Maqolada ijtimoiy xizmatlar tushunchasining mohiyati va iqtisodiy kategoriya sifatidagi o‘rni turli nazariy yondashuvlar asosida tahlil qilingan. Institutsional nazariya, jamoat va merit tovarlari nazariyasi, farovonlik davlati konsepsiyasi hamda inson kapitali nazariyasi doirasida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ilmiy ta’riflar tizimlashtirilgan. Ijtimoiy xizmatlarning ijtimoiy adolat, ijtimoiy barqarorlik va inson kapitalidan foydalanish samaradorligini oshirishdagi roli asoslab berilgan. Xorijiy va milliy olimlar yondashuvlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy xizmatlarga berilgan ta’riflar tahlil qilingan. Mualliflik yondashuvi asosida ijtimoiy xizmatlar o‘tish iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion va institutsional mexanizm sifatida talqin qilingan.
Мақолада Ўзбекистон иқтисодиётидаги замонавий трансформация жараёнлари контекстида қурилиш хизматлари соҳасини ривожлантиришнинг иқтисодий механизмлари ўрганилган. Тадқиқотнинг долзарблиги қурилиш соҳасининг иқтисодий ўсишни таъминлаш ва аҳоли турмуш сифатини ошириш стратегик роли билан асосланган. 2020-2024 йиллар давридаги статистик маълумотлар таҳлили асосида соҳа ривожланишининг асосий тенденциялари, жумладан, қурилиш ишлари ҳажмининг 233,8 трлн сўмгача ўсиши ва кичик тадбиркорлик субъектлари иштирокининг кенгайиши аниқланди. Институционал муҳитни такомиллаштириш, молиявий механизмларни оптималлаштириш ва қурилиш соҳасини рақамлаштириш бўйича тавсиялар берилган
Mazkur maqola mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishda innovatsion siyosatning rolini ilmiy asoslangan holda oʻrganadi. Globalizatsiya va raqamli transformatsiya sharoitida, mintaqaviy innovatsiya tizimlari (RIS) va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs) bilan moslashgan uchinchi avlod siyosati iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda asosiy omil ekanligi taʼkidlanadi. Tadqiqot sistematik adabiyot tahlili (SLR) metodologiyasiga asoslanib, Scopus, Web of Science va ResearchGate bazalaridagi soʻnggi yillarda chop etilgan bir qancha tadqiqot ishlarini tahlil qiladi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, innovatsion siyosat Yevropa Ittifoqi (S3 strategiyalari) va Xitoy (MLP dasturlari) misollarida GRDP ni 5-15% ga oshirib, bandlik va raqobatbardoshlikni yaxshilaydi, ammo kam rivojlangan mintaqalarda institutsional cheklovlar va polarizatsiya xavfi mavjud. Xulosada, siyosatning samaradorligi R&D investitsiyalari va universitet-sanoat hamkorligiga bogʻliq ekanligi isbotlanadi. Takliflar orasida subsidiyalarni oshirish va moslashuvchan shartlarni joriy etish mavjud boʻlib, kelgusidagi tadqiqotlar rivojlanayotgan mamlakatlarga eʼtibor qaratishi kerak.
Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyotning zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi roli tahlil qilinadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining (AKT) jadal rivojlanishi tufayli paydo boʻlgan raqamli iqtisodiyot global iqtisodiy jarayonlarga chuqur taʼsir koʻrsatmoqda. Maqolada raqamli iqtisodiyotning asosiy tarkibiy qismlari, jumladan, elektron tijorat, Fintex, katta maʼlumotlar tahlili, sunʼiy intellekt va bulutli texnologiyalar koʻrib chiqiladi. Ushbu texnologiyalar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va bozorga kirishni osonlashtirish orqali iqtisodiy oʻsishga sezilarli hissa qoʻshmoqda. Shu bilan birga, maqolada raqamli tengsizlik, kiber xavfsizlik va maʼlumotlar xavfsizligi kabi raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan muammolar ham muhokama qilinadi. Maqola yakunida raqamli iqtisodiyotning ijobiy va salbiy tomonlarini muvozanatlash orqali barqaror va inklyuziv iqtisodiy oʻsishga erishish yoʻllari taklif etiladi.
Eng tez rivojlanayotgan iqtisodiy sanoat bo‘lgan turizm ko‘pchilik mamlakatlar uchun asosiy daromad ishlab chiqaruvchilardan biriga aylandi. Turizm nafaqat tadbirkorlik subyektlariga katta daromad manbai, balki aholi bandligi va iqtisodiy farovonligiga ham bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu maqolada turizm eksportining jahon savdosida o‘ynaydigan muhim roli o‘rganilib, ularning YaIM, valyuta tushumlari va bandlikka qo‘shgan hissasiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, u global miqyosda sanoatdagi pandemiyadan oldingi va keyingi vaziyatni o‘rganadi va sektor duch keladigan muammolar va imkoniyatlarni ko‘rib chiqadi. Topilmalar turizmning iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdagi ahamiyatini va PEST tahlili orqali sanoatda barqaror amaliyotlar zarurligini ta’kidlaydi.
Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish butun mamlakatlar uchun iqtisodiy o‘sish va daromadlarni oshirishga sezilarli hissa qo‘shadi. Ushbu tadqiqot ishida meva-sabzavot mahsulotlarining eksport salohiyatini rivojlantirishga ta’sir etuvchi turli omillar, jumladan, ishlab chiqarish quvvati, sifat standartlari, bozorga kirish va marketing strategiyalarini tahlil qilamiz. Imperik tadqiqot natijalariga va 2010-2023 yil oraliqlarida to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda mavjud meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmini oshirishga hamda bu orqali aholi jon boshiga YaIM ulushini yanada ko‘paytirishga qaratilgan qator takliflar taqdim etiladi.
Mazkur maqolada mintaqa iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda raqamli transformatsiyaning o‘rni va ahamiyati nazariy hamda metodologik jihatdan tahlil qilinadi. Raqamli texnologiyalar sun’iy intellekt, big data, bulutli hisoblash, IoT va elektron platformalarning hududiy iqtisodiy tizimlarga ta’siri o‘rganilib, ularning resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, investitsion jozibadorlikni kuchaytirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi roli asoslab beriladi. Tadqiqotda mintaqaviy rivojlanishda raqamli transformatsiyaning institutsional, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlari integratsiyalashgan yondashuv asosida ko‘rib chiqiladi. Olingan natijalar mintaqaviy siyosatni raqamlashtirish orqali hududlararo tafovutlarni kamaytirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Maqolada hududlardagi sanoat korxonlarining ishlab chiqarish qobiliyatini oshirish va yangi infratuzulmalarni joriy etish hozirgi kundagi dolzarb mavzulardan biri ekanligi, sanoat tizimida yangi innovatsiyalarni qo‘llash yordamida erishiladigan natijalar tasnifi, iqtisodiy-matematik modellashtirish tarkibi, iqtisodiy-matematik modellashtirishni amalga oshirishda qo‘llaniladigan algoritmik texnologiyalar, iqtisodiy-statistik usullar va tahlil vositalari tarkibi, matematik modellashtirish va optimallashtirish asosida foydalanish mexanizmini tashkil etish hamda sanoatni rivojlantirishda yangi qaror qabul qilish manbalarini ilmiy asoslash talablari nazariy jihatdan yoritilib berilgan va bu bo‘yicha xulosa va takliflar berilgan
Ушбу мақолада инфратузилма ривожланишининг иқтисодий моҳияти илмий жиҳатдан таҳлил қилинган. Инфратузилманинг иқтисодий ўсишни жадаллаштириш, иш ўринларини яратиш, инвестицияларни жалб қилиш ва аҳоли турмуш сифатини оширишдаги роли очиб берилган. Халқаро тажрибалар таҳлили асосида инфратузилмани молиялаштиришнинг замонавий моделлари (давлат-хусусий шериклик, тўғридан-тўғри хорижий инвестициялар, халқаро молиявий институтлар кредитлари) ҳамда уларнинг Ўзбекистон шароитида қўллаш имкониятлари кўрсатилган. Муаллиф инфратузилмани барқарор иқтисодий ривожланишнинг асосий стратегик омили сифатида баҳолайди.
Mazkur maqolada iqtisodiy diplomatiya mamlakatning rivojlanish darajasiga qarab o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratilgan. Buning sababi shundaki, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar nafaqat iqtisodiy taraqqiyotning turli bosqichlarida, balki jahon iqtisodiy va siyosiy maydonida ham turli maqsadlarni ko‘zlaydilar. Boshqacha aytganda, bir maqsad doirasidagi turli vazifalar (jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish) turli diplomatik vositalardan foydalanishni taqozo etishi bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida uy xo‘jaliklari sektorining iqtisodiy faolligini oshirish yo‘nalishlari tizimli tahlil qilingan. Tadqiqot davomida 2019–2024 yillar oralig‘idagi statistik ko‘rsatkichlar, mintaqaviy tafovutlar, daromadlar va xarajatlar dinamikasi, iste’mol strukturasidagi o‘zgarishlar va davlat siyosatining ta’sir kuchi baholandi. Uy xo‘jaliklarining daromadlarini shakllantirishda mehnat bozori, migratsiya, ijtimoiy to‘lovlar va raqamli iqtisodiyot omillarining ahamiyati alohida o‘rganildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, uy xo‘jaliklarining real daromadlarida barqarorlik mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim mintaqalarda resurslar yetishmovchiligi, iste’mol va sarmoya imkoniyatlarining cheklanganligi kuzatilmoqda. Maqolada uy xo‘jaliklarining iqtisodiy faolligini oshirish uchun beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan: moliyaviy xizmatlar infrastrukturasi rivoji, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, boshqaruvni raqamlashtirish va hududiy differensial strategiyalarni ishlab chiqish. Ushbu yondashuvlar uy xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligi, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Maqolada mehnat resurslari toʻgʻrisidagi olimlarning nazariy qarashlari, Oʻzbekiston Respublikasi doimiy aholisining hududlar boʻyicha taqsimlanishi, oʻsish tendensiyasi, mehnat resurslarining iqtisodiy faol va nofaol aholi boʻyicha taqsimlanishi, ularning mintaqalardagi oʻsish tendensiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha taqsimlanishi haqida fikr yuritiladi.
