Ushbu maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyati va uning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari tizimli tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida ushbu tarmoqning yalpi ichki mahsulotdagi o‘rni, bandlik darajasiga ta’siri, hududiy iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishdagi roli va tashqi savdo balansi muvozanatiga qo‘shayotgan hissasi yoritilgan. Shuningdek, sohaning rivojlanish istiqbollari texnologik modernizatsiya, raqamlashtirish, ekologik standartlarga moslashuv va xalqaro bozorga integratsiyalashuv kabi yo‘nalishlar asosida tahlil qilinadi. Maqolada nazariy yondashuvlar va dolzarb statistik ma’lumotlarga tayangan holda to‘qimachilik sanoatining transformatsion salohiyati asoslanadi va uni yanada takomillashtirishga doir amaliy tavsiyalar beriladi.
Mazkur ilmiy maqolada turizm industriyasining mazmuni, tarkibi va rivojlanish bosqichlari olimlar fikrlari asosida yoritilib, sanoatning shakllanishida iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy omillarning o‘rni ko‘rsatib beriladi. Turizm industriyasining zamonaviy tarkibi, shuningdek, global tendensiyalar, kelajakdagi rivojlanish istiqbollari tahlil etilgan hamda sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Iqtisodiy jarayonlarning faol raqamli transformatsiyasi sharoitida elektron tijorat subyektlarini boshqarish samaradorligini oshirish masalalari alohida dolzarblik kasb etmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida e-commerce sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar boshqaruv ko‘rsatkichlarini optimallashtirishga doir konseptual yondashuvlar va amaliy mexanizmlar tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida elektron biznesning institutsional muhiti, raqamli yetuklik darajasi va texnologik infratuzilmasi o‘rganilib, rivojlanishni cheklayotgan asosiy to‘siqlar aniqlangan. E’tibor integratsiyalashgan boshqaruv modelini joriy etish zarurati, jumladan, raqamli analitika, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, mijozlar bilan aloqani shaxsiylashtirish va zamonaviy platformaviy yechimlardan foydalanishga qaratiladi. Xalqaro tajriba bilan solishtirma tahlil asosida, O‘zbekiston sharoitiga mos holda e-commerce subyektlari faoliyat samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari raqamli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirish va elektron savdoning barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llanilishi mumkin.
Iqtisodiyotning jadallik bilan raqamlashtirilishi sharoitida mehnat unumdorligini oshirish masalasi kichik biznes subyektlari uchun alohida dolzarblik kasb etmoqda. Chunki mehnat resurslaridan samarali foydalanish darajasi tadbirkorlik subyektlarining raqobatbardoshligi va barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu maqolada raqamli transformatsiya sharoitida kichik korxonalar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda mehnat unumdorligini oshiruvchi asosiy omillar tahlil qilinadi. Institutsional cheklovlar, tashkiliy-boshqaruv to‘siqlari va raqamli yechimlarning amaliy boshqaruvga joriy etilish darajasi chuqur o‘rganiladi. Ayniqsa, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, raqamli tahlil vositalari va biznes-jarayonlarni shaxsiylashtirish texnologiyalarining ichki resurslardan samarali foydalanishdagi roli tahlil etiladi. Empirik ma’lumotlar va xalqaro tajribalar asosida mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi raqamli muhitni shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari kichik biznesning raqamli iqtisodiyot sharoitida barqaror rivojlanishini ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqishda foydali bo‘lishi mumkin.
Maqolada fanlararo ilmiy muammo sifatida turizmda isteʼmolchilarning xulq-atvorini oʻrganishga kompleks yondashuvdan foydalanishning maqsadga muvofiqligi asoslanadi. Asosiy eʼtibor iqtisodiy, xulq-atvor, ijtimoiy-madaniy komponentlarni oʻzida mujassam etgan integrativ modelning mohiyati, tuzilishi va uslubiy asoslarini nazariy tahlil qilishga qaratilgan. Ratsional tanlashning klassik iqtisodiy konsepsiyalarining cheklovlari va xulq-atvor omillarini, kognitiv buzilishlarni, ramziy isteʼmolni, shuningdek, raqamli muhitning turistlar tomonidan qaror qabul qilishiga taʼsirini hisobga olish zarurati taʼkidlangan. Nazariy qoidalar qisman Oʻzbekiston turizm sektoridagi isteʼmolchilar xulq-atvorining oʻziga xos xususiyatlarini tahlil qilish orqali yoritilgan. Zamonaviy sharoitda turizmni rivojlantirishning barqaror strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asosi sifatida kompleks yondashuvni nazariy tushunishning ahamiyati haqida xulosa qilinadi.
