Ushbu maqolada Oʻzbekiston tijorat banklarining 1999–2023 yillardagi sof foiz marjasi (SFM) dinamikasi tahlil qilinadi. Sof foiz marjasi bankning foizli aktivlardan daromad olish samaradorligini ifodalaydi va moliyaviy barqarorlik hamda rentabellikni baholashda muhim koʻrsatkich hisoblanadi. Tadqiqotda mulkchilik shakliga koʻra banklar oʻrtasidagi farqlar, vaqt boʻyicha tendensiyalar hamda ekstremal kuzatuvlarning taʼsiri o‘rganildi. Natijalar xorijiy banklarning sof foiz marjasi boshqa guruhlarga nisbatan sezilarli darajada yuqori ekanini, davlat banklari esa eng past samaradorlikka ega boʻlganini koʻrsatdi. Shuningdek, 2017-yildan keyingi davrda davlat bevosita egalik qiluvchi banklarning samaradorligi sezilarli oshgani qayd etildi.
Тадқиқотда қарз маблағларининг иқтисодий, ижтимоий ва институционал қайтишини баҳолаш зарурлиги таъкидланади. Хусусан, транспорт-логистика ва энергетика тармоқларига йўналтирилган сармоялар миллий иқтисодиётда синергетик самара яратгани, ичимлик суви, соғлиқни сақлаш ва таълим соҳаларига йўналтирилган маблағлар эса аҳоли турмуш даражаси ва инсон капиталига ижобий таъсир кўрсатгани кўрсатилади. Шу билан бирга, ташқи қарз маблағларидан самарали фойдаланишда тўлов қобилияти, институционал сифат, шаффофлик ва миллий стратегиялар билан уйғунлик ҳал қилувчи аҳамият касб этади
Ушбу мақола суғурта ташкилотларининг барқарорлиги ва самарадорлигига таъсир қилувчи омилларни баҳолашга бағишланган. У ташқи ва ички омилларни, шу жумладан суғурта компанияларининг молиявий барқарорлиги ва операцион кўрсаткичларига таъсир қилувчи иқтисодий, молиявий, тартибга солиш ва бошқарув жиҳатларини ўрганади. Ушбу омилларни баҳолаш ўзгарувчан бозор шароитлари ва иқтисодий воқеликлар шароитида ташкилотларнинг барқарорлигига ҳисса қўшадиган ёки тўсқинлик қиладиган асосий елементларни аниқлашга имкон беради.
Ushbu maqolada davlat byudjeti va soliqlar orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda fiskal ko‘rsatkichlar, byudjet daromadlari va xarajatlari dinamikasi hamda ularning YaIMga nisbati o‘rganildi. Soliq tizimidagi strukturaviy o‘zgarishlar, soliqqa tortish bazasining kengayishi va raqamlashtirish jarayonlarining kuchayishi iqtisodiy barqarorlikka ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida ko‘rsatildi. Byudjet xarajatlari samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar infratuzilma loyihalarining eng yuqori natija berishini, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida esa samaradorlikni oshirish zarurligini ochib berdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlat fiskal siyosati iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda asosiy mexanizmlardan biri bo‘lib, kelgusida taqchillikni kamaytirish, xarajatlarni optimallashtirish va ijtimoiy samaradorlikni oshirish yo‘nalishlarida islohotlarni chuqurlashtirish zarurligi aniqlangan.
