Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining investitsion jozibadorligiga taʼsir etuvchi omillar tahlili iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilma koʻrsatkichlarini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Asosiy omillar qatoriga rivojlangan infratuzilma mavjudligi, resurslarga kirish, davlat ko‘magi va urbanizatsiya darajasi kiradi. Erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) rivoji va biznes iqlimini yaxshilash ham hududlarning investorlar uchun jozibadorligini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Tadqiqot hududlarning kuchli va zaif tomonlarini aniqlashga yordam beradi, bu esa investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha samarali strategiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Maqola uy-joy qurilish bozori narxlariga ta’sir qiluvchi omillar va muammolarni o‘rganadi. Uy-joy sektori va uy-joy qurilishi boʻyicha turli dasturlarning iqtisodiy oʻsish va taraqqiyotga qoʻshayotgan hissasi hamda aholining ijtimoiy farovonligini oshirishga qaratilgan ko‘plab loyihalar bugungi kunda amalda kuzatilyapti. Bu maqolada ham shu boradagi ishlar qurilish materiallari, qurilish buyumlari, bezatish materiallari, iqtisodiy omillar, demografik omillar va boshqa omillar xulosalari va takliflari haqida tushuncha beriladi.
Ushbu maqola nafaqat O‘zbekistondagi eksport tuzilmasining tarixiy ahamiyatini taqdim etishga, balki eksport shartlari, nisbiy narxlar va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi potensial aloqalarni nazariy va tahliliy tarzda chuqur o‘rganishga qaratilgan. Avval, Markaziy Osiyo mamlakatlarining, xususan O ‘zbekistonning turli yo‘llarini batafsil tahlil qilib, tarixiy va ijtimoiy-iqtisodiy kontekstni to‘liq tushunishga harakat qilinadi. So‘ngra, iqtisodiy omillar, o‘zgaruvchilar va ularning o‘zaro aloqalarini hisobga olib, qiziqishlar kompleksining rivojlanishi yaxshilab tahlil qilinadi.
Mazkur ilmiy izlanishda O‘zbekiston Respublikasida erkin iqtisodiy zonalarni (EIZ) boshqarish samaradorligiga ta’sir etuvchi omillar chuqur tahlil qilinib, ularning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga qo‘shayotgan hissasi matematik modellar asosida baholangan. Jizzax erkin iqtisodiy zonasi misolida olib borilgan tadqiqotda 2015–2024 yillar oralig‘idagi real statistik ma’lumotlar asosida ishlab chiqarish hajmiga ta’sir etuvchi asosiy omillar – xorijiy investitsiyalar va bandlik darajasi – identifikatsiya qilindi. Tadqiqotda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasi asosida klassik chiziqli regressiya modeli, AR (autoregressiv) modeli, korrelyatsion-regression tahlillar, Fisher mezoni, Student testi va Durbin-Uotson mezonlari yordamida baholash ishlari olib borildi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda mintaqalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, hududlardagi qayta ishlash sanoatini innovatsion iqtisodiy rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mintaqada qayta ishlash sanoatini innovatsion iqtisodiy rivojlanishni takomllashtirishda xorij tajribasi va uni mintaqada qo‘llash imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, mintaqa agrosanoatida hududlararo subklasterlash mexanizmlarini rivojlantirish yo‘llari va istiqbollari, samaradorligini oshirish omillari, imkoniyatlari, tashkiliy-iqtisodiy, mexanizmlari hamda mintaqa innovassion iqtisodiy samaradorligini aniqlash va hisoblash uchun bu mintaqa neft-gaz sohasi, tog‘-konmetallurgiya sanoatini hamda agrosanoatida hududlararo aynan qanday omillar, qay darajada ta’sir etishini o‘rganish zarurligi va bu omillarni turlicha guruhlash mumkin bo‘lib, bu omillar aynan qaysisining samaradorligini aniqlanayotganligiga bog‘liqligi yoritib berilgan