Bank sektorida loyihalarni moliyalashtirish zamonaviy mexanizmlari murakkab va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, iqtisodiyotning turli sohalarida innovatsion va samarali investitsiyalarni amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu mexanizmlar nafaqat moliyaviy resurslarni taqsimlash, balki risklarni boshqarish, loyihaning barqarorligini ta’minlash hamda mijozlar va investorlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Banklar o‘z faoliyatlarida raqamli texnologiyalar, ilg‘or kredit baholash tizimlari, garov mexanizmlari, hamkorlik platformalari va barqaror moliyalashtirish tamoyillarini keng qo‘llash orqali loyihalarni moliyalashtirish jarayonini tubdan takomillashtirmoqda.
Ushbu tadqiqot ishida Janubiy Koreyada turizm infratuzilmasi tahlili o‘rganilib, mamlakatning transport tarmoqlari, raqamli (smart) xizmatlar, ekologik monitoring va favqulodda holatlarga moslashuvchanlik komponentlarini o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv asosida infratuzilma holatini baholashni ko‘zlaydi. Tadqiqotda transport infratuzilmasi, internet va 5G qamrovi, smart tourism ilovalari, kiberxavfsizlik, yashil infratuzilma va pandemiayagacha hamda undan keyingi moslashuv (resilience) omillari tahlil qilinadi. Shu bilan birga, mintaqaviy nomutanosiblik va raqamli inklyuzivlik muammolari ham yoritiladi. yaxshilash bo‘yicha amaliy choralar tahlil qilinadi. Tadqiqotdan asosiy maqsad Janubiy Koreya turizm infratuzilmasini integratsiyalashgan baholash modeliga asoslanib o‘rganish, mavjud kuchli va zaif tomonlarni aniqlash va favqulodda vaziyatlarda moslashuvchanlikni oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. Shuningdek, ushbu tadqiqot siyosatchilar va davlat boshqaruvi organlari,turizm sohasi operatorlari va raqamli platformalar egalari,akademik tadqiqotchilar va oliy ta’lim muassasasi talabalari, mahalliy jamoalar va mintaqaviy rivojlanish mutaxassislarihamda ekologiya va atrof-muhitni boshqarish tashkilotlari va urbanizatsiyani rivojlantiruvchi soha mutaxasislari uchun muhim hisoblanadi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi turizm infratuzilmasini transport, smart xizmatlar, ekologik monitoring va resilience komponentlarini birlashtirgan baholash modeli va empirik indikatorlar to‘plamini ishlab chiqish orqali mavzuga yangi nazariy va amaliy hissa qo‘shadi.
Ushbu maqolada mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni prognozlashda zamonaviy yondashuvlar, jumladan iqtisodiy-matematik modellar, sun’iy intellekt va geoaxborot texnologiyalarining qo‘llanilishi tahlil qilingan. Tadqiqotda barqaror rivojlanishni ta’minlashda integratsiyalashgan indikatorlar, maqsadli va empirik yondashuvlar uyg‘unligining ahamiyati yoritilgan. Hududlararo nomutanosibliklarni kamaytirish, investitsion faollikni kuchaytirish hamda siyosiy qarorlar uchun ishonchli prognozlar tayyorlash muhim ilmiy-amaliy vazifa sifatida baholangan. Shu orqali prognozlash va rejalashtirish jarayonlari strategik boshqaruvning ilmiy asosini tashkil etishi asoslab berilgan.
