Mazkur ilmiy maqolada energetika tarmog‘ida “yashil energetika”dan foydalanish imkoniyatlari SWOT tahlil usuli asosida kompleks baholangan. Tadqiqotda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining iqtisodiy, ekologik va institutsional jihatlari tahlil qilinib, sohaning kuchli va zaif tomonlari, tashqi imkoniyatlar hamda ehtimoliy tahdidlari aniqlangan. Tadqiqot natijalari yashil energetikaning energetika tarmog‘ini diversifikatsiya qilish, energiya xavfsizligini mustahkamlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya saqlash texnologiyalarini rivojlantirish va huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada energetika sohasida raqamli iqtisodiyotni shakllantirishning zamonaviy tendensiyalari, xususan, Smart Grid va Digital Twin texnologiyalarining imkoniyatlari, ularning ishlab chiqarish, taqsimot, iste’mol va boshqaruv tizimlariga ta’siri ilmiy asosda tahlil qilinadi. Raqamli transformatsiyaning bosqichlari, funksional yo‘nalishlari, shuningdek, Germaniya, AQSh, Xitoy va Yaponiya kabi davlatlarning ilg‘or raqamli energetika modellari solishtiriladi. O‘zbekiston energetika tizimida SCADA, AMR, ERP kabi tizimlarning joriy etilishi bo‘yicha amaliy tajribalar o‘rganilib, milliy energetikani raqamlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari va strategik takliflar ishlab chiqiladi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston sharoitida raqamli energetika ekotizimini shakllantirishning nazariy va amaliy asoslarini yoritadi.
Ushbu maqolada energetika sohasidagi muammolar, yoritib berilgan. Hozirgi kunda dunyodagi energetika tarmoqlaridagi texnologiyalar ularning yutuqlari va kamchiliklari, xalqaro tashkilotlar tadqiqotlari asosida yoritilgan. O‘zbekistonda yashil energetika manbalarini rivojlantirish borasida taklif va tavsiyalar berilgan.
Mazkur maqola ekologik innovatsiyalarni moliyalashtirishda soliq instrumentlarining rag‘batlantiruvchi va resurs safarbar qiluvchi salohiyatini tahlil qiladi. Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi sharoitida “yashil” texnologiyalarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish katta miqdordagi barqaror moliyaviy manbalarni talab etadi. Tadqiqotning maqsadi ekologik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishda soliq mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro yondashuvlar mazmunini umumlashtirish, hamda O‘zbekiston sharoitida ustuvor yo‘nalishlar uchun amaliy takliflarni asoslashdan iborat. Ishda adabiyotlar sharhi bilan bir qatorda 2021-2024 yillar kesimidagi ko‘rsatkichlar asosida deskriptiv tahlil o‘tkazilib, atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi hududlar kesimida solishtirildi, shuningdek quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi dinamikasi baholandi. Natijalar emissiyalar darajasi yillar bo‘yicha o‘zgaruvchanligini va ayrim hududlarda yuqori konsentratsiyani ko‘rsatadi; qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishida esa 2024 yilda keskin o‘sish qayd etiladi. Ushbu kuzatuvlar ekologik innovatsiyalarni rag‘batlantirishda soliq siyosati dizaynini hududiy va tarmoq xususiyatlarini inobatga olgan holda takomillashtirish zarurligini asoslashga xizmat qiladi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida yoqilg‘i-energetika resurslari (YER) iste’moli tuzilmasi va energiya samaradorligi bo‘yicha qiyosiy tahlil o‘tkazilgan. 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida hududlararo sezilarli nomutanosibliklar aniqlangan: energiya samaradorligi ko‘rsatkichi Andijon viloyatida 1,3%dan Toshkent viloyatida 8,0%gacha farqlanadi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo viloyati) energiya samaradorligining yuqori darajasi qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada bog‘liqlik (73%dan ortiq) bilan uyg‘unlashgani aniqlangan bo‘lib, bu ekologik barqarorlik uchun xavflar keltirib chiqaradi. Klaster tahlili asosida iste’mol profillari o‘xshash bo‘lgan hududlar guruhlari shakllantirilgan hamda har bir guruh uchun differensial siyosiy chora-tadbirlar taklif etilgan. Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya balansini diversifikatsiya qilish va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish sharoitida raqamli yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish jarayonida “yashil” investitsiyalar va bandlikning ahamiyati yoritib berilgan. Maqolada BRMlarning milliy rivojlanish siyosatiga integratsiya qilinishi, “yashil” budjetlashtirish amaliyoti hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning institutsional va moliyaviy mexanizmlari yoritib berilgan. Jumladan, qayta tiklanuvchi energetika sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning o‘zgarish dinamikasi, davlat budjeti xarajatlarining BRM bo‘yicha markirovkasi hamda “yashil” moliyalashtirish instrumentlari tahlili orqali “yashil” investitsiyalarning BRM 7, 8, 9, 11, 12 va 13-maqsadlariga erishishdagi roli asoslab berilgan. Tahlil natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar shakllantirilib, ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.