Ushbu tadqiqot makroiqtisodiy omillar va kompaniyalar rentabelligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganadi hamda korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yalpi foyda marjasi (gross margin), operatsion marja (operating margin), EBITDA marjasi va aktivlarning rentabelligi (ROA)ga ta’sirini tadqiq qiladi. Nazariy yondashuvlar, empirik tahlillar va iqtisodiy-ekonometrik modelga tayangan holda, tadqiqot zamonaviy AQSH iqtisodiyotining asosiy drayverlari bo‘lgan 16 ta yirik kompaniya misolida makroiqtisodiy omillar va firmaning o‘zaro ko‘p qirrali aloqa dinamikasini ochib beradi. Natijalar valyuta kursi, inflyatsiya kabi makroiqtisodiy omillar va korporativ foyda o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi hamda kompaniyalarning makro darajadagi o‘zgarishlarga qanday javob berishini yoritadi. Shuningdek, moliyaviy menejerlar uchun amaliy ahamiyatlari muhokama qilinib, qaror qabul qilish jarayonlarida makroiqtisodiy sharoitlarni hisobga olish muhimligi ta’kidlanadi. Umuman olganda, maqola makroiqtisodiy omillar va firma ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tushunishga hissa qo‘shadi hamda kelgusida yanada chuqur tadqiq etilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha tavsiyalar beradi
Mazkur maqolada Qashqadaryo viloyatida kichik biznes va tadbirkorlikning rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar tizimli tahlil qilindi. Tadqiqotning maqsadi hududda kichik biznes sektorining iqtisodiy o‘sishdagi o‘rni, uning sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmatlar sohasi va tashqi savdo ko‘rsatkichlariga qo‘shayotgan hissasini aniqlashdan iboratdir. Tadqiqot metodologiyasi sifatida statistik tahlil, qiyosiy va trend tahlili, shuningdek, ilmiy adabiyotlar sharhi va amaliy ma’lumotlarni kompleks qayta ishlash usullaridan foydalanildi. Natijalar kichik biznesning hududiy iqtisodiyot barqarorligida muhim o‘rin tutishini, biroq investitsion muhit, infratuzilma va innovatsion rivojlanish omillarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi. Maqola yakunida Qashqadaryo viloyatida kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar va amaliy takliflar ishlab chiqildi
Mazkur maqolada O‘zbekistonda investitsiya muhiti tushunchasining ilmiy-nazariy asoslari, uni qo‘llanilish amaliyoti va bugungi hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish sharoitidagi ahamiyati o‘rganilgan. Investitsiya muhitiga ta’sir etuvchi omillar va iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlil etilgan. Shu bilan birga, hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishda investitsiya muhitini yaxshilashga doir ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar taqdim qilingan.
Ushbu maqolada davlat byudjeti va soliqlar orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda fiskal ko‘rsatkichlar, byudjet daromadlari va xarajatlari dinamikasi hamda ularning YaIMga nisbati o‘rganildi. Soliq tizimidagi strukturaviy o‘zgarishlar, soliqqa tortish bazasining kengayishi va raqamlashtirish jarayonlarining kuchayishi iqtisodiy barqarorlikka ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida ko‘rsatildi. Byudjet xarajatlari samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar infratuzilma loyihalarining eng yuqori natija berishini, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida esa samaradorlikni oshirish zarurligini ochib berdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlat fiskal siyosati iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda asosiy mexanizmlardan biri bo‘lib, kelgusida taqchillikni kamaytirish, xarajatlarni optimallashtirish va ijtimoiy samaradorlikni oshirish yo‘nalishlarida islohotlarni chuqurlashtirish zarurligi aniqlangan.
Mamlakatlarning iqtisodiy farovonligiga ta’sir etuvchi turizm eksporti ko‘pchilik mintaqalarda tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Turizm eksporti iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi, bu esa mamlakatlarning bandlik imkoniyatlari va valyuta tushumlarini oshirish imkonini beradi. Biroq, turizm eksportining barqarorligi va samaradorligi bir qancha omillar bilan belgilanadi va turli xavf-xatarlar bilan cheklanadi. Faktorlar mamlakatlarning turizm salohiyatini kengaytirish uchun qanday harakat qilishlari kerakligini ko‘rsatadi, shu bilan birga turizm bilan bog‘liq xavflar global bozorda ehtiyotkor bo‘lishga yordam beradi. Ushbu maqola ikkalasini ham tahlil qiladi va muallifning sanoatning keyingi rivojlanishi haqida shaxsiy taxminlarini aks ettiradi.