Ushbu maqolada moda sanoatida sodiqlik dasturlarining mijoz sadoqatiga ta’siri o‘rganildi. Tadqiqot avvalo mavzu bo‘yicha adabiyotlarning tizimli tahlilini o‘z ichiga oldi, so‘ngra onlayn so‘rovnoma orqali 200 nafar respondentdan ma’lumot to‘plandi. Logistik regressiya modeli yordamida sodiqlik dasturida ishtirok, chegirmalar va mobil ilova orqali foydalanish omillari xarid qarorlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani aniqlandi. Model pseudo R² koeffitsienti 0.48 ni tashkil etib, tahlilga kiritilgan o‘zgaruvchilar dispersiyaning yarmidan ortig‘ini izohladi. Tadqiqot natijalari moliyaviy rag‘bat va raqamli platformalarning qulayligi mijoz sadoqatini oshirishda hal qiluvchi omillar ekanini ko‘rsatdi. Maqola sodiqlik dasturlarini samarali loyihalash uchun adabiyotlarni chuqur o‘rganish, empirik so‘rovlar va ekonometrik tahlil yondashuvlarini uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etish zarurati, mavjud huquqiy asoslar va institutsional muhit keng qamrovda o‘rganiladi. Islom moliyasi shariat talablariga asoslangan holda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ko‘zda tutadi va aynan shu xususiyati uni ribo, maysir va g‘arar kabi taqiqlangan elementlardan holi qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yo‘nalish yangi bo‘lishiga qaramay, aholining diniy e’tiqodiga mos, adolatli va barqaror moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari, sukuk, mudoraba, mushoraka kabi moliyaviy vositalarning mohiyati va ularni yuritishda zarur bo‘lgan huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud qonunchilikda kuzatilayotgan bo‘shliqlar, regulyator organlar faoliyatining yetarli darajada shakllanmaganligi va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos keluvchi institutlar modeli muhokama qilinadi. Natijada, mamlakatda islom moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha konseptual takliflar ilgari suriladi.
Ushbu tadqiqot O‘zsanoatqurilishbankning 2000-2024-yillardagi tarixiy ma’lumotlarini tahlil qilib, bank depozitlari va umumiy resurslarining o‘sish tendensiyasini oddiy OLS (eng kichik kvadratlar) regressiya modeli asosida bashorat qiladi. Har ikkala ko‘rsatkich uchun chiziqli vaqt tendensiyasi modeli tuzildi va uzoq muddatli o‘sish aniqlashtirildi. Regressiya natijalari depozitlar va resurslar bo‘yicha yuqori R² qiymatlari va statistik jihatdan muhim koeffitsiyentlar orqali barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. Trend asosida yaratilgan bashoratlar bank depozitlari va resurslarining qisqa muddatda ham kengayishini ko‘rsatmoqda. Ushbu topilmalar bank rahbariyati va siyosatchilar uchun dolzarb bo‘lib, O‘zbekiston bank sektorida moliyalashtirish manbalarining yo‘nalishini yoritadi. Modelning soddaligi va ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar cheklovlar sirasiga kiradi, shunga qaramay, natijalar boshlang‘ich prognoz sifatida foydalidir va depozitlarni jalb qilish hamda moliya sektoridagi islohotlarni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidlaydi.
Maqolada ijtimoiy xizmatlarning aholi farovonligini ta’minlashdagi rolining nazariy hamda amaliy jihatlari yoritib berilgan. Ma’lumotlar muallifning kuzatuvlari va adabiyotlar tahlili asosida tuzildi.
Bugungi global iqtisodiyot sharoitida bozorda o‘zgarishlar tez sur’atlar bilan yuz bermoqda. Natijada biznes subyektlari tomonidan bozorga taklif etilayotgan mahsulotlarning yangilanish davrlari qisqarishi yuz berdi. Bozorlarda yangi mahsulotlarning ko‘payishi va ularning muttasil takomillashtirilishi bozor ishtirokchilari uchun mahsulotlarni yangilash bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Dunyo bo‘ylab texnologik taraqqiyotning yoyilishi turli mintaqalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifatini va texnik ko‘rsatkichlarini bir-biriga yaqinlashishiga olib keldi. Bunday sharoitda raqobatda ustunlik va barqaror rivojlanishda xarajatlarning o‘rni oshdi. Xarajatlardan tejamkorlik bilan foydalanish va ularni samarali boshqarish ehtiyojga aylandi. Xarajatlarni samarali tashkil etish va mahsulot raqobatbardoshligini oshirishda xarajatlarni tashkil etishning zamonaviy usullaridan foydalanish ayniqsa dolzarb vazifadir. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar olimlari tomonidan xarajatlarni rejalashtirish va uni boshqarishning bir qator zamonaviy usullari ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu usullarni har tomonlama o‘rganish va ularni biznes subyektlari faoliyatiga tadbiq etish muhim vazifa bo‘lib hisoblanadi. Ushbu ilmiy ishda hozirgi kunda amaliyotda bo‘lgan xarajatlarni boshqarishning zamonaviy usullari to‘g‘risida fikr yuritishga harakat qilindi.