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Мазкур мақола иқтисодиётнинг рақамли трансформациясини таъминловчи стратегик механизмлардан бири сифатида “Оpen banking” бизнес моделини Ўзбекистон молиявий секторига жорий этишни ўрганишга қаратилган. Ушбу модел инновацияларни ривожлантириш, банк хизматлари бозорида рақобатни ошириш ҳамда аҳолига тақдим этилаётган молиявий хизматлар сифатини яхшилаш имконини беради. “Open Banking” концепцияси жаҳон амалиёти ва Буюк Британия тажрибасига урғу берган ҳолда ўрганилди, бунда очиқ тизимда ишлайдиган банкларнинг фаолияти таҳлил қилинди. Шунингдек, унинг ишончли норматив асосни яратиш, хавфсизлик ва махфийлик чораларини кучайтириш, банклар, финтех компаниялари ва регуляторлар ўртасида ҳамкорликни ривожлантириш қаби масалалар ўрганилди. Мақолани мақсади “Open banking” бизнес-моделини босқичма-босқич жорий қилиш жараёнида уни иқтисодий имкониятларини кўрсатиш билан бир қаторда кутилаётган хавфларга ҳам эътиборни каратиш ҳисобланади.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatining samaradorligi tahlil qilinib, uning iqtisodiy o‘sish va daromadlar tengsizligiga ta’siri empirik asosda baholangan. 2017–2023-yillar uchun rasmiy statistik ma’lumotlar asosida regressiya tahlili va Kuznets gipotezasi modeli qo‘llanilgan. Tadqiqot natijalari TQJ faoliyatining turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mintaqaviy tenglikni ta’minlash va bandlikni oshirishdagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Xalqaro tajriba asosida jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda korporativ sektorda moliyalashtirish mexanizmlarining amaldagi holati, mavjud tizimdagi muammolar va ularni hal qilish bo‘yicha takliflar yoritiladi. Xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston sharoitiga mos keladigan samarali moliyalashtirish strategiyalari ishlab chiqilib, moliyaviy diversifikatsiyalash, investorlar ishonchini oshirish va korporativ boshqaruvni takomillashtirish orqali barqaror moliyalashtirish tizimini shakllantirish yo‘llari taklif etiladi.
Mazkur maqolada tijorat banklari resurs bazasining samaradorligini oshirish yo‘llari, uning bank faoliyati barqarorligini ta’minlashdagi iqtisodiy ahamiyati hamda moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini kuchaytirishdagi roli kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank resurs bazasining tarkibiy tuzilmasi, uning likvidlikni boshqarish, kreditlash salohiyatini kengaytirish va risklarni minimallashtirishdagi o‘rni nazariy va amaliy jihatdan yoritiladi. Shuningdek, aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bo‘sh pul mablag‘larini bank resurs bazasiga jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish, depozit va nodavlat moliyaviy manbalarni diversifikatsiyalash, resurslar qiymatini optimallashtirish hamda banklar o‘rtasida raqobatbardoshlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Tadqiqot natijalari tijorat banklari resurs bazasi samaradorligini oshirish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining so‘nggi yillardagi raqamli transformatsiyasi jarayonlari, erishilgan yutuqlar hamda mavjud dolzarb masalalar tahlil qilinadi. Tadqiqotda tijorat banklari faoliyatida raqamli iqtisodiyotning, xususan, Big Data texnologiyalari va onlayn platformalarning roli, bank samaradorligini oshirishdagi ahamiyati hamda blokcheyn kabi innovatsion yondashuvlar o‘rganilgan. Olimlarning bank samaradorligini baholashdagi nazariy yondashuvlariga asoslanib, banklarning xarajatlarni minimallashtirish va foydani optimallashtirish ko‘nikmalari ta’kidlangan. Xulosa o‘rnida, O‘zbekistonda raqamli transformatsiya ekotizimini shakllantirish, fintech infratuzilmasini kengaytirish va xalqaro standartlarni joriy qilish orqali bank tizimining raqobatbardoshligini oshirish zarurligi ilgari surilgan.
Mazkur maqola O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni, xususan, investitsion loyihalarni moliyalashtirish, bandlik darajasini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishdagi faoliyatini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Unda “Yangi O‘zbekiston – 2030” dasturi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi kabi strategik hujjatlarning bank tizimini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlari yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekiston bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari (aktivlar, kreditlar, kapital va depozitlar) bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazilgan. Xususan, davlat ulushi mavjud banklar va boshqa banklar o‘rtasidagi farqlar, ularning bozordagi ulushlari va iqtisodiy barqarorlikka ta’siri statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Tahlil natijasida davlat banklarining bozorda ustun mavqega ega ekanligini, biroq boshqa banklarning depozitlarni jalb qilishda deyarli teng raqobatlasha olishi aniqlandi. Shuningdek, tijorat banklarining kreditlash faoliyati va muammoli kreditlar (NPL) hajmi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilib, bu boradagi risklar va samaradorlik baholangan.