Ushbu maqola raqamli iqtisodiyotning zamonaviy umumiqtisodiy taraqqiyotdagi rolini nazariy va empirik jihatdan tahlil qiladi. Maqolada raqamli texnologiyalar, platformalar, elektron savdo va moliyaviy texnologiyalarning iqtisodiy o‘sish, investitsiya jarayonlari, bandlik va barqaror rivojlanishga ta’siri ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijalari raqamli iqtisodiyotning iqtisodiy samaradorlik, innovatsiya va inson kapitalini rivojlantirishdagi strategik ahamiyatini tasdiqlaydi hamda raqamli infratuzilma va institutsional mexanizmlarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni taqdim etadi
Mazkur maqolada O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi, davlat xarajatlari va jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlarining o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida statistik ma’lumotlar asosida trend tahlil amalga oshirildi hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan qiyosiy tahlil o‘tkazildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy yo‘naltirilgan fiskal siyosat kambag‘allik darajasini kamaytirishda muhim omil hisoblanadi. Shu bilan birga, fiskal siyosatning samaradorligi davlat xarajatlarining tarkibi va yo‘naltirilishiga bog‘liq ekanligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan samarali iqtisodiy siyosat choralarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi
Мақолада Ўзбекистонда инфратузилма лойиҳаларини молиялаштиришда ташқи қарз маблағларидан фойдаланишнинг иқтисодий аҳамияти ва самарадорлиги таҳлил қилинган. Тадқиқотда ташқи қарз ресурсларининг энергетика, транспорт, коммунал хизматлар ва сув хўжалиги инфратузилмасини ривожлантиришдаги роли ўрганилди. Шунингдек, инфратузилма инвестицияларининг иқтисодий ўсишга мультипликатив таъсири, инвестиция лойиҳаларини молиялаштиришдаги институционал муаммолар ва ташқи қарз маблағларидан самарали фойдаланиш имкониятлари таҳлил қилинди. Тадқиқот натижалари инфратузилма лойиҳаларини молиялаштиришда инвестицияларни баҳолаш механизмларини такомиллаштириш, давлат-хусусий шерикликни кенгайтириш ва ташқи қарз портфелини самарали бошқариш муҳим аҳамиятга эга эканлигини кўрсатди. Мазкур ёндашувлар ташқи қарз маблағларидан фойдаланиш самарадорлигини ошириш ва мамлакат инфратузилмасини барқарор ривожлантиришга хизмат қилади
Maqola “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional islohotlar yo‘nalishining asosiy ko‘rsatkichlarini ta’minlash nuqtai nazaridan sanoat korxonalarida budjetni boshqarish tizimini joriy etishning ahamiyatiga bag‘ishlangan. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda sanoat siyosati va texnologik modernizatsiya roliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maqolada shuningdek, sanoat korxonalari samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va strategik maqsadlarni boshqariladigan va samarali jarayonga aylantirish vositasi sifatida budjetni boshqarish tizimini joriy etishni asoslangan dalillari keltirilgan
Мақолада замонавий иқтисодиёт шароитида давлатнинг инновацион фаолиятни молиялаштиришдаги ўрни ва аҳамияти илмий жиҳатдан таҳлил қилинган. Инновацияларнинг иқтисодий ўсиш, миллий рақобатбардошлик ва технологик тараққиётни таъминлашдаги таъсири кенг ёритилган. Шу билан бирга, хорижий мамлакатлар тажрибаси асосида инновацияларни давлат томонидан қўллаб-қувватлашнинг самарали механизмлари ўрганилган. Тадқиқот натижалари асосида Ўзбекистон иқтисодиётида инновацион фаолиятни молиялаштириш тизимини такомиллаштиришга оид амалий таклифлар ишлаб чиқилган.
