Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.
Ushbu tadqiqot Markaziy Osiyo tijorat banklari orasida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Boshqaruv) hisobot berish sifati bilan xalqaro raqobatbardoshlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni Yevropa Ittifoqi (YI) institutlarining moslashtirilgan namunasi bilan solishtirib o‘rganadi. Barqarorlik hisobotlarini tahlil qilish (2018–2024), yangi ESG hisobot berish sifati indeksi (EDQI) hamda 495 ta bank-yil kuzatuvlariga asoslangan panel regressiya analizi kabi aralash usullardan foydalangan holda, Markaziy Osiyo banklarining ekologik, ijtimoiy va boshqaruv sohalaridagi ESG shaffofligi YI mamlakatlari banklariga qaraganda ancha past ekanligi aniqlandi. Ahamiyatlisi, yuqori sifatli ESG hisobot berish chet el investitsiyalarining oqishini, yevrobond chiqarish ehtimolini, chet el mulkdorligini va kredit reytingini sezilarli darajada oshirish bilan mustahkam bog‘langan – bankning asosiy ko‘rsatkichlari va institutsional sifat nazorat qilinganidan keyin ham. Ayniqsa, ESG shaffofligining chegaraviy foydasi Markaziy Osiyoda YIga qaraganda ancha kuchliroq, bu shuni ko‘rsatadiki, bunday axborot kam uchraydigan rivojlanayotgan bozorlarda ishonchli hisobot berish muhim signal beruvchi mexanizm vazifasini bajaradi. Ushbu natijalar Markaziy Osiyo mamlakatlari nazorat organlari va banklari tomonidan moliyaviy integratsiyani va investorlarning ishonchini oshirish maqsadida global ESG hisobot berish standartlarini (masalan, ISSB, TCFD) qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Мазкур мақолада суғурта компаниялари фаолиятида ESG (экологик, ижтимоий ва корпоратив бошқарув) стандартларини жорий этишнинг аҳамияти ва амалий жиҳатлари таҳлил қилинган. ESG тамойилларининг инвестицион жараёнларга таъсири, хусусан, капитал самарадорлиги, рискларни бошқариш ва инвесторлар ишончини мустаҳкамлашдаги ўрни ёритилган. Шунингдек, маҳаллий ва халқаро тадқиқотлар таҳлили орқали ESG интеграциясининг амалий механизмлари, муваффақият омиллари ва тўсиқлари кўриб чиқилган. Мақолада ESGни самарали жорий этиш бўйича қатор тавсиялар, жумладан, ички сиёсат ишлаб чиқиш, ҳисоботлар шаффофлигини таъминлаш, инвестицион портфельни қайта кўриб чиқиш каби йўналишлар аниқланган.
Ushbu maqola ESG tamoyillarining korxonalarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashdagi o‘rnini o‘rganishga bag‘ishlanadi. ESG tamoyillari ekologik, ijtimoiy va boshqaruv sohalaridagi mas'uliyatlarni korxonalarning biznes faoliyatida amaliyotlarga tatbiq etish orqali nafaqat jamiyat va atrof-muhitga foyda keltirish, balki korxonaning uzoq muddatli rivojlanishini va barqarorligini ham ta'minlashga yordam beradi. Maqolada ESG tamoyillarining asosiy elementlari, ularning korxonalarning iqtisodiy samaradorligi va obro‘siga ta'siri hamda bu tamoyillarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan kompaniyalar misolida tahlil qilinadi.
Global iqlim o‘zgarishlari, havo haroratining ko‘tarilishi, Orol dengizining qurishi, cho‘llanish, salbiy meteorologik jarayonlarning takrorlanishi, yer hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish, biologik xilma-xillikning qisqarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi, ko‘p miqdordagi sanoat va maishiy chiqindilarning ko‘payib borishi mintaqaviy ekologik muammolarning kundan-kunga chuqurlashib borayotganligidan dalolat bermoqda. Mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish hamda iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir.
Ушбу мақолада Ўзбекистон акциядорлик жамиятларида корпоратив бошқарувнинг инновацион моделларини жорий этишнинг назарий ва амалий жиҳатлари таҳлил қилинди. Тадқиқотда корпоратив стратегияларни қайта кўриб чиқиш, мустақил кузатув кенгашларини кучайтириш, стейкҳолдерлар иштирокини кенгайтириш, ESG тамойиллари асосида масъулиятли бошқарув моделини ривожлантириш ҳамда корпоратив маданиятни инновацион йўналишга йўналтириш масалалари ўрганилди. Асосий эътибор корпоратив бошқарувда шаффофлик, ҳисобдорлик ва жавобгарликни оширишга қаратилган моделлар таҳлилига қаратилди. Илмий-амалий натижалар Ўзбекистонда корпоратив бошқарув тизимини халқаро стандартларга мослаштириш ва акциядорлик жамиятларининг инвестицион жозибадорлигини ошириш бўйича тавсиялар ишлаб чиқиш имконини берди.
