Mazkur maqolada iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va tartibga solishda soliq mexanizmining o‘rni hamda ahamiyati tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida soliq siyosati orqali tarmoqlarni rag‘batlantirish, soliq yukini optimallashtirish va selektiv soliq mexanizmlarini joriy etish masalalari tahlil qilingan. Olingan natijalar asosida iqtisodiyot tarmoqlarini soliq mexanizmi orqali tartibga solishni takomillashtirishga doir ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Maqolada Yevropa Ittifoqida organik qishloq xo‘jaligi va organik bozorni shakllantirishning huquqiy, institutsional hamda iqtisodiy mexanizmlari tahlil qilinib, ularning amaliy samaradorligi va barqaror rivojlanish omillari yoritiladi. Shu asosda ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirishning tashkiliy-iqtisodiy yo‘nalishlari va eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari asoslab beriladi.
Maqola ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimidagi murakkablik masalalariga bag‘ishlangan. Shuningdek, ko‘chmas mulk soliqlarini hisoblash usullarida aniq ustuvor yo‘nalishlar shakllanmaganligi ta’kidlangan. Soliqqa tortishning asosiy shakllari sifatida advalor – ko‘chmas mulk qiymatiga asoslangan soliq, maydonga asoslangan soliq hamda ko‘chmas mulkdan olinadigan daromad solig‘i ajratib ko‘rsatiladi. Shakllar xilma-xilligiga qaramay, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimlarini rivojlantirishda adolatlilik, shaffoflik va foydalanuvchi uchun qulaylikni ta’minlashga yo‘naltirilgan global tendensiya kuzatilmoqda. Bu jarayonda sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan baholash modellari (AVM) texnologiyalaridan foydalanish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maqolaning asosiy maqsadi ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimining bazaviy elementlarini tahlil qilish hamda soliqqa tortish jarayonida izchillik va adolatlilikni ta’minlashda ko‘chmas mulk baholovchisining hal qiluvchi rolini asoslab berishdan iborat. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi elementlardan tashkil topgan tizim ekanligi hamda, soliqqa tortiladigan qiymatni aniqlash jarayonining qaysi bosqichlari bevosita baholovchilar tomonidan amalga oshirilishi lozimligi ko‘rsatib beriladi va ilmiy jihatdan asoslanadi
Mazkur maqolada asosiy vositalarni qayta baholash jarayonini takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan yoritilgan. Jumladan, asosiy vositalarni qayta baholashga oid milliy va xalqaro standartlar qiyosiy tahlil qilinib, ularning oʻxshash va farqli jihatlari ochib berilgan. Shuningdek, asosiy vositalarni qayta baholash usullari tasniflanib, ularni amaliyotda qoʻllash tartibi bayon etilgan. Qayta baholash jarayonini tashkil etish va amalga oshirishning izchil ketma-ketligi boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqilib, tegishli xulosalar shakllantirilgan.
Maqolda soliq imtiyozlarining samaradorligini baholovchi mezon va koʻrsatkichlarni ishlab chiqishning ayrim jihatlari yoritilgan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida har qanday xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyati ijobiy moliyaviy natijaga erishishga qaratilgan boʻlishi lozim, bu natijaga esa soliq imtiyozlari va preferensiyalar sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Soliqqa tortish tizimi soliq toʻlovchi uchun qabul qilinishi mumkin boʻlishi kerak, chunki bu holat tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga bevosita taʼsir etadi. Soliq imtiyozlarini tizimlashtirish va ularning samaradorligini baholash davlatga meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni asosli ravishda ishlab chiqish imkonini beradi.