Gender tengligiga erishish O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Senati 2030-yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasini tasdiqladi. Ushbu maqolada O‘zbekistondagi kompaniyalarda ish haqi tengligi va uning barqaror iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida boshqaruv samaradorligiga ta’siri kabi boshqaruvning gender jihati ko‘rib chiqiladi.
Ushbu maqola O‘zbekiston sug‘urta bozorining asosiy ko‘rsatkichlarini o‘rganish, mamlakat aholisining sug‘urta madaniyati holatini tavsiflash hamda sug‘urta madaniyati darajasining shakllanishi va rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarni tahlil qilishga bag‘ishlangan. Mualliflar aholining sug‘urta madaniyatini oshirish bo‘yicha tavsiyalarni taklif etadi, bu esa uzoq muddatli istiqbolda mamlakatimiz sug‘urta bozorining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada mijozlarning bank xizmatlaridan mamnunlik darajasi va uni hisoblashni takomillashtirishga, mijozlarning bank xizmatlaridan qanoatlanishining yuqori darajasi ular bilan uzoq muddatli munosabatlarni o'rnatishga va uzoq muddatda bankning barqaror rivojlanishini ta’minlashga imkon beradi. Shu munosabat bilan bank xizmatlaridan mamnunlik darajasini o‘rganish, bunday monitoring natijalarini malakali baholash va ulardan mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va ularning qanoatlanishini oshirish uchun foydalanish masalalari biznes muvaffaqiyatiga qiziqqan zamonaviy banklar uchun katta ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada raqamli iqtisodiyotning zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi roli tahlil qilinadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining (AKT) jadal rivojlanishi tufayli paydo boʻlgan raqamli iqtisodiyot global iqtisodiy jarayonlarga chuqur taʼsir koʻrsatmoqda. Maqolada raqamli iqtisodiyotning asosiy tarkibiy qismlari, jumladan, elektron tijorat, Fintex, katta maʼlumotlar tahlili, sunʼiy intellekt va bulutli texnologiyalar koʻrib chiqiladi. Ushbu texnologiyalar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va bozorga kirishni osonlashtirish orqali iqtisodiy oʻsishga sezilarli hissa qoʻshmoqda. Shu bilan birga, maqolada raqamli tengsizlik, kiber xavfsizlik va maʼlumotlar xavfsizligi kabi raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan muammolar ham muhokama qilinadi. Maqola yakunida raqamli iqtisodiyotning ijobiy va salbiy tomonlarini muvozanatlash orqali barqaror va inklyuziv iqtisodiy oʻsishga erishish yoʻllari taklif etiladi.
O‘zbekiston o‘zining boy madaniy merosi va Ipak yo‘lidagi strategik joylashuvi bilan turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Biroq, moliyaviy cheklovlar sektorning to‘liq o‘sishiga to‘sqinlik qildi. Ushbu maqola innovatsion moliyaviy mexanizmlar, jumladan, davlat-xususiy sheriklik (PPP), yashil obligatsiyalar, turizm investitsiya fondlari va kraudfanding platformalarining O‘zbekiston turizm sohasi rivojlanishiga ta’sirini o‘rganadi. Tadqiqot ushbu vositalarning infratuzilmani rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini oshirish va barqarorlikni oshirishdagi rolini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada turizm sektorining investitsiya jozibadorligini oshirishda strategik moliyalashtirishning roli tahlil qilinadi. Moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiyasi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining rivoji, xalqaro tajriba va milliy infratuzilmaning holati asosida turizm loyihalarini barqaror moliyalashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan.