Ushbu maqolada chorvachilik tarmog‘i samaradorligini baholashda statistik tahlilning o‘rni va ahamiyati iqtisodiy yondashuvlar asosida tadqiq etiladi. Tahlilda dinamik qatorlar, variatsion ko‘rsatkichlar, korrelyatsion-regression modellari va hududiy taqqoslash usullari qo‘llanib, ishlab chiqarish hajmi, mahsuldorlik darajasi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini aniqlovchi omillar o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari statistik yondashuv chorvachilikda real holatni aniq baholash, ichki zaxiralarni aniqlash va boshqaruv qarorlarining iqtisodiy asoslanganligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi
Ushbu tadqiqotda Qashqadaryo viloyati misolida 2010–2025 yillar oralig‘idagi statistik ma’lumotlar asosida iqtisodiy o‘sishning endogen omillari neyro-fuzzy (ANFIS) va ko‘p qatlamli sun’iy neyron tarmoq (MLP) modellarida baholandi. Aholi daromadlari, an’anaviy va raqamli infratuzilma asosiy omillar sifatida tanlandi. ANFIS modeli yuqori aniqlikka (R² = 0.977; RMSE = 0.40; MAPE = 7.8%) erishib, iqtisodiy o‘sishdagi murakkab nochiziqli bog‘liqliklarni samarali aks ettirdi. Raqamli infratuzilma va daromadlar o‘rtasidagi kuchli sinergiya 3D sirt grafigi orqali tasdiqlandi. MLP modelining natijalari esa nisbatan pastroq bo‘ldi. Tadqiqot raqamli infratuzilmani kengaytirish va endogen tahlil yondashuvlarini strategik rejalashtirishda qo‘llash muhimligini ko‘rsatadi
Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish butun mamlakatlar uchun iqtisodiy o‘sish va daromadlarni oshirishga sezilarli hissa qo‘shadi. Ushbu tadqiqot ishida meva-sabzavot mahsulotlarining eksport salohiyatini rivojlantirishga ta’sir etuvchi turli omillar, jumladan, ishlab chiqarish quvvati, sifat standartlari, bozorga kirish va marketing strategiyalarini tahlil qilamiz. Imperik tadqiqot natijalariga va 2010-2023 yil oraliqlarida to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda mavjud meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmini oshirishga hamda bu orqali aholi jon boshiga YaIM ulushini yanada ko‘paytirishga qaratilgan qator takliflar taqdim etiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonning turizm brendini shakllantirish va rivojlantirish yo‘lidagi asosiy to‘sqinlik qiluvchi omillar tahlil qilinadi. Marketing nuqtai nazaridan qaralganda, turizm brendi nafaqat tashqi imijni, balki mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotini ifodalovchi muhim vositadir. Biroq, brend strategiyasining to‘laqonli amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar mavjud. Ushbu maqolada aynan ana shunday omillar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar beriladi.
Tijorat banklari mahsulotlari, yangi texnologiyalar va iqtisodiy oʻzgarishlarga moslashgan holda doimiy ravishda rivojlanmoqda. Ushbu maqola banklarning mahsulotlariga taʼsir qiladigan ichki va tashqi omillarni tahlil qiladi. Anʼanaviy, innovatsion (raqamli) va yashil kredit mahsulotlari orasidagi asosiy farqlarni koʻrsatib, har bir turdagi mahsulotning xususiyatlari va maqsadlari haqida soʻz yuritiladi. Shuningdek, maqola tijorat banklarining mahsulotlarining samaradorligini oshirish, raqobatdoshligini kuchaytirish va mijozlarga yaxshiroq xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan strategik takliflarni keltiradi.
Maqolada fanlararo ilmiy muammo sifatida turizmda isteʼmolchilarning xulq-atvorini oʻrganishga kompleks yondashuvdan foydalanishning maqsadga muvofiqligi asoslanadi. Asosiy eʼtibor iqtisodiy, xulq-atvor, ijtimoiy-madaniy komponentlarni oʻzida mujassam etgan integrativ modelning mohiyati, tuzilishi va uslubiy asoslarini nazariy tahlil qilishga qaratilgan. Ratsional tanlashning klassik iqtisodiy konsepsiyalarining cheklovlari va xulq-atvor omillarini, kognitiv buzilishlarni, ramziy isteʼmolni, shuningdek, raqamli muhitning turistlar tomonidan qaror qabul qilishiga taʼsirini hisobga olish zarurati taʼkidlangan. Nazariy qoidalar qisman Oʻzbekiston turizm sektoridagi isteʼmolchilar xulq-atvorining oʻziga xos xususiyatlarini tahlil qilish orqali yoritilgan. Zamonaviy sharoitda turizmni rivojlantirishning barqaror strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asosi sifatida kompleks yondashuvni nazariy tushunishning ahamiyati haqida xulosa qilinadi.
Ushbu maqolada mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini rivojlantirishning ekonometrik tadqiq etishning zamonaviy uslubiy sinergetik omilli yondashuvlari bilan bog‘liq muhim jihatlar bayon etilgan. Xususan, yashash joy va umumiy ovqatlanish korxonalar faoliyatining kompleks iqtisodiy tahlili uchun ko‘rsatkichlarning guruhlangan tizimi, korxonalar faoliyatini tahlil qilish tasnifining mezonlar bo‘yicha ssenariysi, rivojlantirishning sinergetik omillar to‘plamini shakllantirish sxemasi taklif etilgan.