Gender tengligiga erishish O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Senati 2030-yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasini tasdiqladi. Ushbu maqolada O‘zbekistondagi kompaniyalarda ish haqi tengligi va uning barqaror iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida boshqaruv samaradorligiga ta’siri kabi boshqaruvning gender jihati ko‘rib chiqiladi.
Ushbu maqolada qurilish materiallari sanoati korxonalarida ekologik faoliyatga qaratilgan investitsiyalarni buxgalteriya hisobida alohida obyekt sifatida aks ettirish zarurati tahlil qilingan. Amaldagi hisob siyosatida ekologik vositalar umumiy asosiy vositalar tarkibida yuritilishi ularning iqtisodiy samaradorligini aniq baholashga to‘sqinlik qilayotgani aniqlangan. Shu munosabat bilan 0100 schyoti doirasida 0192 va 0193 subhisoblarni joriy etish taklif etiladi. Mazkur subhisoblar orqali chang ushlovchi, chiqindini qayta ishlovchi va atmosfera tozalovchi uskunalarni aniq tasniflash, amortizatsiyasini hisoblash va monitoringini olib borish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu maqolada barqarorlik hisobotining asosiy mezonlari hamda xalqaro miqyosda keng qo‘llaniladigan standartlar — GRI (Global Reporting Initiative), IFRS S1 va IFRS S2, shuningdek TCFD (Task Force on Climate-related Financial Disclosures) tavsiyalari tahlil qilinadi. Barqarorlik hisobotining ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ko‘rsatkichlari orqali tashkilot faoliyatining uzoq muddatli barqarorligini baholashdagi o‘rni yoritib beriladi. GRI standartlarining manfaatdor tomonlar ehtiyojlariga yo‘naltirilganligi, IFRS S1 va S2 standartlarining moliyaviy ahamiyatga ega barqarorlik va iqlim bilan bog‘liq risk va imkoniyatlarni ochib berishga qaratilganligi hamda TCFD tavsiyalarining iqlimiy xavflarni boshqarishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot natijalari barqarorlik hisobotini shakllantirishda xalqaro standartlarning ahamiyatini aniqlashga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada yashil kreditlar portfelini shakllantirish jarayonida banklar duch keladigan asosiy risklar va ularni boshqarish strategiyalari tahlil qilindi. Xalqaro tajriba asosida kredit, iqlim, tranzit, texnologik, operatsion, bozor va “greenwashing” xavflarining tabiati ochib berildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, yashil kreditlar an’anaviy kreditlardan farqli ravishda murakkab risk profiliga ega bo‘lib, ular uchun ekologik taksonomiya, energiya samaradorlik sertifikatsiyasi, mustaqil audit va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmlar zarur. O‘zbekiston sharoitida ham ushbu vositalarni joriy etish banklar kredit portfelining sifatini oshirish, ekologik xavflarni kamaytirish va iqtisodiyotning “yashil transformatsiya”sini tezlashtirishga xizmat qiladi
Мақолада Ўзбекистонда барқарор ривожланишни молиялаштириш учун «яшил сукук» воситасининг имкониятлари таҳлил қилинган. Мамлакатнинг иқтисодий ва молиявий ҳолати, исломий молиялаштириш ва сукук бозорининг жорий ҳолати, «яшил» сукукнинг назарий асослари ўрганилган, шунингдек, ушбу воситани жорий этишдаги муаммолар ва унинг истиқболлари аниқланган. Тадқиқотда «яшил» сукукни татбиқ этиш, жумладан меъёрий-ҳуқуқий асосни шакллантириш бўйича илмий хулосалар ва амалий тавсиялар берилган.
Мазкур мақолада Ўзбекистонда кичик ва ўрта тадбиркорликни ривожлантириш жараёнида яшил логистика концепциясини жорий этишнинг назарий‑методологик асослари таҳлил қилинди. Муаллифлар томонидан илгари сурилган «уч даражали» трансформация модели инфратузилма модернизацияси, операцион рақамлашув ва қиймат трансфери босқичларини қамраб олиб, яшил логистика амалиётини босқичма‑босқич татбиқ этишни таклиф этади.
Ushbu maqolada yaxshi korporativ boshqaruv dastaklarini tizimli ravishda qo‘llashning aksiyadorlik jamiyatlarining kapital qiymatiga ta’siri o‘rganiladi. O‘zbekistonning yetakchi listingdagi kompaniyalari bo‘yicha empirik ma’lumotlardan foydalanilgan holda, kuzatuv kengashi mustaqilligi, audit qo‘mitalari, dividend siyosati, gender xilma-xilligi va manfaatdor tomonlar bilan muloqotni o‘z ichiga olgan integratsiyalashgan model taklif etiladi. Regressiya tahlili ushbu boshqaruv mexanizmlarining birgalikda qo‘llanishining Tobin Q ko‘rsatkichiga ijobiy ta’sir qiladi va bu agentlik nazariyasi, resursga asoslangan yondashuv hamda manfaatdor tomonlar nazariyasi doirasidagi ilmiy asoslarni tasdiqlaydi.