Mazkur tadqiqot jamoa faoliyatida izchillik va sifat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni hamda ularning samaradorlikka taʼsirini tahlil qiladi. Tadqiqot “Iman Invest Fintech” kompaniyasining empirik maʼlumotlari asosida olib borilgan boʻlib, unda jamoalarning kundalik faoliyati, natijalar barqarorligi va xizmat sifati koʻrsatkichlari chuqur oʻrganilgan. Asosiy eʼtibor izchillikning (barqarorlik, jarayonlarga rioya qilish va natijalarning takrorlanuvchanligi) samaradorlikdagi rolini aniqlashga qaratilgan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, jamoalar uchun doimiy ravishda barqaror natija koʻrsatish, ayrim holatlarda yuqori, lekin notekis sifat natijalariga qaraganda muhimroq hisoblanadi. Izchillik jamoa ichidagi hamkorlikni mustahkamlab, xatolarni kamaytiradi va prognozlash imkoniyatini oshiradi, bu esa umumiy samaradorlikni yaxshilaydi. Tadqiqotda regressiya va panel tahlil usullaridan foydalanilib, izchillik va sifatning nisbiy taʼsiri baholangan. Shuningdek, izchillikning kamayib boruvchi chegaraviy foydasi mavjudligi aniqlangan boʻlsa-da, u baribir muhim omil sifatida namoyon boʻladi. Xulosa qilib aytganda, fintech jamoalari uchun izchillikni ustuvor yoʻnalish sifatida rivojlantirish samaradorlikni oshirishning samarali strategiyasi hisoblanadi.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasining 2026 yilda qabul qilingan “Moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etishning konseptual asoslari” hamda IFRS Foundation tomonidan ishlab chiqilgan Conceptual Framework for Financial Reporting oʻrtasidagi oʻxshash va farqli jihatlar ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqot davomida moliyaviy hisobotning maqsadi, foydali moliyaviy maʼlumotning sifat tavsiflari, aktivlar va majburiyatlarning taʼriflari, moliyaviy hisobot elementlarini tan olish, hisobdan chiqarish va baholash asoslari qiyosiy oʻrganildi. Shu bilan birga, milliy amaliyotda diskontlangan baholash usullarini qoʻllash, haqqoniy qiymatni aniqlash va professional mulohazalardan foydalanish boʻyicha qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari asosida milliy buxgalteriya hisobi tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqildi
Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Maqolada O‘zbekiston elektron tijorat bozorining 2035-yilgacha rivojlanish istiqbollari prognoz qilinadi hamda o‘sish sur’ati va sifati uchun hal qiluvchi omillar tahlil qilinadi. Asosiy drayverlar sifatida raqamli to‘lovlar va davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, logistika infratuzilmasining kengayishi, mobil internet qamrovi, marketpleyslar ekotizimi va transchegaraviy savdoning faollashuvi, shuningdek, tartibga solish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining takomillashuvi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda ssenariy yondashuvi (bazaviy, tezlashtirilgan va inert) qo‘llanib, makroiqtisodiy sharoitlar, raqamli bozorlardagi raqobat va ma’lumotlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining savdo jarayonlariga ta’siri baholanadi. Ishonch masalalari, kiberxavflar, yetkazib berish sifati, raqamli tafovut va KOB (kichik va o‘rta biznes) kompetensiyalari yetishmasligi kabi to‘siqlar alohida yoritiladi. Xulosalar davlat siyosati, biznes strategiyalari va ilmiy tadqiqotlar uchun amaliy ahamiyatga ega.