Mintaqa iqtisodiyotining barqaror va inklyuziv rivojlanishini taʼminlash zamonaviy makro va mikrosiyosatning markaziy masalalaridan biridir. Ushbu maqolada mintaqaviy rivojlanishni iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional omillar nuqtai nazaridan tushunish hamda ularni ekonometrik modellashtirishning nazariy asoslari sistematik tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy vazifasi hududiy darajadagi rivojlanish jarayonlarini izohlovchi hamda prognozlovchi matematik-iqtisodiy modellarni tanlash va ularni nazariy jihatdan asoslashdan iborat. Ilmiy-tadqiqot ishida iqtisodiy o‘sishni belgilovchi endogen va ekzogen ko‘rsatkichlar (YAIM/GRDP, sanoat va xizmatlar hajmi, investitsiyalar, bandlik, daromadlar, infratuzilma va institutsional indikatorlar) tavsiflanadi va ularning o‘zaro bog‘liqligi nazariy platformada (neoklassik, institutsional va evolyutsion iqtisodiyot yondashuvlari) joylashtiriladi.
Mazkur maqola Xitoyning 1992-yildan 2023-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida sanoatining oʻsishi va uning keyingi 5 yillik prognozini hisoblashga qaratilgan. Bu maqolaning maqsadi Xitoyning sanoat taraqqiyoti va tanlab olgan omillarimizning iqtisodiy koʻrsatkichlari oʻrtasidagi qisqa va uzoq muddatli bogʻliqlikni oʻrganishga qaratilgan. Tadqiqotda miqdoriy usul qoʻllanildi. Iqtisodiy rivojlanishni tavsiflovchi sanoat va ushbu koʻrsatkichga taʼsir qiluvchi makroiqtisodiy omillarni tahlil qilish uchun ekonometrik vaqt seriyalari modellari, jumladan OLS (oddiy eng kichik kvadratlar) va VAR qoʻllanildi.
Ushbu maqolada globallashuv jarayonining jadallashuvi fonida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar va ularning demografik jarayonlarga ko‘rsatayotgan ta’siri kompleks tahlil qilinadi. XXI asrda iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashuvi, sanoatlashuvning tezlashuvi, resurslardan cheksiz foydalanish amaliyoti hamda transmilliy ishlab chiqarish zanjirlarining kengayishi ekologik bosimning keskin kuchayishiga olib kelmoqda. Atmosfera ifloslanishi, global isish, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi, biologik xilma-xillikning kamayishi kabi omillar nafaqat tabiiy ekotizimlarni, balki inson hayoti bilan bog‘liq demografik ko‘rsatkichlarni ham jiddiy o‘zgartirmoqda. Tadqiqotda ekologik muammolarning tug‘ilish ko‘rsatkichi, o‘lim darajasi, migratsiya oqimlari, aholi salomatligi, mehnat resurslarining sifati va hududiy demografik nomutanosiblik kabi jarayonlarga ko‘rsatadigan bevosita va bilvosita ta’siri yoritilgan. Xususan, ekologik xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda tug‘ilishning qisqarishi, kasallanishning oshishi, muddatidan oldin vafot etish holatlarining ko‘payishi, ekologik migratsiyaning kuchayishi, aholi salohiyatining pasayishi kabi demografik o‘zgarishlar qayd etilgan. Shuningdek, global iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan suv tanqisligi yoki qurg‘oqchilik kabi omillar aholining migratsiya strategiyasini shakllantiruvchi asosiy determinantlardan biriga aylangani ilmiy manbalar asosida ko‘rsatib beriladi
Ushbu tadqiqot O‘zbekistonda majburiy maktab yoshidagi bolalar orasida ijtimoiy-demografik omillar va maktabga qatnamaslik darajalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni milliy darajadagi uy xo‘jaliklari so‘rovnomasi ma’lumotlari asosida o‘rganadi. Maktabga qatnamaslik darajalari boshlang‘ich ta’lim, tayanch o‘rta ta’lim va o‘rta ta’lim bosqichlari bo‘yicha tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ayniqsa o‘rta ta’lim bosqichida o‘quvchilar maktabdan tashqarida qolish ehtimoli ancha yuqori. Bundan tashqari, uy xo‘jaliklarining boylik darajasi boshlang‘ich va tayanch o‘rta ta’lim bosqichlarida maktabdan chetlanish bilan sezilarli bog‘liqlikka ega bo‘ldi. Jins, yashash joyi (shahar/qishloq) yoki hudud bo‘yicha esa sezilarli farqlar aniqlanmadi. Bu ta’limdagi tenglik yo‘nalishida yutuqlar mavjudligidan dalolat berishi yoki aggregat darajadagi ma’lumotlar nozik tafovutlarni aniqlashda cheklangan bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Tadqiqot aniq maqsadli aralashuvlar uchun amaliy xulosalarni taqdim etadi hamda maktabga qatnamaslikning sabablarini chuqurroq tushunish uchun omilli va longitudinal yondashuvlardan foydalanadigan keyingi tadqiqotlarni tavsiya etadi.