Mazkur tadqiqotda 1980–2020 yillarni qamrab olgan yillik vaqt qatorlari ma’lumotlari asosida Turkiyada xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar (XTI)ning iqtisodiy o‘sishga sababiy ta’siri tahlil qilinadi. Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi sifatida aholi jon boshiga real yalpi ichki mahsulot (YaIM)dan foydalanilgan. Ma’lumotlar Jahon banki va TurkStat kabi nufuzli xalqaro manbalardan olingan bo‘lib, barcha o‘zgaruvchilar statistik tahlilga moslashtirish maqsadida logarifmlashtirilgan. Integratsiya tartiblari turlicha bo‘lgan o‘zgaruvchilar mavjudligi sababli, aralash integratsiya tartiblariga nisbatan barqaror bo‘lgan Toda–Yamamoto sababiylik yondashuvi qo‘llanildi. Qatorlarning stasionarligi Kengaytirilgan Dikki–Faller va Phillips–Perron testlari yordamida tekshirildi, optimal lag uzunligi esa axborot mezonlari asosida aniqlangan. Modelning mosligini ta’minlash uchun avtokorrelyatsiya, geteroskedastiklik va strukturaviy barqarorlik bo‘yicha diagnostik testlar o‘tkazildi. Empirik natijalar 1% ahamiyatlilik darajasida XTIdan iqtisodiy o‘sishga yo‘nalgan statistik jihatdan ahamiyatli bir tomonlama sababiylik mavjudligini, aks yo‘nalishda esa sababiylik aniqlanmaganligini ko‘rsatdi. Ushbu natijalar XTI nafaqat tashqi kapital manbai, balki unumdorlikni oshirish, bilim va texnologiyalar transferini ta’minlash hamda tarkibiy transformatsiyani rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sishning strategik omili sifatida namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Uzoq muddatli ma’lumotlar bazasidan foydalanish va makroiqtisodiy tuzilmani hisobga olish orqali tadqiqot rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda XTI va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha adabiyotlarga metodologik jihatdan asoslangan va kontekstual ahamiyatga ega hissa qo‘shadi
Ushbu maqolada raqamli transformatsiya jarayonining mohiyati hamda uning aholi turmush darajasiga ko‘rsatayotgan ta’siri tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda bandlik va ishsizlik darajasi kabi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston aholisining ijtimoiy holati va turmush darajasidagi o‘zgarishlar ko‘rib chiqilgan. Raqamli transformatsiyasining aholi turmush sifatiga ijobiy ta’siri aniqlandi, bu raqamli infratuzilmadan foydalanuvchilar ulushining oshishi, aholining raqamli savodxonligining o‘sishi, raqamli xizmatlarning yangi turlarining paydo bo‘lishi, iqtisodiyotning keng ko‘lamli transformatsiyasi natijasida mamlakatning raqamli makonidagi o‘zgarishlar fonida yangi biznes jarayonlari va bandlik shakllarining paydo bo‘lishi bilan ifodalanadi. Shuningdek, raqamli transformatsiyaning ijobiy jihatlari bilan bir qatorda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari ham ko‘rib chiqiladi
Давлат буюртмачилари томонидан амалга ошириладиган харид фаолияти самарадорлиги бюджет маблағларидан оқилона фойдаланиш ва жамоат молияси тизими самарадорлигини оширишда муҳим омил ҳисобланади. Иқтисодиётни рақамлаштириш жараёнлари жадаллашиб бораётган ҳамда институционал муҳит мураккаблашаётган шароитда харидларнинг самарадорлигини фақат молиявий натижалар асосида эмас, балки жараёнли, кадрлар ва стратегик жиҳатларни ҳам ҳисобга олган ҳолда комплекс баҳолаш зарурати ортиб бормоқда. Мазкур мақолада давлат буюртмачилари харид фаолияти самарадорлигини баҳолашга оид назарий ва методологик ёндашувлар кўриб чиқилган. Хорижий тадқиқотлар таҳлили асосида молиявий кўрсаткичлар билан чекланиб қолган ёндашувлардан иқтисодий, жараёнли, институционал ва меҳнат параметрларини ўзида мужассам этган кўп қиррали кўрсаткичлар тизимига ўтишнинг зарурлиги асослаб берилган. Харид бўлинмалари фаолиятидаги операцион харажатлар, ходимлар меҳнат унумдорлиги, етказиб берувчилар таркиби ва уларнинг концентрация даражасини тавсифловчи кўрсаткичларга алоҳида эътибор қаратилган. Таклиф этилган кўрсаткичлар тизими харид фаолияти самарадорлигини ошириш захираларини аниқлаш, молиявий ва меҳнат ресурсларидан фойдаланишни оптималлаштириш, шунингдек харид жараёнларининг шаффофлиги ва бошқарувчанлигини кучайтириш имконини беради. Тадқиқот натижалари давлат буюртмачилари фаолиятида KPIларни шакллантириш, мониторинг механизмларини такомиллаштириш ҳамда давлат харидлари тизимини ривожлантириш стратегияларини ишлаб чиқишда қўлланилиши мумкин
Maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida dividend siyosatining nazariy asoslari, foydani taqsimlash mexanizmi va dividend to‘lovlarini buxgalteriya hisobida aks ettirish masalalari tahlil qilingan. Dividend siyosatining moliyaviy barqarorlik, investitsion salohiyat va kapital tuzilmasiga ta’siri asoslab berilgan. Foydani taqsimlashda ishtirok etuvchi hisobvaraqlar korrespondensiyasi va amaliyotdagi muammolar ko‘rib chiqilgan. Talab qilib olinmagan dividendlarni hisobga olish bo‘yicha alohida ishchi hisobvarag‘ini joriy etish taklif etilgan. Natijalar dividend siyosatini korxona moliyaviy holati bilan muvofiqlashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ушбу мақолада Ўзбекистон минтақаларида туризмни ривожлантиришнинг ўзига хос хусусиятлари, хусусан Хоразм вилояти мисолида туризм салоҳияти, маданий мерос объектлари, экотуризм ва рекреация имкониятлари ҳамда давлат-хусусий шерикчилик доирасида амалга оширилаётган инвестиция лойиҳалари ёритилган. Туризмнинг минтақавий иқтисодиётдаги роли, аҳоли бандлигига ва турмуш фаровонлигига таъсири таҳлил қилинган