Mazkur tadqiqot Oʻzbekistonda toʻgʻri soliqlarni prognozlash metodologiyasini takomillashtirish amaliyotining hozirgi holatini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda foyda soligʻi, jismoniy shaxslar daromad soligʻi hamda mol-mulk va yer soliqlari kabi asosiy toʻgʻri soliqlar boʻyicha prognozlashtirish jarayonlarining amaldagi mexanizmlari oʻrganilgan. Statistik tahlil, taqqoslama baholash va iqtisodiy modellashtirish usullari asosida prognoz koʻrsatkichlari aniqligi va barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Shuningdek, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq bazasining kengayishi hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish jarayonlarining prognozlash sifatiga ta’siri ochib berilgan. Tadqiqot natijalari asosida toʻgʻri soliqlar tushumlarini prognozlashda zamonaviy iqtisodiy-matematik modellarni qoʻllash, axborot bazasini takomillashtirish hamda institutsional yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada zamonaviy ta’lim tizimida pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirishning dolzarbligi, uning ta’lim sifatini oshirishdagi ahamiyati hamda raqamli transformatsiya sharoitida o‘qituvchi faoliyatiga qo‘yilayotgan yangi talablar ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Shuningdek, raqamli kompetensiya tushunchasining mohiyati, tarkibiy qismlari, xalqaro tajriba hamda O‘zbekiston ta’lim tizimida ushbu kompetensiyalarni shakllantirish yo‘llari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish ta’lim samaradorligini ta’minlashda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi.
Ushbu tadqiqotda O‘zbekistondagi tijorat banklarining kredit portfeli barqarorligiga ekologik risklarni boshqarish (ERM) ning ta’siri o‘rganiladi, bunda barqarorlik haqidagi hisobotlar, tartibga soluvchi nashrlar va xalqaro moliya institutlarining ikkilamchi ma’lumotlari qo‘llaniladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, ekologik skrining, yashil kreditlash va barqarorlikni boshqarishni o‘z ichiga olgan rivojlangan ERM tizimlariga ega banklarda muammoli kreditlar (NPL) koeffitsiyentlari pastroq va aktivlar sifati yaxshiroq. Boshqa tomondan, ERM dan unchalik ko‘p foydalanmaydigan banklar hali ham ekologik va kredit risklariga ko‘proq moyil. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston bank tizimiga ekologik risklarni integratsiya qilish uni moliyaviy jihatdan barqarorroq qilish va barqaror moliyalashtirishning global standartlariga moslashtirish uchun zarurdir
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston gastronomiyasida mijozlarga xizmat ko‘rsatishni boshqarish masalasini o‘rganadi. Tadqiqot Toshkent, Samarqand va Buxoroda onlayn so‘rovnoma asosida olib borildi. Respondentlarning fikrlari asosida xizmat sifati ayniqsa buyurtmaning aniqligi, narx va sifat muvozanati hamda xodimlarning muomalasi baholandi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, mijozlar uchun eng muhim jihatlar bu to‘g‘ri buyurtma va narxning asoslanganligi. Respondentlar xizmatni yaxshilash uchun menyularni tushunarli qilish, xizmat tezligini oshirish va xodimlarning e’tiborini kuchaytirishni taklif etdilar. An’anaviy mehmondo‘stlik qadrlansa-da, mijozlar yanada tizimli va professional yondashuvni kutmoqda. Tadqiqot xizmat ko‘rsatish nazariyalarini o‘zbek sharoitida tatbiq etishga hissa qo‘shadi va restoranlar uchun amaliy tavsiyalarni taklif etadi
Mazkur maqolada tijorat banklarida kreditlash jarayonlarini takomillashtirish hamda moliyalashtirishning zamonaviy amaliyotdagi holati tahlil qilingan. Tadqiqot davomida tijorat banklari faoliyatida kreditlash mexanizmlarining iqtisodiy ahamiyati, kredit portfeli sifati, kredit risklarini boshqarish tizimi va raqamli texnologiyalar asosida kredit xizmatlarini rivojlantirish masalalari o‘rganilgan. Shuningdek, bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, kredit ajratish jarayonida zamonaviy skoring tizimlari, masofaviy bank xizmatlari va moliyalashtirish mexanizmlarining samaradorligi tahlil etilgan