Ushbu tadqiqot masofaviy ta’limda ishtirok etishning bandlik natijalariga ta’sirini o’rganish uchun 8542 nafar so’rovnoma ishtirokchilariga qo‘llanilgan logit va probit regressiya modellari bilan birgalikda mashina o‘rganish algoritmlaridan foydalanadi. Bizning tadqiqotimizga ko‘ra, masofaviy o‘qitish dasturlari ishtirokchilari ish topa olmaydiganlarga qaraganda 23,7% ko‘proq ish topish imkoniyatiga ega; bu ta’sir o‘zlashtirilgan texnik ko‘nikmalar va moslashuvchan ish jadvallari orqali amalga oshiriladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, masofaviy o‘qitish mehnat bozori integratsiyasining asosiy yo‘li bo‘lib xizmat qiladi, ayniqsa, kam ta’minlangan guruhlar uchun ishchi kuchini rivojlantirish rejalari va ta’lim siyosati uchun sezilarli oqibatlarga olib keladi.
Ushbu maqolada mahalla institutlarining bandlikni ta’minlashdagi amaliy roli, mavjud tashkiliy va institutsional mexanizmlarning samaradorligi hamda ularni takomillashtirish zarurati ilmiy asosda tahlil qilinadi. Mahalla kesimida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mahalla faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari orasida bandlik masalasining yetarli darajada markazlashmaganini va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning tizimlashtirilmaganligini ko‘rsatdi. Tadqiqot doirasida mahalla institutlarining diagnostika, kasbga tayyorlash, o‘z-o‘zini band qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslarni safarbar qilish va monitoring kabi funksiyalarni integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish bo‘yicha institutsional-tashkiliy mexanizm ishlab chiqildi. Taklif etilgan mexanizm mahalla boshqaruvining bandlikni ta’minlashdagi salohiyatini kuchaytirishga, uy xo‘jaligi bizneslarini rivojlantirishga hamda hududiy mehnat bozorini jonlantirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada O‘zbekistondagi mehmonxona sektorining rivojlanish ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilib, sohaning hozirgi tendensiyalari va istiqbollari tahlil etiladi. Tadqiqot doirasida so‘nggi yillardagi rasmiy statistik ma’lumotlar, joylashtirish vositalari mehmonlarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus tizimi ma’lumotlari to‘plandi va o‘rganildi. Shuningdek, mehmonxona xizmatlari bozorining rivojlanish dinamikasiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash maqsadida mehmonxona sohasi vakillari orasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Olingan natijalar turizm sanoatining milliy strategiyasi doirasida sohani yanada takomillashtirish va rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.
Mazkur maqolada Samarqand viloyatidagi bug‘doy yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari va unga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Tahlillar uchun 2024-yilda 300 nafar fermerlardan olingan so‘rovnoma ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tadqiqotda ikki bosqichli metodologik yondashuv qo‘llanilgan: birinchi bosqichda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasini qo‘llagan holda har bir fermer uchun texnik samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, ikkinchi bosqichda esa Tobit regressiya orqali samaradorlikka ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional omillar baholangan. Natijalarga ko‘ra, o‘rtacha texnik samaradorlik darajasi 0.868 ekanligi aniqlandi. Bu fermerlarda mavjud resurslar hisobiga hosildorlikni 13% ga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi. Tobit modeli natijalariga ko‘ra, oila a’zolari soni, daraxt ekish amaliyotini qo‘llash va o‘g‘itlardan foydalanish erkinligi samaradorlikka ijobiy, klasterga a’zolik esa salbiy va statistik jihatdan muhim ta’sirga ega bo‘lgan omillar ekanligi ilmiy asoslandi. Tadqiqot natijalari texnik samaradorlikni oshirish uchun resurslardan foydalanishni liberallashtirish, ekologik amaliyotlarni rag‘batlantirish va institutsional tuzilmalarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.