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozorida dualistik moliyaviy tizimning joriy etilishi orqali instrumentlararo, institutlararo, sektorlararo va tizimlararo raqobatning shakllanish jarayonini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda sifat yondashuvi asosida dualistik modelning institutsional, huquqiy va iqtisodiy muhitga ta’siri hamda ushbu tizimning raqobatni kuchaytirishdagi imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, moliya bozorida diversifikatsiya yetarli darajada shakllanmagani, moliyalashtirish manbalari deyarli to‘liq bank tizimiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, dualistik moliya tizimi raqobatning yangi shaklini tizimlararo raqobatni vujudga keltirishi, moliyaviy xizmatlar segmentida samaradorlikni oshirishi va moliya bozorining diversifikatsiyasiga xizmat qilishi aniqlangan. Ushbu tizimning tatbiqi uchun zarur institutsional shart-sharoitlar, infratuzilma talablari va bozorni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar asoslab berilgan
Ushbu maqolada davlat xaridlarini tashkil etishning xorijiy mamlakatlardagi ilg‘or tajribalari o‘rganiladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy va Singapur kabi davlatlarning xarid tizimlari, ularning institutsional asoslari, raqamlashtirish darajasi, shaffoflikni ta’minlash mexanizmlari hamda korrupsiyaga qarshi choralar tahlil qilinadi. Xorij tajribasi O‘zbekiston davlat xaridlari tizimini takomillashtirishga oid amaliy tavsiyalar bilan yakunlanadi
Мақолада таълим тизимида давлат-хусусий шерикчилик, молиялаштириш масалалари, муаммолари ҳамда унинг аҳамияти кўрсатиб ўтилган. Шу билан бир қаторда таълим муассасаларида давлат-хусусий шерикчилик бўйича амалга оширилаётган лойиҳалар, молиявий ресурслар самарадорлиги, давлат-хусусий шерикчиликда молиялаштиришнинг янги имтиёзлари, тижорат банк кредитларини амалиётга жорий этиш берилиши лозим бўлган имтиёзларга таҳлилий ёндашувлар келтирилган.
Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.
Мақолада Ўзбекистонда фаолият юритаётган иқтисодий ночор корхоналар муаммолари, уларнинг молиявий барқарорлиги ва рентабеллигини тиклаш масалалари комплекс ёндашув асосида ёритилган. Тадқиқот давомида корхоналарнинг молиявий аҳволини баҳолашда халқаро тажрибалар (ЕИ, АҚШ, Жанубий Корея) ва маҳаллий ёндашувлар солиштирилиб, миллий тизимда мавжуд камчиликлар аниқланади. Шунингдек, мақолада давлат дастурлари орқали имтиёзли молиялаштиришдан фойдаланаётган корхоналар таҳлили келтирилиб, саноат, энергетика, қишлоқ хўжалиги, туризм ва инновацион тармоқларда ажратилган маблағлар миқдори ва мақсадлари кўрсатиб ўтилган. Бундан ташқари, молиявий ҳолатни баҳолашда қўлланилаётган асосий механизмлар – тўловга қобилиятни таҳлил қилиш, қарздорлик коеффициенти, санаация режаси, муҳандислик-иқтисодий экспертиза ва иқтисодий судлар қарорлари – уларнинг афзалликлари ва камчиликлари билан бирга таҳлил қилинади. Бу услубларнинг такомиллашуви рақамли платформалар, автоматлаштириш, халқаро баҳолаш стандартларини жорий этиш заруратини юзага чиқаради.
Мақолада молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликнинг институционал ўзига хосликлари назарий ва амалий жиҳатдан тадқиқ этилган. Ўзбекистонда давлат молиясини бошқариш тизимини модернизация қилиш, бюджет жараёнларида очиқлик даражасини ошириш, халқаро молиявий ҳисобот стандартларига босқичма-босқич ўтиш бўйича амалга оширилаётган ислоҳотлар таҳлил қилинган. Халқаро тажриба (Финляндия, Канада, Жанубий Корея, Австралия, Швеция) мисолида самарали молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликни таъминловчи омиллар реал вақтда маълумот тақдимоти, мустақил аудит институтлари ва рақамли технологиялардан фойдаланишнинг аҳамияти кўрсатиб берилган. Шунингдек, Ўзбекистоннинг PEFA ва Очиқ бюджет индекси кўрсаткичлари таҳлил қилиниб, мавжуд муаммолар ва уларни ҳал қилиш йўналишлари юзасидан таклифлар ишлаб чиқилган. Тадқиқот натижаларига кўра, миллий қонунчиликни мустаҳкамлаш, ахборотларни халқаро стандартлар асосида тақдим этиш, жамоатчилик иштирокини кенгайтириш ва рақамли технологияларни жорий этиш молиявий ҳисобдорлик ва шаффофликнинг институционал пойдеворини мустаҳкамлашда ҳал қилувчи аҳамиятга эга.