Ushbu ilmiy maqolada raqobat va eksport tushunchasi, ularning bir-biriga o‘zaro bog‘liqligi muhokama qilinadi. Iqtisodiy raqobatbardoshlikni ta’minlashda unga ta’sir etuvchi omillar hamda uning mamlakat milliy iqtisodiyotida tutgan o‘rni, eksport samaradorligining raqobatga ta’siri hamda raqobatning amaliy va nazariy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Maqolada iqtisodiyotda raqobat va eksport tizimining bir-biriga bog‘liq jihatlari nazariy yondashuvlar asosida o‘rganilgan
Xitoy dunyodagi eng yetakchi eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lib, eksportni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning eng rivojlangan tizimiga ega mamlakat sifatida ajralib turadi. Ushbu tizimning markazida Xitoy Eksport-import banki, Xitoy Taraqqiyot banki, davlat eksport-kredit sug‘urta agentligi Sinosure, shuningdek, byudjet va soliq rag‘batlantirish mexanizmlari mavjud. Maqolada Xitoyning eksportni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha institutsional tuzilmasi va mexanizmlari tahlil qilinadi hamda ushbu modelning yuqori samaradorligini belgilovchi omillar aniqlanadi.
Tadqiqotda Xitoyning davlat eksport siyosatining asosiy elementlari normativ-huquqiy tartibga solish, kreditlash, sug‘urtalash, subsidiyalash instrumentlari hamda tashqi savdo jarayonlarining raqamlashtirilishi kompleks tarzda yoritilgan.
Mazkur maqola zamonaviy loyihalar boshqaruvi nazariyasining hozirgi davrda shakllanayotgan tamoyillari va ularning iqtisodiy jarayonlarda tutgan o‘rnini yoritadi. Globallashuv va raqobatning kuchayishi sharoitida loyihalarni samarali boshqarish davlat va xususiy sektor uchun muhim tizimli yondashuvga aylanmoqda. Maqolada loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda strategik rejalashtirish, aniq maqsad qo‘yish va risklarni oldindan baholashning ahamiyati ko‘rsatib o‘tilgan. Tadqiqotda loyiha boshqaruvida tashkilot ichidagi pirovard natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv, manfaatchi tomonlar bilan samarali kommunikatsiya o‘rnatish va resurslardan oqilona foydalanish masalalari tahlil qilinadi. Jamoa a’zolari o‘rtasida hamkorlik va mas’uliyatni taqsimlash, rahbarning motivatsion rolini kuchaytirish ham loyihaning muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qiluvchi omillar sifatida e’tirof etilgan. Maqola O‘zbekiston sharoitida loyihalar boshqaruvi tizimining rivojlanishi va amaliy qo‘llanilishi borasida ham muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. Mamlakatda iqtisodiy islohotlar, infratuzilma yangilanishi, innovatsion tizimlarning joriy etilishi va tadbirkorlikni rivojlantirish jarayonlarida loyihaviy boshqaruvning o‘rni tobora ortib bormoqda. Davlat dasturlari va investitsion loyihalarda boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish strategik natijalarga erishishda asosiy vosita sifatida ko‘rsatib berilgan
Mazkur maqolada innovatsiyani strategik boshqarishning nazariy asoslari, konseptual yondashuvlari hamda uning zamonaviy iqtisodiy tizimdagi o‘rni tahlil etilgan. Innovatsiya tushunchasining mohiyati, mazmuni va unga doir ilmiy yondashuvlar tizimlashtirilib, “innovatsiya”ni jarayon, natija, tizim, vosita va o‘zgarish sifatida talqin etuvchi ilmiy qarashlar solishtirilgan. Shuningdek, innovatsiyalarni tadbirkorlik subyektlarida strategik boshqarishning o‘ziga xos jihatlari, innovatsion salohiyatni shakllantirishda muhim omillar va me’yoriy-huquqiy asoslar o‘rganilgan. Maqolada xorijiy va mahalliy olimlarning (Komarov, Komkov, Asimova, Glazyev, OECD/Eurostat va boshqalar) qarashlari tahlil qilinib, innovatsiyalarni boshqarishda tizimli va evolyutsion yondashuvlarning ahamiyati asoslab berilgan