatdan ahamiyatli hisoblanadi. Tadqiqot faqat Pokiston Islom Banki (PSB) va Meezan Bank (IMBS) ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib, natijalarni boshqa banklar yoki bozorlarga umumlashtirish imkoniyati cheklangan. Tadqiqot xulosasiga ko‘ra, investorlar islomiy banklar aksiyalarini baholashda ROA va ROE ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratishlari lozim, chunki bu ko‘rsatkichlar bankning moliyaviy samaradorligini tushunish va asosli investitsiya qarorlari qabul qilishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida uy xo‘jaliklari sektorining iqtisodiy faolligini oshirish yo‘nalishlari tizimli tahlil qilingan. Tadqiqot davomida 2019–2024 yillar oralig‘idagi statistik ko‘rsatkichlar, mintaqaviy tafovutlar, daromadlar va xarajatlar dinamikasi, iste’mol strukturasidagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining ta’sir kuchi baholandi. Uy xo‘jaliklarining daromadlarini shakllantirishda mehnat bozori, migratsiya, ijtimoiy to‘lovlar va raqamli iqtisodiyot omillarining ahamiyati alohida o‘rganildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining real daromadlarida barqarorlik mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim mintaqalarda resurslar yetishmovchiligi, iste’mol va sarmoya imkoniyatlarining cheklanganligi kuzatilmoqda. Maqolada uy xo‘jaliklarining iqtisodiy faolligini oshirish uchun beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan: moliyaviy xizmatlar infrastrukturasi rivoji, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish va hududiy differensial strategiyalarni ishlab chiqish. Ushbu yondashuvlar uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligi, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda elektron pullardan foydalanish jarayoni, uning rivojlanish omillari va mavjud muammolar tahlil qilingan. So‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi bilan elektron to‘lov vositalaridan foydalanish tendensiyalari sezilarli darajada kuchaygan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha ayrim cheklovlar, infratuzilma yetishmovchiligi, aholining raqamli savodxonligi va bank tizimiga ishonch darajasi kabi omillar jarayonni sekinlashtirayotganligi aniqlangan. Tadqiqotda O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘iston tajribalarini solishtiruvchi tahlil o‘tkazilgan, shuningdek 2017–2024 yillar davomida banklardagi jami mablag‘lar, elektron pullar ulushi va muddatli depozitlar tarkibidagi o‘zgarishlar statistik ko‘rsatkichlar orqali yoritilgan. Natijalar aholining elektron pullardan foydalanishida sezilarli o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, ularning umumiy bank mablag‘laridagi ulushi kamayganini ko‘rsatadi. Bu o‘zgarishlar raqamli infratuzilmaning rivojlanishi, xavfsizlik tizimlari, aholining raqamli savodxonligi va davlatning tartibga solish siyosati bilan bevosita bog‘liqligi ta’kidlangan. Muallif, elektron pul bozori rivojini rag‘batlantirish uchun infratuzilmani kengaytirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish, raqamli savodxonlikni oshirish va qonunchilikni takomillashtirish zarurligini asoslab beradi.