Maqolada mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida hududlar eksportining dinamikasi va hozirgi holati, uning tarkibiy o‘zgarishlari tahlil qilingan. Shuningdek, eksportni diversifikatsiyalash va barqarorligini ta’minlash masalalari tahlil qilingan. 2014-2024 yillar bo‘yicha statistik ma’lumotlar asosida Surxondaryo viloyati eksport dinamikasi tahlil qilingan, ARIMA modeli yordamida 2025-2030 yillarga prognozlar ishlab chiqilib, eksport hajmining o‘sish tendensiyasi aniqlangan. Shuningdek, eksport tarkibini kengaytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish, raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali eksportni rivojlantirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Мазкур мақолада ҳудудий ривожланиш жараёнида институционал механизмларнинг ўрни ва аҳамияти кўриб чиқилади. Ҳукумат, маҳаллий идоралар, хусусий сектор ва фуқаролик жамияти ўртасидаги ўзаро муносабатларни шакллантирувчи механизмлар ҳудудий иқтисодий ўсишни таъминловчи асосий восита сифатида баҳоланади. Хорижий мамлакатлар (ЕИ, Украина, Россия) тажрибаси таҳлил қилинади, шунингдек, институционал ёндашувнинг назарий ва амалий асослари очиб берилади. Илмий манбалар таҳлили орқали ушбу механизмларнинг инновация, сармоя жалб қилиш ва ҳудудлараро тафовутларни камайтиришдаги самарадорлиги асослаб берилади.
Ушбу мақолада хорижий инвестицияларнинг Ўзбекистон иқтисодиётининг барқарор ва инклюзив ривожланишида тутган стратегик ўрни таҳлил этилади. Хусусан, тўғридан-тўғри хорижий инвестицияларнинг ишлаб чиқариш, технологик янгиланиш, экспорт салоҳияти ва меҳнат бозорига таъсири илмий ва амалий жиҳатдан баҳоланган. Шунингдек, халқаро тажриба ва миллий ислоҳотлар асосида хорижий сармоялар самарадорлигини оширишга қаратилган институционал таклифлар илгари сурилади.
Ushbu tadqiqot toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar, xususan, raqamli sektor Oʻzbekistonda ekologik barqarorlikka qanday taʼsir qilishini oʻrganadi. To'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlaydi, lekin CO₂ chiqindilarini ko'paytirishi mumkin, bu esa ekologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ekonometrik tahlil orqali tadqiqot to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar oqimi va CO₂ emissiyasi o'rtasida o'rtacha ijobiy korrelyatsiyani aniqladi, bu esa to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarning o'sishi emissiyalarni oshirishi mumkinligini ko'rsatadi. Bu ikki tomonlama taʼsir Oʻzbekistonni iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish muvozanatiga chorlaydi. Siyosatchilar barqaror to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni rag'batlantirish bilan birga mustahkam ekologik siyosatni qabul qilishga chaqiriladi. Tadqiqot raqamli toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni Oʻzbekistonning ekologik va ijtimoiy maqsadlariga moslashtirish boʻyicha tushuncha va tavsiyalarni taqdim etadi.
Мазкур мақолада минтақавий ривожланиш жараёнларида молиявий воситаларнинг назарий моҳияти, уларнинг иқтисодий тизимдаги ўрни ҳамда самарадорлигини баҳолаш масалалари таҳлил қилинган. Тадқиқотда молиявий воситаларнинг таснифи, уларнинг иқтисодий мактаблар билан боғлиқ назарий асослари ва ҳудудий иқтисодий ривожланишга таъсир механизми ўрганилган. Шунингдек, молиявий воситалар самарадорлигини баҳолашда қўлланиладиган фискал, инвестицион, институционал, ижтимоий ва инновацион мезонлар илмий жиҳатдан асосланган
Ушбу мақолада махсус иқтисодий зоналар (МИЗ) концепциясининг назарий асослари ва уларнинг иқтисодий ривожланишдаги ўрни таҳлил қилинган. Жаҳон амалиётидаги МИЗ моделлари: эркин савдо ҳудудлари, саноат парклари, технологик кластерлар ҳамда инновацион зоналарнинг ривожланиш хусусиятлари ёритилган. Шунингдек, МИЗнинг ижобий таъсирлари ҳамда салбий хавфлари чуқур муҳокама қилинган. Олинган натижалар МИЗларни миллий саноат сиёсати ва барқарор ривожланиш стратегиялари билан уйғунлаштириш зарурлигини асослаб берди.
Мазкур мақолада хизмат кўрсатиш соҳасида давлат- хусусий шериклиги лойиҳаларида рискларни баҳолашда мамлакатимиздаги иқтисодий жараёнларнинг трансформациялашиши шароитида турли соҳа ва тармоқ корхоналари ва ташкилотларида ҳамкорлик, ўзаро тенглик ҳамда рискларни тақсимлаш тамойилига асосланган иқтисодий алоқаларнинг мустаҳкамланишига алоҳида эътибор қаратилган.