Mazkur maqolada innovatsion tizimning asosiy xususiyatlari va uning infratuzilmaviy tarkibi ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda innovatsion tizim infratuzilmasining mintaqalar barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, hududlar barqarorligining muhim elementlari hamda innovatsion infratuzilmaning shakllanish jarayonlari keng yoritilgan. Shuningdek, innovatsion infratuzilma shakllanishi va mintaqa barqarorligining o‘zaro muvofiqligi nazariy va amaliy jihatdan asoslab berilgan
Ushbu maqolada O‘zbekistondagi charm sanoati misolida sanoat korxonalari samaradorligini oshirishning tashkiliy va iqtisodiy mexanizmi ko‘rib chiqiladi. Sanoatning hozirgi holatini tahlil qilish asosida (2024-yilda ishlab chiqarish hajmi 3,8 trillion so‘m, eksport 42,8 million dollar) texnologik qoloqlik, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarning past ulushi, xom ashyo eksporti uchun samarasiz soliq va bojxona siyosati va malakali kadrlar yetishmasligi kabi asosiy muammolar aniqlangan. Ushbu mexanizmni takomillashtirish yo‘nalishlari taklif qilingan, jumladan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni optimallashtirish, chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, texnologik modernizatsiya qilish va inson resurslarini rivojlantirish. Ushbu takliflarni amalga oshirish 2030-yilga kelib eksportni 320 million dollarga yetkazish va xalqaro bozorda o‘zbek charmining raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi
Mazkur maqolada O‘zbekistonda soliqqa tortish tizimining hozirgi holati hamda norasmiy iqtisodiyotning iqtisodiy rivojlanishga ta’siri tahlil qilingan. Norasmiy iqtisodiyotning shakllanish sabablari, uning soliq tushumlariga salbiy ta’siri va davlat budjeti barqarorligiga ko‘rsatadigan oqibatlari yoritilgan. Shuningdek, soliq ma’murchiligini takomillashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va norasmiy faoliyatni qisqartirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilgan
Ushbu maqola “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan fiskal islohotlarning inklyuzivlik tamoyillariga muvofiqligini tahlil qiladi. Tadqiqotda soliq siyosatining iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashdagi roli Jeyms Mirrleesning optimal soliqqa tortish nazariyasi va zamonaviy empirik maʼlumotlar asosida oʻrganilgan. Maqolada 2025-yilgi soliq kodeksidagi oʻzgarishlar, xususan, ijtimoiy soliq stavkalarining tabaqalashuvi va yashirin iqtisodiyotni legallashtirish mexanizmlarining makroiqtisodiy taʼsiri baholangan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston soliq tizimi fiskal barqarorlikni saqlagan holda, inson kapitalini rivojlantirish va daromadlar tengsizligini yumshatishga qaratilgan inklyuziv modelga oʻtmoqda
Maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotining holati va uni innovatsion mahsulotlarni yaratish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yanada rivojlantirishning dolzarbligi qisqacha tavsiflangan. Startap tashabbuslarining eng yuqori konsentratsiyasi IT, FinTech, Elektron tijorat, EdTech, AgriTech, MedTech kabi sohalarda kuzatilgan. Startaplar va resurslarning aksariyati Toshkent shahri va yirik shaharlarda Samarqand, Buxoro va Farg‘onada joylashgan. Mamlakat va uning mintaqalarida to‘laqonli startap ekotizimini shakllantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar ko‘rsatilgan. Startaplarni moliyalashtirish muammosiga alohida e’tibor qaratilgan. Startapni rivojlantirishning dastlabki bosqichida investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning sustligi, venchur infratuzilmasi va venchur kapital uchun huquqiy asosning pastligi ta’kidlangan. O‘zbekistonda startap ekotizimining evolyutsiyasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan boshlab, venchur fondlarining davlat tizimini yaratish bilan yakunlangan holda taqdim etilgan. O‘zbekistonda startap ekotizimining rivojlanishi huquqiy asosni takomillashtirish, qulay biznes infratuzilmasini yaratish va moliyaviy va huquqiy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish zarurati bilan bog‘liq. O‘zbekistonda innovatsiya va startap ekotizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar tizimlashtirilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda banklarni transformatsiyalash jarayonlarining nazariy-uslubiy asoslarini takomillashtirish, shuningdek, bank tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish, biznes-jarayonlarni optimallashtirish va korporativ boshqaruvni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari tahlil qilingan. Shuningdek, xalqaro tajriba asosida bank transformatsiyasining samaradorligini oshirishga qaratilgan uslubiy mexanizmlar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari banklarning moliyaviy barqarorligi, raqobatbardoshligi va xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi
Mazkur maqolada foiz stavkasi va valyuta kursi orqali savdo balansiga ta’sir O‘zbekiston misolida tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari monetar siyosat instrumentlari savdo balansiga qisqa va uzoq muddatlarda turlicha ta’sir ko‘rsatishini aniqlaydi. Olingan xulosalar monetar siyosatni tashqi savdo va tarkibiy islohotlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ko‘rsatadi
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida aksiyadorlik jamiyatlarida, xususan bank AJlarda raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati va nazariy evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Tadqiqot raqamli boshqaruvni IT joriy etish bilan cheklamasdan, axborot asimmetriyasi hamda agentlik va tranzaksion xarajatlarni qisqartirish, nazorat va hisobdorlikni kuchaytirish, risklarni erta aniqlash orqali izohlaydi. Solishtirma va kontent-tahlil asosida tushunchalar taqqoslandi, evolyutsion model va omillar tizimi ishlab chiqildi. Mualliflik ta’rifi taklif etilib, banklar uchun konseptual xulosalar berildi
Ushbu maqolada soliq salohiyatining iqtisodiy mazmuni, uning shakllanish qonuniyatlari va soliq tizimidagi strategik o‘rni yoritilgan. Tadqiqot davomida soliq salohiyatiga ta’sir etuvchi omillar tahlil qilinib, davlat budjeti daromadlarini barqarorlashtirishda ushbu ko‘rsatkichning ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, soliq bazasini kengaytirish va soliq yig‘iluvchanligini oshirish orqali mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta’minlash yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Maqola soliq siyosatini takomillashtirish va soliq yukini optimallashtirish masalalari bilan qiziquvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan
Мазкур тадқиқотда хизмат кўрсатиш соҳасида рақамли ва инновацион технологияларни жорий этишнинг иқтисодий самарадорликка таъсири таҳлил қилинган. Тадқиқот иқтисодий-статистик ва таққослама таҳлил усуллари асосида миллий ва халқаро маълумотлардан фойдаланган ҳолда амалга оширилди. Таҳлил натижалари тарқамли технологиялар, хусусан сунъий интеллект, катта маълумотлар ва булутли технологияларни жорий этиш меҳнат унумдорлигини ошириш, транзакция харажатларини камайтириш ва хизматлар сифатини яхшилашга хизмат қилишини кўрсатди. Тадқиқот натижалари асосида хизматлар соҳасида рақамли иқтисодиётни ривожлантиришга қаратилган амалий таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилди.
Ushbu maqolada sut-go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligiga ta’sir etuvchi omillar va uning samaradorligini oshirish yo‘llari tahlil qilingan. O‘zbekiston Respublikasida va shu jumladan, Qashqadaryo viloyati xo‘jalik yurituvchi dehqon va fermer xo‘jaliklarda sut-go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasi va aholini chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘nalishlari ochib berilgan
Ushbu maqola Markaziy Osiyo mamlakatlarining logistika va transport salohiyatini tahlil qilishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonning mintaqadagi savdo aloqalariga alohida e’tibor qaratadi. Logistika samaradorligining ikki tomonlama savdo oqimlariga ta’sirini baholash uchun 2010-2023 yillardagi panel ma’lumotlari yordamida LPI ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan kengaytirilgan tortishish modeli baholanadi. Empirik natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning logistika ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi mintaqaviy savdo oqimlariga statistik jihatdan ahamiyatli va ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, masofaga bog‘liq savdo xarajatlarini qisman qoplaydi.
Ushbu maqolada soliq siyosatining barqarorligini ta’minlashda soliq imtiyozlarining o‘rni va ahamiyati ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha mamlakatimizda amaldagi soliq imtiyozlarning turlari va tushumi tahlil qilingan, shuningdek ularning budjet daromadlariga ta’siri o‘rganilgan. Soliq imtiyozlarining sohalar bo‘yicha tahlillari va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar hamda tavsiyalar keltirilgan
Ushbu maqolada mamlakatimizdagi kambag‘allikning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va uni qisqartirishning nazariy jihatlari va shu bilan bir qatorda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi va mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasi va uni kamaytirish afzalliklari keltirilgan. Kambag‘allikni qisqartish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yo‘nalishlari keltirib o‘tilgan