Ushbu tadqiqotda milliy iqtisodiyotda Logistika industriyasi taʼminot zanjirlarida ortib borayotgan murakkabligi va korporativ boshqaruvninig kapital talabchanligi moliyaviy optimallashtirishning samarali vositalarini ishlab chiqish taʼkidlangan. Bugungu kun logistika sohasida faoliyat yurituvchi korporativ tuzilmalarda moliyalashtirish jarayonlarini optimallashtirish uchun moʻljallangan algoritmik yondashuvni baholash taklif etilgan. Ushbu algoritm moliyaviy oqimlarning oqilona taqsimlanishini taʼminlash uchun moliyaviy samaradorlik koʻrsatkichlari, risklarni baholash modellari va resurslarni taqsimlash mexanizmlarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot boʻyicha natijalar shuni koʻrsatadiki, taklif etilgan algoritm iqtisodiy samaradorlik, likvidlikni baholash va investitsion moslashuvchanlikni oʻlchashda dinamik logistika muhiti bilan bogʻliq moliyaviy risklarni kamaytiradi.
Ushbu maqolada korxonaning iqtisodiy salohiyatini tahlil qilish va baholash usullari, uning samaradorligini oshirish omillari o‘rganilgan. Iqtisodiy salohiyatning asosiy ko‘rsatkichlari, korxona faoliyatining raqobatbardoshligini ta’minlashdagi ahamiyati tahlil qilinadi. Maqolada moliyaviy va iqtisodiy ko‘rsatkichlar, samaradorlik mezonlari asosida baholash metodlari keltirilgan va ularning amaliy qo‘llanilishi haqida fikrlar berilgan.
O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan institutsional va huquqiy islohotlar tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat moliyasining ochiqligini ta’minlash, byudjet jarayonida fuqarolik ishtirokini kuchaytirish, soliq va xarajatlar tizimini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotda ushbu islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ularning samaradorligi, xalqaro standartlarga (masalan, IMF’ning fiskal shaffoflik mezonlari, PEFA indikatorlari) muvofiqligi baholanadi.
Ушбу тадқиқотнинг мақсади саноат корхоналарини рақамлаштириш шароитида инвестиция фаолияти методологиясини такомиллаштириш йўналишларини кўриб чиқиш ва таҳлил қилишдан иборат. Мақолада “Ўзбекнефтгаз” АЖ мисолида сунъий интеллектдан фойдаланган ҳолда Дьюпонт модели орқали компания ўз (акциядорлик) капиталининг рентабеллигини ошириш орқали инвестиция фаолиятини такомиллаштиришининг методологик асослари кўриб чиқилган.
Ushbu maqolada alternativ moliya bozorining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan “Islom darchalari” faoliyatining mamlakatlar moliyaviy sektoriga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotda “Islom darchalari” konsepsiyasi, ularning an’anaviy banklar tarkibida tashkil etilishining iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishdagi roli va Shariat tamoyillariga mos xizmatlarni taqdim etish orqali bozor talabiga javob berish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, ushbu mexanizmning rivojlanayotgan mamlakatlardagi bank sektori barqarorligiga va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ta’siri tahlil qilinadi. Maqola tajriba asosidagi empirik natijalar va nazariy yondashuvlarni birlashtirgan holda “Islom darchalari”ning global moliyaviy bozordagi istiqbollarini ham yoritadi.
Ushbu maqolada maktab yoshidagi bolalar orasida moliyaviy savodxonlikni oshirish uchun mo‘ljallangan interaktiv o‘yin asosidagi ta’lim vositalarini ishlab chiqish va joriy etish ko‘rib chiqiladi. An’anaviy iqtisodiy ta’limda yosh o‘quvchilarni jalb qilishdagi qiyinchiliklarni tan olgan holda, tadqiqot o‘yinlarni moliyaviy tushunchalar uchun moslashtirilgan raqamli va nodigital o‘yinlar orqali pedagogikaga integratsiya qilishga qaratilgan. Ushbu tadqiqotda gamifikatsiyaning o‘quvchilar motivatsiyasi va tushunishiga ta’siri amaliy misollar va ilg‘or tajribalarga asoslanib yoritiladi. Natijalar o‘yin asosidagi yondashuvlarning amaliy moliyaviy ko‘nikmalarni shakllantirish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va nazariy bilimlarni real hayot amaliyotiga bog‘lashdagi samaradorligini ko‘rsatadi, bu esa moliyaviy ta’limga transformatsion yondashuvni taklif qiladi.