Agroklaster tizimini optimallashtirish bo‘yicha xorijiy strategik yondashuvlarni o‘rganish qishloq xo‘jaligi va sanoatni integratsiyalash orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu maqolada turli davlatlarning agroklaster modelini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalari tahlil qilinadi. Xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning davlat siyosati, investitsiya jalb etish usullari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va agroklasterlarning global bozor bilan integratsiyasi kabi strategik yondashuvlari o‘rganiladi. Tadqiqot natijalari agroklaster tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatlarini tahlil qilishga va mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan modelni taklif etishga qaratilgan.
Ushbu maqolada turizm korxonalari faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha aniq innovatsion mexanizmlarning samaradorligi oʻrganilib, jahonda ushbu sohani rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan eng soʻnggi innovatsion mexanizmlar, sunʼiy intellekt asosidagi bronlash tizimlari, virtual reallik sayohatlari, barqaror turizm tashabbuslari kabi yoʻnalishlar va ularning natijadorligi oʻrganilgan.
Ushbu maqolada tijorat banklarida ularning raqobatbardoshligi, samaradorligi va qiymat taklifini oshirish maqsadida moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish strategiyalari koʻrib chiqiladi. Global texnologik rivojlanish va mijozlarning xohish-istaklarining oʻzgarishi bilan ajralib turadigan davrda tijorat banklari oʻzgaruvchan bozor talablariga javob berish uchun innovatsiyalar va moslashish zarurligiga duch kelishmoqda. Maqolada raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib borayotgan bugungi kunda bank sektori oʻz faoliyatini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etmoqda. Tijorat banklarining raqamli moliyaviy xizmatlarni taklif etishi nafaqat mijozlar ehtiyojlarini qondirishga, balki bank xizmatlari sifatini oshirish, operatsion xarajatlarni kamaytirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Tijorat banklarining raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish jarayoni uzoq yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan boʻlib, bu jarayon texnologik taraqqiyot, mijozlar talablarining oʻzgarishi va global moliyaviy bozorlarning rivojlanishiga bogʻliq ravishda kechdi. Ushbu strategiyalarni amalga oshirish tijorat banklariga moliyaviy xizmatlar sohasida yetakchi oʻrinlarni egallashga, biznesning oʻsishini ragʻbatlantirishga va kengroq maqsadlarga – iqtisodiy farovonlik va ijtimoiy farovonlikka erishishga yordam beradi.
Ushbu ilmiy maqolada soliq siyosati tushunchasi va davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi sifatidagi ahamiyati muhokama qilinadi. Investitsiya muhiti jozibadorligi tushunchasi va unga taʼsir etuvchi ichki va tashqi omillar koʻrib chiqilgan. Soliq siyosati investitsion jozibadorlikning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Maqolada soliq siyosati va investitsiya muhiti oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar boʻyicha nazariy yondashuvlar oʻrganilgan.
Ushbu maqolada yashil iqtisodiyotning asosiy xususiyatlari, rivojlanish omillari va istiqbollari tahlil qilingan. Yashil iqtisodiyotga oʻtishning global tendensiyalari, uning atrof-muhit va iqtisodiy barqarorlikka taʼsiri koʻrib chiqilgan. Oʻzbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va istiqbolli yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Tahlil natijalari asosida yashil iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqola Oʻzbekiston tijorat banklarining ustav kapitalidan foydalanish samaradorligini baholash uchun asosiy koʻrsatkich boʻlgan kapital rentabelligi (ROE) koʻrsatkichini tahlil qilishga qaratilgan. 1999-2023 yillar oraligʻida mamlakatda faoliyat yuritgan tijorat banklari toʻrt guruhga ajratilgan holda mulkchilik shakli boʻyicha ROE oʻrtasidagi farqlar oʻrganildi. Tahlil natijalariga koʻra, davlat bilvosita egalik qiluvchi banklar eng yuqori oʻrtacha ROEga ega boʻlgan boʻlsa, davlat bevosita egalik qiluvchi banklar eng past darajadagi kapital rentabelligini namoyon etdi. Xususiy banklar yuqori darajada tebranuvchanlikka ega boʻlib, bu ularning faoliyatida ortiqcha xavf mavjudligini koʻrsatadi. Xorijiy banklarning kapitaldan foydalanish samaradorligi esa barqaror boʻlib, ular tahlil davrining soʻnggi yillarida ijobiy oʻsishni namoyish etdi. Ushbu tadqiqot tijorat banklarining samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda foydali boʻlishi mumkin.